Savol: Sajda qilganida quymichi, belining past qismi ochilib qolgan kishining namozi durust bo‘ladimi?
Javob: Namozda avrat a’zolarining to‘rtdan biri yoki undan ko‘p qismi ochilib qolishining hukmi o‘sha a’zoning hammasi ochilib qolganining hukmi kabidir. Namozda yopilishi kerak bo‘lgan avrat a’zolarining to‘rtdan biri ochilib qolsa va shu holda bir ruknni ado etsa, namoz buziladi. Agar ikkita avrat a’zoning to‘rtdan biridan kami ochilib qolib, ular qo‘shilganida bir a’zoning to‘rtdan biriga to‘g‘ri kelsa, namoz buziladi. Ammo ochilgan avratni darhol yopib olgan kishining namozi bilittifoq buzilmaydi. Avrat bo‘lgan a’zoning to‘rtdan biridan kam qismi ochilib qolsa, zarari yo‘q. Avratining to‘rtdan biri ochilib, bir rukn ado etilishi muddaticha turgan kishining, Imom Abu Yusuf nazdida, namozi buziladi. Imom Muhammad esa buzilmasligini aytgan (“Fatovoyi Hindiya”).
Demak, sajda qilganida quymichi, belining kindikdan pastki qismi ochilib qolgan odamning namozi durust bo‘lmaydi.
“SO‘RAGAN EDINGIZ...” kitobidan
Jumada duo ijobat
١٨٣٧- وَحَدَّثَنَا يَحْيَى بْنُ يَحْيَى قَالَ: قَرَأْتُ عَلَى مَالِكٍ. ح وَحَدَّثَنَا قُتَيْبَةُ بْنُ سَعِيدٍ عَنْ مَالِكِ بْنِ أَنَسٍ عَنْ أَبِي الزِّنَادِ عَنِ الْأَعْرَجِ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ذَكَرَ يَوْمَ الْجُمُعَةِ فَقَالَ: «فِيهِ سَاعَةٌ لَا يُوَافِقُهَا عَبْدٌ مُسْلِمٌ وَهُوَ قَبِيلَةٌ يَسْأَلُ اللَّهَ شَيْئًا إِلَّا أَعْطَاهُ إِيَّاهُ». زَادَ قُتَيْبَةُ فِي رِوَايَتِهِ: وَأَشَارَ بِيَدِهِ يُقَلِّلُهَا.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kunini zikr qila turib, "Unda shunday bir vaqt borki, musulmon banda namoz o‘qib turgan holida unga muvofiq kelib, Allohdan biron narsa so‘rasa, U Zot unga o‘shani bermay qo‘ymaydi", dedilar».
(Roviy) Qutayba o‘z rivoyatida "va qo‘llari bilan uning ozligiga ishora qildilar" deb qo‘shimcha qilgan (Imom Muslim rivoyati).
Izoh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan va keyingilardan ba’zi ilm ahllari duo ijobat bo‘ladigan soatni asrning ketidan to quyosh botgunicha cho‘zilgan vaqt orasida deb hisoblaydilar. Ahmad va Is'hoqning qavli shu.
Ahmad bunday deydi: "Hadislarning ko‘pi, duosi mustajob bo‘ladigan soat asr namozidan keyin ekani borasidadir. Zavoldan keyin ham kutiladi".