بسم الله الرحمن الرحيم
(“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”)
Hurmatli jamoat! Dinimizning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shuki, inson hayotining ham ma’naviy, ham moddiy jihatini bir xilda e’tiborga oladi. Ya’ni, inson hayotda yashar ekan, ruhiyatini yuksaltirishi uchun ibodat qilishga, moddiy ehtiyojlarini qondirish uchun esa, iqtisodiyot bilan mashg‘ul bo‘lishga muhtoj bo‘ladi. Shariatimiz bu tabiiy jarayonga to‘sqinlik qilmaydi, balki tartibga soladi va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
زُيِّنَ لِلنَّاسِ حُبُّ الشَّهَوَاتِ مِنَ النِّسَاءِ وَالْبَنِينَ وَالْقَنَاطِيرِ الْمُقَنْطَرَةِ مِنَ الذَّهَبِ وَالْفِضَّةِ وَالْخَيْلِ الْمُسَوَّمَةِ وَالْأَنْعَامِ وَالْحَرْثِ ذَلِكَ مَتَاعُ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا وَاللَّهُ عِنْدَهُ حُسْنُ الْمَآَبِ (سورة آل عمران الآية-14) .
ya’ni: “Odamlarga ayollar, farzandlar, uyum-uyum oltin-kumushlar, saman otlar, chorva mollari va ekinlarga nisbatan mehr qo‘yish ziynatli qilib qo‘yildi. Bular (aslida) dunyo hayotining (o‘tkinchi) matohidir. Allohning huzurida esa (bundanda) chiroyli joy (jannat) bordir” (Oli Imron surasi, 14-oyat).
“Bu ne’matlarni kim ziynatli qilib qo‘ydi?” – degan tabiiy savolga ko‘pchilik ulamolar: “Allohning O‘zi bandalarini imtihon qilish uchun dunyo matohlarini marg‘ub va jozibali qilib yaratgan”, – deb ta’kidlaydilar.
“Iqtisod” arabcha “qasd” so‘zidan olingan bo‘lib, “zaxira qilish”, “to‘g‘ri va adolatli yo‘l tutish”, “aniq hisob-kitob bilan sarflash” degan ma’nolari bor. “Qasd” – isrof va baxillik o‘rtasidagi yo‘l va barcha ishda o‘rtacha yo‘l tutishdir. Istilohda esa “iqtisod” so‘zining ma’nosi – mol-mulk kasb qilish, uni sarflash va ko‘paytirishning tartib-qoidalari.
Qur’oni karimda bandalarning iqtisodiy aloqalariga tegishli bir qancha oyatlar mavjud. Masalan, savdo-sotiq, ijara, garov, omonat, oriyat, mukotaba bitimlari, o‘ljalarni bo‘lish, meros masalalari, qarz oldi-berdilari va boshqa mavzularda so‘z yuritilgan. Qur’oni karimda shunday deyilgan:
...كَيْ لَا يَكُونَ دُولَةً بَيْنَ الْأَغْنِيَاءِ مِنْكُمْ (سورة الحشر الآية-7).
ya’ni: “...(mol-davlat) sizlardan boy-badavlat kishilar o‘rtasidagina qo‘lma-qo‘l bo‘lib yuraveradigan narsa bo‘lib qolmasligi uchun...” (Hashr surasi, 7-oyat).
Ushbu qoida Islom dinida iqtisodga oid ulkan qoidalardan biridir. Darhaqiqat, mol-davlat jamiyatning hamma a’zolari orasida aylanib turishi kerak. Faqat boylarning orasida aylanadigan bo‘lsa, mol bir guruh odamlar qo‘liga o‘tib, jamiyatning qolgan a’zolari ularga qaram bo‘lib qoladi. Unda boylar nimani xohlasa qilaveradigan, qolganlar esa ularning xohishlariga bo‘ysunishga majbur bo‘ladigan holat yuzaga keladi.
Payg‘ambarimiz salallohu alayhi va sallam iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanib, o‘zi, ahli ayolidan tashqari beva bechora va yetimlarga moddiy yordam bergan kishilarni Alloh taoloning yo‘lida jon fido qilganlar, kunduzi ro‘zador, kechasi ibodat bilan bedor bo‘lganlarga tenglashtirdilar:
"السَّاعِي عَلَى الْاَرْمَلَةِ وَالْمَسَاكِينِ كَالْمُجَاهِدِ فِي سَبِيلِ اللهِ أَوْ كَالَّذِى يَصُومُ النَّهَارَ وَيَقُومُ اللَّيْلَ" (رَوَاهُ الْاِمَامُ التِّرْمِذِيُّ).
ya’ni: “Beva va miskinlar uchun (yordam berish maqsadida) harakat qiluvchi kishi Alloh yo‘lida jiddu jahd qiluvchi yoki kunduzi ro‘za tutuvchi, kechasi bedor bo‘luvchi kabidir” (Imom Termiziy rivoyati).
Musulmon kishining kasbi, daromad manbai halol bo‘lishi – shariatimiz talabidir. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deyiladi:
إِنَّ أَطْيَبّ مَا أَكَلْتُمْ مِنْ كَسْبِكُمْ وَإِنَّ أَوْلَادَكُمْ مِنْ كَسْبِكُمْ (رَوَاهُ الْاِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عَنْ عَائِشَةَ).
ya’ni: “Siz yeydigan narsalarning eng pokizasi – kasbingizdan bo‘lganidir. Farzandlaringiz ham kasbingizdandir” (Imom Termiziy rivoyati).
Hadisning davomidagi “Farzandlaringiz ham – kasbingizdandir” jumlasi ularning moli sizga mubohdir, undan yeyishingiz mumkin degan ma’noda kelgan.
Barcha musulmonlar, jumladan tadbirkorlar ham, harom luqmadan, shariatimiz harom hisoblagan faoliyat turlari (aldov, firibgarlik, qimor, sudxo‘rlik)dan saqlanishi lozim. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar:
"لَا يَدْخُلُ الْجَنَّةَ جَسَدٌ غُذِّيَ بِحَرَامٍ" (رَوَاهُ الْاِمَامُ اَبُو يَعْلَى عَنْ أَبِي بَكْرٍ الصِّدِّيقِ).
ya’ni: “Harom bilan oziqlantirilgan jasad jannatga kirmaydi” (Imom Abu Ya’lo rivoyati).
E’tiborga molik jihati shuki, shariatimiz iqtisodiy masalalar va o‘zaro shartnomalarda aniqlik, shaffoflik va omonatdorlikni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Janjalga olib boruvchi, mubhamlik mavjud bo‘lgan shartnoma va savdo turlarini haqiqiy, deb hisoblamaydi. Abu Sa’id al-Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَآلِهِ وَسَلَّمَ نَهَى عَنْ شِرَاءِ مَا فِي بُطُونِ الْأَنْعَامِ حَتَّى تَضَعَ وَعَنْ بَيْعِ مَا فِي ضَرْعِهَا
(رَوَاهُ الْاِمَامُ ابْنُ مَاجَهْ).
ya’ni: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam hayvonlarning qornidagi narsa (homila)ni )toki tug‘magunicha( va yelindagi sutni (sog‘ilmaguncha) sotib olishdan qaytardilar” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Muhtaram jamoat! Odatda, turli yo‘nalishlarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan musulmonlar sherikchilik qiladilar. Bu ishda ham asosiy qoida – omonatdorlik va sheriklarning bir-biriga xiyonat qilmasligidir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam qudsiy hadislarida Alloh taolodan rivoyat qilib aytadilar:
"يَقُولُ اللهُ تَعَالَى أَنَا ثَالِثُ الشَّرِيكَيْنِ مَا لَمْ يَخُنْ أَحَدُهُمَا صَاحِبَهُ فَإِذَا خَانَهُ خَرَجْتُ مِن بَيْنِهِمَا"
(رَوَاهُ الْاِمَامُ أَبُو دَاوُدَ، وَالْاِمَامُ الْحَاكِمُ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ).
ya’ni: “Alloh taolo aytadi: “Men bir-biriga xiyonat qilmaydigan ikki sherikning uchinchisiman. Agar biri ikkinchisiga xiyonat qilsa, ularning o‘rtasidan chiqaman” (Imom Abu Dovud va Imom Hokim rivoyati).
