Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyun, 2025   |   27 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
23 Iyun, 2025, 27 Zulhijja, 1446

Bir ma’voki, gunohlarga kafforat. Bir maskanki, jannat sizga muntazir

15.09.2018   13193   5 min.
Bir ma’voki, gunohlarga kafforat.  Bir maskanki, jannat sizga muntazir

 

Sizga bir kishi: «Falon shaharga bordim, juda chiroyli ekan. Uning ta’rifiga so‘z ojiz. Shaharda o‘tmish, bugun va kelajak mujassamlashgandek, go‘yo» desa, u yerga borgingiz kelmaydimi? Albatta, keladi. Bor-budingizni ayamay, o‘sha joyga otlanasiz. Oshib borsa, nafsingiz orom oladi, rohatlanasiz o‘sha yerda.

Endi bir tasavvur qiling: «Bir ma’vo bor. Shunday ma’voki, u yerdan bir zum bo‘lsa-da, musulmonlarning qadami uzilmaydi. Har yili millionlab mo‘min-musulmonlar muqaddas joyga borib, xuddi onadan tug‘ilgan chaqaloqdek gunohlaridan forig‘ bo‘lib keladi.

Bir maskan bor. Shunday maskanki, u yerda olamlarning Sultoni, bashariyat gultoji, ko‘z quvonchi, qalb sururi, sizu bizni to‘g‘ri yo‘lga chorlagan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mangu qo‘nim topgan. U zotga yondon ikki nafar buyuk sahobaning ham muborak qabrlari bor» deyilsa, o‘sha tabarruk maskanlarga oshiqmaysizmi..?

Boz ustiga, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:  «Odobu arkoniga rioya qilib ado etilgan hajning mukofoti faqat jannat bo‘ladi» (Imom Ahmad rivoyati), deb marhamat qilganlar.

Har yili kurrai zaminimizdagi millionlab musulmonlar Allohning uyi – Ka’batullohga oqib kelishi, Rasulllohning tabarruk ravzalarini ziyorat qilishi bejiz emas. Bu muqaddas zaminga bir bor borgan kishi yana va yana borgisi kelaveradi.

Muborak safardan qaytganimizga hali bir oy bo‘lmagan esa-da, yana borgim, yana ziyorat va tavof qilgim kelib qoldi. Ojizona duoga qo‘l ochib, yurakdagi, qalbdagi niyat va orzularni shundoqqina Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak ravzalari oldida, Arafotda, Minoda, Safo va Marvada, Ka’batulloh yonida so‘rashga nima yetsin! Ilk vahiyga guvoh bo‘lgan, insoniyatning muallimi – Payg‘ambarimizni bag‘riga olgan Hiro g‘orini ko‘rgan kishi borki, qalbida o‘zgacha shavq, o‘zgacha shukuh tuyadi.

Ruhim o‘sha yerlarda qolgandek, go‘yo.

Bu yil 7200 nafardan ziyod yurtdoshlarimiz safida men ham olamlar Sarvariga salom berib, u Zotning qabrlarini ziyorat qilish, Ka’batullohni tavof qilish sharafiga muyassar bo‘lganim uchun Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar aytaman.

Haj shukuhi, fazilatini, umr safari davomida ko‘rgan-kechirganlarimni ta’riflashning zavqi o‘zgacha. Zavqki, uni ifodalashda, avvalo, gunohlarga tavba qilib, ko‘zlardan oqqan istig‘for yoshlari bilan qorishib ketgan umid ashklari kishiga huzur, halovat va xotirjamlik bag‘ishlaydi.

Qushday yengil bo‘lasiz. Vujudingiz ona Vatanga qaytgan bo‘lsa-da, ruhingiz har kuni yana va yana musulmonlar qiblasi sari parvozga shaylanaveradi...

Alloh taolo Qur’oni karimda:

الْحَجُّ أَشْهُرٌ مَعْلُومَاتٌ فَمَنْ فَرَضَ فِيهِنَّ الْحَجَّ فَلَا رَفَثَ وَلَا فُسُوقَ وَلَا جِدَالَ فِي الْحَجِّ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ يَعْلَمْهُ اللَّهُ وَتَزَوَّدُوا فَإِنَّ خَيْرَ الزَّادِ التَّقْوَى وَاتَّقُونِ يَا أُولِي الْأَلْبَابِ

“Haj (mavsumi uchun) ma’lum oylar (belgilangan). Bas, kim shu oylarda hajni o‘ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida xotiniga yaqinlashish, gunoh-ma’siyat va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo‘q. Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni Alloh bilur. (Haj safariga) ozuqa olib chiqing. Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni Menga qilingiz (Mendan qo‘rqingiz), ey, oqillar!” (Baqara surasi, 197-oyat), deya marhamat qiladi.

Hajga borayotgan yurtdoshlarimiz uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Aeroportda hojilarimizni kuzatish va kutib olish ishlari go‘zal tarzda amalga oshirildi. Hojilarimizni Madina va Makka shahridagi mehmonxona xodimlari, ishchi guruh tomonidan ko‘tarinki kayfiyat bilan salavotlar ostida kutib olinishi, mehmonxonalardagi qulayliklar insonni bahridilini ochadi. Shifokorlar har bir hojini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Masjidi Haromga borishda hojilarimiz uchun avtobuslar doimo xizmatda bo‘ldi.

Hojilarimiz haj amallarining go‘zal tarzda ado etilganini his qilishlari uchun yurtga qaytib kelganidan so‘ng hojilarimiz husni xulqda bo‘lishlari darkor. El-yurtning, mahalladoshlarning, oila a’zolari haqiga yanada ko‘proq duoda bo‘lishlari maqsadga muvofiqdir. Atrofdagilar hojilarga havas bilan qarashadi.

Hojilik unvon yoki  mansab emas, balki Allohning farzini ado etish yo‘lida qalban poklanib, o‘zining va atrofdagilarning hayotini yanada go‘zal qilishga bo‘lgan mas’uliyatdir.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hoji bilan uchrashsang unga salom bergin hamda u bilan qo‘l berib ko‘rishgin va uyiga kirishidan ilgari sen uchun istig‘for aytishini so‘ragin. Chunki, u (hoji) gunohlari kechirilingan kishidir” dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).

Alloh taolo Islomning beshinchi arkonini bajargan barcha yurtdoshlarimizning hajlarini mabrur, gunohlarini mag‘fur, sa’ylarini mashkur aylasin.

 

Munira ABUBAKIROVA,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi.

 

 

Haj va umra
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Imomning qiroati kifoya

20.06.2025   4996   1 min.
Imomning qiroati kifoya

Hanafiy mazhabida imomga iqtido qiluvchi imom orqasida xoh jahriy namozda, xohi maxfiy namozda qiroat qilmaydi.

Bunga dalil Payg‘ambarimiz alayhissalomning so‘zlaridir: «Kimning imomi bo‘lsa, bas, imomning qiroati uning ham qiroatidir», deb aytganlar.

Mana shunga sahobai kiromlar ham ijmo’ qilishgan. Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom dedilar: «Qachon qiroat qilinsa, bas, jim turing!»  Imom Muslim rivoyati.

Abu Hanifa va Abu Yusuf roziyalohu anhumlar nazdida: Imomga iqtido qilgan kishining qiroat qilishi makruh bo‘ladi, bundan murod makruhi tahrimiydir.

Chunonchi, Hazrati Ali karramallohu vajhahu bunday deganlar: «Kimki imom orqasida qiroat qilsa, batahqiq, sunnatni xato bajaribdi!»

Shunday ekan imomga ergashuvchi har bir namozxon imomga iqtido qilib ergashdimi, imomni qiroatini eshitishi va sukut saqlab jim turishi kerak bo‘ladi. Shunda ado etiladigan ibodatlar mukammal, bexato bo‘ladi.

Hanafiy mazhabining masalasiga binoan, fiqhiy matn kitoblari ko‘rsatmasiga amal qilgan holda barcha namozlarda imom orqasida muqtadiy jim turishi talab etiladi. Aks holda, makruhi tahrimiy ishni qilib qo‘yish mumkin.

Abdug‘affor Nishonov,

Pop tumani "Soy" jome masjidi imom-xatibi

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA