Bu voqeaning bo‘lganiga ham mana roppa rosa 11 yil bo‘ldi. O‘sha kezlari men Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti “Islomshunoslik” yo‘nalishi 4-bosqich talabasi edim. Shu bilan bir qatorda Olmazor (sobiq Sobir Rahimov) tumani Sebzor dahasi “At-Termiziy” jome’ masjidining noibi bo‘lib bir muddat faoliyat yuritayotgan paytlarim edi.
O‘shanda Tuyg‘un hoji aka (Alloh rahmat qilsin ularni) masjid mutavallisi sifatida ish olib borardilar. Biz u kishi bilan ko‘p hamsuhbat bo‘lardik. Taqvoli, shu bilan bir qatorda Qur’on ilmini o‘rganishga bo‘lgan shavqlari juda kuchli inson edilar. Bir kuni namozdan so‘ng yonimga bir surani yod olib kelganliklarini aytib keldilar. Kirill yozuvidagi kitobdan yod olganliklari bois talaffuzlarida bir muncha xatolarini sezdim. O‘zlariga aytib ko‘ngillarini ranjitishni istamadim, ammo ularga afzalroq bo‘ladigan bir taklif bildirdim.
— Hoji aka, Qur’onni o‘qishga tushib ko‘rmaysizmi? O‘zim sizga yordam berardim – dedim. Shunda hoji aka:
— Yahyobek buni o‘zim ham juda juda istardim biroq, 73 ga chiqib qoldim shu yoshda zehnim yetarmikan – dedilar.
— E, hoji aka siz bir boshlab oling, bu yog‘iga Alloh o‘zi sizni zehn ham g‘ayrat va shijoat bilan quvvatlaydi, — deya javob berdim.
Ular tasdiq ishorasini qilgandek boshlarini oxista silkitdilarda chiqib ketdilar. Ertasi kuni namozdan so‘ng xuddi maktab o‘quvchilaridek daftar ruchka bilan men o‘tirgan xonaga kirib keldilar. Daftarlariga sanani qayd etib qo‘ydilar. O‘sha kundan boshlab arab alifbosini boshladik. Ular qunt va sabr bilan o‘rgandilar, men esa ustozlarimdan o‘rganganlarimni ularga o‘rgatib huzr olardim.
Shu zaylda kunlar o‘tdi. Darsimizning 30 kuni. O‘sha kuni sira yodimdan chiqmaydi. Tuyg‘un hoji aka imlo va talaffuzni, harflarni qo‘shib o‘qishni tugatib, Qur’onga tushadigan kun edi. Odatdagidek namozni ado qilib bo‘lganimizdan so‘ng, yonimga keldilar. Darsni boshladim. Hoji aka “Bismilloh” deb Qur’onga tushdilar. Subhanolloh. Kishi Allohning kalomini o‘qib o‘rganishi uchun yoshning chegarasi hech qanday o‘rin tutmasligini guvohi bo‘ldim. Yonimda 73 yoshga chiqqan, soch-soqoli oqargan, nuroniy otaxon Qur’onni o‘qirdi. Qalbi ezilib ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kilardi. U kishining quvonch baxtiyorlik ko‘z yoshlarini ko‘rib ich-ichimdan sevindim.
Meni yonimdan ketar soatda hoji aka saboq olishlaridan oldin qilgan niyatlari haqida so‘z ochib qoldilar:
— Yahyobek, sizdan dars olishimdan avval inshaolloh, Qur’onga tushgan kunim bitta ziyofat qilib beraman deb niyat qilgandim. Subhanolloh, Alloh meni shu kunga yetkazdi. Endi ziyofat mendan. Kechga biznikiga albatta o‘ting, — deb ko‘zida ko‘z yoshlari qurishiga ulgurmay, shoshgancha chiqib ketdilar.
Aytilgan vaqt kelib, shom namozidan so‘ng ularni uylariga bordik. Qaranki, 73 yoshida Allohning kalomini o‘qishni niyat qilib, 30 kun deganda o‘zlari mustaqil Qur’on o‘qib qalblari ezilib yig‘lagan kuni, kechga borib omonatni topshirdilar. Ertasi kuni ularni so‘nggi yo‘lga kuzatdik.
Yangiyer shahar Zahiriddin Muhammad Bobur jome’ masjidi
bosh imom xatibi Yahyo Abdujabborov domlaning so‘zlarini
Rustamjon Husanov oqqa ko‘chirdi.
O‘MI Matbuot xizmati
#hafta_dayjesti #jumadan_jumagacha
00:00 Xabarlar
01:17 Diniy ta’limda yangi bosqich: Islom sivilizatsiyasi markazida tarixiy anjuman
02:32 18 avgust – nodir yodgorlik Usmon Mus'hafining Toshkentga qaytgan kuni
03:39 Hududlarda “Qur’on tinchlikka buyuradi” nomli musobaqalar davom etmoqda
04:38 Bayram arafasida saxovat va mehr-oqibat tadbirlari davom etmoqda (hududlar)
06:53 Sirdaryolik imom-xatiblar o‘rtasida “Zakovat” turniri bo‘lib o‘tdi
07:45 Samarqand, Buxoro va Xiva – islom sivilizatsiyasining bebaho durdonalari
08:37 O‘zbekiston va Pokiston olimlari Boburiylar merosini birgalikda tadqiq etmoqda
09:16 O‘zbekiston – turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan zamin
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Boshlovchi: Ne’mat Musayev
Muharrir: Bahriddin Xushboqov
Operator: Dilshod Mahkamov