Savol: Sajda qilganida quymichi, belining past qismi ochilib qolgan kishining namozi durust bo‘ladimi?
Javob: Namozda avrat a’zolarining to‘rtdan biri yoki undan ko‘p qismi ochilib qolishining hukmi o‘sha a’zoning hammasi ochilib qolganining hukmi kabidir. Namozda yopilishi kerak bo‘lgan avrat a’zolarining to‘rtdan biri ochilib qolsa va shu holda bir ruknni ado etsa, namoz buziladi. Agar ikkita avrat a’zoning to‘rtdan biridan kami ochilib qolib, ular qo‘shilganida bir a’zoning to‘rtdan biriga to‘g‘ri kelsa, namoz buziladi. Ammo ochilgan avratni darhol yopib olgan kishining namozi bilittifoq buzilmaydi. Avrat bo‘lgan a’zoning to‘rtdan biridan kam qismi ochilib qolsa, zarari yo‘q. Avratining to‘rtdan biri ochilib, bir rukn ado etilishi muddaticha turgan kishining, Imom Abu Yusuf nazdida, namozi buziladi. Imom Muhammad esa buzilmasligini aytgan (“Fatovoyi Hindiya”).
Demak, sajda qilganida quymichi, belining kindikdan pastki qismi ochilib qolgan odamning namozi durust bo‘lmaydi.
“SO‘RAGAN EDINGIZ...” kitobidan
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «(Umrida) aslo yaxshilik qilmagan bir kishi o‘z ahliga: «O‘lsam, (jasadimni) kuydirib, yarmini quruqlikka, yarmini dengizga sochib yuboringlar. Allohga qasamki, agar Alloh meni topib olsa, hech kimga bermagan azobi bilan azoblaydi», dedi.
O‘sha odam o‘lgach, buyurganidek qilishdi. Alloh quruqlikka buyurdi, u (kulning) o‘zidagi qismini to‘pladi, so‘ng dengizga buyurdi, u ham uning o‘zidagi qismini to‘pladi. Keyin U Zot: «Nega bunday qilding?» dedi. U: «Sendan qo‘rqqanimdan, yo Robbim! Axir O‘zing bilguvchisan!» dedi. Shunda Alloh uni mag‘firat qildi» (Imom Muslim rivoyati).