Sheriklarning ishi yurishib ketsa, hammasi joyida bo‘ladi. Ish yurishmaganda esa, turli kelishmovchiliklar kelib chiqadi. Bunday nizolar kelib chiqmasligi uchun, ishning boshidanoq niyatni to‘g‘ri qilish lozim bo‘ladi. Aks holda ishlar orqaga ketadi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
"مَنْ أَخَذَ أَمْوَالَ اَلنَّاسِ يُرِيدُ أَدَاءَهَا أَدَّى اَللَّهُ عَنْهُ وَمَنْ أَخَذَهَا يُرِيدُ إِتْلَافَهَا أَتْلَفَهُ اَللَّهُّ"
(رَوَاهُ الْاِمَامُ اَلْبُخَارِيُّ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ).
ya’ni: “Kim odamlarning molini ado qilish (qaytarish) niyatida olsa, Alloh undan ado qiladi (molni qaytarishiga yordam beradi), kim odamlarning molini talofatga uchratish uchun olsa, Alloh uni talofatga uchratadi” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
O‘ziga yarasha qiyinchiliklar bilan topilgan mol-mulkni o‘z o‘rniga sarflamasdan, noo‘rin joylarga ishlatib, isrof qilish, ba’zida hatto harom ishlarga sarflash achinarli holatdir. Alloh taolo molni sarflashda o‘rta yo‘lni tutganlarni maqtab shunday deydi:
وَالَّذِينَ إِذَا أَنْفَقُوا لَمْ يُسْرِفُوا وَلَمْ يَقْتُرُوا وَكَانَ بَيْنَ ذَلِكَ قَوَامًا (سورة الفرقان الاية-67).
ya’ni: “Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir” (Furqon surasi, 67-oyat).
Dinimizda maqtalgan saxiylik aynan isrof va baxillik o‘rtasida turadi. Yuqoridagi oyatlar bizni hamma ishlarda – to‘y, aza, yeb-ichish, kiyinish, ulov, maskan va boshqalarda, holimizga qarab, o‘rta yo‘lni tutishimizni talab qiladi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam dangasalik, boqimandalik va tilanchilik kabi, insonning sharafini yo‘qotadigan ishlarni qoralaganlar. Jumladan shunday marhamat qilganlar:
لَأَنْ يَحْتَطِبَ أَحَدُكُمْ حُزْمَةً عَلَى ظَهْرِهِ خَيْرٌ مِنْ أَنْ يَسْأَلَ أَحَدًا فَيُعْطِيَهُ أَوْ يَمْنَعَهُ (رَوَاهُ الْاِمَامُ الْبُخَارِيُّ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ).
ya’ni: “Sizlardan biringiz (tirikchilik uchun) bir bog‘ o‘tin terib, yelkasiga ortib yurishi, birovdan tilanchilik qilib, u berib yoki bermaganidan yaxshiroqdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, inson mehnati izidan kun ko‘rishi, tirikchilik uchun hatto o‘tin terib sotishi tilanchilik, ta’magirlik qilishidan ko‘ra yaxshiroqdir.
Hadisi shariflarda iqtisod qilgan kambag‘al bo‘lmasligi haqida ma’lumotlar kelgan. Jumladan, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
"مَا عَالَ مُقْتَصِدٌ قَطُّ"(رَوَاهُ الْاِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ وَالْاِمَامُ الدَّرَاقُطْنِيُّ عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ).
ya’ni: “(Nafaqada) o‘rtacha bo‘lgan kishi hech ham kambag‘al bo‘lmaydi” (Imom Tabaroniy va Imom Doraqutniy rivoyati).
Insonning kasbu kor qilishi va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishidan asosiy maqsadi faqat mol-dunyo to‘plash bo‘lmasligi kerak, balki kasbu kor qilish orqali xalqi va diniga foyda yetkazish, odamlarning og‘irini yengil qilish, ishsizlarni ish bilan ta’minlash bo‘lsa, ayni muddao bo‘ladi. Bugungi kunda mana shunday faol va halol tadbirkorlarni Prezidentimiz boshchiligida davlatimiz hukumati ham qo‘llab-quvvatlab turibdi.
Alloh taolo barchamizni rushdu hidoyatda sobitqadam qilib, hamma sohada iqtisod bilan ish tutishga muvaffaq aylasin. Parvardigor Vatanimizni ham ma’naviy, ham iqtisodiy jihatdan farovon aylasin! Omin!
Muhtaram jamoat! Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Azizlar, bunday tinch va osuda hayotning qadriga yetaylik.
Ma’lumki, ekstremistik kuchlarning asosiy maqsadi insoniyatni qo‘rqitish, dinni niqob qilib o‘z qabih maqsadiga erishishdan iborat. Aslida, terrorizm va ekstremizmning biron dinga aloqasi yo‘q. Shu sababli ekstremistlar, terroristlar biron dinni “himoya” qilmaydi va biror din homiysi ham emas. Ular bor-yo‘g‘i jahon ahli va jamoatchiligiga xavf solayotgan buzg‘unchi va qotillar to‘dasidir. Shu tufayli ularga qarshi xalqaro maydonda keskin kurash olib borish hozirgi davrning dolzarb vazifalari, desak xato bo‘lmaydi. Ekstremistik oqimlarning yagona xususiyati, ularning dinda g‘uluv ketishlaridir. Dinda g‘uluvga ketish esa, zalolatga ketishning asosidir.
Alloh taolo ogohlantirib bunday deydi:
لَا تَغْلُوا فِي دِينِكُمْ غَيْرَ الْحَقِّ وَلَا تَتَّبِعُوا أَهْوَاءَ قَوْمٍ قَدْ ضَلُّوا مِنْ قَبْلُ وَأَضَلُّوا كَثِيرًا وَضَلُّوا عَنْ سَوَاءِ السَّبِيلِ
ya’ni: “Diningizda haddan oshmangiz” va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” (Moida surasi, 77-oyat).
Dindagi g‘uluvga ketishning eng yomon turi - yetarli ilmi bo‘lmasa ham Qur’onni o‘zicha tushunishdir. Bundan tashqari, Sunnatga o‘zicha amal qilish va to‘rt mazhabdan birortasiga qat’iy ergashmaslikdir. O‘rni kelganda aytib o‘tish lozimki, dindagi g‘uluv ko‘p hollarda dinni yaxshi tushinib yetmaslikdan bo‘ladi.
Dinda chuqur ketmaslik va qattiqlik qilmaslik haqida Rasululloh alayhissalom shunday dedilar:
هَلَكَ المُتَنَطِّعُونَ، هَلَكَ المُتَنَطِّعُونَ، هَلَكَ المُتَنَطِّعُونَ
ya’ni: "Alloh taolo shariatida haddan tashqari chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar" deb uch marta aytdilar.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam vidolashuv hajida bunday nasihat qilganlar:
إياَّكم وَالغُلوَّ في الدينِ، َ فإنها أَهْلَكَ مَنْ كان قَبلَكم الغلوُّ في الدين
ya’ni: “Dinda g‘uluvga ketishdan saqlaninglar. Chunki sizdan oldingilar dinda g‘uluvga ketishi sababli halokatga uchradi” (Imom Nasaiy rivoyati).
Hurmatli jamoa, so‘ngi vaqtlarda hukumatimiz rahbariyati tomonidan diniy sohaga katta e’tibor qaratilib kelinmoqda. Ammo, yaratilayotgan shart-sharoitlarga shukronalik keltirish o‘rniga ayrim dinni niqob qilib olgan ekstremistik va xalqaro terroristik tashkilotlar a’zolari, yurtimizda islom diniga e’tiqod qiluvchilarga erkinlik yo‘q, deb o‘zlarining yolg‘on iddaolarini keng aholiga targ‘ib qilishga urinishmoqda. Mazkur kayfiyatdagi adashgan oqimlarga hozirda islom olamida keng tarqalib kelayotgan mutaassib ko‘rinishdagi “Salafiylar”, “Hizbut tahrir” kabi diniy ekstremistik oqim tarafdorlarini misol qilib keltirish mumkin.
Hozirgi kunda bunday ekstremistik oqim tarafdorlari o‘z g‘oyalarini “Odnoklassniki”, “Facebook”, “Vkontakte”, “Twitter”, “Telegram” kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ib qilishga urinib kelmoqdalar. Binobarin, ular dinga oid biror muammoning yechimini ko‘rsatishda faqat oyat yoki xadisni uzuk-yuluq holda keltirib, unga zohiran yondashib, go‘yo, muammoga javob topib beradilar. Shu yo‘l bilan ular o‘z tarafdorlari sonini ko‘paytirishga urinadilar.
Bu kuchlar taassubga berilgan shaxslarni dunyoning notinchlik hukm surayotgan va o‘zlari qo‘nim topgan mintaqalariga jamlash va shu orqali rejalashtirilgan geosiyosiy maqsadlarni amalga oshirishga intilishmoqda. Xususan, ular ilm va ma’rifatdan yiroq johil yoshlarni Islom diyori bo‘lgan, azon aytiladigan, juma va hayit namozlari o‘qiladigan, xullas, Islomning besh arkoni emin-erkin ado etiladigan, musulmonlar tinchlik-xotirjamlikda hayot kechirayotgan Vatanni tark etishga targ‘ib qilmoqdalar.
Shu boisdan yuqorida qayd qilingan oqim tarafdorlarining yolg‘on iddaolari va qarashlariga aldanib qolmaslik maqsadida hushyorlikni oshirishimiz darkor. Mazkur toifadagi adashganlar ta’siriga birinchi navbatda unib-o‘sib kelayotgan avlodimiz tushib qolishini inobatga olib, farzandlarimizning yurish-turishiga, bildirayotgan fikr va qarashlariga beparvo bo‘lmasdan, ularni mo‘tadil islom ruhida tarbiyalashimiz, ota-bobolarimiz asrlar davomida ergashib kelgan, diyorimizda amalda bo‘lgan Hanafiy mazhabining ushlashga targ‘ib etmog‘imiz lozim.
Bugungi kunda har bir inson dunyoda bo‘layotgan voqea va hodisalardan ogoh bo‘lishi, ona-Vatanimizdagi tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga yetishi, shu farovon, osuda hayotni yanada mustahkamlash uchun o‘z hissasini qo‘shmog‘i darkor. Ayniqsa, bu ta’limotni yoshlarimiz, farzandu nabiralarimizning qalbiga mustahkam joylash barchamizning ham qonuniy, ham shar’iy vazifamizdir.
Alloh taolo barchamizning imonimizni salomat aylab, turli fitna, g‘alamislik va ixtiloflardan uzoq qilib, O‘zining rushdu hidoyatidan aslo ayirmasin. Omin!
Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.
Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.
Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.
Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.
Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.
Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.
Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.
Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.
Nafaqat muzey, balki intellektual platforma
Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.
Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.
O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash
Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.
Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.
Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.
«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»
Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.
Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.
Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.
Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.
O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi
Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.
Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.
Uchinchi Renessansning asosiy kuchi
Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.
Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.
Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.
Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.
Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati