Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

07.09.2018 y. Ilm – aql chirog‘i

31.08.2018   11704   9 min.
07.09.2018 y. Ilm – aql chirog‘i

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram azizlar! Ma’lumki, Islom dini insonlarni ilm olishga targ‘ib qiluvchi dindir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga nozil qilingan dastlabki oyatlarda o‘qishga buyurilishning o‘zi ham Islom ilmu ma’rifat dini ekanining yorqin dalilidir. Alloh taolo ilmni qiyomatgacha bandalar uchun ma’rifatga erishish, haqiqatni topish, ikki dunyo saodatiga erishish vositasi qildi. Ilmsizlik esa insoniyatni tubanlikka, halokatga olib borishini bildirdi. Insonlarni ilm olishga va shu orqali Parvardigorini tanishga buyurdi. Alloh taolo marhamat qiladi:

فَاعْلَمْ أَنَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا اللَّهُ وَاسْتَغْفِرْ لِذَنْبِكَ وَلِلْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ وَاللَّهُ يَعْلَمُ مُتَقَلَّبَكُمْ وَمَثْوَاكُمْ (سورة محمد/28).

ya’ni:Bas, (ey, Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang! Alloh sizlarning (bu dunyodagi) kezadigan joylaringizni ham, (oxiratda) boradigan joylaringizni ham bilur . (Muhammad surasi, 28-oyat).

Har bir ish mukammal, mustahkam bo‘lishi uchun ilm, amal va ixlos birlashishi shart. Farididdin Attor hazratlari “ilohiyotda avval ixlos keyin ilm turadi”, – deydilar. Dunyoda ilmdan ko‘ra yuksak daraja va martaba yo‘qdir. Alloh taolo aytadi:

يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ ( سورة المجادلة/11).

ya’ni: “...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11-oyat).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan ko‘plab hadisi shariflarda ham ilmga targ‘ib, ilm egalari madh etilgan. Jumladan bir hadislarida:

اَلْعُلَمَاءُ وَرَثَةُ الْاَنْبِيَاءِ فَاِنَّ الْاَنْبِيَاءَ لَمْ يُوَرِّثُوا دِينَارًا وَلاَ دِرْهَمًا فَاِنَّمَا وَرَّثُوا الْعِلْمَ

(رَوَاهُ الْإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ وَالْاِمَامُ اَبُو دَاوُدَ).

ya’ni: “Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinor ham, dirham ham meros qoldirmaganlar, balki ilmni meros qilib qoldirganlar”, – deganlar (Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyati).

Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar:

مَنْ جَاءَ اَجَلُهُ وَهُوَ يَطْلُبُ الْعِلْمَ لَقِيَ اللهَ تَعَالَى وَلَمْ يَكُنْ بَيْنَهُ وَبَيْنَ النَّبِيِّيْنَ اِلَّا دَرَجَةُ النُّبُوَّةِ (رَوَاهُ الْإِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ).

ya’ni: “Kim ilm talab qilayotgan vaqtida ajali yetib qolsa, Alloh taoloning huzurida u bilan payg‘ambarlar o‘rtasini faqat payg‘ambarlik darajasigina ajratib turadi” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Muhtaram azizlar! Ilm olish va kitob mutolaa qilish borasida ulug‘ zotlardan ajoyib xotiralar qolgan. Jumladan mazhabimiz ulamolaridan bo‘lgan Muhammad ibn Hasan Ash-Shayboniy kitob o‘qish asnosida murakkab bir masalaga yechim topganlarida, xursand bo‘lib ketganlaridan:

اَيْنَ اَبْنَاءُ الْمُلُوكِ مِنْ هَذِهِ الَّذَّةِ

ya’ni: “Bunday lazzatni podshohlarning bolalari ham ko‘rmagan”, – der

 ekanlar. Imom Shofe’iy aytadilar:

مِنْ شَرَفِ الْعِلْمِ اَنَّ كُلَّ مَنْ نُسِبَ اِلَيْهِ وَلَوْ فِيْ شَيْئٍ حَقِيْرٍ فَرِحَ وَمَنْ رُفِعَ عَنْهُ حَزِنَ

ya’ni: “Ilmning qadri shunchalik balandki, kimga ilm nisbati berilsa, -  garchi u arzimas narsada bo‘lsada – xursand bo‘ladi. Agar kimni ilmsiz deyilsa, xafa bo‘ladi”. Buyuk muhaddis Imom Abu Dovud As-Sijistoniy kiyim tiktirganlarida, uning yengini keng qilib tiktirar ekanlar. Chunki unga kitob solar ekanlar. U kishi ko‘p kitob o‘qishni yaxshi ko‘rar edilar. Qayerga bormasinlar, albatta yonlarida kitoblarini olib yurar, bo‘sh vaqt topildi deguncha kitoblarini olib o‘qir ekanlar.

         Ulamolardan birlari: “Agar biz kitob o‘qishdan topayotgan lazzatni mulkdorlar bilsalar edi, uni bizdan tortib olishardi”, – der edi.

         Al-Hasan ibn Sahl aytadilar: “Ma’mun uxlaganda atrofida kitoblari turar edi. Uxlashdan oldin ham kitob o‘qir, uyqudan uyg‘onib ketganida ham kitob o‘qir edi. U shunday deb vasiyat qilar edi:

اِسْتَعِنْ عَلَى وَحْشَةِ الْغُرْبَةِ بِقِرَاءَةِ الْكُتُبِ، فَإِنَّهَا أَلْسُنٌ نَاطِقَةٌ وَعُيُوْنٌ رَامِقَةٌ

ya’ni: “Yolg‘izlik vahshatini kitoblarni o‘qish bilan yenggin. Zero, kitoblar so‘zlaguvchi tillar va tikilib turuvchi ko‘zlardir”. Al-Hasan Al-Lu’luiy aytadilar: “Qirq yil bo‘ldi, turganimda ham, uxlaganimda ham ko‘ksimdan kitob tushgan emas”. Shafiq ibn Ibrohim Al-Balxiy aytadilar: “Biz Abdulloh Ibn Muborakka: “Nima uchun namoz o‘qib bo‘lganimizdan so‘ng biz bilan birga o‘tirmaysiz?”, – deb so‘radik. U kishi: “Sahobalar va tobeinlar bilan birga o‘tirishga ketaman”, – dedilar. Biz: “Sahobalar va tobeinlar qayerda ekan?”, – deb, hayron bo‘lib yana so‘radik. Shunda u zot: “Kitob o‘qiyman, shunda ular haqida, qilgan ishlari haqida bilib olaman. Sizlar bilan o‘tirib nima qilaman. Sizlar bekor o‘tirib, odamlarni g‘iybatini qilib o‘tirasizlar”, – deb  javob berdilar”.

Bobomiz Amir Temur aytadilar: “Kitob – barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql idrokning, ilmu-donishning asosidir. Hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir”.

Muhtaram jamoat! Barchalarimiz yosh avlod ta’lim-tarbiyasi borasidagi davlat dasturini amalga oshirishda o‘zaro hamjihatlik ruhida sa’yu-harakat qilsak, bu boradagi dunyoqarash va tasavvurlarni tubdan o‘zgartirsak, ko‘zlangan maqsad va natijalarga erishamiz. Alloh taolo marhamat qilib aytadi:

...إِنَّ اللَّهَ لَا يُغَيِّرُ مَا بِقَوْمٍ حَتَّى يُغَيِّرُوا مَا بِأَنْفُسِهِمْ ...   (سورة الرّعد/11(

ya’ni: “...Albatta, Alloh biror qavm o‘zlaridagi narsani (ne’matlarga nisbatan munosabatni) o‘zgartirmagunlaricha, ulardagi narsani (holatni yomon holatga) o‘zgartirmas...” (Ra’d surasi, 11-oyat)

Hozirgi farovon, tinch-omon va to‘kin-sochin hayotimiz qadriga yetmagan ayrim yoshlar ta’lim olish, o‘qish-o‘rganish, mehnat ko‘nikmalarini hosil qilish, kasb-hunar sirlarini o‘rganish fursatini g‘animat bilmay, beparvolik qilmoqdalar. Ular oltindan qimmat vaqtlarini ko‘cha-kuylarda bemaqsad yurishlar bilan boy berishyapti, kunlarini mazmunsiz o‘tkazib, begona yot g‘oyalar ortidan ergashib, yosh umrlarini xazon etmoqdalar.

عَنْ الْحَسَنِ الْبَصْرِيِّ : الْعِلْمُ فِي الصِّغَرِ ، كَالنَّقْشِ فِي الْحَجَرِ

ya’ni: Hasanul Basriydan rivoyat qilinadi. U zot: "Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir”, – deganlar. Shu o‘rinda muhtaram ota-onalarga farzandlari tarbiyasi va ta’limiga jiddiy ahamiyat berishga, ularni har vaqt nazorat qilish, maktabdan so‘ng albatta biron bir mashg‘ulot bilan shug‘ullanish, sport, uy yumushlari, tomorqa va chorva hayvonlari parvarishi kabi jismoniy ishlarga jalb qilishlari zarur ekanligini ta’kidlaymiz.

Alloh taolo aziz farzandlarimizni jismonan sog‘lom, aqlan yetuk va teran bilimli, bo‘lib tarbiya topishlari va kamolat cho‘qqilariga erishuvlariga nasibu ro‘zi aylasin! Omin.

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, bir necha kunlardan keyin yangi hijriy 1440 yili kirib keladi. Uning birinchi oyi bo‘lmish Muharram oyi shariatimizda ulug‘langan oylardan hisoblanadi. Bugun sizlarga Muharram oyining fazilatiga doir hadisi shariflarni eslatib o‘tamiz:

Muharram oyining Ashuro, ya’ni o‘ninchi kunida samoviy dinlar tarixida muhim voqealar bo‘lib o‘tgani sababli bu oyning o‘ninchi kunini Ashuro kuni deyish urfga aylangan.

Imom Ahmad rahmatullohi alayh Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilishlaricha, shu kuni hazrati Nuh alayhissalomning kemalari Judiy tog‘i ustida to‘xtagan, shu sababli Nuh alayhissalom shukrona tariqasida shu kuni ro‘za tutganlar. Bundan tashqari, Alloh taolo muso alayhissalomni Ashuro kuni Fir’avnning iskanjasidan qutqargani haqida Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilingan.

Muharram oyi va unda ro‘za tutishning fazilati haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan bir qancha hadis rivoyat qilingan. Jumladan:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: أَفْضَلُ الصِّيَامِ بَعْدَ رَمَضَانَ شَهْرُ اللهِ الْمُحَرَّمُ (رَوَاهُ الْاِمَامُ مُسْلِمٌ)

ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan  rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ramazondan keyin ro‘zalarning afzali Allohning oyi Muharram (ro‘zasi)dir” (Imom Muslim rivoyati).

Bu hadisdagi “Allohning oyi” deyilishi Muharramni ulug‘lash uchun.

عَنْ أَبِي قَتَادَةَ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ صِيَامُ يَوْمِ عَاشُورَاءَ إِنِّي أَحْتَسِبُ عَلَى اللَّهِ أَنْ يُكَفِّرَ السَّنَةَ الَّتِي قَبْلَهُ  (رَوَاهُ الْاَمَامُ التِّرْمِذِيُّ)

ya’ni: Abu Qatoda raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ashuro kuni ro‘zasi (sababli) Alloh o‘tgan yilgi gunohlarni kechirishini umid qilaman” (Imom Termiziy rivoyati).

                Ashuro kuni (Muharramning 10-kuni)ni 9-kuni bilan qo‘shib tutish (zavoid) sunnat amal. Faqat Ashuro kunining o‘zida ro‘za tutish (tanzihiy) makruhdir (Fatvoi Hindiya).

         Ashuro kunidan avval ham, keyin ham bir kun ro‘za tutish mustahab bo‘ladi (Fathul Qadir).

         عَنْ عَبْدِ اللهِ، قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ وَسَّعَ عَلَى عِيَالِهِ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ فِي سَائِرِ سَنَتِهِ (َروَاهُ الْاِمَامُ الْبَيْهَقِيُّ)

         ya’ni: Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan  rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim oila ahliga Ashuro kunida (oziq-ovqat, kiyim-kechakda va boshqa narsalarda) kengchilik qilsa, yilning qolganida Alloh unga kengchilik qiladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Alloh taolo kirib kelayotgan yangi 1440 hijriy yilni barchamizga muborak aylasin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

10.08.2026   4056   2 min.
Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi 7 avgust kuni Makka shahridagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda 133 davlatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida boshlandi.

IQNA "Minbar" gazetasiga tayanib xabar berishicha, Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi bir kun avval Makkadagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda boshlangan va final bosqichini Masjidul Haromda o‘tkazish uchun zamin tayyorlagan.

Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning saralash bosqichida hakamlar hay’atlari eng yuqori aniqlik va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda, Qur’on tilovati uslublari va qoidalariga ixtisoslashgan taniqli xalqaro hakamlar guruhi nazorati ostida erkak va ayol ishtirokchilarning chiqishlarini tinglab, final bosqichiga kimlar o‘tishini aniqladi.

Tanlovning joriy bosqichi 133 mamlakatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida o‘tkazilmoqda, ular besh toifa: "Shatibiya" usuli bo‘yicha yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Vazirlik ushbu global qur’oniy tadbirning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun elektron hakamlik tizimini joriy etish, ishtirokchilarni baholashda adolat va aniqlikni ta’minlash uchun tashkiliy va keng qamrovli platformani yaratish, shuningdek, ularga turli xil xizmatlarni taqdim etish kabi barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi.

Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro musobaqa dunyodagi eng yirik Qur’on musobaqalaridan biri hisoblanib, uning umumiy pul mukofotlari miqdori 10 million saudiya rialidan oshadi.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari