«Uch toifa odamning yaxshiligi osmonga ko‘tarilmaydi: qochoq qulning, toki u xo‘jayiniga qaytib qo‘lini qo‘liga qo‘ymagunicha; erini norozi qilib g‘azablantirga xotinning, to eri undan rozi bo‘lmagunicha; mastning, toki u o‘ziga kelmagunicha» (Tabaroniy, Ibn Hibbon, Ibn Huzayma, Bayhaqiylar rivoyati).
QUR’ONI KARIM HUKMIGA KO‘RA
Ichklik (xamr) ning man qilingani haqida Qur’oni karimda bir necha oyatlar kelgan. Aroqni harom qilgan ikki oyat hijriy 4 (milodiy 626) yilda nozil bo‘lgan, oxirgi oyat esa hijriy 5 yoki 6 yilda kelgani rivoyat qilinadi. Islomda insonni sarxush (mast) etadigan ichimliklarni ichish birdaniga emas, tadrijiy (evolyutsion) ravishda mann qilingan. Ichkilik haqida Qur’oni karimda darajama-daraja kelgan to‘rt oyat bor. Ilk oyat Makkada nozil bo‘ldi:
وَمِنْ ثَمَرَاتِ النَّخِيلِ وَالْأَعْنَابِ تَتَّخِذُونَ مِنْهُ سَكَرًا وَرِزْقًا حَسَنًا إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَعْقِلُونَ
«Sizlar mast qilguvchi (aroqni) ham, go‘zal halol rizq(ning o‘zini) ham xurmo va uzumlarning mevalaridan olursizlar» (Nahl, 67-oyat). Bu paytda hali aroq man qilinmagan edi. Musulmonlar johiliyat davridan qolgan odatlariga ko‘ra mast qiluvchi ichkilik ichishar, qimor o‘ynashar, lekin Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bularga hech nima demas edilar. Chunki u zotga bu haqda hali ko‘rsatma kelmagan edi. Bu ahvol hijratdan so‘ng Madinada ham davom etdi. O‘sha vaqtda ichkilik ichish Madinada juda avj olgan edi. Hazrati Umar, Muoz ibn Jabal va boshqa sahobiylar Payg‘ambar alayhissalomga: «Ey Allohning Rasuli, ichkilik haqida bizga biror yo‘l ko‘rsating, xamr (sharob, aroq) odamlarning aqlini ketkazayotir», deb murojaat qilishdi. Shu asnoda hijriy 4 yilning shavvol
oyida ikkinchi oyat (bu Madinadagi ilk oyat edi) nozil bo‘ldi: «Sizdan aroq (ichkilik) va qimor haqida so‘raydilar. Ayting: «Bularda katta gunoh va odamlar uchun foydalar bor. Bularning gunohi foydasidan kattaroqdir»
يَسْأَلُونَكَ عَنِ الْخَمْرِ وَالْمَيْسِرِ قُلْ فِيهِمَا إِثْمٌ كَبِيرٌ وَمَنَافِعُ لِلنَّاسِ وَإِثْمُهُمَا أَكْبَرُ مِنْ نَفْعِهِمَا وَيَسْأَلُونَكَ مَاذَا يُنْفِقُونَ قُلِ الْعَفْوَ كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمُ الْآَيَاتِ لَعَلَّكُمْ تَتَفَكَّرُونَ
(Baqara, 219-oyat). Bu aroqni harom qilgan ilk oyat edi.
Sendan xamr va qimor haqida so‘rarlar. Sen: «Ikkisida katta gunoh va kishilar uchun manfaat bor va gunohlari naflaridan kattadir», deb ayt. Va sendan nimani nafaqa qilishni so‘rarlar. Sen: «Ortiqchasini», deb ayt. Alloh shundoq qilib sizga O‘z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki tafakkur qilsangiz.
Oyatdagi «xamr» so‘zini ichkilik, aroq yoki vino deb tarjima qilmadik. Chunki «xamr» so‘zi umumiy bo‘lib, iste’mol qilgan kishining aqlini to‘suvchi, ya’ni, bir oz bo‘lsa-da ta’sir o‘tkazuvchi barcha narsaga aytiladi. Buning ichiga nasha, qoradori, ko‘knori va boshqalar ham kiradi.
«Sendan xamr va qimor haqida so‘rarlar».
Demak, Payg‘ambar alayhissalomdan xamr va qimor haqida so‘rashgan. Islomga to‘lig‘icha kirish jarayonida bunday savol bo‘lishi, albatta, zarur edi. Islom inson hayotining hamma taraflaridan qamrab olgan, musulmonlar tasavvuriga yangicha o‘ylash hissini solgan edi. Odamlar johiliyat qoidalaridan, odatlaridan tezkor qutulib, islomiy qonunlarga tezroq amal qilishga shoshilishar edi. Islom jihod, namoz kabi narsalarnigina emas, undan boshqa ishlarni ham, masalan, oziq-ovqatning halol-pok bo‘lishiga, topadigan kasb, mol-dunyoni halol yo‘l bilan topishga va uni joyini topib nafaqa qilishga ham e’tibor beradi. Chunki bular insoniyat hayotidagi eng muhum holatlar hisoblanadi.
Dunyoda adolat o‘rnatish, yer yuzida Allohning xalifasi bo‘lish vazifasi yuklatilgan shaxs aroqxo‘r yoki qimorboz va molini noo‘rin sarflaydigan bo‘lishi mumkinmi? Albatta, yo‘q. Holbuki, xamr ichish, qimor o‘ynash va noo‘rin nafaqa qilish hollari johiliyat vaqtida kishilar hayotiga singib ketgan edi. Xamrsiz hayotni tasavvur qila olmas edilar. Shuningdek, qimor va noto‘g‘ri mol sarflash ham keng tarqalgan edi. Musulmonlardan ba’zilari o‘zlaridagi pok his-tuyg‘u ta’sirida bu ishlarning o‘nglanishi lozimligini ham his qilar edilar. Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: «Ey Alloh, bizga xamr haqida shifo bo‘luvchi bayon bergin», deb duo qilib yurar edilar.
Alloh taolo kishilar hayotiga singib ketgan aroqxo‘rlik illatini asta-sekin muolaja qilishni iroda qildi. Avval, «Xurmo va uzumlarning mevasidan mast kiluvchi narsa hamda yaxshi rizq olasizlar», deb Nahl surasida mast qiluvchi narsani yaxshi rizqqa qarama-qarshi qo‘ydi. Ko‘pchilik xamr yaxshi emas ekan, deb ichishni tashladi. Keyin hazrati Umar boshliq bir guruh musulmonlar: «Ey Allohning Rasuli, xamr haqida bizga fatvo bering, bu aqlni ketkazuvchi, molni tortib oluvchi narsa», dedilar. Alloh taolo Baqara surasidagi biz o‘rganyotgan ushbu oyatni tushirdi. Keyinroq Abdurohman ibn Avf roziyallohu anhu uylarida mehmondorchilik uyushtirdilar, u yerda ichib mast bo‘lishdi. Namozda imomlari Kafiruun surasini xato qilib o‘qidi. Shunda Alloh taolo: «Mast holingizda namozga yaqinlashmang», degan oyat tushirdi. Yana ko‘pchilik ichmay qo‘ydi. Bir muddat o‘tgandan keyin Atabon ibn Molik ziyofat berdilar. Ichib o‘tirib, mast bo‘lib janjal chiqdi, mushtlashuv bo‘ldi. Shunda Alloh taolo xamrni butunlay harom qiluvchi oyatni nozil qildi. Bularning barchasi o‘rni kelganda, inshaalloh, o‘rganiladi.
Xamr va qimor haqidagi savolga javob berishni Alloh taolo Payg‘ambar alahissalomga:
«Sen: «Ikkisida katta gunoh va kishilar uchun manfaat bor va gunohlari naflaridan kattadir», deb ayt», deb o‘rgatmoqda. Xamrning ham, qimorning ham katta gunoh ekanligi avvaldan ta’kidlanmoqda. Shu bilan birga, o‘sha vaqtdagi kishilarning e’tiqodi bo‘yicha, manfaatlari ham borligi eslatib o‘tilmoqda. Xamr sotib pul topishni, ular manfaat deb tushunishgan. Shuningdek, qimorda pul yutishni, undan odamlarga cho‘tal berishni ham manfaat deb tushunishgan. Lekin bunga o‘xshash manfaatlari ularning gunohi oldida hech narsa emasligi ham uqdirilmoqda. Xamrning jamiyatga, shaxsga, davlatga va insoniyatga keltiradigan zarari hozirgidek ko‘zga yaqqol ko‘rinmagan bo‘lsa kerak. Eslashimiz kerakki, aqlni to‘suvchi har bir narsaga xamr deyiladi. Uning nomi turlicha bo‘lishi mumkin, pivodan tortib morfi va boshqalari ham, hammasi harom.
Qimorning hukmi ham shunday: osonlik bilan, mehnat qilmay, oshiq yoki karta o‘ynabmi yoki boshqacha nomlangan o‘yinlar o‘ylab chiqaribmi, odamlarning pulini olish harom. Hozirgi paytda qimorning ham xamrga o‘xshab turi ko‘payib ketdi. Insoniyatga katta zarar keltirmoqda, ularning barchasi harom.
Uchinchi so‘ralgan narsa nafaqa haqida, to‘g‘rirog‘i, nafaqaning miqdori haqida bo‘ldi. Topgan molu dunyoni o‘z o‘rniga, to‘g‘ri sarflash naqadar zarurligini hozir hamma ham tushunib qoldi. Turli-tuman, harom-harish sarf tufayli nafaqat shaxslar, balki davlatlar, xalqlar musibatga uchraydi. Bu oyatda xayr-ehson, nafaqa, sadaqaga ham o‘zidan ortganini ishlatish uqdirilyapti.
«Va sendan nimani nafaqa qilishni so‘rarlar. Sen: «Ortiqchasini», deb ayt».
Demak, inson avval o‘ziga, ahliga keragini ishlatib, ortib qolganini nafaqa qilishi kerak ekan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda aytiladiki, bir kishi: «Ey Allohning Rasuli, menda bir dinor bor», debdi. U zoti bobarakot: «O‘zingga sarfla», debdilar. «Yana boshqasi bor», debdi. Payg‘ambar alayhissalom: «Oilangga sarfla», debdilar. U: «Yana boshqasi bor», debdi. Payg‘ambar alayhissalom: «Bolangga sarfla», debdilar. Haligi odam: «Yana boshqasi bor», degan ekan, Payg‘ambar alayhissalom: «O‘zing bilasan», debdilar.
O‘zidan ortib qolgan mol-dunyoni ko‘pchilik manfaati uchun ishlatish orqali musulmonlar jamiyatida ijtimoiy tenglik ro‘yobga chiqadi: muhtojlarga yordam uyushtiriladi, jamiyatning boshqa zarur ehtiyojlari ham qoplanadi.
Oyati karimaning oxirida:
«Alloh shundoq qilib sizga O‘z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki tafakkur qilsangiz».
Demak, kerakli narsalarni Alloh bayon qilib bergan, tafakkur qilib, o‘sha bayondan foydalanish bandaning ishi.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta
maxsus islom bilim yurti matbuot xizmati
O‘MI Matbuot xizmati
Musulmon kishi katta-yu kichik gunohlar qilishdan xoli emas. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xatokordir. Xatokorlarning yaxshisi tavba qiluvchilaridir”, deganlar. Odam hayoti davomida har turli gunoh qilib qo‘yishi mumkin. Shunda tezda tavba qilib, chin dildan Allohga yolvorsa, gunohi kechiriladi.
Hozirgi kunda eng dolzarb bo‘lgan muammolardan biri shuki, ayrim toifalar gunoh qilgan mo‘min-musulmon kishini kofirga chiqarib, uning qoni, joni va moli(ga tajovuz)ni halol sanamoqda. Hatto davlatlarni kufrda ayblamoqda. Achinarlisi shundaki, bundaylar orasida “jihod” shiori ostida o‘zga yurtlarga ketib, mamlakatimiz musulmonlarini kufrda ayblayotgan hamyurtlarimiz ham bor. Bunday toifalar bugun chiqib qolgani yo‘q. Tarixda musulmonlar orasiga tafriqa (bo‘linish) solib, ularni kofirlikda ayblagan toifalar ko‘p bo‘lgan. Masalan, xavorijlar shulardan biri hisoblanadi. Ular Ali roziyallohu anhuning qo‘shinidan ajrab chiqib, shunday nom olgan. Bu toifa gunohi kabira qilgan musulmonni kofirlikda, murtadlikda ayblaydi. Hozirgi buzg‘unchilar aynan o‘sha xavorijlarning davomchilaridir.
Quyida gunohi kabira qilgan kishining hukmi haqida ahli sunna val jamoaning e’tiqodi qanday ekani va adashgan toifalarga bergan raddiyalari borasida so‘z yuritiladi.
Gunohi kabirani halol sanamay, undan qaytargan Zotga bepisand bo‘lmay, uni qasddan qilgan kishi qalbida tasdiq borligi uchun imondan chiqmaydi. Imondan faqatgina unga kirgan tomondan chiqadi. Gunohkor kishi tavbasiz vafot etsa, uning hukmi Alloh taoloning xohish-irodasida bo‘ladi. Xohlasa, uni kechiradi va fazli, karami yoki undagi imon va toatlarning barakasi sababli yoki ba’zi axyorlarning (do‘st-birodar) shafoati sababli jannatga kiritadi. Xohlasa, kichik yo katta bo‘lsin, gunohi miqdoricha azoblaydi. So‘ngra baribir oxir-oqibati jannat bo‘ladi, do‘zaxda abadiy qolmaydi.
Abu Hanifa rahmatullohi alayhi: “Men kichik va katta gunoh egalari uchun umidda bo‘laman va ikkisidan ham xavfsirayman. Kichik gunoh egasiga umid borligini, katta gunoh egasiga esa xavf borligini aytaman”[1], der edi.
Gunohi kabira egasi la’natlanmaydi. Chunki imoni u bilan birga bo‘lib, u kamaymagandir. Kim gunohi kabira uchun tavba qilsa, boshqa katta gunohdan qat’iy tiyilishi bilan tavbasi to‘g‘ri bo‘ladi. U tavba sababli iqob qilinmaydi (azoblanmaydi). Shuningdek, gunohi kabira uchun tavba qilishi bilan gunohi sag‘iralarning (kichik gunohlar) tavbasidan behojat bo‘lmaydi. U gunohi sag‘ira uchun ham tavba qilishi kerak. Ahli sunna nazdida gunohi sag‘iralar sababli iqob qilinishi joiz sanaladi.
Shu o‘rinda xavorij, mo‘tazila, murji’a kabi adashgan firqalarning da’volari va ularga ahli sunnaning javoblari qanday ekaniga to‘xtalsak. Bu hozirgi buzg‘unchilarga ham tegishli bo‘ladi. Chunki ularning ildizlari aynan xavorij va mo‘tazila kabi firqalarga borib taqaladi.
Xavorijlar: “Kim kichik yoki katta gunoh bilan isyon qilsa, u kofirdir. U do‘zaxda abadiy qoladi. Chunki Alloh taolo: ﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا﴾ “Kim Allohga va Uning Rasuliga isyon qilsa va Uning chegaralaridan oshib o‘tsa, U Zot uni abadiy qolishi uchun do‘zaxga kiritadi”[2], degan. Gunohlarning barchasi isyonga borib taqaladi. Alloh taolo: ﴿وَاتَّقُوا النَّارَ الَّتِي أُعِدَّتْ لِلْكَافِرِينَ﴾ “Kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxdan qo‘rqing”[3], degan. Do‘zax kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan bo‘lgach, gunoh sababli vaid qilingan (azob va’dasi berilgan) har bir kishi kofirdir. Bu ikki oyatning jamlanishidan osiyning kofir ekani, uning hukmi esa do‘zaxda abadiy qolish ekani sobit bo‘ldi”, degan.
Bu da’vo noto‘g‘ri. Chunki oyatlar gunohkor kishining kofir emasligiga dalolat bo‘ladi. Alloh taolo: ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِصَاصُ فِي الْقَتْلَى﴾ “Ey imon keltirganlar, sizga o‘ldirilganlar uchun qasos farz qilindi”[4] deydi. Ya’ni, U Zot qasddan odam o‘ldirganning gunohi kabira qilganini bila turib, uni “mo‘min” deb atadi. Oyatning davomida ﴿فَمَنْ عُفِيَ لَهُ مِنْ أَخِيهِ شَيْءٌ﴾ “Kimga o‘z birodaridan bir narsa afv qilinsa”[5] deb, o‘ldirgan va o‘ldirilgan kishilar o‘zaro birodar ekanini zikr qilyapti. Birodarlik esa, “Albatta, mo‘minlar birodardirlar”[6] kalomiga ko‘ra, imonga oid hodisadir. Demak, bir jonni qasddan o‘ldirgan kishi gunohkor bo‘ladi, lekin kofir bo‘lmaydi.
Boshqa bir oyatda Alloh taolo: ﴿وَإِنْ طَائِفَتَانِ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ اقْتَتَلُوا﴾ “Agar mo‘minlardan ikki toifa urishsa”[7], degan. Oyatda ikki toifadan biri bog‘iy (isyonkor) bo‘la turib, ikkisi uchun ham “mo‘min” so‘zi qo‘llangan. Bog‘iylik esa islomda og‘ir gunoh sanaladi. Demak, u gunohkor bo‘ladi, lekin imondan chiqmaydi.
Xavorijlar dalil sifatida keltirgan ﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا﴾ “Kim Allohga va Uning Rasuliga isyon qilsa va Uning chegaralaridan oshib o‘tsa, U Zot uni abadiy qolishi uchun do‘zaxga kiritadi”[8] oyati kofirlar haqidadir. Chunki U Zot: “Uning chegaralaridan oshib o‘tsa”, deyapti. “Chegaralar” so‘zi ko‘plikda kelgan. Mo‘min Allohning barcha chegaralaridan oshib o‘tmaydi. Isyon esa inkor qilish yoki takzib (yolg‘onga chiqarish) jihatdan emas, fe’l jihatdan amrga qarama-qarshi bo‘lishdir. O‘z-o‘zidan ayonki, buni “takzib” yo “inkor” deb bo‘lmaydi. Chunki unda tasdiq bor. Modomiki shunday ekan, u zaruratan mo‘min hisoblanadi.
Mo‘tazila firqasi: “Gunohi kabira qilgan kishi fosiqdir, mo‘min ham, kofir ham emas. U o‘sha gunohi sababli imondan chiqadi, lekin kufrga kirmaydi. U ikki manzil orasida bo‘ladi. Hukmi shuki, tavbasiz vafot etsa, do‘zaxda abadiy qoladi. Toatlari foyda bermaydi. Uning afv va mag‘firat qilinishi joiz bo‘lmaydi. Chunki Alloh taolo: ﴿وَأَمَّا الَّذِينَ فَسَقُوا فَمَأْوَاهُمُ النَّارُ﴾ “Ammo fosiqlik qilganlar esa, bas, ularning joylari do‘zaxdir”[9] va ﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا﴾ “Kim bir mo‘minni qasddan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur”[10], deydi”, degan.
“Fisq” lug‘atda chiqmoqdir. Kim Allohning amrlaridan biriga bo‘ysunishdan chiqsa, u fosiq bo‘ladi.
Mo‘taziliylar keltirgan oyatda mutlaq fosiq nazarda tutilgan. U bunday davom etadi: ﴿وَقِيلَ لَهُمْ ذُوقُوا عَذَابَ النَّارِ الَّذِي كُنْتُمْ بِهِ تُكَذِّبُونَ﴾ “U (fosiq)larga: “O‘zingiz yolg‘onga chiqargan do‘zaxning azobini toting” deyilur”[11]. Kim do‘zaxni yolg‘onga chiqarsa, kofir hisoblanadi. Alloh taolo boshqa bir oyatda: ﴿أَفَمَنْ كَانَ مُؤْمِنًا كَمَنْ كَانَ فَاسِقًا لَا يَسْتَوُونَ﴾ “Axir, mo‘min bo‘lgan odam fosiq bo‘lgan odamdek bo‘lurmi?! Teng bo‘lmaslar”[12] deb, mutlaq fosiqni mo‘min bilan taqqoslagan. Mutlaq fosiq kofirdir. Mo‘min kishi mutlaq fosiq emas, balki ma’siyat (gunoh) qilgani sababli fosiq bo‘ladi, lekin imoni va toatlari sababli itoat qiluvchi hisoblanadi.
Qasddan odam o‘ldirgan kishiga nassda (aniq, ochiq hujjatlar – oyat va hadislarda) kelgan do‘zaxda abadiy qolish jazosi – o‘sha ishini halol sanab qilgani uchundir. O‘sha ishni halol sanash kofirlik bo‘ladi. Ammo kim bu ishni halol sanamay qilsa, uning hukmi Alloh taoloning ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِصَاصُ فِي الْقَتْلَى﴾ “Ey imon keltirganlar, sizga o‘ldirilganlar uchun qasos farz qilindi”[13] degan so‘zlariga muvofiq bo‘ladi. Ya’ni, o‘ldirgan kishi bu ishni halol sanamay qilgani uchun kofir sanalmaydi. U gunohi kabira qilgan bo‘ladi. Abadiy do‘zaxda qolmaydi. Undan qasos olinadi. Oyati karimaga binoan, odam o‘ldirgan shaxsni qasos uchun, albatta, o‘ldirish shart emas, balki o‘ldirilganning yaqinlari kechib yuborsa, o‘ldirmay qo‘yib yuborsa, o‘rniga xun olsa ham bo‘ladi. Bunda xunni yaxshilik bilan so‘rash lozim, aybdor tomon ham yaxshilik bilan ado etishi zarur.
Yuqorida mo‘tazilalarning “Gunohi kabira qilgan kishi tavbasiz vafot etsa, do‘zaxda abadiy qoladi. Toatlari foyda bermaydi. Uning afv va mag‘firat qilinishi joiz bo‘lmaydi” degan so‘zlari ham keltirildi. Bu da’vo ham mutlaqo noto‘g‘ri. Chunki Alloh taolo: ﴿وَإِنَّ رَبَّكَ لَذُو مَغْفِرَةٍ لِلنَّاسِ عَلَى ظُلْمِهِمْ﴾ “Albatta, Rabbingiz odamlarning zulmiga qaramay, ular uchun mag‘firatlidir”[14], degan. Bu tavbadan oldin ham mag‘firatning joizligiga dalil bo‘ladi. Boshqa bir oyatda Alloh taolo: ﴿إِنَّ اللَّهَ لَا يَغْفِرُ أَنْ يُشْرَكَ بِهِ وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ لِمَنْ يَشَاءُ﴾ “Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirilishini kechirmas. Undan boshqa gunohni (O‘zi) xohlagan kishilar uchun kechiradi”[15], degan. Oyatda zikr qilingan mag‘firat mashi’atga (Allohning xohish-irodasiga) bog‘langan, tavbaga emas. Shirkdan boshqa gunohni kechirish tavbaga bog‘langanda, shirk va undan boshqa gunoh orasida farq qolmasdi. U Zot xohlagan bandasining shirkdan boshqa gunohini O‘z fazli bilan kechirib yuborishi mumkin. Chunki ﴿وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ﴾ “Undan (ya’ni shirkdan) boshqa gunohni kechiradi” degan so‘zlari shirkdan boshqa gunohni tavbasiz ham kechirishini ifodalaydi.
Alloh taolo afvli va mag‘firatli Zotdir. Afv va mag‘firat azoblash joiz bo‘lgan narsaga tatbiq etiladi. Azoblash joiz bo‘lmagan narsada azoblashni tark qilish afv va mag‘firat emas.
Murji’alar: “Kufr bilan birga toat foyda bermagani kabi imon bilan birga gunoh ham zarar bermaydi. Musulmon kishi gunohi kabiralardan birortasi sababli iqob qilinmaydi. Alloh taolo: ﴿إِنَّا قَدْ أُوحِيَ إِلَيْنَا أَنَّ الْعَذَابَ عَلَى مَنْ كَذَّبَ وَتَوَلَّى﴾ “Albatta, bizga vahiy qilindiki, “Yolg‘onga chiqarganlarga va yuz o‘girib ketganlarga, shubhasiz, azob bo‘lur”[16], degan. Bu “kim Alloh taoloni yolg‘onga chiqarmasa, Uning dinidan yuz o‘girmasa, u azoblanmaydi”, degan gap”, deydi.
Ularning da’vosi noto‘g‘ri ekani ko‘rinib turibdi. Inson zarracha gunohi uchun ham javob berishi oyatlarda aniq bayon etilgan (masalan, Zalzala surasining oxirgi oyati). Alloh taolo: ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَصُوحًا عَسَى رَبُّكُمْ أَنْ يُكَفِّرَ عَنْكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ﴾ “Ey imon keltirganlar, Allohga xolis tavba qilingiz! Shoyad Rabbingiz gunohlaringizni yuvsa”[17] va ﴿وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعًا﴾ “Allohga barchangiz tavba qilingiz”[18], deb buyurgan. Gunohi bo‘lmagan kishiga tavbani buyurib bo‘lmaydi. Gunoh inson uchun zarar bo‘lmaganda, tavbaga amr qilishda mantiq qolmasdi.
Umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, gunohi kabira qilgan kishi imondan chiqmaydi. U gunohkor mo‘min bo‘ladi. Chin dildan tavba qilsa, Alloh taolo kechiradi. Tavba qilmasdan vafot etsa, keyingi taqdiri Alloh taoloning izmida bo‘ladi. Xohlasa, fazl-marhamati bilan kechiradi. Xohlasa, adolati bilan gunohiga yarasha azoblaydi. U oxir-oqibat jannatga kiradi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim “La ilaha illalloh” desa, jannatga kiradi”, deganlar.
Ko‘plab oyatlarda solih amallar qilgan kishi jannatga kirishi aytilgan. Xususan, Alloh taolo: ﴿إِنَّ الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ كَانَتْ لَهُمْ جَنَّاتُ الْفِرْدَوْسِ نُزُلًا خَالِدِينَ فِيهَا﴾ “Albatta, imon keltirgan va solih amallar qilganlarga Firdavs jannati manzil bo‘lgandir. Unda abadiy qolurlar”[19] deb marhamat qilgan. Gunohi kabira egasi esa mo‘mindir. U solih amallar qilgan. U va’da qilingan jannatga kirishga haqli hisoblanadi.
Aql yuritadigan bo‘lsak, banda toatlarning eng afzali va yaxshiliklarning oliy darajasi bo‘lgan imonni keltirdi. U qilgan yomonlik inkorning oliy darajasi bo‘lmish kufrga yetib bormadi. U do‘zaxda abadiy qolganda va eng afzal yaxshiligi bo‘lgan imonning savobini va yomonlikning yuqori darajasidan past bo‘lgan gunohi kabirani qilishi bilan o‘zi keltirgan solih amallarining savobini botil qilganda, albatta, yomonliklarning iqobi ko‘paytirilgan va yaxshiliklarning savobi kamaytirilgan bo‘lardi. Bu esa yaxshilikka o‘n barobar (undan ham ortiq) mukofot va yomonlikka o‘z mislicha jazo berish haqidagi ilohiy va’daga xilof kelardi. Vaholanki, Alloh taolo va’daga xilof qilmaydi.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
[1] Abul Muin Nasafiy. Tabsiratul adilla fiy usulid din. – J.1. – Qohira: Al-maktabatul Azhariyya lit turos, 2011. – B.1037.
[2] Niso surasi, 14-oyat.
[3] Oli Imron surasi, 131-oyat.
[4] Baqara surasi, 178-oyat.
[5] Baqara surasi, 178-oyat.
[6] Hujurot surasi, 10-oyat.
[7] Hujurot surasi, 9-oyat.
[8] Niso surasi, 14-oyat.
[9] Sajda surasi, 20-oyat.
[10] Niso surasi, 93-oyat.
[11] Sajda surasi, 20-oyat.
[12] Sajda surasi, 18-oyat.
[13] Baqara surasi, 178-oyat.
[14] Ra’d surasi, 6-oyat.
[15] Niso surasi, 48, 116-oyatlar.
[16] Toha surasi, 48-oyat.
[17] Tahrim surasi, 8-oyat.
[18] Nur surasi, 31-oyat.
[19] Kahf surasi, 107-108-oyatlar.