Voqea surasi Makkada nozil bo‘lgan, 96 oyatdan iborat. “Voqea” qiyomatning nomlaridan biri bo‘lib, u suraning birinchi oyatida ham tilga olingan: “Qachonki, qiyomat voqe (qoyim) bo‘lganda, uning voqe bo‘lishining yolg‘oni yo‘qdir” (Voqea surasi, 1-2 – oyatlar). Shuning uchun shu nom bilan atalgan.
Sura qiyomat dahshatlari, tog‘larning titilib, to‘zonga aylanishi, yerning larzaga kelishi, odamlarning yakson bo‘lishi haqidagi tasvirlar bilan boshlanadi. U kunda odamlar uch toifaga: o‘ng va chap taraf egalari hamda peshqadamlarga ajralishi aytilgan. “Sizlar esa uch toifa bo‘lursiz” (Voqea surasi, 7-oyat).
O‘ng taraf sohiblari Arshning o‘ngida turadilar. Qiyomat kuni amallar kitobi egalariga tarqatilganda jannat ahlining kitobi o‘ng taraflaridan beriladi. “Bas, (u uchtaning birinchisi) o‘ng tomon egalaridir. O‘ng tomon egalari (bo‘lmoq) ne (saodat)dir!” (Voqea surasi, 8-oyat).
O‘ng taraf egalari jannat ne’matlaridan bahramand bo‘lishlari, ularga tayyorlab qo‘yilgan inomlar haqida Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “(Ular) tikansiz butazorlarda, tizilgan bananzorlarda, yoyiq soya (osti)da, oqizib qo‘yilgan suv (bo‘yi)da, ko‘plab meva (uzra)ki, (ular) tuganmas va man etilmasdir. Shuningdek, (ular) baland to‘shalgan ko‘rpachalar (usti)dadirlar” (Voqea surasi, 28-34 – oyatlar).
Yana bir guruh Arshning chap tomonida turadi. Ularning nomai a’mollari chap taraflaridan beriladi. Do‘zah ahlining aksariyati ushbu guruhga oiddir. “(Ikkinchi toifa) chap tomon egalaridir. Chap tomon egalari (bo‘lmoq) ne (baxtsizlik)dir!” (Voqea surasi, 9-oyat).
Chap taraf egalari badbaxtdirlar. Ular badanni teshib o‘tuvchi shamolda va qaynoq suv ila azoblanadilar. Jahannam ahli do‘zaxning salqini yo‘q, qora tutun soyasida bo‘ladilar. Ular dunyo lazzatining ortidan ergashib, imonni, diyonatni unutdilar. Katta gunohlarni sarkashlik bilan qildilar, tavbaga shoshilmadilar. Hoyu-havasga berilib, qayta tirilishni inkor etdilar. «Yana aytar edilar: “Bizlar o‘lib tuproq va suyaklarga aylangach, rostdan ham qayta tiriltiriluvchimizmi?! Avvalgi ota-bobolarimiz hammi?!”» (Voqea surasi, 47-48 – oyatlar).
Ular o‘sha kunda jahannam giyohi bo‘lgan Zaqqum daraxtidan yeydilar. Boshqa ichadigan narsa yo‘qligidan majbur bo‘lib, o‘ta qaynoq suvni ichadilar. «...(ichganda ham) tashna tuyalar kabi ichuvchidirsiz. (Lekin tashnalik aslo bosilmas) Mana shu jazo kunidagi ularning “ziyofati”dir» (Voqea surasi, 56-oyat). Alloh taolo har bir bandasiga adolat qiluvchi zotdir.
Eng saodatli toifa uchinchi toifa bo‘lib, ular peshqadamlar, Alloh taoloning ro‘parasida turuvchilardir. “(Uchinchi toifa ezgu ishlarda) o‘zib-o‘zib ketgan zotlardir” (Voqea surasi, 10-oyat). Ular Payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar qatorida bo‘ladilar.
Bu toifa oxiratdagi eng saodatli bandalardir. Ular Alloh taoloning ibodati va toatida boshqalardan ko‘ra peshqadam bo‘lganlar. Tavbada, yaxshilik va savobli amallarda o‘zib ketganlar. Ular orasida avval o‘tgan musulmonlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ammo bu maqomga keyingi avlodlardan, ya’ni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning ummatlaridan ozchilik sazovor bo‘lar ekan. “(O‘zib ketganlar) avvalgi (ummat)lardan ko‘pchilik, keyingilar (Muhammad ummatlari)dan esa ozchilikdir” (Voqea surasi, 13-14 – oyatlar).
Peshqadamlar jannatda tilladan dur va yoqutdan to‘qilgan so‘rilarda yonboshlab rohatlanib yotadilar. “Ustilarida esa mangu yosh bolalar aylanib (xizmatda) yururlar...” (Voqea surasi, 17-oyat).
Ular jannat ahli ixtiyor qilgan mevalarni va ishtahalari tusagan narsalarni keltiradilar. “oqar chashmadan olingan (may to‘la) qadahlar, ko‘zalar va kosalar bilan. U (may)lardan ularning boshlari ham og‘rimas, mast ham bo‘lmaslar” (Voqea surasi, 18-19 – oyatlar).
Peshqadamlarga berilgan mazkur ne’matlar va oliy maqomlar ularning dunyo hayotida qilgan solih amallarining mukofotidir. «Ular u joyda behuda va gunoh (so‘z)ni eshitmaslar, faqat (bir-birlariga aytadigan) “Salom-salom” so‘zinigina (eshiturlar)» (Voqea surasi, 25-26 – oyatlar).
Shuningdek, surada Allohning borligi, yagonaligi va cheksiz qudrati, insonni yaratishdagi, o‘simliklarni o‘stirishdagi, yomg‘ir yog‘dirishdagi va boshqa ishlardagi ajoyib tadbir hamda hikmatlari haqida ham so‘z ketadi. Alloh taolo ularga tafakkur ko‘zi bilan qarashga buyuradi: “Sizlar ekayotgan ziroatlaringiz haqida o‘ylab ko‘rdingizmi?!” (Voqea surasi, 63-oyat); “Sizlar o‘zlaringiz ichayotgan suvni (o‘ylab) ko‘rdingizmi?!” (Voqea surasi, 68-oyat); “Sizlar yoqayotgan olovni (o‘ylab) ko‘rdingizmi?!” (Voqea surasi, 71-oyat).
Alloh taolo barchamizni yaxshiliklarda peshqadam bo‘lgan, oxiratda O‘zining ro‘parasida turuvchi bandalaridan qilsin.
Robiya SAIDXONBALOVA,
Xadichai kubro ayol-kizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi
O‘quv yili tugab, ota-onani ziyorat qilish, ularning xizmatiga borish vaqti kelgach, darslar tugab, imtihonlardan forig‘ bo‘lgach, «Endi butunlay bo‘shman, ilmdan forig‘ bo‘ldim», deb tasavvur qilmang. Ota-onaning xizmatida bo‘lib, duolarini oling. Ta’til payti ham siz uchun muhim bir vaqt hisoblanadi.
Ota-onangiz, aka-ukangiz, opa-singlingiz, qarindosh-urug‘laringiz nimalarni o‘rganganingizga, odobingiz qanday bo‘lganiga qiziqishadi. «O‘g‘limiz nimalarni o‘rganib keldi ekan-a, ustozlaridan nimalarni ta’lim oldi ekan» deb, havas ko‘zlari bilan qaray boshlashadi. Ana shunda siz ularni odobingiz, kamtarligingiz, xizmatingiz bilan xushnud qilsangiz, nafaqat o‘zingizni, balki ustozlaringizni, nafaqat ustozlaringizni, balki Islom dinini ham barchaga sevdirasiz.
Buning natijasi o‘laroq odamlarda din ilmiga rag‘bat oshib, ular ham farzandlarini ahli ilm qilishga, qori qilishga shoshib qoladilar. Aksincha, namozlar qazo bo‘la boshlasa, xulq-atvor yomon bo‘lsa, «Bu bola o‘qib yurib shu ahvolda bo‘lsa, bundan ko‘ra o‘qimaganimiz yaxshi ekan», deyishadi. Odamlarning ilm olishdan hafsalasi pir bo‘ladi, ustozlarni hurmat qilmay qo‘yishadi. Bu holatda dinga foydangiz emas, zararingiz ko‘proq tegadi. Bunday tolibi ilmlardan Alloh taoloning O‘zi asrasin!
Bir narsani yaxshi bilib oling: siz makonlar, holatlar o‘zgarishi bilan o‘zgarib qolavermang. Holatlar sizni o‘zgartirmasin, siz holatlarni o‘zgartiring. Doimo istiqomatda bo‘ling, sabot bilan turing. Alloh taolo har holatda ham sizni ko‘rib turganini aslo yodingizdan chiqarmang.
«Talabalik davrini qanday o‘tkazmoq kerak?» kitobidan