Saudiya Arabistoni hukumati Haj amalini bajargan hojilarga ikki million nusxadagi Qur'on kitoblarini sovg'a qildi
IQNA saytining "Sayidatiy" matbuot xizmatiga tayanib ma'lum qilishicha, ushbu Qur'on kitoblari Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning buyrug'ini bajarish uchun Saudiya Arabistoni Islom ishlari vazirligi sa'yi-harakatlari bilan ziyoratchilarga tarqatilgan.
Ushbu Qur'on nusxalari Saudiya Arabistoni Qiroli Fahd bin Abdulaziz nomidagi Qur'on kitoblarini chop etish majmuasidan olingan bo'lib, ziyoratchilarga turli o'lchamlarda va 76 dan ortiq tillarga tarjima qilingan Quroni karimning ma'nolari tarjimasi kitoblari sovg'a sifatida taqdim etildi.
Qirol Abdulaziz xalqaro aeroporti, Islomiy Jidda porti, quruqlik va havo chegarasi o'tish joylari bu Qur'on tarqatiladigan joylardandir.
Saudiya Arabistoni Islom ishlari vaziri Abdul Latif bin Abdulaziz ash-Shayx shu munosabat bilan bunday dedi: “Ushbu Qur'on kitoblarining tarqatilishi Saudiya Arabistoni hukumati va bu mamlakat podshohining Qur'on xizmatiga sodiqligini ko'rsatadi".
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Musulmon kishi har bir ishida Alloh taologa tavakkul qiladi. Zero, Alloh taolo tavakkal qiluvchilarni yaxshi ko‘radi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:“(Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling. Zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Oli Imron surasi, 159-oyat). Ushbu oyat tafsirida: “Allohga tavakkul qilish ulug‘ fazilat. Ammo tavakkul, Alloh iroda qilganidek, to‘g‘ri holda bo‘lishi kerak. Ba’zi kishilar tavakkulni yaxshi anglashmaydi. O‘ylamay, urinmay, chora-tadbir ko‘rmay, sabablarini axtarmay, ko‘r-ko‘rona turishni tavakkul deb tushunuvchilar bor.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Uhud urushida qilgan tavakkullarini olaylik. U zot mushriklar askar tortib Uhudga yetib kelganlarini eshitib, tezda musulmonlarni yig‘ib, kengash o‘tkazdilar. O‘zlari birinchi bo‘lib Hujrai saodatga kirib, ustma-ust ikkita sovut kiyib chiqdilar. E’tibor bering – Allohga tavakkul qiluvchilarning eng ulug‘i, peshvosi bo‘lgan zot urushga ketayotib bir emas ikkita sovut kiyib chiqdilar! Odamlarni jihodga targ‘ib qildilar. Manzilga tezroq, osonroq va tinchroq eltuvchi yo‘lni biladigan odamni topib, unga yo‘l boshlashni topshirdilar. Yetib borganlaridan keyin dushmanning kuch-quvvatini yaxshilab hisob-kitob qildilar. So‘ng o‘z jangchilari bilan birma-bir tanishib, hammani joy-joyiga qo‘ydilar. O‘ng qanot va chap qanotlarda kimlar bo‘lishini belgilab, reja tuzdilar. Xullas, urushga zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni ko‘rdilar. Ammo Allohga tavakkul qilishlari bu ishlardan ayri emasdi.
Tavakkul bularning barchasini bog‘lab turadigan bir ip misoli. U har bir ishda, chora-tadbirda Allohni vakil deb e’tiqod qilishdir. Afsuski, ko‘pchilik tavakkulni harakatsizlik, urinib ko‘rmaslik bilan bog‘liq holda tushunadi. Ba’zilar Allohga tavakkul qildim, deb harakat qilishlari kerak bo‘lgan ishlarni ham qilishmaydi. Bu esa dangasalik, xolos.
Payg‘ambar alahissalom davrlarida bir kishi kelib: “Yo Rasululloh! Tuyamni bog‘laymi yoki erkin qo‘yib, tavakkul qilaymi?” deb so‘radi. Payg‘ambar alayhissalom: “Bog‘lab qo‘yib, undan keyin tavakkul qil” dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchamizni O‘ziga tavakkal qiladigan bandalari qatorida qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf etsin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi xodimi