Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Muoz (roziyallohu anhu)ni Yamanga yuborayotganlarida: “Mazlumning duosidan ehtiyot bo‘l. Zero, uning duosi bilan Allohning orasida parda-to‘sik yo‘kdir”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Saudiya Arabistonining Jidda shahrining chorrahalardan birida kichik yuk mashinasi bilan yengil avtomashina to‘qnashib ketdi. Yuk mashina haydovchisi sudanlik, yengil mashina egasi saudiyalik bo‘lib, to‘qnashuv natijasida ikkala mashinaga ham jiddiy darajada zarar yetmadi.
Saudiyalik jahl bilan mashinasidan tushib, to‘qnashuv uning xatosi natijasida bo‘lganiga qaramay, sudanlikni haqoratlab, oldiga bordi-da, yuziga tarsaki tortib yubordi. Zarbaning kuchidan sudanlik haydovchining ko‘zi chiqib ketishiga bir baxya qoldi. Lekin u “Alloh taolo senga kifoya qilsin. Ishimni unga topshirdim. Sening haqqingda xato qilgan bo‘lsam, Alloh taoloning O‘zi meni hisob-kitob qilsin. Agar menga zulm qilgan bo‘lsang, Alloh taolo sendan kechiktirmasdan, tezlik bilan o‘ch olsin”, deya oldi, xolos.
Sudanlik kishi voqeaning davomini hikoya qiladi: “U yerdan ketdim. Ichimda bir olov yonar, qayta-qayta “Hasbiyalloh, hasbiyalloh (Alloh taolo menga kifoya qiladi)” deb aytardim.
Bir necha kun o‘tgach mol bozoriga borib, mashinamni bir chetga qo‘ydim. Shu payt, yuzimga tarsaki tushirgan kishi oldimga yugurib kelib, “Meni taniyapsanmi?” dedi. Men yana o‘sha kungidek “U ishni huzurida haqlar zoye bo‘lmaydigan Zot (Alloh)ga topshirganman”, deb javob berdim.
Shu vaqt uning ko‘zlariga yosh keldi:
– “Qaniydi o‘shanda ustimdan arz qilganingda yoki meni urib qasosingni olganingda...
Sen ishingni topshirgan Zot o‘sha voqeaning ertasigayoq mendan qasos oldi. Avtohalokatga uchradim, ikki farzandim halok bo‘ldi...
O‘n besh kundan beri ko‘chalarni kezib, kechirim so‘rash, roziligingni olish uchun seni qidiraman. Musibatlarga sabr qildim, ularni zulmim uchun dunyoda berilgan jazo deb bildim. Lekin aniq ishonamanki, oxiratdagi hisob-kitobdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Sendan o‘tinib so‘rayman: “Mendan qasosingni ol, xohlagan ishingni qil, lekin meni kechir!”.
Uning og‘ir ahvolda, yig‘layotganini ko‘rib rahmim keldi. Unga:
– “Kechirimli kishi hurmatga sazovordir. Alloh taolo seni kechirsin, gunohlaringni mag‘firat qilsin”, dedim.
U ketdi. Oldimdan uzoqlashar ekan, qayta-qayta “Alloh taologa qasamki, bundan keyin hech kimga zulm qilmayman!” deb aytardi.
Mazlumning duosidan ehtiyot bo‘ling. Odamlarga ozor berib, “Tabiatan shunday odamman”, deb o‘zingizni oqlamang. Jim turgan har qanday kishi javob qaytarishdan ojiz emas. Shunday kishilar bo‘ladiki, qalbi og‘riyotgani, agar gapirsa, bu og‘riq yanada kuchayib ketishi tufayli jim turadi. Shundaylar bo‘ladiki, gapirgan gapi foyda bermasligini bilgani uchun ham sukut saqlaydi. Yana shunday odamlar bo‘ladiki, boshqalarga zarar yetkazmaslik uchun g‘azabini yutadi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: «Mazlumning duosidan saqlaninglar. Zero, u bulutga ko‘tariladi. Alloh: “Izzatim va ulug‘ligimga qasamki, garchi ozginadan keyin bo‘lsa-da senga, albatta, yordam beraman”, deydi» (Imom Tabroniy rivoyati).
Bilmaganlarga bildirganlar va unutganlarga eslatganlarga O‘zi yordamchi, himoyachi va ko‘makchi bo‘lsin! Alloh taolo barchamizni mazkur voqeadan ibrat oladigan va yomon amallardan saqlanadiganlardan qilsin.
Bahodir MUHAMMAD,
“Kulol-qo‘rg‘on” jome masjidi imom noibi
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi