Rasululloh sollallohu alayhi vasallam – yuksak balog‘at va fasohat sohibi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fasohatli (aniq va ravon) til sohibi hamda gapni ravshan va ochiq ifodalab beruvchi zot edilar.
U zotga Alloh taolo tomonidan purma’no so‘zlar, xislatli hikmatlar, balog‘atli[1] va’z-nasihatlar bilan xitob qilish iste’dodi, muhkam (aniq, ishonarli, qat’iy) dalillar bilan uzil-kesil hukm chiqarish mahorati ato qilingan edi. Payg‘ambar alayhissalom shunday marhamat qilganlar: «Men ummiy (o‘qish-yozishni o‘rganmagan) payg‘ambar – Muhammadman (buni uch marta aytganlar), mendan keyin birorta payg‘ambar bo‘lmaydi. Menga kalomning boshiyu oxiri[2] va javome’lari[3] ato qilindi».[4]
Boshqa bir rivoyatda kelishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbarda turib: «Ey insonlar! Menga purma’no so‘zlar va ularning xotimalari ato etilib, men uchun juda muxtasar qilindi», deganlar.[5]
Bir kuni hazrati Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Ey Allohning Nabiysi, qanday qilib siz oramizda bo‘la turib, fasohat bilan so‘zlaydigan bo‘ldingiz, holbuki hech qayerga chiqmagan bo‘lsangiz? (Ya’ni o‘qish-yozishni o‘rganish uchun biror kishining huzuriga qatnamagan bo‘lsangiz)», deb so‘raganida u zot: «Ismoil alayhissalomning (so‘zlashgan fasohatli) tili unutilib ketgan edi. Jabroil alayhissalom ana shu tilni menga olib keldi, men uni yodlab oldim», deb javob berganlar.[6]
Payg‘ambar alayhissalomning biror muallimdan dars olmay turib, shunday fasohatu balog‘at bilan so‘zlashlari Alloh taoloning u zotga bergan ulkan ne’matidir. Payg‘ambar alayhissalomning hadislarini, siyratlarini o‘rganib chiqqan juda ko‘p olimlar bu haqiqatni e’tirof etganlar. Payg‘ambar alayhissalom gapirganlarida har bir so‘zni aniq-tiniq talaffuz bilan dona-dona qilib gapirardilar. So‘zlari xuddi marjonga terilgan durlar kabi edi.
Johiz rahimahulloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kalomlarini tavsiflab, shunday deydi: «Alloh taolo Payg‘ambar alayhissalomning kalomlarini tinglovchida u zotga nisbatan muhabbat uyg‘onadigan darajada ziynatlab qo‘ydi. Kalomlarida haybat bo‘lishi bilan birga, eshitgan odam halovat ham topardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu darajada tushunarli, dona-dona qilib so‘zlardilarki, aytadigan gaplarini qayta takrorlashga hojat qolmasdi. Ul zotning ibora va jumlalaridan biron-bir so‘z tushib qolmas, gapirishda tutilib qolish holatlari kuzatilmas, keltirgan hujjat-dalillari befoyda ketmas, so‘zlarini eshitib turgan biror-bir notiq u zotga qarshi fikr bildirib, gaplarini bo‘la olmas edi. Faqat rost so‘zlar bilangina hujjat keltirardilar. Insonlar ul zot sollallohu alayhi vasallamning kalomlaridan ko‘ra manfaati ko‘proq, ishonchliroq biror-bir kalomni eshitmaganlar».
Ali roziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalomning fasohatlarini: «Men arablardan qandaydir ajoyib, nodir so‘z eshitgan bo‘lsam, faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganman. Men Rasulullohning «Maata hatfa anfihi»[7]deganlarini eshitganman. Bunday so‘zni ilgari biror arabdan eshitmagan edim», deb tavsiflaydilar».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kalomlari shu darajada ravshan va ochiq-oydin ediki, unda biror-bir ortiqchalik ham, kamchilik ham bo‘lmasdi, hatto yonlaridagi kishi gaplarini yodlab oladigan darajada tushunarli gapirardilar.
Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sizlarga o‘xshab shoshilib gapirmasdilar, balki shunday ochiq-oydin va dona-dona qilib gapirardilarki, u zot bilan birga o‘tirgan kishi gaplarini bemalol yodlab olardi».
Yana Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday gapirardilarki, so‘zlarining harflarini sanamoqchi bo‘lgan kishi sanashga ulgurardi».
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror gapni gapirsalar, (agar ehtiyoj bo‘lsa) uni uch marta takrorlardilar».
Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni «Sizdan fasohatliroq kishini ko‘rmadik» deb maqtaganlarida, ul zot: «Alloh taolo meni lahhonlardan[8] qilmadi, Alloh taolo men uchun eng yaxshi kalom bo‘lmish kitobi – Qur’oni Karimni tanladi», deb javob berganlar.[9]
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fasohat bilan so‘zlashni maqtardilar. Jumlalarning ma’nosini buzib, qo‘pol gapirishdan qaytarardilar. Shuning uchun Abbos roziyallohu anhu: «Go‘zallik nima?» deb so‘raganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Til», deb javob berganlar.[10]
Boshqa bir rivoyatda Abbos roziyallohu anhu: «Kishidagi go‘zallik nima?» deb so‘raganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Tilining fasohatliligi», deb javob berib, «Ravon gapiradigan kishiga Alloh taolo rahmatini yog‘dirsin!» deb duo qildilar.[11]
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning fasohatlari shu darajada ediki, har bir qavmga o‘sha qavmning tiliga xos fasohat bilan xitob qilar, o‘sha qavmning shevasida gaplashar hamda ularning tillariga oid balog‘at masalalari bo‘yicha bahslasha olar edilar. Bu holatni kuzatgan sahobalar ko‘pincha u zotdan boshqa shevada aytgan gaplarini sharhlab, izohlab berishlarini so‘rashardi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Quraysh, Ansor, Hijoz va Najd xalqi bilan qilgan suhbatlari Xazramavt va Yaman podshohlari bilan bo‘ladigan suhbatlariga sira o‘xshamas edi (ya’ni ul zot sollallohu alayhi vasallam podshohlar bilan bo‘lgan suhbatlarida o‘sha podshohlarning tili, fasohati va balog‘atida gaplashardilar. Ular bilan gaplashishda qo‘llaydigan so‘zlari Quraysh va ansorlarga nisbatan ishlatadigan so‘zlaridan farq qilardi. Shu o‘rinda so‘zlashuv uslublari farqli ekanini bildirish maqsadida arab tilidagi so‘zlarni o‘zbek yozuvida ifodalab, yonida izohini keltirib o‘tdik).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hamadonga shunday maktub yozgan edilar: «Albatta, sizlar Hamadonning fara’i (yerning tepaliklari), vuhoti (pastliklari), azozi(biror kishi egalik qilmaydigan bepoyon qattiq yerlari)ga egalik qilasizlar. O‘sha joylarning alofi (podalar o‘tlaydigan o‘tlar)da podalaringiz o‘tlaydi hamda afolari(biror kishi egalik qilmaydigan, kimsasiz joylari)da podalaringizni boqasiz. Modomiki (Hamadon xalqi) ahdu paymon va omonatlarini (zakotlarini) topshirar ekanlar, Hamadonning daf’ilari (tuya, qo‘ylari) va suromlari(xurmo daraxtlari yoki xurmo mevalari)gina bizga tegishlidir. Sadaqaning salb (tishlari to‘kilgan qari tuyalar), nob (qari tuyalarning urg‘ochisi), foridud dojin (qari sigir), kabshul havoriyi (qo‘ylarning katta yoshli qo‘chqor) ularnikidir. Zimmalarida sadaqaning solig‘i (yoshi oltiga to‘lgan qo‘y va sigir) va forihi (besh yoshli tuya va otni bizlarga yuborish vazifasi) bor».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Nahd ahliga ham shunga o‘xshash maktub yozganlar: «Allohim, ularning mahdi(qaymog‘i)ga, mazqi(qorishma suti)ga barakot ber. Podachilarini dusur(unumdor, serhosil yerlar)ga yubor, podachining samadi(oz miqdordagi suvi)ni mo‘l-ko‘l qilib ber hamda mollari va farzandlariga baraka yog‘dir. Kim namozni ado qilsa, u (komil) mo‘min bo‘ladi, kim zakotni bersa, g‘ofil bo‘lmaydi, kim «Laa ilaaha illalloh» deb guvohlik bersa, musulmon bo‘ladi. Ey Nahd urug‘i, sizlar uchun vadoi’ush–shirk (urushdan keyingi o‘zaro kelishilgan ahdu paymonlar) va vazoi’ul mulk (mulk soliqlari) lozimdir. Namoz borasida dangasalik qilmanglar, zakotni man qilmanglar hamda hayotda haq yo‘ldan og‘manglar».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nahdliklarga farz topshiriq borasida ham quyidagicha maktub yozganlar: «Foriz (qari sigir), farish (yosh sigir), zul inonir-rukub (miniladigan tuya), filvuz-zobis (minish qiyin bo‘lgan toychoq) sizlargadir. Modomiki ichingizda rimoq(nifoq, munofiqlik) saqlab yurmasangiz (ya’ni qalblaringiz haqqa bo‘ysunishdan bosh tortmas ekan), riboq(arqon) yemas ekansiz (o‘rtamizdagi kelishuvni buzmas ekansiz), sizlarning sarhlaringiz (kunduzi yaylovda o‘tlab yuradigan podalaringiz) man qilinmaydi (o‘tlashdan to‘sib qo‘yilmaydi), tolhingiz (mevasiz daraxtlaringiz) kesilmaydi, shuningdek, darringiz (sut beruvchi chorvalaringiz) ham yaylovdan to‘silmaydi. Kim (bizning aytganlarimizga) amal qilsa, kelishuvni bajargan bo‘ladi. Kim kelishuvdan bosh tortsa, uning zimmasiga (zakotdan tashqari jazo o‘laroq olinadigan) ziyoda narsa yuklanadi».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Voil ibn Hajar orqali Yaman podshohlariga bir necha maktublar yuborganlar. Ularning birida shunday yoziladi: «Bir ti’ada (qirqta qo‘y yoki tuyadan beshtasida) miqvaratil alyot (nuqsonli, ozg‘in) ham bo‘lmagan, zonnok (semiz) ham bo‘lmagan bitta qo‘y, sabaja (o‘rtacha qo‘y), suyubdan (qazilma konlardan) beshdan biri beriladi. Kim bikr bilan zino qiladigan bo‘lsa, uni yuz marta fasqo’uhu (darra uringlar), bir yilga fastavzuhu (surgun qilinglar), kim juvon bilan zino qiladigan bo‘lsa, uni azomim (toshlar) bilan fazrojuhu (toshbo‘ron qilinglar). Dinda tavsim (ayb va uyalish hamda Allohning hadlarini ado qilishda dangasalik) yo‘qdir, Alloh taoloning farzlarida g‘umma (berkitish, taraddudlanish) ham yo‘qdir. Har bir mast qiluvchi narsa haromdir. Voil ibn Hajar aqyolga (Hazramavt podshohlariga) tarafful (boshchilik) qiladi».
Yuqorida matni keltirilgan maktublarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan xitob qilinayotgan qavmlar va podshohlarning so‘zlashgan tili, balog‘atu fasohati biz bilgan hozirgi arab tilidan farqli bo‘lgan. Ya’ni ularning shevasida turli farqlar bor edi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlar uchun nozil bo‘lgan Qur’oni Karimni ularning holatlariga mos ravishda, iste’mollari, odatiy so‘zlashadigan so‘zlariga qarab bayon qilganlar.
Atiyya Sa’diydan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ustun, oliy qo‘l muntiya (beruvchi) qo‘ldir.Ostki, quyi qo‘l esa muntot (oluvchi) qo‘ldir», deganlar. O‘shanda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biz bilan o‘z lahjamizda gaplashgan edilar».
Bir kuni Omiriy roziyallohu anhu savol so‘rash maqsadida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. Shunda u zot (arab tilidagi «xohlagan narsangni so‘ra» ma’nosini anglatadigan «sal ’ammaa shi’ta» deyish o‘rniga) «sal ’anka», dedilar. Payg‘ambar alayhissalom ishlatgan bu ibora Omiriy roziyallohu anhuning lahjasiga mos kelar edi.
Siyrat ulamolari Payg‘ambar alayhissalomning kundalik turmushda, insonlar bilan muomalada ishlatgan gap-so‘zlari, va’z-nasihat qilganlarida aytgan hikmatli gaplari va go‘zal iboralari, qo‘yingki, shu boradagi barcha-barcha ma’lumotlarni to‘plab, juda ko‘p kitoblar yozganlar. Sevimli Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak hadislarini o‘zida mujassam etgan kitoblar olamiga kirar ekansiz, o‘zingizni xuddi mevali daraxtlari ko‘p bo‘lgan go‘zal bir boqqa kirgandek his qilasiz. Qalbingiz xotirjamlik va sururga to‘lganidan, bu olamdan aslo chiqib ketgingiz kelmaydi. Quyida biz ham Payg‘ambarimiz alayhissalomning ana shu bo‘stondan terilgan mevalar yanglig‘ purma’no so‘zlari va go‘zal nasihatlaridan ba’zilarini siz azizlarga havola qilamiz:
Mazkur hadislardan tashqari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning fazilatlari, ma’ruzalari, xutbalari, duolari hamda ahdnomalari haqida juda ko‘p roviylar bir-birlaridan rivoyatlar keltirganlar.
Shak-shubha yo‘qki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam barcha sohada, xususan fasohat va balog‘at sohasida ham biror kishi yeta olmaydigan yuksak daraja egasi hisoblanganlar va bu borada barchaga o‘rnak bo‘lganlar.
[1] Balog‘at so‘zi «voyaga yetish», «yetuklik» ma’nolarini bildiradi. Balog‘at bilan so‘zlash har bir holatning vaziyatiga mos so‘zlarni topib, so‘zamollik ila gapirishdir. Yuqoridagi jumlada «balog‘atli va’z-nasihatlar» deb saviyasi baland pandu nasihatlar nazarda tutilgan (vallohu a’lam).
[2] Fasohat va balog‘at bilan gapirish, ma’nolarning siru asrorlari, xislatli hikmatlar, go‘zal iboralar qo‘llash qobiliyati.
[3] Ko‘p ma’nolarni o‘z ichiga oluvchi qisqa jumlalar.
[4] Imom Ahmad «Musnad»ida rivoyat qilgan. Boshqa muhaddislar ham rivoyat qilgan.
[5] Hofiz Ibn Kasir bu hadisning sanadini Abu Ya’loga bog‘lagan.
[6] Bu hadisni Abu Nu’aym «Asbahon tarixi» kitobida rivoyat qilgan. Shuningdek, «Mavohib» kitobining sharhida ham zikr qilingan.
[7] Hech bir tashqi ta’sirsiz vafot etgan kishiga nisbatan qo‘llaniladigan bu ibora arab tilida yuksak fasohat namunasidir.
[8] Noto‘g‘ri, g‘aliz gapiruvchi, grammatik qoidalarga rioya qilmaydigan kishi.
[9] «Jomi’us-sag‘ir» kitobida hadis rivoyati imom Daylamiyga nisbat berilgan.
[10] Imom Hokim rivoyati.
[11] Askariy rivoyati. Mazkur ikki rivoyatdan birinchisida Abbos roziyallohu anhu umumiy qilib so‘radilar, keyingisida esa xos qilib so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ikkala savolga ham javoblari til haqida bo‘ldi.
[12] Ikki shayx rivoyati.
[13] Imom Tabaroniy rivoyati.
[14] Ikki shayx rivoyati.
[15] Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyatlari.
[16] Ibn Hibbon rivoyati.
[17] Ikki shayx rivoyati.
[18] Imom Ahmad va boshqalar rivoyati.
[19] Uqayliy rivoyati.
[20] Ibn Abu Shayba va boshqalar rivoyati.
[21] Imom Buxoriy rivoyati.
[22] Muttafaqun alayh.
[23] Firdavsning «Musnad»ida rivoyat qilingan.
[24] Abu Abdurrohman as-Sulamiy rivoyati.
[25] Imom Tabaroniy va boshqalar rivoyati.
[26] Imom Ahmad va imom Termiziy rivoyati.
[27] Abu Dovud rivoyati.
[28] Imom Buxoriy rivoyati.
[29] Imom Bayhaqiy va Bazzor rivoyati.
[30] Imom Ahmad va boshqalar rivoyati.
[31] Imom Tabaroniy va imom Ahmad rivoyati.
[32] Askariy va imom Tabaroniy rivoyati.
[33] Imom Ahmad, Abu Dovud va boshqalar rivoyati.
[34] Imom Ahmad va boshqalar rivoyati.
[35] Imom Muslim rivoyati.
[36] Imom Ahmad rivoyati.
[37] Bazzor rivoyati.
[38] Imom Ahmad, imom Termiziy, imom Hokim rivoyat qilgan. Imom Hokim sahihlar qatoriga kiritgan.
[39] Imom Tabaroniy rivoyati.
[40] Muttafaqun alayh.
[41] Imom Bayhaqiy va boshqalar rivoyati.
[42] Imom Tabaroniy va boshqalar rivoyati.
[43] Imom Tabaroniy rivoyati.
[44] Imom Bayhaqiy va boshqalar rivoyati.
[45] Imom Bayhaqiy rivoyati.
[46] Muttafaqun alayh.
[47] Imom Ahmad va boshqalar rivoyati.
[48] Imom Hokim «Mustadrak»ida rivoyat qilganlar.
[49] Qodo’iy rivoyati.
[50] Imom Tabaroniy va boshqalar rivoyati.
[51] Imom Ibn Moja rivoyati.
[52] Firdavs «Musnad»idagi imom Daylamiyning rivoyati.
[53] Askariy rivoyati.
[54] Abu Shurayh rivoyati.
[55] Imom Bayhaqiy va boshqalar rivoyati.
[56] Imom Tabaroniy rivoyati.
[57] Imom Muslim rivoyati. Boshqa muhaddislar ham turli lafzlar bilan rivoyat qilgan.
O‘MI matbuot xizmati
manba
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam Rabbilari azza va jalladan hikoya qilib aytadilar: “Bir banda gunoh qilib qo‘ydi va: “Allohim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi”, dedi. So‘ng banda yana qaytdi va gunoh qildi. U: “Ey Rabbim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi”, dedi. So‘ng banda yana qaytdi va gunoh qildi. U: “Ey Rabbim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Shunda Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi. Xohlagan ishingni qil, seni mag‘firat qildim!” dedi”» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
“Va gunoh uchun jazolaydigan”, ya’ni o‘sha gunohni qilgan kishini azoblashga qodir ekanini bildi. Imom Buxoriy rivoyatida: “Bandamni mag‘firat qildim” degan ziyodasi bor.
Ulamolar bu hadisni ikki xil izohlaganlar:
Birinchisi, kim bir gunohiga xolis tavba qilib, unga qaytmaslikka qat’iy qaror qilsa, uning tavbasi maqbuldir. Shundan keyin nafsi yoki shayton g‘olib kelib, yana o‘sha gunohni qilib qo‘ysa-yu, so‘ng ikkinchi bor pushaymon bo‘lib, yana qaytmaslik ahdi bilan xolis tavba qilsa, uning tavbasi maqbuldir. Bu jarayon shu tarzda davom etaveradi. Hadisdan murod – har gal tavba qilayotganda “unga boshqa qaytmayman” degan azmu qarorda bo‘lish. Chunki tavba faqat quyidagi ikki asosiy shart bilan mukammal bo‘ladi: gunohni darhol to‘xtatish va unga boshqa qaytmaslikka qat’iy qaror qilish. Agar inson shu niyat bilan, ya’ni har safar “boshqa qilmayman” degan chin ahd bilan tavba qilsa-yu, lekin insoniy ojizlik yoki shayton g‘olib kelib, gunohni takrorlasa ham, uning tavbasi qabul qilinaveradi. Bu holat yuz, hatto ming marta takrorlansa ham. Modomiki, har tavbasini boshqa unga qaytmaslik azmu qarori bilan qilsa, Alloh uni kechiradi.
“Xohlagan ishingni qil, seni mag‘firat qildim!” Banda, modomiki, har safar gunoh qilganida pushaymon bo‘lib, istig‘for aytib, tavba qilar ekan, Alloh taolo uni kechiraveradi. Bu aslo gunohda davom etish degani emas, balki har gal xatodan so‘ng yangi tavba bilan poklanish demakdir.
Ikkinchisi, bu o‘rinda faqatgina istig‘for – Alloh taolodan mag‘firat so‘rash nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Istig‘for tushunchasi tavbadan ko‘ra kengroqdir. Istig‘forda, tavbadan farqli o‘laroq, gunohni darhol to‘xtatish yoki unga qaytmaslik ahdi shart qilinmaydi, balki mag‘firatning o‘zi so‘raladi, xolos. Kim shu ma’noda istig‘for aytsa, uning gunohi kechirilishiga kafolat berilmaydi. Faqat Alloh taolo unga O‘z lutfi va marhamati bilan muomala qilib, kechib yuboradigan holatlar mustasno.
Shulardan ma’lum bo‘ladiki, hadisga berilgan birinchi izoh to‘g‘ridir. Chunki gunohda davom etaturib, tilida istig‘for aytadigan kimsalar shariatda qoralangan. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: “Gunohidan tavba qilgan kishi go‘yo gunohi yo‘q kishi kabidir. Gunohni to‘xtatmay turib istig‘for aytuvchi kimsa esa Rabbisini masxara qilayotgan kishi kabidir” (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh aytadi: “Gunohni to‘xtatmasdan aytilgan istig‘for – yolg‘onchilarning tavbasidir”.
Hadisda “tavba” emas, “istig‘for” lafzi ishlatilgan bo‘lsa-da, bu lafz ko‘pincha tavba ma’nosida qo‘llaniladi. Garchi lug‘atda “istig‘for” faqatgina “kechirim so‘rash” ma’nosini bildirsa ham, shar’iy istilohda u ko‘pincha tavbani ham o‘z ichiga oladi.
Imom G‘azzoliy va boshqa ba’zi olimlar quyidagi fikrni ilgari surganlar: “Agar inson biror sababga ko‘ra biror gunohni butunlay tark etishga o‘zida kuch topa olmayotgan bo‘lsa, istig‘forni butunlay tashlab qo‘ygandan ko‘ra, pushaymonlik va istig‘for aytish bilan Allohga yuzlanib turishi afzaldir. Garchi bunday istig‘for mag‘firatni kafolatlamasa-da, inshoalloh, foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, bu istig‘for vaqti kelib, bandaning o‘sha gunohni haqiqiy tark etishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bunday kishi istig‘forni aslo tark etmasligi kerak”.
Tavbadagi nozik nukta shuki, banda tavba qilayotgan paytida o‘z ixtiyori bilan bu gunohga qaytmaslikka qalban azmu qaror qilishi kerak. Garchi uning qalbida “nafsim g‘olib kelib, men yana shu gunohni qilib qo‘ysam-chi?” degan xavotir bo‘lsa ham, tavbaning sahihligiga putur yetmaydi. Muhimi – tavbani chin ko‘ngildan gunohga qaytmaslik azmu qarori bilan qilish va unda sobit turishni Alloh taolodan so‘rash.
Tavba orqali banda o‘zining ojizligini va Parvardigorining mag‘firatiga muhtoj ekanini izhor qiladi. Mana shu haqiqiy bandalikdir. Shu yo‘l bilan u Alloh taoloning mag‘firatiga, marhamatiga erishadi, inshoalloh.
“Takmilatu Fathil mulhim” asari asosida Azizbek XOLNAZAROV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 9-sonidan