Bu voqeaning bo‘lganiga ham mana roppa rosa 11 yil bo‘ldi. O‘sha kezlari men Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti “Islomshunoslik” yo‘nalishi 4-bosqich talabasi edim. Shu bilan bir qatorda Olmazor (sobiq Sobir Rahimov) tumani Sebzor dahasi “At-Termiziy” jome’ masjidining noibi bo‘lib bir muddat faoliyat yuritayotgan paytlarim edi.
O‘shanda Tuyg‘un hoji aka (Alloh rahmat qilsin ularni) masjid mutavallisi sifatida ish olib borardilar. Biz u kishi bilan ko‘p hamsuhbat bo‘lardik. Taqvoli, shu bilan bir qatorda Qur’on ilmini o‘rganishga bo‘lgan shavqlari juda kuchli inson edilar. Bir kuni namozdan so‘ng yonimga bir surani yod olib kelganliklarini aytib keldilar. Kirill yozuvidagi kitobdan yod olganliklari bois talaffuzlarida bir muncha xatolarini sezdim. O‘zlariga aytib ko‘ngillarini ranjitishni istamadim, ammo ularga afzalroq bo‘ladigan bir taklif bildirdim.
— Hoji aka, Qur’onni o‘qishga tushib ko‘rmaysizmi? O‘zim sizga yordam berardim – dedim. Shunda hoji aka:
— Yahyobek buni o‘zim ham juda juda istardim biroq, 73 ga chiqib qoldim shu yoshda zehnim yetarmikan – dedilar.
— E, hoji aka siz bir boshlab oling, bu yog‘iga Alloh o‘zi sizni zehn ham g‘ayrat va shijoat bilan quvvatlaydi, — deya javob berdim.
Ular tasdiq ishorasini qilgandek boshlarini oxista silkitdilarda chiqib ketdilar. Ertasi kuni namozdan so‘ng xuddi maktab o‘quvchilaridek daftar ruchka bilan men o‘tirgan xonaga kirib keldilar. Daftarlariga sanani qayd etib qo‘ydilar. O‘sha kundan boshlab arab alifbosini boshladik. Ular qunt va sabr bilan o‘rgandilar, men esa ustozlarimdan o‘rganganlarimni ularga o‘rgatib huzr olardim.
Shu zaylda kunlar o‘tdi. Darsimizning 30 kuni. O‘sha kuni sira yodimdan chiqmaydi. Tuyg‘un hoji aka imlo va talaffuzni, harflarni qo‘shib o‘qishni tugatib, Qur’onga tushadigan kun edi. Odatdagidek namozni ado qilib bo‘lganimizdan so‘ng, yonimga keldilar. Darsni boshladim. Hoji aka “Bismilloh” deb Qur’onga tushdilar. Subhanolloh. Kishi Allohning kalomini o‘qib o‘rganishi uchun yoshning chegarasi hech qanday o‘rin tutmasligini guvohi bo‘ldim. Yonimda 73 yoshga chiqqan, soch-soqoli oqargan, nuroniy otaxon Qur’onni o‘qirdi. Qalbi ezilib ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kilardi. U kishining quvonch baxtiyorlik ko‘z yoshlarini ko‘rib ich-ichimdan sevindim.
Meni yonimdan ketar soatda hoji aka saboq olishlaridan oldin qilgan niyatlari haqida so‘z ochib qoldilar:
— Yahyobek, sizdan dars olishimdan avval inshaolloh, Qur’onga tushgan kunim bitta ziyofat qilib beraman deb niyat qilgandim. Subhanolloh, Alloh meni shu kunga yetkazdi. Endi ziyofat mendan. Kechga biznikiga albatta o‘ting, — deb ko‘zida ko‘z yoshlari qurishiga ulgurmay, shoshgancha chiqib ketdilar.
Aytilgan vaqt kelib, shom namozidan so‘ng ularni uylariga bordik. Qaranki, 73 yoshida Allohning kalomini o‘qishni niyat qilib, 30 kun deganda o‘zlari mustaqil Qur’on o‘qib qalblari ezilib yig‘lagan kuni, kechga borib omonatni topshirdilar. Ertasi kuni ularni so‘nggi yo‘lga kuzatdik.
Yangiyer shahar Zahiriddin Muhammad Bobur jome’ masjidi
bosh imom xatibi Yahyo Abdujabborov domlaning so‘zlarini
Rustamjon Husanov oqqa ko‘chirdi.
O‘MI Matbuot xizmati
Shu yilning 3 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi va Islom taraqqiyot banki hamkorligida “O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish: imkoniyatlar va qiyinchiliklar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekistonda vaqf tizimini joriy etish konsepsiyasining natijalari va tavsiyalari taqdim etilib, atroflicha muhokama qilindi.
Davra suhbatida qator davlat, nodavlat va diniy-ma’rifiy tashkilotlar vakillari, jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “VAQF” xayriya jamoat fondi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Iqtisodiyot va moliya, Adliya hamda Madaniyat vazirliklari, Markaziy bank, Soliq qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasi mas’ullari, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Toshkent islom instituti ustozlari hamda islom moliyasi yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan konsalting kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Islom ijtimoiy moliyasining muhim vositasi bo‘lgan vaqf tarixan ijtimoiy farovonlik va jamiyat rivojini ta’minlashning muhim institutsional mexanizmi bo‘lib xizmat qilgan. Zamonaviy sharoitda u barqaror rivojlanishga ulkan hissa qo‘shuvchi tizim sifatida e’tirof etilmoqda. Jahon banki, Xalqaro islom moliya ta’limi markazi (INCEIF) va Xalqaro islom moliyasi shariat tadqiqot akademiyasi (ISRA)ning hamkorlikdagi hisobotiga ko‘ra, bugungi kunda global vaqf aktivlarining qiymati 100 milliarddan 1 trillion AQSH dollarigacha baholanmoqda.
Tadbir davomida soha mutaxassislari tomonidan qator dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilindi. Xususan, islom moliyasi bo‘yicha xalqaro ekspert, doktor A’lam Asadov “Vaqfning asosiy tamoyillari, barqaror rivojlanish va xalqaro ilg‘or tajriba” mavzusida hamda BMTTD eksperti, doktor Ixtiyorjon To‘raboyev “O‘zbekistondagi hozirgi vaqf tizimining holati: asosiy kamchiliklar va tarkibiy muammolar” mavzusida taqdimot qilishdi. Taqdimotlar yakunida “Al-Muomalat” kompaniyasi rahbari Iskandar Tursunov, “Mezon kengashi” direktori Muzaffar Xusniddinov hamda “Islamic Business and Finance” (IsBF) ta’sischisi Jahongir Imamnazarovlar tizimni rivojlantirish bo‘yicha o‘zlarining amaliy taklif va mulohazalarini o‘rtoqlashdi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur tadbir manfaatdor tomonlar uchun O‘zbekistonda tizimli vaqf mexanizmini joriy etishning tegishli huquqiy, me’yoriy va institutsional bazasini ishlab chiqish bo‘yicha muhim muhokama maydoni bo‘lib xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati