Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyul, 2025   |   11 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
06 Iyul, 2025, 11 Muharram, 1447

28.09.2018 y. Ustozlarga ehtirom (1-oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuni)

21.09.2018   9945   12 min.
28.09.2018 y. Ustozlarga ehtirom (1-oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuni)

بسم الله الرحمن الرحيم

 

Muhtaram jamoat! Islom dini ilmu ma’rifatga targ‘ib qiluvchi ilohiy dindir. Zero, insonning dunyo va oxiratining obod bo‘lishi ilm olishi va unga amal qilishi bilan bog‘liqdir. Qur’oni karimning ko‘plab oyatlari va Payg‘ambarimiz ﷺ ning qator hadislarida ushbu ma’nolar bayon etilgan. Ilm –ruhning ozuqasidir. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo‘lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi. Ilm esa ustozning sa’y-harakati, tinimsiz mehnati, g‘ayrati va matonati bilan egallanadi. Ilm o‘rgatuvchi ustozlar bejizga “payg‘ambarlarning merosxo‘rlari” deb e’zozlanmaganlar. Qur’oni karimda o‘zi egallagan ilmni boshqalarga o‘rgatgan ustozlarning sha’ni-sharafi naqadar ulug‘ligi haqida bunday marhamat qilinadi:

يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ  (سورة المجادلة/11).

ya’ni: ... Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11-oyat).

Payg‘ambarimiz ﷺ ham ilmli kishining ilmsiz kishidan darajasi yuqori ekanligini bir qancha hadislarida bayon qilganlar:

"فَضْلُ الْعَالِمِ عَلَى الْعَابِدِ كَفَضْلِي عَلَى أَدْنَاكُمْ" (رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ).

ya’ni: “Olimning obiddan ustunligi xuddi mening sizlardan eng quyi darajadagi kishidan ustunligim kabidir” (Imom Termiziy rivoyati).

Ustozga mehr qo‘ymagan, hurmat qilmagan shogirdning ilmni puxta egallashiga ishonish qiyin. Bemor kishi o‘z ixtiyorini butunlay tabibga topshirganiday, ta’lim oluvchi shogird ham o‘zini batamom muallim ixtiyoriga topshirishi, uni e’zozlab hurmatlashi va doimo xizmatida shay turishi kerak. Abdulloh ibn Abbos رضي الله عنه o‘zidan yoshi ulug‘ bo‘lgan Zayd ibn Sobit رضي الله عنه ning ulovlari tizginini ushlab, unga minishlarida yordam berib bunday deganlar: "Ulamolarga shunday xizmat qilishga buyurilganmiz. Agar shogird ulug‘lik sifatiga yetmay turib, undan faxrlanib, kibrlansa johildir. Zero, ilm-hikmat mo‘min kishining yo‘qotgan narsasidir, qachon topsa, uni olishga haqli". 

Muhtaram azizlar! Kishida ilm o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Albatta, buning uchun ustoz zarur. Ilm va uni talab qilishning fazilati naqadar ulug‘ bo‘lsa, ilm o‘rgatish,  ya’ni, ustozlik qilishning fazilati undanda buyukdir. Qur’oni karimda bayon qilinishicha, insoniyatning avvali Odam Ato ham o‘z zamonasi uchun zarur bo‘lgan ilmlarga muhtoj bo‘lganidan Alloh taoloning o‘zi u zotga ta’lim berdi.

وَعَلَّمَ آَدَمَ الْأَسْمَاءَ كُلَّهَا  (سورة البقرة/31).

ya’ni: (Alloh) Odamga barcha (yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli) nomlarni o‘rgatdi” (Baqara surasi, 31-oyat). 

Har bir zamonda Alloh taolo insoniyatga ilmu hikmat o‘rgatish uchun payg‘ambarlarini yuborib turdi. Jumladan, oxirzamon payg‘ambari Muhammad ﷺ ni shunday sharafli vazifa bilan yubordi.

لَقَدْ مَنَّ اللَّهُ عَلَى الْمُؤْمِنِينَ إِذْ بَعَثَ فِيهِمْ رَسُولًا مِنْ أَنْفُسِهِمْ يَتْلُو عَلَيْهِمْ آَيَاتِهِ وَيُزَكِّيهِمْ وَيُعَلِّمُهُمُ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَإِنْ كَانُوا مِنْ قَبْلُ لَفِي ضَلَالٍ مُبِينٍ (سورة آل عمران/31).

ya’ni: “Alloh o‘z ichlaridan Allohning oyatlarini o‘qib beradigan, ularni (shirk va gunohlardan) musaffo qiladigan hamda ularga Kitob va Hikmatni ta’lim beradigan Payg‘ambarni yuborish bilan, mo‘minlarga in’om etdi. Ular esa bundan oldin aniq gumrohlikda edilar” (Oli Imron surasi, 164-oyat).

 Bu haqda Payg‘ambar ﷺ ning o‘zlari:

"... وَإِنَّمَا بُعِثْتُ مُعَلِّمًا" (رَوَاهُ الإِمَامُ ابْنُ مَاجَه).

ya’ni: Albatta, men muallim qilib yuborilganman, deganlar (Imom Ibn Moja rivoyati). Mana shuning o‘zi ham ustozlik qay darajada yuksak martaba ekanligini ko‘rsatadi.

Darhaqiqat, o‘zgalarga ilmu ma’rifat ziyosini tarqatish naqadar savob ish. Bu vazifaga mutasaddi bo‘lgan kishining darajasi ham mislsiz. Shuning uchun ham borliqdagi hamma narsa ustozning haqqiga duo qilib turadi. Rasululloh ﷺ bu haqda shunday marhamat qilganlar:

"إِنَّ اللَّهَ وَمَلائِكَتَهُ وَأَهْلَ السَّمَوَاتِ وَالأَرْضِ حَتَّى النَّمْلَةَ فِي جُحْرِهَا وَحَتَّى الْحُوتُ فِي الْبَحْرِ لَيُصَلُّونَ عَلَى مُعَلِّمِ النَّاسِ الْخَيْرَ" (رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ).

ya’ni: Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, inidagi chumoli,  hattoki, dengizdagi baliq ham odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchiga salovot aytadilar (Imom Termiziy rivoyati).

Muhtaram jamoat! Mamlakatimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatish, ularni e’zozlash, ijtimoiy imtiyozlar yaratish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy darajasi ustoz va murabbiylarga bo‘lgan munosabatga qarab baholanadi. Jamiyatning ko‘p qismini tashkil qiluvchi yoshlarimizga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz va murabbiylarimizni har vaqt hurmatlashimiz va e’zozlashimiz lozim. Zero, kelajak avlodni barkamol va yetuk ma’rifatli bo‘lib yetishishida ularning xizmatlari kattadir. O‘zbekiston bugungi dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egallab, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda tenglar ichra teng ovoz bilan xalqaro maydonda o‘z mavqe’iga ega bo‘lishida ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyosdir. Shu munosabat bilan yurtimizda har yili 1 oktyabr kuni “Ustozlar va murabbiylar kuni” deb belgilanib, shu kunda xalqimiz bayram qilib, ustozlarga ko‘proq xurmat-izzat ko‘rsatadilar, dillariga xursandchilik baxsh etishga harakat qiladilar.

Ustozlarni qadrlash haqida so‘z ketganda, beixtiyor hazrati Mir Alisher Navoiy bobomizning ushbu so‘zlari yodimizga tushadi:

Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin ming ganj ila.

Haqiqatan ham, “ustoz otangdek ulug‘” deb, ajdodlarimiz bejiz aytishmagan. Chunki, ota farzandni dunyoga keltirgan bo‘lsa, ustoz unga odamiylikdan saboq bergan. Bir mashhur zotdan, nima uchun ustozingizni  otangizdan ham ortiq ko‘rasiz, deb so‘rashganda: “Otam meni yerga tushishimga sabab bo‘lgan, ustozim esa ruhimni tarbiyalab, ko‘kka yetishimga sabab bo‘ldi”, – degan ekan.

Dinimiz ta’limotiga ko‘ra, o‘zgalarga ta’lim bergan kishi nafaqat dunyoda izzat-hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai amaliga savob to‘xtovsiz borib turadi. Shunday ekan, ustoz va murabbiylar har qancha e’zozlansa, arziydi.

Muhtaram jamoat! Ustoz va talabalar amal qilishlari zarur bo‘lgan odoblar mavjud bo‘lib, quyida ulardan ba’zilarini bayon qilamiz. O‘qituvchiga tegishli odoblar:

  • Niyatni xolis qilish. Ya’ni, o‘qituvchi ilm berishi orqali savob olishni umid qilishi va o‘quvchilarga manfaat yetkazishni niyat qilish.
  • Ko‘p kulgu va hazil-mutoyibadan saqlanish. Albatta, muallim ochiq chehralik, muloyim, shirinso‘z, dardkash hamda mehribon bo‘lish bilan birga, o‘ziga yarashmaydigan, noo‘rin kulgudan tiyilishi, hazil qilsa ham, yengil, og‘ir kelmaydigan tarzda qilishi maqsadga muvofiq. O‘qituvchining o‘ta jiddiy bo‘lishi talabani bilmagan narsasini so‘rashdan, unga yaqin bo‘lishdan va dardini bemalol aytishdan to‘sadi.
  • O‘quvchilarni bilim olishga qiziqtirish. Demak, o‘qituvchi bilimli kishilarning avvalo o‘zlariga, qolaversa, jamiyatga foydalari tegishi, ularga va’da qilingan savob haqida o‘quvchilariga tez-tez eslatib turishi juda muhim.
  • Dars davomida talabaning ilmiy salohiyati va iqtidoriga mos o‘rtacha yo‘lni tanlash. Har bir insonning ma’lumot olish qobiliyati va yodda saqlash ko‘nikmasi turfa bo‘lgani sababli, talabaning shaxsiy xususiyatlariga jiddiy e’tibor berish hamda ko‘ngliga yo‘l topa olish o‘ta muhim.
  • O‘quvchilarni bir-biridan ortiq ko‘rmaslik. O‘qituvchi ham ota kabidir, shuning uchun har bir o‘quvchisini o‘z farzandidek ko‘rishi, biridan boshqasini ajratmasligi kerak.
  • Talabalarga dunyoviy va diniy bilimlarni barobar olib borishni, zamonaviy bilimlarda orqada qolmaslikni o‘rgatish.
  • Chiroyli xulqlar va yaxshi xislatlardan saboq berish. Bu sohada o‘qituvchi ko‘p yillik tajribalaridan foydalanish.
  • O‘quvchi xato qilsa, to‘g‘ri yo‘lga yo‘llash. Bunda qo‘pollik va dilozorlikdan saqlanib, ulug‘ ajdodlarimiz hayoti, ibratli voqealar bilan talabani yana to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab qo‘yiladi.
  • Yosh va mansab jihatdan o‘zidan past insondan bo‘lsa-da bilmaganlarini o‘rganishni or qilmaslik. Chunki hikmat mo‘minning yo‘qotgan narsasi bo‘lib, qayerda topsa olaveradi. Alisher Navoiy bobomiz aytadilar: “So‘rab o‘rgangan olim, orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim”.
  • Qaysi hunar va fan o‘qituvchisi bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z sohasini puxta bilish. Muallim o‘z ustida ko‘p ishlashi, kerak bo‘lsa, talabadan ko‘proq dars qilishi kerak.
  • O‘ziga ravo ko‘rganini o‘quvchilariga ham ilinib, yomon ko‘rganlarini ularga ham ravo ko‘rmaslik.
  • O‘quvchilari haqqiga yaxshi duolar qilib, ularga yaxshilikni sog‘inish. Chunki ustozning duosi xuddi ota-onaning farzandiga qilgan duosi kabidir.

Barkamol avlod va sog‘lom jamiyat oldida katta mas’uliyat sohibi bo‘lgan barcha ustoz va murabbiylarimizga mustahkam sihat-salomatlik va ikki dunyo saodatiga musharraf etishini so‘rab, duolar qilib qolamiz!

Muhtaram jamoat! Mav’izaning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida namoz vaqtlari haqida suhbatlashamiz.

  1. Bomdod namozi: Bomdod namozining vaqti subhi sodiqdan (ufqda keng yoyilgan yorug‘likdan) quyosh chiqqunigachadir. Bomdod vaqti kirgandan boshlab quyosh to‘liq chiqgunigacha Bomdodning ikki rakat sunnatidan boshqa nafl namoz o‘qish makruh sanaladi. Ammo qazo namoz o‘qisa bo‘ladi. Bomdod namozini o‘qish paytida quyosh chiqib qolsa, Bomdod namozi to‘xtatiladi va quyosh to‘liq chiqqandan keyin qazosi o‘qiladi. Bugungi Bomdodning qazosini zavolgacha o‘qisa, sunnati bilan birga qazosi o‘qiladi. Zavolgacha o‘qilmasa, farzini o‘zi qazo qilinadi. Bomdodni sunnatiga ulgurmay, farzini jamoat bilan o‘qigan kishi farzdan keyin sunnatni o‘qimaydi.
  2. Peshin namozi: Peshinning vaqti quyosh zavolga og‘ganidan har bir narsaning soyasi zavoldagi soyadan tashqari o‘zining bo‘yiga ikki barobar bo‘lgunigachadir. Quyosh qiyomdan zavolga qarab og‘gandan boshlab Peshin namozining vaqti kirgan bo‘ladi. Zavoldagi soyadan tashqari har bir narsaning soyasi o‘zining bo‘yiga ikki barobar kelgunicha Peshin vaqti hisoblanadi. Bu Imom Abu Hanifa rahimahullohning fatvolaridir.
  3. Asr namozi: Asrning vaqti har bir narsaning soyasi zavoldagi soyadan tashqari o‘zining bo‘yiga ikki barobar bo‘lganidan boshlab quyosh botgunigachadir. Asr namozi ado qilinganidan keyin Shom namozi o‘qilgunigacha nafl namoz o‘qish makruh hisoblanadi. Ammo qazo namoz o‘qisa bo‘ladi. Asrga aytilgan azondan keyin takbir aytilgunigacha, bemalol nafl namoz o‘qisa bo‘ladi. Asr namozini quyoshni nuri ko‘zni qamashtirmaydigan darajada kechiktirib o‘qish makruhdir. Kishi bugungi Asr namozini o‘qish paytida quyosh botib qolsa, oxirigacha davom ettiraveradi.
  4. Shom namozi: Shomning vaqti quyosh botganidan shafaq yo‘qolgunigacha. U (shafaq) ufqdagi qizillikdir va shunga fatvo berilgan. Shom namozini doimo (yilning barcha fasllarida) vaqti kirishi bilan o‘qish mustahabdir. Demak, Shom namozining vaqti quyosh ufqga botishi bilan boshlanib ufuqdagi qizillik yo‘qolgunigacha davom etadi.
  5. Xufton namozi: Xuftonning vaqti Shomning vaqti tugagandan boshlab tonggachadir. Vitrning vaqti xufton o‘qilgandan boshlab tonggachadir. Xufton namozini kechasini yarmidan keyin o‘qish makruh bo‘ladi. Xufton va Bomdodni jamoat bilan o‘qishni fazilati haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Kim xufton namozini jamoat bilan o‘qisa, go‘yo kechaning yarmini ibodat bilan o‘tkazgandek bo‘ladi. Kim Bomdod namozini ham jamoat bilan o‘qisa, go‘yo kechaning barchasini ibodat bilan o‘tkazgandek bo‘ladi” (Imom Buxoriy  va Imom Muslim rivoyati).

Qazo bo‘lgan namozlarni kunning barcha vaqtida o‘qisa bo‘ladi,  faqat quyosh chiqish, qiyomga kelish va botish vaqtlari bundan mustasno. Bu uch vaqtda hech qanday namoz o‘qib bo‘lmaydi.

Ustozlik martabasiga yetish va uning omonatlariga rioya etish har birimizga nasib etsin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Ashuro kuni — muharram oyining o‘ninchi kunidir

04.07.2025   2271   7 min.
Ashuro kuni — muharram oyining o‘ninchi kunidir

Islom tarixidagi eng ulug‘, ma’naviy jihatdan eng ibratli kunlardan biri Ashuro kunnidir. Har yili muharram oyining o‘ninchi kuni nishonlanadigan bu sana nafaqat ro‘za tutish fazilati bilan, balki Alloh taoloning bandalariga ko‘rsatgan marhamati, Muso alayhissalom va uning qavmini najot etganligi bilan ham ahamiyatlidir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ushbu kunga alohida e’tibor berganlar va ummatlarini ham uning fazilatlaridan bahramand bo‘lishga chorlaganlar. Ashuro kuni musulmonlar uchun ma’naviy poklanish, gunohlarga kafforat va sunnatni hayotga tatbiq etish imkonidir.

 Bu kun musulmonlar uchun ro‘za tutish tavsiya etilgan kunlardan biri bo‘lib, ulamolarning ko‘pchiligi bu kunni ro‘za bilan o‘tkazishni mustahab deb hisoblaydi. Ashuro kuni ro‘za tutish sunnat amallardan biri bo‘lib, uning fazilati juda katta. Tasu’o (to‘qqizinchi) va Ashuro (o‘ninchi) kunlarida ro‘za tutish payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan qolgan sunnatlardandir. Bu Allohning kunlaridan biri bo‘lib, U Zot o‘z bandalariga marhamat ko‘rsatgan, ya’ni U zot Kalimulloh Muso alayhissalom va Uning qavmi Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinining zulmidan najot etgan kundir.

Ashuro kunini ro‘za bilan o‘tkazishning asosiy sababi bu kunda Alloh taolo Muso alayhissalom va Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinidan najot etganidir. Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini juda ahamiyatli deb bilar edilar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biror kunni boshqalardan afzal deb ro‘za tutishga uringanlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun — Ashuro kuni va ushbu oy — Ramazon oyidan tashqari” (Imom Buxoriy rivoyati).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni Ashuro kuni ro‘za tutishga rag‘batlantirar va: “Ashuro kuni ro‘zasi o‘tgan bir yilning gunohlariga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman”,  der edilar (Imom Muslim rivoyati).

Musulmonlar bu sunnatni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng amaliyotga tadbiq eta boshladilar. U kishi yahudiylarni Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rdilar va buning sababini so‘raganlarida, ular: “Bu yaxshi kun bo‘lib, Alloh ushbu kunda Bani Isroilni dushmanlaridan najot etgan, shuning uchun Muso alayhissalom ushbu kunni ro‘za bilan o‘tkazgan”, deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Men Musoga sizlardan ko‘ra yaqinroqman”, deb, o‘sha kuni ro‘za tutdilar va boshqalarga ham ro‘za tutishni buyurdilar.

Shu kundan boshlab bu amal sunnat sifatida amalga oshirila boshlandi va musulmonlar uchun o‘tgan yilning gunohlaridan poklanish, katta savob va fazilatga erishish imkoni sifatida qaraladi.

Ashuro kuni bu barcha musulmonlar uchun muhim sana hisoblanadi. Ko‘plab insonlar bu kunda ro‘za tutishga va ibodat qilishga intiladi.

Ko‘pchilik Ashuro kunini yagona holda ro‘za tutish mumkin emas, deb hisoblaydi. Ammo Azhar muassasasi o‘z fatvolaridan birida bu fikrni rad etgan. Unda ta’kidlanganidek, juma yoki shanba kuni Ashuro kuniga to‘g‘ri kelsa ham, uni alohida holda ro‘za tutish man qilingan emas.

Azhar ulamolarining ta’kidlashlaricha, imom Tahoviy rahmatullohi alayhdan rivoyat qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasiga izn berganlar va unga targ‘ib qilganlar. Lekin bu kun shanbaga to‘g‘ri kelsa, tutmanglar, demaganlar. Buning o‘ziyoq, Ashuro har qanday kunga to‘g‘ri kelsa ham ro‘za tutish mumkinligini ko‘rsatadi”.

Shuningdek, agar Ashuro yoki Arafa kuni juma yoki shanba kuniga to‘g‘ri kelsa yoki insonning odatdagi ro‘zali kuni bo‘lsa, bu holda ro‘za tutishda hech qanday mone’lik yo‘q.

Dorul-Ifto (Misr Fatvo hay’atining 2023 yil 26 iyuldagi 7756 raqamli Professor Doktor Shavqiy Ibrohim Allom fatvosida) ham Ashuro kunini ya’ni muharramning 10-kunini yagona holda ro‘za tutish joizligini tasdiqlagan. Shu bilan birga, ixtilofdan qochish maqsadida, u bilan birga bir kun avval 9-kun yoki bir kun keyin 11-kun ro‘za tutish tavsiya etildi.

Misr Dorul-Ifto muassasasi ta’kidlashicha, muharramning 9-kunini ro‘za tutish  qat’iy sunnatdir. Bu borada Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda keladi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘za tutganlarida, Payg‘ambarimizga yahudiy va nasroniylar bu kunni ulug‘lashlarini aytishgan. Shunda u zot: “Kelgusi yili, agar Alloh xohlasa, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutaman”, deganlar. Ibn Abbos aytadilar: kelgusi yil kelmasdan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar. Bu hadisni Imom Muslim o‘z “Sahihlarida” keltirganlar.

Sunnatda Ashuro kuni ro‘zasi tutishning fazilati haqida bir qator rivoyatlar keltirilgan. Unga ko‘ra, muharram oyida ro‘za tutish tavsiya etilgan amallardan sanaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

“Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharram oyida tutiladigan ro‘zadir. Farz namozlardan keyingi eng afzal namoz kechasi o‘qiladigan (tahajjud) namozdir”.

Ashuro kunining fazilati shundaki, bu kun tutiladigan ro‘za o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi:

Arafa kuni ro‘zasi haqida nima deysiz?

U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan va kelgusi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, dedilar.

Ashuro kuni ro‘zasi haqida nima deysiz? deb so‘radilar.

U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, deb javob berdilar.

Shuningdek, Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biron kunni boshqalardan ko‘ra afzal deb ro‘za tutishga shunchalik intiqlik bilan intiqlik qilganlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun Ashuro kuni va ushbu oy Ramazon oyi bundan mustasno”.

Ulamolarimiz Ashuro kunida ahli oilaga ko‘proq sarf qilish, ya’ni ularni quvonchli qilish, rizqda kenglik qilishning tavsiya etilgan amallardan ekanini ta’kidlaydilar. Bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislariga asoslanadi:

“Kimki Ashuro kunida o‘z ahliga (oila a’zolariga) kenglik qilsa, Alloh taolo unga butun yili kenglik beradi”.

Xulosa o‘rnida shuni eslash joizki, Ashuro kuni bu bir kunlik ro‘za orqali butun bir yillik gunohlardan poklanish umidi berilgan, Allohning maxsus marhamati to‘kilgan muqaddas kundir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biri bo‘lgan ushbu ro‘zani tutmoq, uni 9-kuni yoki 11-kun bilan birga ado etmoq  musulmon kishi uchun katta ajru savob manbaidir.
Shuningdek, bu kunda ahli oilaga shodlik ulashish, rizqda kenglik qilish ham sunnatga uyg‘un amallardan hisoblanadi. Demak, Ashuro kuni ibodat, muhabbat va ma’naviy yangilanish kunidir. Undan oqilona foydalangan kishi na dunyoda, na oxiratda ziyon ko‘rmaydi.

 

Dilshod Aliyev,
"Boloi Hovuz" masjidi imomi.