Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyul, 2025   |   10 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:12
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
05 Iyul, 2025, 10 Muharram, 1447

Tahorat olib yotishning 6 fazilati

27.08.2018   22844   2 min.
Tahorat olib yotishning 6 fazilati
  1. Tahoratli holda yotgan bandaning haqiga farishtalar duo qiladi. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim pok holida uxlasa, uning haqiga bir farishta: “Allohim, bu bandangni mag‘firat qil. Chunki u pok holida uxladi”, deydi” (Imom Ibn Hibbon rivoyati).

 

  1. Tahoratda yotgan bandaning duosi maqbul bo‘ladi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir mo‘min banda Allohni zikr qilib, pok holida uxlasa va kechasi turib, Allohdan dunyoyu oxirat yaxshiligini so‘rasa, Alloh unga so‘ragan narsasini, albatta beradi”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

  1. Qiyomat kunida ham tahoratli holida tiriladi. Ulamolar: “Uyquga yotishdan oldin olingan tahoratni o‘limga tayyorgarlikning dastlabki qadami” deydilar. Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: “Tahorat olib yotgan holida vafot etgan kishining ruhi tahoratli holda qayta tiriladi” (Fathul Boriy, Umdatul Qoriy)

 

  1. Tahoratda yotish yomon tushlar ko‘rishdan saqlaydi. Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh aytadi: “Kim tahorat olib o‘rniga yotsa, yaxshi tush ko‘radi” (Fathul Boriy).

Muhammad Zakariyo Kandehlaviy rahmatullohi alayhi bunday deydi: “Tahorat olgan holda uxlashga yotish, yomon tush ko‘rishdan saqlaydi” (Taqrir Buhoriy).

 

  1. Tahoratda yotish tunni ibodat bilan o‘tkazganning savobiga noil etadi. Al-Ijliy aytadi: “Kim tahorat olgan holida Alloh taoloni zikr qilib o‘rniga yotsa, to uyg‘onguniga qadar Alloh taoloning ibodatida qoim bo‘lganlar savobiga musharraf bo‘ladi” (Fathul Boriy).
  2. Tahoratda yotgan bandaning ruhi Alloh taoloning Arshi oldida sajda qiladi. Abu Dardo roziyallohu anhu aytadi: “Qachon mo‘min banda uxlasa, uning ruhi Arshga ko‘tariladi. Agar banda tahoratli holida yotgan bo‘lsa, uning ruhiga Arshda Alloh taologa sajda qilishiga ijozat beriladi” (Ibn Muborak Kitabuz-Zuhd, Fathul Boriy).

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim tahorat ustiga tahorat qilsa, Alloh unga o‘nta (savob) yaxshilik yozadi”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

Hazrat Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Agar sizlardan birortangiz tahorat olsa-yu, tahoratini yaxshilab qilsa, so‘ngra: “Ashhadu allaa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu. Va ashhadu anna Muhammadan abduhu va Rasuluhu», deb aytsa, albatta, unga jannatning sakkiz eshigi ochiladi va u xohlaganidan kiradi”, dedilar» (Imom Muslim rivoyati).

 

Davron NURMUHAMMAD

tayyorladi

Boshqa maqolalar

“Safarga ketdilar...”

04.07.2025   7655   2 min.
“Safarga ketdilar...”

Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:

– Haliyam uylanmadingmi?

– Yo‘q, – dedi u.

– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?

– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...

– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..

– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.

Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:

“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:

– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:

– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...

Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.

Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.

Akbarshoh RASULOV