frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

05.10.2018 y. OTA-ONAGA EHTIROM – VOJIB

30.09.2018   8880   14 min.
05.10.2018 y. OTA-ONAGA EHTIROM – VOJIB

بسم الله الرحمن الرحيم

OTA-ONAGA EHTIROM VOJIB

 Muhtaram jamoat! Islom dini insonning to‘g‘ri yo‘ldan adashib ketmasligi uchun har bir ishda o‘z ko‘rsatmalarini berib boradi. Shu jumladan, ota-ona haqlarini farzandlar zimmasiga yuklab, ularga doimo hurmatda bo‘lishga buyuradi. Qur’oni karimning ko‘plab oyati karimalarida ota-onaga yaxshilik qilish, ularning roziliklarini topishga amr qilinadi. Ota-onaga zinhor ozor bermaslik va ularning so‘zlariyu fe’llarini hech malol olmaslikka buyuradi. Bu haqda Alloh taolo Isro surasida shunday marhamat qiladi:

وَقَضَى رَبُّكَ أَلَّا تَعْبُدُوا إِلَّا إِيَّاهُ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا إِمَّا يَبْلُغَنَّ عِنْدَكَ الْكِبَرَ أَحَدُهُمَا أَوْ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُلْ لَهُمَا أُفٍّ وَلَا تَنْهَرْهُمَا وَقُلْ لَهُمَا قَوْلًا كَرِيمًا (سورة الإسراء 23).

ya’ni: “Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf!” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt” (Isro  surasi, 23‑oyat).

Mazkur oyatda Alloh taolo o‘ziga ibodat qilishga chaqirgan amridan keyinoq ota-onaga yaxshilik qilishni ta’kidlamoqda. Bu hol o‘z navbatida Islomda ota-onaning haqqi qanchalik ulug‘ ekanini bildiradi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham ko‘plab hadisi shariflarida ota-onaga yaxshilik qilish, ularning xizmatlarini qilib, duolarini olishga targ‘ib qilganlar. Jumladan:

عَنِ ابْنِ مَسْعُودٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ، أَيُّ الأَعْمَالِ أَفْضَلُ؟ قَالَ: "الصَّلاَةُ لِوَقْتِهَا"، قَالَ: قُلْتُ: ثُمَّ أَيُّ؟ قَالَ: "بِرُّ الْوَالِدَيْنِ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ الْبُخَارِيُّ وَالْإِمَامُ مُسْلِمٌ).

ya’ni: “Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Amallarning qaysi biri afzal?”, – deb so‘radim. “Vaqtida o‘qilgan namoz”, – dedilar. “Keyin nima?”, – dedim. “Ota-onaga yaxshilik qilish”, – dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Ota-onaga yaxshilik qilgan farzandning umri ziyoda va rizqi mo‘l-ko‘l bo‘lishi haqida Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:      

قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَنْ سَرَّهُ أَنْ يُمَدَّ لَهُ فِى عُمْرِهِ وَيُزَادَ لَهُ فِى رِزْقِهِ فَلْيَبَرَّ وَالِدَيْهِ وَلْيَصِلْ رَحِمَهُ"

(رَوَاهُ الْإِمَامُ أحمدُ بْنُ حَنْبَلٍ فِي مُسْنَدِهِ).

ya’ni:Kimni umri uzun va rizqi keng bo‘lishi hursand qilsa, ota-onasiga yaxshilik qilsin va silai rahm qilsin”, – dedilar” (Imom Ahmad “Musnad” kitobida rivoyat qilgan).

Ota-onasiga  yaxshilik qilgan farzandlarga jannat eshiklari ochilishi haqida quyidagi hadis kelgan:

قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَا مِنْ مُسْلِمٍ لَهُ أَبَوَانِ، فَيُصْبِحُ وَهُوَ مُحْسِنٌ إِلَيْهِمَا إِلَّا فُتِحَ لَهُ بَابَانِ مِنَ الْجَنَّةِ

(رَوَاهُ الْإِمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَالْإِمَامُ ابْنُ مَاجَهْ).

ya’ni: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir musulmonning ota-onasi bo‘lsa, ularga yaxshilik qilib tong ottirgan bo‘lsa, Alloh taolo unga jannatning ikki eshigini ochadi”, – deganlar (Imom Abu Dovud va Imom Ibn Moja rivoyat qilganlar).

         Alloh taolo o‘zining roziligi va g‘azabini ota-onaning roziligi va g‘azabiga bog‘lab qo‘ydi:

قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: رَضَى الرَّبِّ فِي رِضَى الْوَالِدِ وَسَخَطُ الرَّبِّ فِي سَخَطِ الْوَالِدِ (رَوَاهُ الْإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ).

ya’ni: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Rabbning roziligi  ota (ona)ning roziligida, Rabbning g‘azabi ota (ona)ning g‘azabidadir” (Imom Termiziy rivoyat qilgan).

         Suyukli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ota-onadan yetim qolgan bo‘lsalar ham, emizgan onalariga nisbatan yuksak hurmat namunalarini ko‘rsatganlar. Ibn Sa’dning “Tabaqot” kitobida yozilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Xadicha onamizga uylanib, Makkada yashab turganlarida yonlariga Halimai Sa’diya kelib: “Qahatchilik tufayli hayot kechirish juda ham qiyinlashib ketdi, qurg‘oqchilikdan hayvonlar qirilib ketmoqda” – deb aytadilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xadicha onamiz bilan maslahatlashib unga qirqta qo‘y va bitta tuya beradilar.

         Hatto bir kuni Halimai Sa’diya Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yonlariga kelganida o‘rinlaridan turib:“Onajon!, onajon!”, – deb hurmat va muhabbat ko‘rsatganlari, ridolarini yerga solib unga o‘tqazganlari ham naql qilingan. Halimai Sa’diya roziyallohu anho Madinadagi Baqi’ qabristoniga dafn qilingan.

Muhtaram ota-onalar farzandlari kamoli, ularning chin inson bo‘lib ulg‘ayishlari, ta’lim-tarbiya olishlari, kasbu hunar o‘rganishlari yo‘lida jonlarini, mollarini, kuch-g‘ayratlarini safarbar etishadi. Farzandga kelgan balo-qazolarga ko‘ksilarini qalqon qilishadi. Ammo ayrim yoshlarimiz ota-onalariga qo‘pol muomalada bo‘lib, dillarini ranjitib, o‘zining yomon xulqi bilan el orasida ota-onasini sharmanda qiladigan, keksaygan chog‘larida e’zozlab parvarishlash o‘rniga, qarovsiz tashlab qo‘yadigan yoki qariyalar uyiga jo‘natadigan nobakor farzandlar ham uchrab turishi sir emas. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar:

قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "بِرُّوا آباَئَكُمْ تَبَرُّكُمْ اَبْنَائُكُمْ وَعِفُّوا تَعِفُّ نِسَاءُكَمْ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ الْحَاكِمُ)

ya’ni: “Ota (ona)laringizni hurmatlab, ularga yaxshilik qilinglar, shunda farzandlaringiz ham sizlarga yaxshilik qilishadi. Iffatli bo‘linglar, shunda ayollaringiz ham iffatli bo‘lishadi” (Imom Hokim rivoyati).

Dono xalqimizda “Nimani eksang, shuni o‘rasan”, “Ota rozi – Xudo rozi” kabi ajoyib hikmatlar bor. Har bir erkak va ayol bu hikmatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, o‘zini o‘nglashi, xato qilgan bo‘lsa, darrov ota-onalaridan uzr so‘rab, ularning ko‘nglini topish, dillaridan ozorni ketkazish payida bo‘lishi darkor!

قَالَ أَبُو مُوسَى الْأَشْعَرِيُّ رضي الله عنه شَهِدَ اِبْنُ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا رَجُلاً يَماَنِيًّا يَطُوفُ بِالْبَيْتِ حَمَلَ أُمَّهُ وَرَاءَ ظَهْرِهِ يَقُولُ: إِنّي لَهَا بَعِيْرُهَا الْمُذَلَّلُ ... إِنْ أَذْعَرَتْ رِكَابُهَا لَمْ أُذْعِرْ ثُمَّ قَالَ: يَا ابْنَ عُمَرَ أَتَرَانِيْ جَزَيْتُهَا قَالَ: "لَا، وَلَا بِزَفْرَةٍ وَاحِدَةٍ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ الْبُخَارِيُّ).

ya’ni: Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhu aytadilar: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo bir Yamanlik kishi o‘z onasini yelkasiga ko‘targan holda Ka’batullohni tavof ettirib yurganini ko‘rdilar. U odam tinmay quyidagi baytni aytar edi:

Onai zorim uchun bo‘ynini eggan tuyaman,

Tuya mingan onam horisada, men horimasman.

Bu baytni o‘qir ekan haligi kishi Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumoga qarab: “Ey Abdulloh,  mana shu xizmatim bilan onamning haqqini ado qila oldimmi?”, – deb so‘radi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo: “Yo‘q! Bu xizmating onangning sen tufayli bitta oh tortganiga ham teng kelmaydi”, – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Tobeinlardan biri Muhammad ibn Munkadir rahmatullohi alayhi har kuni onalarining oyoqlari ostiga yotar va: “Ey, onajon, yuzimni oyoqlaringiz bilan bosib o‘ting va mening yuzlarimni do‘zaxdan qutqaring”, – der ekan.

Ota-ona vafotlaridan keyin ham farzandlar o‘z zimmalaridagi vazifalarini ado etishlari lozim.

عَنْ أَبِيْ أُسَيْدِ السَاعِدِي رضي الله عنه قَالَ: بَيْنَمَا نَحْنُ عِنْدَ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم إِذْ جَاءَهُ رَجُلٌ مِنْ بَنِي سَلَمَةَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ: هَلْ بَقِيَ عَلَيَّ مِنْ بِرِّ أَبَوَيَّ شَيْءٌ أَبَرُّهُمَا بِهِ بَعْدَ مَوْتِهِمَا؟ قَالَ: "نَعَمْ، الصَّلَاةُ عَلَيْهِمَا، وَالْاِسْتِغْفَارُ لَهُمَا، وَإِنْفَاذُ عَهْدِهِمَا مِنْ بَعْدِهِمَا، وَصِلَةُ الرَّحْمِ الَّتِي لاَ تُوْصَلُ إِلَّا بِهِمَا، وَإِكْرَامُ صَدِيْقِهِمَا" (رَوَاهُ الْإمَامُ أَبُو دَاوُدَ).

ya’ni: Abu Usayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlarida edik. Bunu Salama qabilasidan bir kishi kelib: “Ey Allohning Rasuli, men uchun ota-onam dunyodan o‘tganidan keyin ham qiladigan yaxshilik qoldimi?”, – deb so‘radi. Ha, ularning haqlariga duo qilish, istig‘for aytish, ahdlarini bajarish, ota-ona orqali qarindosh bo‘lganlarga silai rahm qilish va  do‘stlarini hurmat qilish, – dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

         Ibn Umar roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ota-onaning do‘stlik aloqalarini saqlash to‘g‘risida shunday deganlarini rivoyat qiladi:

اِحْفَظْ وُدَّ أَبِيكَ، لَا تَقْطَعْهُ، فَيُطْفِىءَ اللهُ نُورَكَ (أَخْرَجَهُ  الْإِمَامُ الْبُخَارِيُّ فِي الْأَدَبِ الْمُفْرَدِ).

ya’ni: “Otangning do‘stlari bilan aloqani saqla, uni uzib qo‘yma, aks holda Alloh nuringni o‘chirib qo‘yadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Imom Ahmad ibn Hanbal rohimahulloh: “Ota-onaga yaxshilik qilish gunohi kabiralar uchun kafforatdir”, – deganlar.

Ota-onasi vafot etganlaridan keyin ham yaxshilik qilishni istagan farzandlar ota-onalari nomidan xayru sadaqa va ehsonlar qilsinlar. Qilgan sadaqalari savobini ota-onalariga bag‘ishlasalar, manfaati ularga yetadi. Ota-onadan so‘ng ularning qarindoshlariga, do‘st va dugonalariga yaxshilik qilgan farzand xuddi ota-onasiga yaxshilik qilgan bilan barobar bo‘lib, umriga ham baraka beriladi.

 Farzand ota-onaning roziligini olish uchun quyidagi amallarni bajarishi tavsiya etiladi.

  • Avvalo, barcha ishlarda ota-onadan maslahat olish;
  • Ota-onaning nasihatlarini jonu dili bilan qabul qilish;
  • Gaplashganda muloyim, yoqimli so‘zlar bilan muomala qilish;
  • Biror xizmat buyursalar, “labbay”, deb uni bajarish;
  • O‘ziga xush ko‘rgan narsalarni ularga ham ravo ko‘rish;
  • Ularning oldida baland ovozda gapirmaslik;
  • Ularga “uf” yoki “uh” demaslik;
  • Ota-onadan oldin taomga qo‘l uzatmaslik;
  • Ota-ona kirib kelganda o‘rnidan turish va ulardan oldin o‘tirmaslik;
  • Ota-ona huzurida oyoqlarini cho‘zmaslik, yonboshlamaslik;
  • Ulardan yuqorida o‘tirmaslik;
  • Ota-ona dam olayotganda ularni bezovta qilmaslik, oldilariga ruxsatsiz kirmaslik;
  • Ota-onaning ko‘ngillarini topib, roziligini olish;
  • Ota-onaning oziq-ovqati, kiyim-kechagi va sog‘lig‘idan o‘z vaqtida xabar olish;
  • Duo qilganda ota-onasining haqlariga alohida duo qilish.

Hurmatli jamoat! Mav’iza davomida imon asoslariga taalluqli bo‘lgan masalalarni zikr qilib o‘tamiz.

Imon va uning ruknlarini bilish har bir mo‘min-musulmonga farzi ayn hisoblanadi. Shu sababli imon va uning ruknlari haqida qisqacha to‘xtalamiz. Imon mo‘tabar aqoid kitoblarimizda quyidagicha ta’riflanadi va uning rukni ikkita: “Imon qalb bilan tasdiqlash, til bilan iqror bo‘lishdir” (Biz amal qiladigan Moturidiya aqidaviy mazhabida shariat ahkomlariga amal qilish imon ta’rifiga kiritilmagan bo‘lsa ham, imon taqozo qilgan narsalarga amal qilish vojib bo‘ladi).

Imon keltirish kerak bo‘lgan narsalar ko‘p. Ularning eng asosiylari quyidagilar:

آمَنْتُ بِاللهِ وَمَلاَئِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ وَالْقَدَرِ خَيْرِهِ وَشَرِّهِ مِنَ اللهِ تَعَالَى وَالْبَعْثِ بَعْدَ الْمَوْتِ

ya’ni: Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshisi ham, yomoni ham Alloh taolodan ekaniga, o‘lgandan so‘ng qayta tirilishga imon keltirdim.

  1. Alloh taologa imon keltirish – uning borligi va birligi, butun maxluqotlarning yaratuvchisi ekanligi, barcha komil sifatlarga egaligi, aybu nuqsondan pokligi, zoti, fe’llari va ismu sifatlarida tengi (sherigi) yo‘qligi hamda yagona ibodatga loyiq zot ekaniga shubhasiz ishonishdir.
  2. Farishtalarga imon keltirish – ular Alloh taoloning nurdan yaratilgan, erkak-ayollik bilan sifatlanmaydigan, nafs va shahvati bo‘lmagan, hech ham Allohga isyon qilmaydigan, turli vazifalarni bajaruvchi itoatkor bandalari ekaniga ishonishdir.
  3. Kitoblarga imon keltirish – Alloh taolo insoniyatni hidoyatga boshlash uchun ilohiy kitoblar tushirib turgan. Muso alayhissalomga Tavrot, Dovud alayhissalomga Zabur, Iso alayhissalomga Injil va Muhammad sallallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim nozil qilingan. Alloh taoloning xohish-irodasi bilan Qur’oni karim ilohiy kitoblarning oxirgisi va avvalgi ilohiy kitoblarni mansux qiluvchisi bo‘ldi.
  4. Payg‘ambarlarga imon keltirish – Alloh taolo o‘zi va bandalari o‘rtasida elchi bo‘lishi uchun payg‘ambarlarni tanlab olgan va ularni kattayu kichik gunohlardan pok qilgan. Ularning soni rivoyatlarda har xil kelgan. Shuning uchun ularning sonini ma’lum bir adadiga cheklab qo‘ymaymiz. Birinchi payg‘ambar Odam alayhissalom, oxirgilari esa Muhammad sallallohu alayhi vasallamdir. Payg‘ambarlik rutbasiga erishgan zotdan bu martaba qaytarib olinmaydi. Qur’oni karimda 25 ta payg‘ambar (alayhimussalom)ning nomi zikr qilingan.
  5. Oxirat kuniga imon keltirish – bu dunyoning oxiri bo‘lgan, unda hamma ishlarning hisob kitobi bo‘ladigan, savob va gunoh ishlar adolat tarozusida tortiladigan va to‘liq mukofot hamda jazosi beriladigan, mo‘min musulmonlar Allohning fazli marhamati bilan jannatga, kufr ahli Allohning adli bilan do‘zaxga kiritiladigan, keyin hayot abadiy davom etadigan kunga imon keltirish.
  6. Qadar (taqdir)ga imon keltirish – hayotda inson duch keladigan har bir yaxshilik va yomonlik Alloh taoloning xohish-irodasi bilan bo‘ladi. Yaxshilikka shukr, yomonlikka sabr qilamiz, har ikki holatda ham savob hosil bo‘ladi. Yaxshi ishlarimizda Alloh taoloning roziligi va tavfiqi bo‘ladi, gunoh ishlarimizda esa Alloh taoloning roziligi va tavfiqi bo‘lmaydi. Insonda juz’iy ixtiyor bo‘lib, u imon va kufrdan birini tanlaydi va shu tanlovi uchun javobgar bo‘ladi. Taqdir Alloh taoloning siri bo‘lgani uchun unda chuqur ketmaymiz va (xavfu rajo bilan) bizga aniq bo‘lgan Alloh va Rasulining buyruq va qaytariqlariga amal qilib boramiz.
  7. Qayta tirilishga imon keltirish – Bu dunyo o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagani kabi, o‘z-o‘zidan yo‘q ham bo‘lib ketmaydi. Qiyomat kunida birinchi Sur chalinganda barcha insonlar vafot topishadi. Ikkinchi marta Sur chalinganda esa, Qur’oni karimda aytilgani kabi jasad va ruhlar birlashib tiriladi va hisob kitob boshlanadi. Hadisi sharifda aytilganidek otning tuyog‘idek joydan 70 ming kishi “La ilaha illalloh” kalimasini aytib chiqib keladi. Qayta tirilishga shak-shubhasiz imon keltiramiz.

Inshaalloh, kelgusi jumalarda bulardan boshqa, jannat, do‘zax, hisob-kitob, amallar tortiladigan tarozu, sirot ko‘prigi va boshqa aqoid kitoblarda keltirilgan narsalarga imon keltirish haqida suhbatlashamiz.

Alloh taolo barchamizni imon va islomda sobitqadam qilsin, bizni tarbiya qilgan marhum ota-onalarimizni rahmatiga olsin, hayot bo‘lsalar umrlariga baraka bersin! Omin!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   30410   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari