Bir donishmand qo‘liga bo‘sh ko‘zani olib uni toshga to‘ldiribdi.
So‘ng shogirdlarini chaqirib, ularga birinchi savolini beribdi: «Aytingchi, ko‘za to‘ldimi?» Shogirdlar: «Ha, to‘la», deyishdi. Shunda ustoz qo‘liga no‘xatli idishni olib ko‘zaga to‘kdi. No‘xat toshlar orasidagi bo‘sh joylarga joylashdi. Ustoz shogirdlariga yana savol berdi: «Endi ko‘zam to‘ldimi?» Shogirdlar yana ko‘za to‘lganini aytishdi.
Endi ustoz qum to‘la qutini oldi-da, yana ko‘zaga to‘kdi. Qum tosh va no‘xatlar orasidan o‘tib bo‘sh qolgan joylarni egalladi. Ustoz yana o‘sha savolni berib shogirdlari o‘sha javobni qaytarishdi.
Nihoyat donishmand suvli idishni olib uni yana o‘sha ko‘zaga quya boshladi. Idishdagi suv bilan idish to‘ldi. Buni ko‘rgan shogirdlar kula boshladilar..
Ustoz dedi: «Bundan men sizlarga aytmoqchi bo‘lgan o‘gitim: ko‘za bu bizning hayotimiz, toshlar eng aziz bo‘lgan kishilarimiz, oilamiz, sog‘ligimiz. No‘xat — bo‘lsa yoqadigan, ammo judayam muhim bo‘lmagan narsalar: yaxshi ish, dang‘illama uy, mashina, qimmatbaho narsalar. Qum esa, hammaning hayotida to‘la bo‘lgan mayda-chuyda narsalardir.
Agar ko‘zani avval qum bilan to‘ldirsang, no‘xat va eng muhimi, toshlarga joy qolmaydi. Hayot ham xuddi shunday: vaqtingni bekorchi narsalarga sarflasang, eng asosiysiga vaqt qolmaydi.
Yaqinlaringga, qarindoshlaringga e’tibor qilinglar, boshqa ishlarga vaqt keyin ham topilaveradi. Vaqtingizni avval toshga, so‘ng qumga ajrating.
Shu so‘zlarni aytib donishmand o‘rnidan turgan ediki, shogirdlardan biri savol berdi: «Suv nega kerak edi?» Ustoz nim tabassum bilan dedi: «Men ko‘zaga suvni qo‘shishimdan maqsad: hayotda vaqt qanchalik tig‘iz bo‘lmasin, bekor vaqt ham topiladi», deyish edi.
Yoqub UMAR
O‘MI Matbuot xizmati
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati