Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu)

25.08.2018   45838   15 min.
Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu)

To‘liq ismi: Umar ibn Xattob ibn Nufayl ibn Abduluzza ibn Ka’b ibn Luay ibn Fihr bo‘lib, to‘rtinchi bobosi Ka’b ibn Luayda Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallamning nasablari bilan tutashadi.

Hazrat Umar roziyallohu anhu Quraysh qabilasining Banu Adiy urug‘idan. Johiliyat davrida qabilaning elchilikka mas’ul kishisi bo‘lgan.

Fil yilidan o‘n uch yil o‘tib tug‘ilgan. Nabiy sollalohu alayhi va sallamga nubuvvat kelganida yigirma yetti yoshda bo‘lgan va nubuvvatning oltinchi yili Islomni qabul qilgan. Mo‘minlar amiri bo‘lganida ellik ikki yoshda edi. Uning amirlik davri o‘n yilu olti oyu to‘rt kun davom etgan. Oltmish ikki yoshida vafot etgan. Otasi Xattob Quraysh boshliqlaridan, onasi Hamna binti Hoshim edi. Ammasining o‘g‘li Valid ibn Mug‘ira Xolid ibn Validning otasi bo‘lgan.

Bolalari: o‘g‘li Abdulloh ibn Umar Nabiy sollalohu alayhi va sallamning fe’llariga eng ko‘p ergashgan sahobalardan. Qizi Hafsa Nabiy sollalohu alayhi va sallamning zavjasidir. Umar roziyallohu anhuning Fotima va Osim ismli farzandlari ham bo‘lgan. Qolgan uch farzandini Nabiy sollalohu alayhi va sallamning: «Allohga eng yoqimli ism “Abdulloh” va “Abdurahmon”dir», degan hadislarini eshitgach, bitta nom bilan atagan: “Katta Abdurahmon”, “O‘rtancha Abdurahmon” hamda “Kichik Abdurahmon”.

Laqablari: uchta laqabi bo‘lib, ikkitasini Nabiy sollalohu alayhi va sallam qo‘yganlar. Birinchisi: “Abu Hafs” sherning bolasi degan ma’noni anglatadi.

“Abu Hafs” deb qizi Hafsaga nisbatan aytilgan degan fikr ham bor. Ikkinchi laqabi “Foruq”. Nabiy sollalohu alayhi va sallam: “Sen Foruqsan, ya’ni: Alloh sen orqali haq bilan botilning orasini ajratadi”, deya marhamat qilganlar. Uchinchi laqabi esa “mo‘minlar amiri”dir.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu baland bo‘yli bo‘lganidan, kelayotganini ko‘rgan odam uni otliq deb o‘ylardi. Mushaklari baquvvat, mo‘ylovi enli, o‘zi oq-sariqdan kelgan, chiroyli yuzli kishi bo‘lgan. Yurganida tez, shaxdam-shaxdam qadam tashlardi. O‘ktam ovozda gapirar, xayol bilan turgan odam tovushidan qo‘rqib ketishi mumkin edi. Bu uning odamlar orasidagi haybatidan darak beradi.

Islomni qabul qilishidan ilgari Rasululloh sollalohu alayhi va sallam: “Ey Alloh, Islomni Umar ibn Xattob yoki Amr ibn Hishom bilan quvvatla!”, deb duo qilganlar.

*  *  *

Musulmonlar safi kengayib borayotganini kuzatib turgan Umar (Islomni qabul qilmasidan ilgari) Nabiy sollalohu alayhi va sallamni o‘ldirishga qaror qiladi. Makka ko‘chalaridan qilichini yalang‘ochlaganicha Rasululloh sollalohu alayhi va sallamning uylari tomon yura boshlaydi. Uni sahobalardan biri ko‘rib qolib: “Yo‘l bo‘lsin, ey Umar”, deb so‘raydi. Umar: “Muhammadning oldiga, uni o‘ldiraman va Qurayshni undan qutqaraman”, deydi. Sahoba Nabiy sollalohu alayhi va sallamga zarar yetib qolishidan cho‘chib: “Bani Abdulmutallib bunga yo‘l qo‘yadi deb o‘ylaysanmi?” deydi. Bu gapni eshitgan Umar: “Qarasam, sen ham Muhammadga ergashganga o‘xshaysan, dindan chiqibsan”, deb tahdid qiladi. Sahoba: “Yo‘g‘-ye, bunday emas. Lekin, ey Umar, oldin o‘zingning etagingni yig‘ishtir, Muhammadning huzuriga borishdan oldin singling va kuyovingni tarbiyalab ol. Ular Muhammadga ergashib ketishgan”, deydi. Bu gapdan Umarning tepa sochi tikka bo‘ladi va singlisining uyiga yo‘l oladi. Sahoba esa tezda Nabiy sollalohu alayhi va sallam huzurlariga borib, u kishini vaziyatdan ogohlantiradi.

Umar singlisining uyida kuyovi Saidni ushlab olib: “Diningdan qaytib, Muhammadga ergashibsan, shundaymi?” deb do‘q uradi. Said: “To‘g‘ri yo‘l sening diningdan boshqa dinda bo‘lsa-chi?” deb e’tiroz bildirgani zahoti kuchli zarba yeydi. Umar Saidning ustiga tashlanib, ayovsiz ura boshlaydi. Yuziga urayotgan vaqtida Fotima binti Xattob kelib qoladi va Umarni eridan nari qilishga urinadi. Fotima akasiga: “Akajon, to‘g‘ri yo‘l sening diningdan boshqa dinda bo‘lsa, nima deysan?!” deydi dadillik bilan. Natijada bir tarsaki yeydi. Shu paytda bexosdan qo‘lidagi varaq tushib ketadi. Buni ko‘rgan Umar: “Uni menga uzat-chi!” deydi buyruq ohangida. Singlisi: “Sen nopoksan, bunda esa Allohning kalomi bor, uni faqat pok kishilargina ushlaydi, borib yuvinib kel”, deydi. Umar yuvinib kelgach, qog‘ozni o‘qiy boshlaydi. Bu Toho surasi edi: «To, ho. (Ey Muhammad!) Biz Sizga bu Qur’onni (din ishida) mashaqqat chekishingiz uchun emas, balki (Allohdan) qo‘rqadigan kishilar uchun eslatma sifatida nozil qildik. (U) Yerni va yuksak osmonlarni yaratgan zot (Alloh tomoni)dan nozil qilingandir. (U) Arsh uzra “mustaviy” bo‘lmish Rahmondir. Osmonlardagi, Yerdagi va ularning orasidagi hamda zamin ostidagi bor narsa Unikidir. Agar (Siz) oshkora gapirsangiz ham (yoki xufiyona gapirsangiz ham), albatta, U sirni ham, eng maxfiy narsalarni ham bilur. Alloh – Undan o‘zga iloh yo‘qdir. Uning “Asmoi Husno”si (go‘zal ismlari) bordir» (Toho, 1–8). Shundan so‘ng Umar: “Bu so‘zni faqat olamlarning Rabbisi ayta oladi. Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh. Meni Muhammadning huzuriga olib boringlar”, deydi. Xabob ibn Arat uning oldiga chiqib: “U zot sollalohu alayhi va sallam Arqam ibn Abu Arqamning xonadonidadir. Men senda Rasululloh sollalohu alayhi va sallamning: “Allohim, Islomni Umar ibn Xattob yoki Amr ibn Hishom bilan quvvatla!”, deya qilgan duolarining ijobatini ko‘ryapman”, deydi. Umar ibn Xattob bu gapdan xursand bo‘lib ketdi va Arqamning uyiga borib eshik qoqadi. Umar ichkariga kirgach, Payg‘ambarimizning tizzalariga o‘zini tashlaydi. Shunda Rasululloh(sollalohu alayhi va sallam)­: “Endi imon keltirasanmi, ey Umar”, deydilar. Umar ibn Xattob: “Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va Muhammad Uning bandasi va rasuli ekaniga guvohlik beraman”, deya shahodat kalimasini aytadi.

*  *  *

Nabiy sollalohu alayhi va sallam unga jannat bashoratini berganlar. Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhu aytadi: «Men Nabiy sollalohu alayhi va sallamni masjiddan izladim. Topolmagach, u zotning qayerdaliklarini so‘radim. Menga hozirgina chiqib ketganlarini aytishdi. Aris qudug‘iga yetganimda, u zot oyoqlarini quduqqa solib o‘tirgan ekanlar. Eshikbon bo‘lib turishni maqsad qildim. Shu payt Abu Bakr keldi. Unga: “Bugun men eshikbonman. Rasululloh (sollalohu alayhi va sallam) ruxsat bermagunlaricha ichkariga kirmaysan”, deb aytdim. Abu Bakr (roziyallohu anhu) hayron bo‘ldi va ruxsatni kutib turdi.

So‘ng Rasululloh sollalohu alayhi va sallamning yonlariga borib: “Ey Allohning rasuli, Abu Bakr sizdan kirishga izn so‘rayapti”, deb aytdim. Rasululloh sollalohu alayhi va sallam uning kelganidan xursand bo‘lib, tabassum qildilar va: “Kirishiga ruxsat ber va unga jannat bashoratini ham ber”, deya marhamat qildilar. Aytganlariday qildim. Abu Bakr ichkariga kirib, Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallamning yonlariga o‘tirdi va u ham oyoqlarini quduqqa solib oldi. Shu vaqt hazrat Umar kelib qoldi. Endi ichkariga kirmoqchi bo‘lganida “Bugun men eshikbonman, Rasululloh sollalohu alayhi va sallam ruxsat bermagunlaricha ichkariga kirish yo‘q”, deb aytdim. Nabiy sollalohu alayhi va sallam unga ham ijozat berib, jannat xabarini aytdilar».

*  *  *

Kunlarning birida Rasululloh sollalohu alayhi va sallam as'hoblari orasida o‘tirganlarida: “Abu Bakr qanday ham yaxshi inson, Umar qanday ham yaxshi inson”, deya marhamat qildilar. Boshqa bir kuni Nabiy sollalohu alayhi va sallam masjidga kiriboq: “Abu Bakr qayerda? Oldimga kelsin. Umar qayerda? Oldimga kelsin”, deb aytdilar. Oldilariga kelganlarida esa, ikkisining ham qo‘lidan tutib: “Qiyomat kunida xuddi shunday qayta tirilamiz”, dedilar. Hasan Basriy rahmatullohi alayh bunday hikoya qiladi: «Qiyomat kuni Islom odam suratida keladi. So‘ng odamlarga birma-bir qarab: “Ey Rabbim, mana bu menga yordam berdi, mana bu meni xor qildi”, deb aytadi. So‘ngra Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga qarab uning qo‘lidan tutadi va: “Ey Rabbim, mana shu kishi Islomni qabul qilguniga qadar men g‘arib edim”, deydi». Nabiy sollalohu alayhi va sallam aytadilar: «Tushimda jannatda ekanim ko‘rsatildi. U yerda katta qasr ko‘rdim. Shunda men: “Bu qasr kimniki?” deb so‘radim. Menga: “Bu qurayshlik kishining qasri”, deyildi. “Menikimi?” deb so‘radim. “Yo‘q, bu Umar ibn Xattobning qasridir”, deyishdi».

Yana bir hadisda Nabiy (sollalohu alayhi va sallam) aytadilar: «Tushimda jannatda ekanim ko‘rsatildi. U yerda ulkan qasrni ko‘rdim. Qasr oldida bir ayol tahorat olayotgan edi. Haligi ayoldan: “Bu qasr kimniki?” deb so‘radim. U: “Umar ibn Xattobniki” deb javob berdi. “Shunda Umarning rashkini eslab, u yerga kirmay ketdim”, dedilar. Bu gapni eshitgan hazrat Umar yig‘laganicha: “Men sizdan rashk qilarmidim, ey Allohning Rasuli?!” dedi».

*  *  *

Quraysh ayollari Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallamdan dinni o‘rganishayotgan edi. Gaplashayotgan vaqtlarida tovushlarini Nabiy sollalohu alayhi va sallamning ovozlaridan yuqori ko‘tarib yuborishdi. Shu payt hazrat Umar roziyallohu anhu eshik taqillatib qoldi. Uning ovozini eshitgach, ayollarning dami ichiga tushib, qo‘rqib ketishdi. Nabiy sollalohu alayhi va sallam esa kulib yubordilar. Hazrat Umar roziyallohu anhu ichkariga kirganida unga: “Bilasanmi, Umar, anavi ayollar mening huzurimda gaplashib o‘tirib, ovozlarini menikidan baland ko‘tarayotgan edilar. Sen kelishing bilan jim bo‘lib qoldilar, nafaslari ichiga tushib ketdi”, dedilar. Shunda Umar: “Ey Allohning rasuli, qo‘rqishlariga Siz haqliroqsiz”, dedi va ayollarga qarata: “Ey o‘z jonining dushmanlari, mendan qo‘rqasizlar-u, Allohning rasulidan qo‘rqmaysizlarmi?!” dedi. Ayollar unga javoban: “Axir sen qo‘polsan-da”, dedilar. Payg‘ambar (sollalohu alayhi va sallam) kulib yubordilar va: “Ey Umar, agar shayton senga yo‘lda duch kelib qolsa, o‘ziga boshqa yo‘l topib ketadi”, dedilar.

*  *  *

Bir rivoyatga ko‘ra, Rasululloh (sollalohu alayhi va sallam): “Tushimda men tarozining bir pallasiga, ummatim esa ikkinchi pallasiga qo‘yildi. Men og‘ir keldim. So‘ngra Abu Bakr bir pallaga va ummat bir pallaga qo‘yildi. Abu Bakr og‘ir keldi. So‘ng Umar bir pallaga va ummat ikkinchi pallaga qo‘yilgandi, Umar og‘ir keldi”, deya marhamat qilganlar.

*  *  *

“Nima uchun tilanchilik qilyapsan?” deya so‘radi yo‘lda gadoychilik qilib o‘tirgan bir yahudiydan hazrat Umar roziyallohu anhu kunlarning birida. Haligi yahudiy: “Jizya to‘lash uchun mol yig‘yapman”, deb javob qildi. Hazrat Umar roziyallohu anhu: “Biz sendan yoshligingda jizya olib, endi qarib-keksayib qolganingda tilanchilik qilishga tashlab qo‘yibmiz-ku! Yo‘q, Alloh haqqi, senga albatta nafaqa beramiz”, dedi va qariyaga bundan oldin tilanchilikdan tushgan narsalarni egalariga qaytarishini buyurdi va o‘sha ondan boshlab barcha Islom o‘lkalariga u yerda yashaydigan barcha yahudiy va nasorolarning qariya va nogironlari, bolalari va ayollariga moddiy yordam berilsin, deb amr qildi.

*  *  *

Hazrat Umar roziyallohu anhu tunlari Madina ko‘chalarini aylanib yurishga odatlangan edi. Ana shunday sayrlarning birida go‘dak yig‘isini eshitib qolib, yaqinlashdi va ichkaridan erkak kishining: “Bolaga nima bo‘ldi? Alloh haqqi, uni emizgin!” degani va ayol kishining: “Borib bolaga yegulik olib keling”, deb javob qaytarganini eshitib qoldi. Umar (roziyallohu anhu) yana bir kecha ularning eshigi oldidan o‘tdi. Ichkaridan yana erkak kishining: “Alloh haqqi, bolani emizsang-chi”, degan tanbehi eshitildi. Umar (roziyallohu anhu) uchinchi kecha ana shu uyning oldida tunab qoldi va erning g‘azab aralash: “Senga o‘xshagan onani hech ham ko‘rgan emasman, nima bo‘ldi o‘zi?” deb so‘ragani, ayolning: “Meni tinch qo‘ying, Umar ibn Xattob faqat ko‘krakdan ajragan bolalar uchun maosh to‘laydi, mening bolam esa emadi”, deganini eshitdi. Bu gapdan so‘ng hazrat Umar (roziyallohu anhu) yig‘lab yubordi. Ko‘p yig‘laganidan bomdodda imomlikka o‘tib berolmadi. Bu holga tushunmay turgan musulmonlar namozdan so‘ng shavkatli amirning: “Ey Umar, Qiyomat kunida sho‘ring quriydigan bo‘ldi. Qanchadan-qancha bolalarning haqiga zomin bo‘lding”, deya o‘zini malomat qilganini eshitishdi. So‘ngra Umar roziyallohu anhu: “Ey odamlar, Alloh haqqi, bugundan boshlab, bolalaringizni sutdan ajratmang. Qiyomat kunida ular tufayli so‘roqqa tutilmasligim uchun Islomda tug‘ilgan har bir go‘dakka maosh tayin qilaman”, dedi.

*  *  *

Bir kuni hazrat Umar roziyallohu anhu: “Ey odamlar, agar boshim bilan dunyoga sho‘ng‘ib ketsam nima qilasizlar?” deb so‘radi. Hech kim biror so‘z aytmadi. U bu savolini uch marta qaytardi. Shunda odamlar orasidan bir kishi turib: “Agar boshing bilan dunyoga sho‘ng‘iydigan bo‘lsang, sen bilan qilichimiz bilan to‘g‘rilab qo‘yamiz!” dedi. Shunda hazrat Umar roziyallohu anhu: “Muhammad ummatidan Umarni to‘g‘rilab qo‘yadigan kishini paydo qilgan Zotga hamdu sano bo‘lsin”, deya Allohga hamd aytdi.

*  *  *

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan mag‘lubiyatga uchragan Hiraql musulmonlar amiri bilan uchrashish uchun elchi jo‘natadi. Elchi Madina ko‘chalaridan yurib, mo‘minlar amirining qasrini qidira boshlaydi. Bir kishidan so‘raganida: “Mana shu yo‘ldan borsang, uni uchratasan”, degan javobni oladi. Yo‘lda ekanida unga boshqa bir kishi: “Daraxt tagida uxlab yotgan kishini ko‘ryapsanmi, ana o‘sha mo‘minlarning amiridir”, deydi. Shunda elchi boshining tagiga oyoq kiyimini qo‘yib, terga botib uxlab yotgan Umarni ko‘radi va: “Adolatli hukm surib, xotirjam uxlading. Biz esa podshohlik qurib, zulm qildik va qo‘rqib bedor bo‘ldik. Ey musulmonlar, shu sabab bizning ustimizdan g‘olib bo‘ldinglar”, dedi.

Yulduz KOMILOVA

tayyorladi.

“Hidoyat” jurnalidan

O‘MI Matbuot xizmati

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   36785   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari