Bir necha asrlar oldin Islom olamining ilmiy markazi bo‘lgan Bog‘dodda juda ko‘p ulamolar yashashgan. Kunlardan bir kun Rum podshohi Bog‘dodga o‘z elchisini jo‘natib, unga musulmonlarni uchta savol bilan sinab ko‘rishni topshirdi. Elchi shaharga yetib borgach, xalifaga podshohning istagini bildirdi. Shunda xalifa shahar ulamolarini saroyga yig‘ishni buyurdi.
Elchi minbarga chiqib:
— Men sizlarga podshohimning uch savolini beraman. Agar unga to‘g‘ri javob bera olsangiz, u sizlarga ko‘p mol-mulk va’da qilmoqda. Savollar quyidagicha:
Allohdan avval nima bo‘lgan?
Alloh bir lahzada hamma yoqqa nazar sola oladimi?
Hozir Alloh nima qilyapti?
Ulamolar orasida sukunat cho‘mdi. To‘satdan olomon ichida mayin ovoz eshitildi:
— Dadajon, ruxsat bering, men uning savollariga javob beray!
Bu ovoz otasiga ergashib kelgan yosh bolaniki edi. Xalifadan ruxsat so‘ralgach, bolakayga gapirishga izn berildi. Rum elchisi yosh musulmonga murojaat qilib, birinchi savolini takrorladi:
— Allohdan avval nima bo‘lgan?
Bola savolga savol bilan javob berdi:
— Sanashni bilasizmi?
— Ha, - dedi elchi.
— Unda o‘ndan pastga qarab sanang!
Elchi "o‘n, to‘qqiz, sakkiz, deya sanay boshladi va nihoyat "bir" deb to‘xtadi.
— Nega to‘xtadingiz?, dedi bola.
— Bir sonidan oldin boshqa son yo‘q-ku?!, — dedi hayronlik bilan elchi.
— Oddiy bir sonidan oldin hech narsa yo‘q ekan, qanday qilib Yakka bo‘lgan Allohdan avval bir narsa bo‘lishi mumkin?! U Avval va Oxir, Zohiru, Botindir.
Elchi bu javobga hech qanday e’tiroz bildira olmadi va ikkinchi savolni berdi:
— Alloh bir lahzada hamma yoqqa nazar sola oladimi?
— Sham keltirib yoqing, - dedi bola. — Endi esa uning nuri qayerga qarab taralayotganini ayting.
— Ammo, shamning nuri har tarafga taraladi: sharqqa, g‘arbga, shimolga, janubga... Aniq bir tomonni aytish mushkul, - deya hayrati ortdi elchining.
— Agar yaratilgan nur har tomonga taralar ekan, uning Yaratuvchisidan nimani kutmoqdasiz?! «Alloh osmonlar va yerning nuridir...» (Nur, 35) xitob qildi bola.
Elchi o‘z ko‘zlariga ishonmasdi. Qarshida turgan bu kichkina bolakayning donolik bilan berayotgan javoblari uni lol qoldirdi. Tushkunlikka tushgan elchi oxirgi savolni berishga og‘iz juftlar ekan, bolakay unga:
— To‘xtang, siz mening o‘rnimga tushib, men esa minbarga chiqishim adolatliroqdir. Savolingizni hamma eshitdi, endi mening javobimni ham eshitishsin, — dedi.
Elchi bu taklifga rozi bo‘ldi va minbardan tushib, uchinchi savolni takrorladi:
— Hozir Alloh nima qilyapti?
— Alloh hozir minbardan bir yolg‘onchi, shakkokni tushirib, uni hammaga kulgi qildi. Allohning borligiga va birligiga ishongan mo‘minni esa yuksaltirib, tiliga hikmat solib haqiqatni bayon qildirdi. Alloh hamma narsaga qodirdir.
Mag‘lub elchi bu so‘zlardan so‘ng isnod bilan o‘z shahriga qaytib ketdi. Bola esa Islom olamidagi eng buyuk olimlardan biri bo‘lib yetishdi.
Toshkent viloyati Zangiota tumani
«Imomi A’zam»
jome masjidi imom-xatibi
Odiljon Narzullayev
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV