Sizga bir kishi: «Falon shaharga bordim, juda chiroyli ekan. Uning ta’rifiga so‘z ojiz. Shaharda o‘tmish, bugun va kelajak mujassamlashgandek, go‘yo» desa, u yerga borgingiz kelmaydimi? Albatta, keladi. Bor-budingizni ayamay, o‘sha joyga otlanasiz. Oshib borsa, nafsingiz orom oladi, rohatlanasiz o‘sha yerda.
Endi bir tasavvur qiling: «Bir ma’vo bor. Shunday ma’voki, u yerdan bir zum bo‘lsa-da, musulmonlarning qadami uzilmaydi. Har yili millionlab mo‘min-musulmonlar muqaddas joyga borib, xuddi onadan tug‘ilgan chaqaloqdek gunohlaridan forig‘ bo‘lib keladi.
Bir maskan bor. Shunday maskanki, u yerda olamlarning Sultoni, bashariyat gultoji, ko‘z quvonchi, qalb sururi, sizu bizni to‘g‘ri yo‘lga chorlagan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mangu qo‘nim topgan. U zotga yondon ikki nafar buyuk sahobaning ham muborak qabrlari bor» deyilsa, o‘sha tabarruk maskanlarga oshiqmaysizmi..?
Boz ustiga, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Odobu arkoniga rioya qilib ado etilgan hajning mukofoti faqat jannat bo‘ladi» (Imom Ahmad rivoyati), deb marhamat qilganlar.
Har yili kurrai zaminimizdagi millionlab musulmonlar Allohning uyi – Ka’batullohga oqib kelishi, Rasulllohning tabarruk ravzalarini ziyorat qilishi bejiz emas. Bu muqaddas zaminga bir bor borgan kishi yana va yana borgisi kelaveradi.
Muborak safardan qaytganimizga hali bir oy bo‘lmagan esa-da, yana borgim, yana ziyorat va tavof qilgim kelib qoldi. Ojizona duoga qo‘l ochib, yurakdagi, qalbdagi niyat va orzularni shundoqqina Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak ravzalari oldida, Arafotda, Minoda, Safo va Marvada, Ka’batulloh yonida so‘rashga nima yetsin! Ilk vahiyga guvoh bo‘lgan, insoniyatning muallimi – Payg‘ambarimizni bag‘riga olgan Hiro g‘orini ko‘rgan kishi borki, qalbida o‘zgacha shavq, o‘zgacha shukuh tuyadi.
Ruhim o‘sha yerlarda qolgandek, go‘yo.
Bu yil 7200 nafardan ziyod yurtdoshlarimiz safida men ham olamlar Sarvariga salom berib, u Zotning qabrlarini ziyorat qilish, Ka’batullohni tavof qilish sharafiga muyassar bo‘lganim uchun Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar aytaman.
Haj shukuhi, fazilatini, umr safari davomida ko‘rgan-kechirganlarimni ta’riflashning zavqi o‘zgacha. Zavqki, uni ifodalashda, avvalo, gunohlarga tavba qilib, ko‘zlardan oqqan istig‘for yoshlari bilan qorishib ketgan umid ashklari kishiga huzur, halovat va xotirjamlik bag‘ishlaydi.
Qushday yengil bo‘lasiz. Vujudingiz ona Vatanga qaytgan bo‘lsa-da, ruhingiz har kuni yana va yana musulmonlar qiblasi sari parvozga shaylanaveradi...
Alloh taolo Qur’oni karimda:
الْحَجُّ أَشْهُرٌ مَعْلُومَاتٌ فَمَنْ فَرَضَ فِيهِنَّ الْحَجَّ فَلَا رَفَثَ وَلَا فُسُوقَ وَلَا جِدَالَ فِي الْحَجِّ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ يَعْلَمْهُ اللَّهُ وَتَزَوَّدُوا فَإِنَّ خَيْرَ الزَّادِ التَّقْوَى وَاتَّقُونِ يَا أُولِي الْأَلْبَابِ
“Haj (mavsumi uchun) ma’lum oylar (belgilangan). Bas, kim shu oylarda hajni o‘ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida xotiniga yaqinlashish, gunoh-ma’siyat va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo‘q. Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni Alloh bilur. (Haj safariga) ozuqa olib chiqing. Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni Menga qilingiz (Mendan qo‘rqingiz), ey, oqillar!” (Baqara surasi, 197-oyat), deya marhamat qiladi.
Hajga borayotgan yurtdoshlarimiz uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Aeroportda hojilarimizni kuzatish va kutib olish ishlari go‘zal tarzda amalga oshirildi. Hojilarimizni Madina va Makka shahridagi mehmonxona xodimlari, ishchi guruh tomonidan ko‘tarinki kayfiyat bilan salavotlar ostida kutib olinishi, mehmonxonalardagi qulayliklar insonni bahridilini ochadi. Shifokorlar har bir hojini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Masjidi Haromga borishda hojilarimiz uchun avtobuslar doimo xizmatda bo‘ldi.
Hojilarimiz haj amallarining go‘zal tarzda ado etilganini his qilishlari uchun yurtga qaytib kelganidan so‘ng hojilarimiz husni xulqda bo‘lishlari darkor. El-yurtning, mahalladoshlarning, oila a’zolari haqiga yanada ko‘proq duoda bo‘lishlari maqsadga muvofiqdir. Atrofdagilar hojilarga havas bilan qarashadi.
Hojilik unvon yoki mansab emas, balki Allohning farzini ado etish yo‘lida qalban poklanib, o‘zining va atrofdagilarning hayotini yanada go‘zal qilishga bo‘lgan mas’uliyatdir.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hoji bilan uchrashsang unga salom bergin hamda u bilan qo‘l berib ko‘rishgin va uyiga kirishidan ilgari sen uchun istig‘for aytishini so‘ragin. Chunki, u (hoji) gunohlari kechirilingan kishidir” dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).
Alloh taolo Islomning beshinchi arkonini bajargan barcha yurtdoshlarimizning hajlarini mabrur, gunohlarini mag‘fur, sa’ylarini mashkur aylasin.
Munira ABUBAKIROVA,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi.
Bir kuni Fath ibn Xoqon xalifa Mutavakkilning huzuriga kirdi. Xalifa jim o‘tarar va bir narsa haqida chuqur o‘ylardi. Fath bu jimlikni buzib: “Nimalar haqida o‘ylayapsiz, ey mo‘minlar amiri?” – deya so‘radi. Xalifa: “Men yer yuzida turmushi eng farovon kishi kim ekan?” deb o‘ylayotgan edim”, dedi. Fath bo‘lsa: “Dunyoda eng faravon hayot kechirayotgan kishi siz-da! Allohga qasamki, u – sizsiz!” – dedi. Xalifa: “Yo‘q! Men emas. Keng hovlisi, soliha ayoli, qobil farzandlari va yetarli rizqi bo‘lgan kishi – hayoti eng faravon odamdir”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham: “To‘rt narsa baxtning belgisidir: soliha ayol, keng turar-joy, solih qo‘shni, yaxshi ulov. To‘rt narsa esa badbaxtlik belgisidir – yomon xotin, yomon qo‘shni, chatoq ulov, tor xonadon”, deganlar.
Ba’zilar baxtni mashhurlikda, molu davlatga ega bo‘lishda deb biladilar. Bu dunyoda Allohning muxlis bandalarigina his qiladigan saodat ta’mini totish baxtiga musharraf bo‘lmagan holda yashab o‘tadilar.
Oriflardan biri: “Podshohlar bizda qandayin baxt borligini bilganlarida edi, unga yetishish uchun bizga qarshi qilich ko‘tarib jang qilishardi”, deydi.
G‘alaba bilan saodat orasida katta farq bor. G‘alaba bu – o‘zingiz istab turganning ustidan zafar qozonish bo‘lsa, nening ustidan g‘olib bo‘lsangiz, u sizning xohishingizga mansub bo‘lmog‘i chin saodatdir.
Oskar Uayld[1]ning shunday gapi bor: “Baxt faqatgina unga bir nechta kishilar bilan birga yetishsang haqiqiy bo‘ladi. Og‘riq, azob ham faqatgina bir o‘zingning boshingga tushsa alamli bo‘ladi. Saodat – boshqa kishilarni baxtli qilishdir”.
Olmon fizigi Maks Plank: “Saodatni muhofaza qilish uchun uni boshqalar bilan bo‘lishishing kerak”, degan.
G‘arb mutafakkirlaridan yana biri: “Tajribamdan o‘tgan narsa shuki, eng buyuk baxt – yaxshilikni yashirincha qilganimdan keyin kutilmaganda bu yaxshiligim odamlar qulog‘iga yetib borishini ko‘rishim”, degan edi.
Ingliz yozuvchisi Uilyam Somerset Moem[2]: “Biz ulg‘ayib borarkanmiz saodat – olishda deb o‘ylardik, keyinchalik bildikki, baxt – berishda ekan”, deydi.
Baxt – boshqalarga tortiq qilish va yaxshi ishlarni amalga oshirishda mujassam. Baxt birovdan narsa olish va o‘zganing qo‘liga qarashda emas.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] To‘liq ismi: Oskar Fingal O’Flaerti Uills Uayld. 1854 yilda Dublin shahrida tug‘ilgan. Shoir, dramaturg, ssenarist. 1900 yil 30 noyabrda 46 yoshida Parijda vafot etgan.
[2] 1874 yil 25 yanvarda Fransiyada tug‘ilgan. 1965 yil16 dekabrda Nitssa shahrida vafot etgan. 1897 yilda chop etilgan “Lambetlik Liza” romani bilan mashhur bo‘lgan.