5 sentyabr kunidan Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus bilim yurtida yangi 2018-2019 o‘quv yili boshlanib, shu munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Tadbirda bilim yurtining barcha mudarris, ishchi-xodim va talabalari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili X.Abdullayev, bilim yurti faxriylaridan R.Sapayev ishtirok etishdi.
Tadbirni mudir D.Abduqodirov ochib berdi va Vatanimiz madhiyasi sadolari ostida yangi o‘quv yilining ramzi sifatida Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarildi. Shundan so‘ng, barchani qutlug‘ bayramimiz Mustaqilligimizning 27 yilligi hamda yangi 2018-2019 o‘quv yilining boshlanishi bilan qutlab, yangi o‘quv yilini boshlab berdi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili X.Abdullayev barchani eng ulug‘ bayramimiz bilan tabriklab, talabalarga oldingi vaqtdagi hamda bugungi sharoitlar orasidagi katta farq, uning shukronasini ado qilishlik, ilmning fazilatlari, ilm olish sirlari haqida gapirib, ilm olish yo‘lida shijoatli bo‘lish, niyatni to‘g‘ri qilish, ixlosni baland qilish bo‘yicha o‘zining samimiy tilaklarini aytib, nasihatlar qildi.
Shundan so‘ng o‘quv yilining ochilish marosimi yakunlanib, an’anaga muvofiq «Mustaqillik darsi» boshlandi. Dars Respublikamizning birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi.
«Mustaqillik darsi»ni bilim yurti ma’naviy ishlar bo‘yicha mudir muovini O.Adilov o‘tdi. Dars davomida yurtimizda mustaqillik yillarida, ayniqsa so‘nggi 2 yil mobaynida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan ulkan islohatlar, bunyodkorliklar, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy sohalarda qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi. Shu bilan birga diniy soha rivojida amalga oshirilgan ulkan ishlar bo‘yicha ham alohida to‘xtalib, batafsil ma’lumotlar berildi.
O‘MI Matbuot xizmati
O.Adilov
Bugun, 16 may kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov Tayloq tumanidagi “O‘rta” masjidga bordi. Domla juma namozidan oldin “Kamtarga kamol, manmanga zavol” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy ma’ruza qildi.
Ma’ruzada insonning ichki kamolotga erishishida kamtarlikning naqadar muhim ekani, manmanlik va kibr kabi xulqlarning inson va jamiyat uchun keltirishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Islom axloq-odobining oliy qoidalari, nafsni tarbiyalash, jamiyatda o‘zaro hurmat va insofni qaror toptirish kabi mavzular keng yoritildi.
Juma namozini o‘qish asnosida yurt tinchligi, el-yurt farovonligini so‘rab duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati