Misr Vaqflar va Islom ishlari vaziri doktor Muhammad Muxtor Juma Qur'oni karim uchun o'zlarining shirin va ta'sirli tilovatlari bilan Islom olamini boyitgan Misrning buyuk qorilari sharafiga o'tkazilib kelinayotgan navbatdagi 30-xalqaro Qur'oni karim musobaqasini o'tkazish sanasini 2023 yil 2 dekabrda bo'lishini tasdiqladi.
Misr Vaqflar va Islom ishlari vaziri bo'yicha ushbu 30- xalqaro Qur'oni Karim musobaqasiga Qur'oni karimga bo'lgan xizmatlarini e'tiborga olgan holda Shayx Mahmud Ali Al-Banno rahimahulloh nomini berishga qaror qildi.
Musobaqa quyidagi yo'nalishlarda o'tkaziladi:
1. Qur'oni karimni tajvid qoidasi asosida tafsiri bilan yodlash, unda imom-xatiblar Qur'on ilmlari ustozlari va ularning yordamchilari bo'lmasligi, ishtirokchining yoshi 35 dan oshmasligi;
2. Arab tilida so'zlashmaydigan davlatlar vakillari uchun Qur'oni karimni tajvid qoidasi asosida to'liq yoddan o'qib berish, unda ishtirokchini yoshi 30 yoshdan oshmasligi;
3-yo'nalish (yoshlar uchun): Qur'oni karimni to'liq yoddan bilish, lug'aviy ma'nolarini tushunish va Yusuf alayhissalom surasidagi oyatlar ma'nolarini izohli tarjima qilish, unda ishtirokchini yoshi 12 yoshdan oshmasligi;
4. Qur'oni karimni to'liq yoddan tilovat qilib berish bilan birga Kalomulloh ma'nolarining tarjimasi va Qur'on ilmlarini tadbiq etish qoidalarini bilishi. Bu yo'nalishda imom-xatiblar, Qur'on ilmlari ustozlari va mudarrislariga ham qatnashishga ruxsat etiladi. Ishtirokchining yoshi 40 yoshdan oshmasligi shart qilinadi.
5. Imkoniyati cheklanganlar ishtirokida Qur'oni karimning umumiy ma'no va maqsadlarini tushungan holda yoddan o'qib berish. Unda ishtirokchini yoshi 30 yoshdan oshmasligi shart qilinadi.
6. Oilaviy Qur'oni karimni yod olgan hofizlar oilasi ishtirokida Qur'oni karimning umumiy ma'no va maqsadlarini tushungan holda to'liq yoddan o'qib berish, agar hifzni o'zlashtirgan oila a'zolari soni uch nafardan kam bo'lsa, oila ilgari birinchi o'rinni egallab, g'olib bo'lmagan bo'lishi lozim.
Musobaqaning barcha yo'nalishlari har ikki jins vakillari uchun ham ochiq ekani ta'kidlanib, ishtirokchi ilgari birorta ham tanlov bo'limida o'tgan yili birinchi yoki ikkinchi o'rinni qo'lga kiritmagan bo'lsa, musobaqada ishtirok etadi.
Ma'lumot uchun, Shayx Mahmud Ali Al-Banna 1926 yil 17-dekabrda Manufiya viloyatidagi Shibinul-Kum markazi Shabrobos qishlog'ida tug'ilgan. U Qur'oni karimni qishloq maktabida o'qib yurgan kezlarida 11 yoshida yod olgan. Keyin u Ahmadiy masjidida shariat ilmlarini o'rganish uchun Tanta shahriga ko'chib o'tdi va u erda imom Ibrohim ibn Salom al-Malikiy qo'lida tahsil oldi.
Shayx Al-Banno 1945-yilda Qohiraga ko'chib o'tib, taniqli Qur'on hofizi sifatida shuhrat qozondi, maqomot ilmlarini o'rgandi, 1948 yil dekabrida radioga taklif qilinib, “Hud” surasini efirga o'qib berdi. So'ng bir necha yil u Misrdagi eng mashhur qorilardan biriga aylandi.
Shayx Mahmud Al-Banno hayotining so'ngi yillarida 1984 yil “Qur'on qorilari va ustozlari uyushmasi”ga asos solinishida ham muhim rol' o'ynadi. U o'sha davrda Misr hukumatining rahbari bo'lib turgan Anvar Sadatning oldiga shu masalani ko'tarib kirdi. Anvar Sadat Shayx Mahmudni qattiq ehtirom qilar, u bilan do'stona suhbatlashardi. U bu taklifni darhol qabul qildi. Shayx Mahmud ushbu uyushmaga rahbar etib tayinlandi.
Shayx Mahmud Ali Al-Banno 1405/zulqa'da/03 hijriy, 20/07/1985 milodiy sanada shanba kuni vafot etdi. U kishining janozasi “Imom Husayn” masjidida o'qildi. Janozada vasiyatga muvofiq, shayx Mutavalli Sha'roviy imom bo'ldi. Shayx Mahmud o'zining vasiyatiga ko'ra, kindik qoni to'kilgan qishlog'i Shabrobosdagi o'zi qurdirgan masjid yonidagi maqbarasiga dafn qilindi.
Internet materiallari asosida
O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimi
I.Ahmedov tayyorladi.
Jannatul Baqi’ — Saudiya Arabistonining Hijoz mintaqasida, Madinai munavvarada joylashgan islom tarixidagi ilk va eng qadimiy qabriston. U Masjidun Nabaviyning janubi-sharqiy tomonida joylashgan bo‘lib, “Baqi’ul G‘arqad” nomi bilan ham mashhur. Bu yerda Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning oila a’zolari va ko‘plab sahobalari dafn etilgan.
Qabriston milodiy 622 yilda tashkil etilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga hijrat qilganlarida (milodiy 622 yil, sentyabr), Baqi’ yerlari g‘arqad, ya’ni tikanli butalar bilan qoplangan bo‘sh maydon edi.
Badr jangi bo‘layotgan vaqtda (milodiy 624 yil) vafot etgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qizlari Ruqayya roziyallohu anho Baqi’ qabristoniga birinchilardan bo‘lib dafn etilgan. Sahobalardan esa birinchi bo‘lib, muhojirlardan Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhu, ansorlardan As’ad ibn Zurora roziyallohu anhu shu yerga qo‘yilgan.
Jannatul Baqi’dagi 13 ta mashhur qabr va ziyoratgohlar:
1. Safiya binti Abdulmuttalib va Otika roziyallohu anhumo: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ammalari.

2. Abdulloh ibn Ja’far va Aqiyl ibn Abu Tolib roziyallohu anhum: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yaqin qarindoshlari va amakivachchalari.

3. Rasulullohning ayollari, mo‘minlarning onalari: Xadicha binti Xuvaylid va Maymuna binti Horis roziyallohu anhumolardan tashqari Payg‘ambarimizning barcha ayollari shu yerga dafn etilgan.

4. Payg‘ambarimizning qizlari: Fotimai Zahro, Ruqayya, Zaynab va Ummu Kulsum roziyallohu anhumolarning qabrlari.

5. Payg‘ambarimizning yaqin ahli baytlari: Bu yerda amakilari Abbos ibn Abdulmuttalib, shuningdek, Zaynulobiddin ibn Husayn, Hasan ibn Ali, Muhammad Boqir va Ja’far Sodiqlar dafn etilgan.

6. Ibrohim roziyallohu anhu: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning go‘dakligida vafot etgan o‘g‘illari.

7. Harra jangi shahidlari: Madina shahrini himoya qilishda shahid bo‘lganlar.

8. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu: “Zunnurayn” - ikki nur sohibi, Islom olamining uchinchi xalifasi.

9. Halimai Sa’diya: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning emizgan sut onalari.

10. Abu Said Xudriy va Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhum: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng ulug‘ sahobalaridan.

11. Imom Molik va Imom Nofe’: Mashhur Molikiy mazhabi asoschisi Imom Molik ibn Anas va uning ustozi, qiroat olimi Imom Nofe’ ibn Abu Nuaym.

12. Hasan ibn Ali roziyallohu anhu: Payg‘ambarimizning suyukli nabiralari, Hazrat Ali va Fotima onamizning o‘g‘illari.

13. Fotima binti Asad roziyallohu anho: Hazrat Ali roziyallohu anhuning onalari va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o‘z farzandidek voyaga yetkazgan ayol.

Baqi’ qabristonidagi maqbara va gumbazlar 1806 va 1925 yillarda buzib tashlangan. Hozirgi kunda qabrlar ustida hech qanday bino yoki belgilar yo‘q, ular oddiy tuproq va toshlar bilan belgilangan.
T.Azimov tayyorladi