Islomdagi eng go‘zal buyruqlardan biri silai rahm, ya’ni, yaqinlar bilan qarindoshlik rishtalarini bog‘lash, do‘stlarga mehr-oqibat ko‘rsatishdir. Silai rahm avvalo Alloh taoloni bandalariga buyurgan amrlaridan biridir. Alloh taolo aytadi: “Va oralaringizdagi savol-javoblarda o‘rtaga nomi qo‘yiladigan Allohdan qo‘rqingiz va qarindosh-urug‘laringiz bilan ajralib ketishdan saqlaningiz” (Niso surasi, 1-oyat).
Silai rahmda Allohning roziligi, mo‘minlar va farishtalarning xursandchiligi, shaytonga g‘am yetkazish, umrning ziyodaligi va rizqning barakasi kabi go‘zal xislatlar mujassam.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Kimni rizqi keng va umri barakali bo‘lishligi xursand qilsa, silai rahmni bog‘lasin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa bir hadisda esa Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Kim umrini uzun, rizqini keng bo‘lishini va yomon o‘limdan qutulishni hohlasa, qarindoshlari bilan aloqasini tiklasin”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Bu shunchalik ulug‘ ibodatki, uni bajargan kishi qanchalik ko‘p ajr va foydalar topsa, uni tark qilgan, unga beparvolik qilgan odam shunchalik qattiq gunohkor va ziyonkor bo‘ladi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: “Silai rahm savobidek tez keladigan yaxshilik yo‘q. Dunyoda tezda azob berib, oxiratda ham azob keltiradigan gunoh silai rahmni uzishlikdir” (Imom Termiziy, Imom Ahmad, Imom Ibn Moja rivoyati).
Qolaversa, silai rahmning do‘zaxdan uzoqlashishiga va jannatga yaqinlashishiga sabab bo‘ladigan amallar bilan bir qatorda zikr qilinishi naqadar ulug‘ ibodatligiga dalolat qiladi.
Abu Ayyub Ansoriy (roziyallohu anhu) aytadi: “Bir a’robiy Payg‘ambar (alayhissalom)ning huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) jannatga yaqinlashtiradigan va do‘zaxdan uzoqlashtiradigan amaldan xabar bering!”, dedi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Allohga ibodat qilishga, Unga shirk keltirmaslikka va namoz o‘qishga, zakot berishga va silai rahm qilishga buyurdilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Demak, silai rahm qilish dinimizning biz mo‘minlardan talab qilgan qat’iy talabi. Shunday ekan, bu go‘zal amalga beparvo bo‘lmaylik.
Yorbek ISLOMOV
Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimizda inson qadri, e’tiqodi va vijdon erkinligini ta’minlab beruvchi asosiy qonun sifatida muhim o‘rin tutadi. Asosiy qonunimizning 31-moddasida har bir fuqaroga vijdon erkinligi kafolatlanishi belgilangan bo‘lib, bu insonning qaysi din va e’tiqodga amal qilishi yoki umuman dinga e’tiqod qilmasligi uning shaxsiy tanlovi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Islom ta’limotida ham inson irodasi va e’tiqod erkinligi alohida qadrlanadi. Qur’ondagi “Dinda majburlash yo‘q” (Baqara surasi, 256) degan oyat e’tiqodning faqat ixlos bilan bo‘lishi, majburlashga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi illohiy qoidani belgilaydi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam Madinada turli din vakillari bilan tinchlik va o‘zaro hurmat asosida yashaganlari bu tamoyilning amaliy namunasidir.
So‘nggi yillarda, xususan, 2025 yilda yurtimizda vijdon erkinligi borasida muhim huquqiy qadamlar tashlandi. Shu yilda “Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” tasdiqlandi. Ushbu hujjatda dinlar o‘rtasida tenglik, diniy tashkilotlar faoliyatining shaffofligi, konfessiyalararo totuvlik va davlatning neytral, adolatli pozitsiyasi aniq belgilab berildi.
2023–2025 yillar davomida diniy sohada qator amaliy islohotlar amalga oshirildi: diniy adabiyotlar ekspertizasi soddalashtirildi, Haj va Umra tadbirlarining tashkil etilishi yanada qulaylashtirildi, diniy ta’lim markazlari faoliyati kengaytirildi. Bu o‘zgarishlar Konstitutsiyada belgilangan vijdon erkinligi tamoyillarining hayotdagi amaliy ifodasi ekanini ko‘rsatadi.
Bugun O‘zbekistonda e’tiqod erkinligi nafaqat qonunlarda, balki amalda ham kafolatlangan. Konstitutsiya va islomiy ma’naviyatdagi inson sha’ni, adolat va bag‘rikenglik tamoyillari bir-birini to‘ldirib, yurtimizda totuvlik, hamjihatlik va ma’naviy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bu ishlar mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz o‘rtasidagi birdamlikning muhim asosidir.
Jahongir Hotamov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Huquqshunoslik bo‘limi boshlig‘i