Go‘zal hayot sahifalari
1. Payg‘ambar alayhissalomning tug‘ilishlari – fil yili, 12 rabi’ul-avval.
2. Payg‘ambar alayhissalomning onalari bilan Madinaga borishlari va onalarining vafoti – tug‘ilganlarining oltinchi yili.
3. Payg‘ambar alayhissalomning bobolari Abdulmutalibning vafoti va u zot amakilari Abu Tolibning kafolatiga o‘tishlari – tug‘ilganlarining sakkizinchi yili.
4. Payg‘ambar alayhissalomning amakilari Abu Tolib bilan Shom safariga chiqishlari – tug‘ilganlarining o‘n ikkinchi yili.
5. Payg‘ambar alayhissalomning Fijor urushida hozir bo‘lishlari – tug‘ilganlarining o‘n to‘rtinchi yili.
6. Payg‘ambar alayhissalomning Fuzul shartnomasida hozir bo‘lishlari – tug‘ilganlarining yigirmanchi yili.
7. Payg‘ambar alayhissalomning Xadichaning g‘ulomi Maysara bilan tijoratga chiqishlari – tug‘ilganlarining yigirma beshinchi yili.
8. Payg‘ambar alayhissalomning Xadicha binti Xuvaylid roziyallohu anhoga uylanishlari – tug‘ilganlarining yigirma beshinchi yili.
9. Payg‘ambar alayhissalomning Ka’bani qayta qurishda ishtirok etishlari – tug‘ilganlarining o‘ttiz beshinchi yili.
10. Payg‘ambar alayhissalomga vahiy tushishining boshlanishi –tug‘ilganlarining qirqinchi yili, payg‘ambarlikning birinchi yili.
11. Habashistonga birinchi hijrat – payg‘ambarlikning beshinchi yili.
12. Habashistonga ikkinchi hijrat – payg‘ambarlikning oltinchi yili.
13. Qamal sahifasi – payg‘ambarlikning yettinchi yili.
14. Qamal sahifasining bekor qilinishi – payg‘ambarlikning to‘qqizinchi yili.
14. Abu Tolibning vafoti – payg‘ambarlikning o‘ninchi yili.
15. Xadicha roziyallohu anhoning vafoti – payg‘ambarlikning o‘ninchi yili.
16. Payg‘ambar alayhissalomning Savda binti Zam’a roziyallohu anhoga uylanishlari – payg‘ambarlikning o‘ninchi yili.
17. Qurayshning Payg‘ambar alayhissalomga ozorining kuchayishi – payg‘ambarlikning o‘ninchi yili.
18. Payg‘ambar alayhissalomning Toifga chiqishlari – payg‘ambarlikning o‘ninchi yili.
19. Payg‘ambar alayhissalomning o‘zlarini qabilalarga tanishtirishlari – payg‘ambarlikning o‘ninchi yili.
20. Oisha roziyallohu anhoga aqdi nikoh qilishlari –payg‘ambarlikning o‘n birinchi yili.
21. Isro va Me’roj – payg‘ambarlikning o‘n ikkinchi yili.
22. Namozning farz bo‘lishi – payg‘ambarlikning o‘n ikkinchi yili.
23. Ansorlar bilan tanishuv – payg‘ambarlikning o‘n ikkinchi yili, zulhijja oyi.
24. Birinchi Aqoba bay’ati – payg‘ambarlikning o‘n ikkinchi yili, zulhijja oyi.
25. Mis’ab ibn Umayr roziyallohu anhuning Madinaga yuborilishi – payg‘ambarlikning o‘n ikkinchi yili.
26. Ikkinchi Aqoba bay’ati – payg‘ambarlikning o‘n uchinchi yili.
27. Payg‘ambar alayhissalomning Madinaga hijratlari –payg‘ambarlikning o‘n to‘rtinchi yili, safar oyi, birinchi hijriy sana.
27. Masjidi Nabaviyni qurish – birinchi hijriy sana, safar oyi.
28. Azonning joriy qilinishi – birinchi hijriy sana.
29. Musulmonlarni birodarlashtirish – birinchi hijriy sana, jumadul ula oyi.
30. Urushga izn berilishi – birinchi hijriy sana.
31. Payg‘ambar alayhissalomning Oisha roziyallohu anhoga uylanishlari – birinchi hijriy sana, shavvol oyi.
32. Qiblaning o‘zgartirilishi – ikkinchi hijriy sana, rajab oyi.
33. Ro‘za va zakotning farz qilinishi – ikkinchi hijriy sana, sha’bon oyi.
34. Badr g‘azoti – ikkinchi hijriy sana, ramazonning 12-kuni.
35. Payg‘ambar alayhissalomning qizlari Ruqayya roziyallohu anhoning vafotlari – ikkinchi hijriy sana, ramazon oyi.
36. Hazrati Ali va Fotimalarning nikohlari – ikkinchi hijriy sana.
37. Banu Qayniqo’ urushi – ikkinchi hijriy sana, shavvol oyi.
38. Suvayq urushi – ikkinchi hijriy sana, shavvol oyi.
39. Payg‘ambar alayhissalomning Hafsa roziyallohu anhoga uylanishlari – uchinchi hijriy sana, ramazon oyi.
40. Payg‘ambar alayhissalomning Zaynab binti Xuzayma roziyallohu anhoga uylanishlari – uchinchi hijriy sana, 14-shavvol.
41. Uhud urushi – uchinchi hijriy sana, 15-shavvol.
42. Xamrning harom qilinishi – to‘rtinchi hijriy sana, sha’bon oyi.
43. Payg‘ambar alayhissalomning Ummu Salama roziyallohu anhoga uylanishlari – to‘rtinchi hijriy sana, shavvol oyi.
44. Davmatul jandal g‘azoti – beshinchi hijriy sana, rabbiul avval oyi.
45. Bani Mustaliq g‘azoti – beshinchi hijriy sana, sha’bon oyi.
46. Ifk hodisasi – beshinchi hijriy sana, sha’bon oyi.
47. Payg‘ambar alayhissalomning Zaynab binti Jahsh roziyallohu anhoga uylanishlari – beshinchi hijriy sana, zulqa’da oyi.
48. Payg‘ambar alayhissalomning Juvayriya binti Horis roziyallohu anhoga uylanishlari – beshinchi hijriy sana, sha’bon oyi.
49. Xandaq urushi – beshinchi hijriy sana, shavvol oyi.
50. Bani Qurayza g‘azoti – beshinchi hijriy sana, zulqa’da oyi.
51. Hudaybiya sulhi – oltinchi hijriy sana, zulqa’da oyi.
52. Payg‘ambar alayhissalomning podshohlarga maktub yuborishlari – yettinchi hijriy sana, muharram oyi.
53. Xaybar urushi – yettinchi hijriy sana, safar oyi.
54. Payg‘ambar alayhissalomning Sofiya binti Huyaay roziyallohu anhoga uylanishlari – yettinchi hijriy sana.
55. Payg‘ambar alayhissalomning Ummu Habiba binti Abu Sufyon roziyallohu anhoga uylanishlari – yettinchi hijriy sana.
56. Zotur Riqo’ g‘azoti – yettinchi hijriy sana.
57. Qazo umrasi – yettinchi hijriy sana, zulqa’da oyi.
58. Payg‘ambar alayhissalomning Maymuna binti Horis roziyallohu anhoga uylanishlari – yettinchi hijriy sana, zulqa’da oyining oxiri.
59. Payg‘ambar alayhissalomning qizlari Zaynab roziyallohu anhoning vafotlari – sakkizinchi hijriy sana, muharram oyi.
60. Mu’ta g‘azoti – sakkizinchi hijriy sana, jumadul ula oyi.
61. Makkaning fath qilinishi – sakkizinchi hijriy sana, ramazon oyi.
62. Xamr va o‘limtik sotish va mut’a nikohining harom qilinishi – sakkizinchi hijriy sana, ramazon oyi.
63. Hunayn g‘azoti – sakkizinchi hijriy sana, ramazon oyi.
64. Toif g‘azoti – sakkizinchi hijriy sana, shavvol oyi.
65. Ja’rona umrasi – sakkizinchi hijriy sana, zulqa’da oyi.
66. Payg‘ambar alayhissalomning o‘g‘illari Ibrohimning tug‘ilishi – sakkizinchi hijriy sana, zulhijja oyi.
67. Vakillar kelishi yili – to‘qqizinchi hijriy sana.
68. Najoshiy roziyallohu anhuning vafoti – to‘qqizinchi hijriy sana, rajab oyi.
69. Tabuk g‘azoti–to‘qqizinchi hijriy sana, rajab oyi.
70. Ummu Kulsum roziyallohu anhoning vafotlari – to‘qqizinchi hijriy sana, sha’bon oyi.
71. Riboning harom qilinishi – to‘qqizinchi hijriy sana.
72. Abu Bakr roziyallohu anhuning odamlar bilan haj qilishi –to‘qqizinchi hijriy sana, zul¬hijja oyi.
73. Payg‘ambar alayhissalomning o‘g‘illari Ibrohimning vafoti – o‘ninchi hijriy sana, rabbiul avval oyi.
74. Vidolashuv haji – o‘ninchi hijriy sana, zulhijja oyi.
75. Payg‘ambar alayhissalomning boqiy dunyoga ko‘chishlari – o‘n birinchi hijriy sana, ikkinchi rabbiul avval.
Islom da’vati Makkada boshlangan davrlarda, Umayma binti Xalaf ibn As’ad ibn O’mir ibn Bayoza’ al-Xuzoiyya — iymon nurini qalbida tuygan ilk ayollardan biri edi. Uning qalbi iymonga ochiq, haqiqatni e’tirof qilishga tayyor edi. Turmush o‘rtog‘i – Xolid ibn Said ibn Os bir kecha ajib tush ko‘radi: o‘zini ulkan va dahshatli olov chetida turganini, otasi uni o‘sha olovga tashlayotganini ko‘radi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa uni ushlab, olovdan qutqarayotgan ekan.
Uyg‘onib, bu tushni Abu Bakr roziyallohu anhuga aytdi. U kishi unga: “Bu yaxshilikning alomati. Sen Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergash, u seni jahannamdan qutqaradi”, dedilar. Xolid shunda Islomni qabul qildi va bu haqda rafiqasi Umaymaga aytdi. U ham, hech ikkillanmasdan, Islomni qabul qildi. Shu tariqa ular birinchi musulmon juftliklardan biriga aylandi.
Xolidning otasi uning musulmon bo‘lganini eshitgach, jahl qilib, uni chaqirtirdi. Uni haqoratladi, kaltakladi va uydan haydadi. “Men seni taom bilan ta’minlamayman!” dedi. Xolid esa qat’iyat bilan: “Agar siz bermasangiz, Robbim menga rizq beradi” – deb javob berdi. Shu zahoti uydan haydaldi va borib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonida bo‘ldi.
Umayma turmush o‘rtog‘iga sodiqlik bilan yordamchi bo‘ldi. U zulm, qiyinchilik va kambag‘allikka sabr qildi. Sabr va imon uning qalbida mustahkam ildiz otgan edi.
Nihoyat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga Habashistonga hijrat qilishni buyurganlarida, Xolid va Umayma ilk hijrat qilganlardan bo‘lishdi. Ular Habashistonda farzandli ham bo‘lishdi: o‘g‘illari – Said ibn Xolid va qizlari – Umma binti Xolid. Qizi keyinchalik “Ummu Xolid” nomi bilan mashhur bo‘ldi.
Ular Habashistonda o‘n yildan ziyod vaqt musofirlikda yashashdi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Umayyani yuborib, ularni ikki kema bilan qaytardilar. Ular Madinaga qaytib kelganida, Payg‘ambarimiz alayhissalom Xaybarni fath qilgan edilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar bilan uchrashib, ajib shodlik va taskinga erishdilar.
Xolid ibn Said Umar ibn Xattob xalifaligi davrida hayot kechirdi va u “Marj as-Safar” jangida, hijriy 14 sanada shahid bo‘ldi. Bu xabarni eshitgan Umayma onamiz bu musibatiga sabr qildi, yuragi og‘riqda bo‘lsa ham, imoni bilan tasalli topdi. Chunki, Xolidni o‘ldirgan odam keyin Islomni qabul qilib: “Bu kim edi?. Undan osmonga chiqayotgan nurni ko‘rdim!” - degan edi.
Umayma binti Xalaf – sabrli, muhojir, mo‘min ayolning yuksak namunasidir. U umr yo‘ldoshini islom dinida qo‘llab-quvvatladi, hayotining quvonch va tashvishli lahzalarini birga o‘tkazdi va islom tarixida buyuk iz qoldirdi.
Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi.
Mazkur maqola Abu Malik Muhammad bin Homid bin Abdulvahhobning
“Soliha ayollar haqida 150 qissa” nomli asaridan tarjima qilindi.