Islom dinida insonlarning insonlardan farqi, faqat Allohga itoati, doimiy toati, taqvosi bilan belgilanadi. Alloh aytadi: “Apbatta sizlarning Alloh nazdidagi eng hurmatlirog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).
Ayollarning yaxshisi, e’tiborlisi esa erlariga itoatda bo‘luvchi mo‘mina ayollardir. Qur’oni karimda marhamat etilgan: “Bas, ibodat-itoatli va (erlari) yo‘qlgida Aplohning hifzu himoyati bilan (erlarining mol-mulklarini va o‘z iffatlarini) saqlovchi xotinlar – yaxshi xotinlardir. (Niso surasi, 34- oyat)
«Alloh ba’zilarini ba’zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun erkaklar ayollarga rahbardirlar. (Ayollar ichida) solihalari – bu (Allohga va eriga) itoatli, g‘oyibga Alloh saqlaganicha himoyatli (ya’ni, erlarining sirlari, mulklari va obro‘larini saqlovchi)lardir. Xotinlarning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga nasihat qilingiz, so‘ngra (bu ta’sir qilmasa,) ularni o‘rinlarda (aloqasiz) tark etingiz, so‘ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo‘lmagudek darajada) uringiz. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo‘l axtarmangiz. Albatta, Alloh oliy va ulug‘ zotdir. (Niso surasi, 34- oyat)
Har bir jamiyatga rahbar lozim. Rahbari bo‘lmagan jamiyatda tartib-intizom, tinchlik-omonlik va xayr-baraka bo‘lmaydi. Islom ta’limotlari bo‘yicha, oila eng muhim jamiyat bo‘lib, katta jamiyatning asosiy g‘ishti hisoblanadi. G‘ishtlari pishiq imorat mustahkam bo‘lganidek, oilalari ahil-mustahkam bo‘lgan jamiyat ham baquvvat bo‘ladi. Shunday muhim muassasa bo‘lgan oilaning rahbari bo‘lmasligi mumkin emas. Nima uchun Islomda oila rahbarligi erkakka beriladi? Bu savolga ushbu oyati karimada shunday javob beriladi:
«Alloh ba’zilarini ba’zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun erkaklar ayollarga rahbardirlar».
Demak, oila rahbarligi bobida Alloh erkakni ayoldan afzal qilib yaratibdi. Darhaqiqat, erkak kishi o‘zining jismoniy tuzilishi, ichki va tashqi qiyofasi, asabiy, ruhiy nafsoniy va boshqa jihatlaridan oila rahbari bo‘lishga mos yaratilgan. Buning ustiga, oilani qurish va uni tutib turish, bu yo‘ldagi barcha sarf-xarajatlar ham erkak kishi zimmasida. U katta mehnat evaziga topilgan molu mulkining behuda ketmasligi lozimligini o‘ylaydi, oilani mustahkam holda tutib turishning chora-tadbirlarini ko‘rishga majbur bo‘ladi.
Alloh taolo hech bir ishni behikmat qilmaydi. Jumladan, erkak kishi oila rahbari bo‘lsa va u o‘z rahbarligini shariatda ko‘rsatilgandek ado etsa, bunday oilalar baxt-saodatga sohib bo‘lmoqda. Bu ko‘rsatmaga yurmagan oilalar esa, baxtsizlikka uchramoqda, shundaylardan tashkil topgan jamiyatlar ham baxtsizlikka duchor bo‘lmoqda. Bu yerda gapni cho‘zib o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak.
Ammo musulmon jamiyatlarda ham ba’zan bu umumiy qoida buzilganini ko‘ramiz. Erkak rahbar bo‘lgan oilada ham noqulayliklar yuzaga kelib turadi. Agar shunday bo‘layotgan bo‘lsa, odamlarning, xususan, o‘zini musulmon hisoblayotganlarning aybi bilandir. Afsuski ko‘plar oyati karimada ko‘zda tutilgan rahbarlikni qahr, jabr va zulm o‘tkazishning imkoni deb tushunadilar. Aslida, bu rahbarlik mas’uliyatdir. Mas’uliyat bo‘lganida ham, ulkan mas’uliyatdir. Ushbu mas’uliyatga binoan, erkak kishi oilaning, jumladan, ayolning homiyligini, boquvchiligini, muhofazasini ado etmog‘i lozim.
«Soliha ayollar–itoatkor va Allohning hifzi-himoyasi bo‘yicha g‘oyib(er)larining muhofazasini qiluvchilardir».
Ya’ni, mo‘mina, soliha ayollarning tabiatida eriga itoatkorlik bordir. Biz «itoatkorlik» deb tarjima qilayotgan so‘z oyati karimada «qonitatun» lafzi ila kelgan. Bu so‘z o‘z irodasi, rag‘bati va muhabbati ila itoat qilish ma’nosini anglatadi. Demak, mo‘mina, soliha ayollarning erlariga itoati o‘z mas’uliyatini tushungan holdan kelib chiqqan bo‘ladi. Qo‘rqqanidan, majburlashdan yoki boshqa biror bosqidan emas. Bu itoat o‘zini tushungan, hayotdagi o‘rnini, vazifasi va mas’uliyatini his etgan go‘zal insonning itoatidir.
Mo‘mina, soliha ayollarning tabiatlaridan yana biri–ular:
«Allohning hifzi-himoyasi bo‘yicha g‘oyib(er)larining muhofazasini qiluvchilardir».
Ya’ni, erlari yonlarida turgan paytlardagina emas, ular biror sabab bilan oiladan uzoqda bo‘lgan chog‘larida ham ularning haq-huquqlarini, obro‘-e’tiborlarini muhofaza qiladilar. Muhofaza qilishlari havoyu nafsga muvofiq yoki o‘z fikrlaricha, yoxud erlarining talabiga binoan bo‘lmaydi. Balki bu borada yagona hakam, belgilab beruvchi oliy tomon–Alloh taolo bor. Shuning uchun ham oyatda, «Allohning hifzi-himoyasi bo‘yicha», deyilmoqda. Allohning hifz qilishga buyurgan narsalarini muhofaza qiladilar.
Imom ibn Jarir Tabariy va Ibn Abi Hotimlar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: «Ayollarning yaxshisi–nazar solsang, xursand qiladigan, amr qilsang, itoat etadigan va g‘oyib bo‘lsang, seni o‘z nafsida va molingda muhofaza qiladiganidir», deganlar.
Imom Ahmad Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Agar ayol kishi besh vaqt namozini o‘qisa, bir oy ro‘zasini tutsa, farjini saqlasa va eriga itoat qilsa, unga: «Jannatning qaysi eshigidan xohlasang, kiraver», deyiladi», deganlar.
Lekin besh qo‘l ham barobar emas, ba’zi ayollar solihalik maqomiga loyiq bo‘la olmaydilar. Haddilarida turmay, erlariga qarshi bosh ko‘tarib, beodoblik, itoatsizlik ko‘rsatadilar. Shunday hollarda nima qilish kerak? Ularga holatlariga qarab muomala qilinadi. Itoatsizlik alomatlari ko‘rinib, erni behurmat qila boshlaganida, unga va’z-nasihat qilinadi. Va’z-nasihat samara berib, munosabatlar izga tushib ketsa, ayni murod. Agar foyda bermasa, xotinning itoatsizligi, isyoni davom etaversa, boshqa chora ko‘riladi.
Ikkinchi bosqich chora–hijron, birga yotmaslik, gaplashmaslikdir. Albatta, hijron va’z-nasihatdan ko‘ra ancha ta’sirlidir. Chunki bu masalada ayollar juda hassos bo‘ladilar. Erlarining ularga e’tiborsizligi, gaplashmay qo‘ygani ko‘zlarini kattaroq ochishga majbur etadi. Hali insoflarini yo‘qotmagan bo‘lsalar, o‘zlariga kelishlariga, xatolarini tuzatishlariga sabab bo‘ladi. Ammo bu chora ham ta’sir qilmasa, ayol butkul insofini yutib, itoatsizlikda, isyonda davom etaversa, bu uning yaxshilik bilan yo‘lga kirmasligining alomati. Endi unga nisbatan yanada ta’sirchanroq chora–o‘zini bilmaganlarga qilinadigan muomala qo‘llaniladi.
Ya’ni, uriladi.
«Bosh ko‘tarishlaridan xavf qilingan ayollarga va’z-nasihat qiling, yotoqlarida hijron qiling va uring».
Ammo urish deganda, qattiq kaltaklash, a’zolarini sindirish yoki boshqa jarohatlar yetkazish tushunilmasin. O‘tgan ahli solih ulamolarning birlaridan ushbu oyati karimada izn berilgan urishning ma’nosi so‘ralganida, misvok yoki biror barmog‘i bilan turtish, degan ekanlar.
Hadis kitoblarida rivoyat qilinishicha, Muoviya ibn Hayra al-Qushayriy roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli, xotinlarimizning bizdagi haqlari nima?» deb so‘raganida, Payg‘ambar alayhissalom: «Agar taom yesang, unga ham yedirasan, kiyim kiysang, unga ham kiydirasan, yuziga urma, yomon so‘kma, tashqarida hijron qilma», deganlar.
Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohning cho‘rilarini urmanglar!» deganlar. Bunga o‘xshash hadislar ko‘p. Ko‘rinib turibdiki, oyati karimadagi urishga berilgan izn faqat siyosat uchun, o‘zini bilmagan ayollarga ta’sir o‘tkazish uchundir.
Ayol kishi tabiatan achchig‘i tez chiqadigan, ta’sirchan, shoshqaloq bo‘ladi. Sal narsa bahonasida eriga nisbatan itoatsizlik va beodoblik qilib qo‘yishi mumkin. Ammo keyin o‘ziga kelib, itoatga qaytsa, ularga qarshi chora ko‘rishga zarurat qolmaydi. Yuqorida sanalgan chora-tadbirlarni ham qo‘llash shart bo‘lmaydi.
Tarixda ana shunday mo‘mina, siddiqa, zohida, olima, obida ayollar juda ko‘p o‘tganki, ulardan har birining tarixi, ibratli hayoti bir kitobga mavzu bo‘lguday. Bular insoniyatga Is'hoq, Ismoil, Muso, Iso (alayhimussalom) payg‘ambarlarni tug‘ib, tarbiyalab bergan Sora, Hojar, Ayorxo, Maryam kabi ulug‘ volidalar, baxtiyor onalar, zolim Fir’avnning mo‘mina xotini Osiyo, birinchi va eng taqvodor so‘fiya Robi’a al-Adaviyya, Abu Bakr Siddiqning qizlari Asmo, Hazrati Apining qizlari Zaynab, olima va fozila ayol Nafisa binti Hasan kabilarning qissalaridir. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat etilgan hadisda shunday marhamat qilinadi: ” Payg‘ambarimiz bir kuni yerga to‘rtta chiziq chizdilar va “Bu nima, bilasizlarmi?” deb so‘radilar. Sahobalar: “Aploh va Uning rasuli bilguvchiroq”, deb javob berishdi. Payg‘ambarimiz ” Bular jannatning eng afzal ayollari – Hadicha binti Huvaylid, Fotima binti Muhammad, Maryam binti Imron, Fir’avnning xotini Osiyo binti Mazohimdir”, deb javob berdilar. (Imom Ahmad rivoyati)
Mo‘mina onalarimizning, Aplohga itoatda, toatda, qanoatda barchaga namuna bo‘lgan ulug‘ ayollarimizning hayot yo‘llari, Haq yo‘lidagi fidoyiliklari va sadoqatlari qiyomatgacha mo‘min-musulmonlar uchun ibrat bo‘lib qolaveradi, inshaalloh!
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta
maxsus islom bilim yurti matbuot xizmati
O‘MI Matbuot xizmati
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati