Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Avgust, 2025   |   8 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:46
Quyosh
05:19
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:43
Xufton
21:09
Bismillah
02 Avgust, 2025, 8 Safar, 1447

Belorus Respublikasida Islom dini

12.09.2018   4170   5 min.
Belorus Respublikasida Islom dini

Maydoni: 207, 6 ming km.kv (Dunyoda 84 o‘rinni egallaydi).

Aholisi: 9, 498, 000 kishi (Dunyoda 92 o‘rinni egallaydi).

Poytaxti: Minsk.

Davlat tili: belorus va rus tili.

Yirik shaharlari: Minsk, Gomel, Mogilyov, Bobruysk, Grodno, Brest. 

Pul birligi: Belorus rubli.

Joylashuvi. Belorussiya – Yevropa markazidagi davlat. Sharqiy Yevropa tekisligining g‘arbida joylashgan. Mamlakat 6 viloyat, 118 tuman, 102 shahar va 109 shaharchadan tashkil topgan.

Tarixi. Mil. 1-ming yillik 2-yarmida Belorus hududida uch slavyan qabilalari: krivichi, dregovichi va radimichilar uyushmasi vujudga keldi. Keyinchalik, ular o‘rniga knyazliklar tashkil topdi. X asr oxiridan knyazliklar Kiyev Rusi tarkibiga kirdi. XIII asr 2-yarmida Rossiyaning g‘arbiy chekkalariga Buyuk Litva knyazligi hujum qildi. Mamlakatdagi parokandalik va tatar-mo‘g‘ullarning hamlalari sharoitida bu knyazlik G‘arbiy rus yerlarini osonlikcha zabt etdi. Shu paytdan boshlab bu yerlar “Belaya Rus” (“Oq Rus”) deb yuritiladigan bo‘ldi (belorus atamasi shundan kelib chiqdi).

1991 yil 19 sentyabrdan mamlakat Belorus Respublikasi deb atala boshladi. 1991 yil dekabrdan MDH tarkibida. 1945 yildan BMT a’zosi. O‘zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlari 1993 yil yanvarda o‘rnatilgan. 3 iyul mustaqillik kuni milliy bayram sifatida keng nishonlanadi.    

Iqtisodi. Belorus ko‘p tarmoqli qishloq xo‘jaligi rivojlangan industrial davlat. Mashinasozlik, kimyo, neft kimyosi, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati ravnaq topgan. Qishloq xo‘jaligida kartoshka va zig‘ir tolasi yetishtirish, sut-go‘sht chorvachiligi, parrandachilik yo‘lga qo‘yilgan. Milliy daromadining 20 foizga yaqini qishloq xo‘jaligi ulushiga to‘g‘ri keladi. Mamlakat o‘z-o‘zini oziq-ovqat mahsulotlari bilan deyarli to‘liq ta’minlaydi. Jami iste’molning atigi 10 foizga yaqinini import tashkil etadi.

Iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasida 2008-2017 yillarga mo‘ljallangan shartnoma hamda Belarus Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik Dasturi imzolangan.

 

Ta’lim va madaniyat. Belorussiya, informatika va radioelektronika, iqtisodiyot, texnologiya, agrar, texnika, pedagogika kabi universitet hamda politexnika, san’at, musiqa akademiyalarida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanmoqda. Belorussiya milliy fanlar akademiyasi mamlakatning eng yirik ilmiy markazi hisoblanadi. Belorussiyada o‘ndan ziyod davlat nashriyoti, 1400ga yaqin turli mulkchilik shaklidagi subyekt va tadbirkor noshirlik faoliyati bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, davlat ro‘yhatidan o‘tgan diniy tashkilotlar katta yoshdagi va bolalarga diniy ta’lim berish maqsadida o‘quv kurslarini tashkil etish huquqiga ega. Bunda diniy tashkilotlar o‘zlariga tegishli bo‘lgan inshootlardan foydalanishga haqli. Davlat ta’lim muassasalarining binolaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.     

Dini. Mamlakatda nasroniylik dini keng tarqalgan. Belarus aholisining 90 foizini pravoslav va katoliklar tashkil etadi. Shuningdek, yahudiylik hamda Islom diniga e’tiqod qiluvchilarning soni yil sayin ortib bormoqda.

Belorussiyaga Islom dini XIV- XVI asrlardan kirib kela boshladi. Keyinchalik, Litva knyazligi tomonidan mamlakat chegarasini himoya qilishga Oltin O‘rda va Qrim tatar musulmonlarining yollanishi natijasida Islom diniga e’tiqod qiluvchilarning soni ortib bordi.   

Aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, Belorussiyada 100 mingga yaqin Islom diniga e’tiqod qiluvchi musulmonlar istiqomat qilmoqda. E’tiqod erkinligi Konstitutsiya hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun bilan muhofaza qilinadi. Konstitutsiyaning 31-moddasiga ko‘ra, har bir fuqaro o‘zi xohlagan dinga e’tiqod qilish huquqiga ega.

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 13-14-moddalarida “Davlat o‘zga din vakillari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Ular bilan ma’naviy-madaniy aloqalarni yaxshilash, rivojlantirishni ta’minlaydi”, deyiladi.   

Belorussiya hududida ilk masjidlar XV-XVI asrlarda paydo bo‘lgan. Keyinchalik 1994 yil Slonim, 1996 yil Smilovich kabi viloyatlarda masjidlar qad ko‘tardi. 1997 yil tatar millatining Belorussiyaga ko‘chib kelganining 600 yilligi munosabati bilan Novogrudokda yangi masjidning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Hozirda Ive, Smilovichi, Novogrudok, Lovchitsi, Slonim, Oshmyani, Molodechno, Brest, Mogilyov, Gomel nomidagi 11 ta masjid musulmonlarning ibodatlarini ado etishlariga xizmat qilmoqda.

1994 yil belorus va rus musulmonlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng, musulmonlarning ilk diniy jamiyatlari tashkil etila boshlandi. 2002 yilning o‘rtalariga kelib ularning soni 27taga yetdi. Belorussiya musulmonlari birlashmasiga 2005 yilga qadar Ismoil Aleksandrovich rahbarlik qildi. Hozirda muftiy Abu Bakr Shabanovich birlashmani boshqarmoqda.

2016 yil mamlakat poytaxti Minsk shahrida Turkiya va Belorussiya davlati rahbarlari ishtirokida 2014 yili ta’mirlanishi boshlangan masjid musulmonlar uchun foydalanishga topshirildi. “Ushbu masjid mamlakatimiz musulmonlari uchun muhim ma’naviy-ma’rifiy markazi bo‘lib, Islom dini asoslarini tarqatishga xizmat qiladi”, dedi Belorussiya Prezidenti Aleksandr Lukashenko.

Masjid 1,5 ming namozxonni sig‘dira oladi. U kutubxona, qadimgi qo‘lyozma va manbalar muzeyi, 120 kishilik majlislar zali, ikkita o‘quv xonasi, tahoratxonadan tashkil topgan. Masjidda haftada bir marotaba ayollar, yoshlar hamda erkaklar uchun alohida belgilangan kunlarda Islom ta’limotlari bo‘yicha mashg‘ulotlar olib boriladi.

 

Davron NURMUHAMMAD

O‘MI matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bular Alloh uchun, men uchunchi?

01.08.2025   6995   1 min.
Bular Alloh uchun, men uchunchi?

حدثنا العباس الدوري نا يعلى بن عبيد نا موسى هو الجهني عن مصعب بن سعد عن أبيه قال: جاء أعرابي النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال: يا رسول الله: علمني كلاما أقوله قال :”قل لا إله إلا الله وحده لا شريك له الله أكبر كبيرا والحمد لله كثيرا وسبحان الله رب العالمين لا حول ولا قوة إلا بالله العزيز الحكيم“. قال: هؤلاء لربي فما لي قال: قل:  اللهم اغفر لي وارحمني واهدني وارزقني.

 

Mus’ab ibn Sa’d otasidan rivoyat qiladi: “Bir a’robiy Nabiy sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamning oldilariga kelib: “Ey, Allohning Rasuli, menga bir kalimani o‘rgating, men uni aytib yuray”, dedi.

Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, Allohu akbar kabiyro, valhamdulillaahi kasiyro, subhaanallohi Robbil ’aalamiyn, laa havla va laa quvvata illaa billaahil ’aziyzil hakiym”, deb ayt! dedilar.

U: “Bular Alloh uchun, men uchunchi?” dedi. “Allohummag‘firliy, varhamniy, vahdiniy, varzuqniy”, degin”, deb aytdilar”.

 

Kalima va duoning ma’nosi: Yolg‘iz Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Uning sherigi yo‘q. Alloh buyukdir, eng buyukdir, Allohga ko‘p hamd bo‘lsin. Olamlar Robbi pok deb yod etaman. Kuch ham, quvvat ham faqat Azizu Hakim Alloh bilandir.

Allohim, meni mag‘firat qil, menga rahm qil, meni hidoyatga boshla va menga rizq bergin.

 

Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi