To‘liq ismi: Umar ibn Xattob ibn Nufayl ibn Abduluzza ibn Ka’b ibn Luay ibn Fihr bo‘lib, to‘rtinchi bobosi Ka’b ibn Luayda Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallamning nasablari bilan tutashadi.
Hazrat Umar roziyallohu anhu Quraysh qabilasining Banu Adiy urug‘idan. Johiliyat davrida qabilaning elchilikka mas’ul kishisi bo‘lgan.
Fil yilidan o‘n uch yil o‘tib tug‘ilgan. Nabiy sollalohu alayhi va sallamga nubuvvat kelganida yigirma yetti yoshda bo‘lgan va nubuvvatning oltinchi yili Islomni qabul qilgan. Mo‘minlar amiri bo‘lganida ellik ikki yoshda edi. Uning amirlik davri o‘n yilu olti oyu to‘rt kun davom etgan. Oltmish ikki yoshida vafot etgan. Otasi Xattob Quraysh boshliqlaridan, onasi Hamna binti Hoshim edi. Ammasining o‘g‘li Valid ibn Mug‘ira Xolid ibn Validning otasi bo‘lgan.
Bolalari: o‘g‘li Abdulloh ibn Umar Nabiy sollalohu alayhi va sallamning fe’llariga eng ko‘p ergashgan sahobalardan. Qizi Hafsa Nabiy sollalohu alayhi va sallamning zavjasidir. Umar roziyallohu anhuning Fotima va Osim ismli farzandlari ham bo‘lgan. Qolgan uch farzandini Nabiy sollalohu alayhi va sallamning: «Allohga eng yoqimli ism “Abdulloh” va “Abdurahmon”dir», degan hadislarini eshitgach, bitta nom bilan atagan: “Katta Abdurahmon”, “O‘rtancha Abdurahmon” hamda “Kichik Abdurahmon”.
Laqablari: uchta laqabi bo‘lib, ikkitasini Nabiy sollalohu alayhi va sallam qo‘yganlar. Birinchisi: “Abu Hafs” sherning bolasi degan ma’noni anglatadi.
“Abu Hafs” deb qizi Hafsaga nisbatan aytilgan degan fikr ham bor. Ikkinchi laqabi “Foruq”. Nabiy sollalohu alayhi va sallam: “Sen Foruqsan, ya’ni: Alloh sen orqali haq bilan botilning orasini ajratadi”, deya marhamat qilganlar. Uchinchi laqabi esa “mo‘minlar amiri”dir.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu baland bo‘yli bo‘lganidan, kelayotganini ko‘rgan odam uni otliq deb o‘ylardi. Mushaklari baquvvat, mo‘ylovi enli, o‘zi oq-sariqdan kelgan, chiroyli yuzli kishi bo‘lgan. Yurganida tez, shaxdam-shaxdam qadam tashlardi. O‘ktam ovozda gapirar, xayol bilan turgan odam tovushidan qo‘rqib ketishi mumkin edi. Bu uning odamlar orasidagi haybatidan darak beradi.
Islomni qabul qilishidan ilgari Rasululloh sollalohu alayhi va sallam: “Ey Alloh, Islomni Umar ibn Xattob yoki Amr ibn Hishom bilan quvvatla!”, deb duo qilganlar.
* * *
Musulmonlar safi kengayib borayotganini kuzatib turgan Umar (Islomni qabul qilmasidan ilgari) Nabiy sollalohu alayhi va sallamni o‘ldirishga qaror qiladi. Makka ko‘chalaridan qilichini yalang‘ochlaganicha Rasululloh sollalohu alayhi va sallamning uylari tomon yura boshlaydi. Uni sahobalardan biri ko‘rib qolib: “Yo‘l bo‘lsin, ey Umar”, deb so‘raydi. Umar: “Muhammadning oldiga, uni o‘ldiraman va Qurayshni undan qutqaraman”, deydi. Sahoba Nabiy sollalohu alayhi va sallamga zarar yetib qolishidan cho‘chib: “Bani Abdulmutallib bunga yo‘l qo‘yadi deb o‘ylaysanmi?” deydi. Bu gapni eshitgan Umar: “Qarasam, sen ham Muhammadga ergashganga o‘xshaysan, dindan chiqibsan”, deb tahdid qiladi. Sahoba: “Yo‘g‘-ye, bunday emas. Lekin, ey Umar, oldin o‘zingning etagingni yig‘ishtir, Muhammadning huzuriga borishdan oldin singling va kuyovingni tarbiyalab ol. Ular Muhammadga ergashib ketishgan”, deydi. Bu gapdan Umarning tepa sochi tikka bo‘ladi va singlisining uyiga yo‘l oladi. Sahoba esa tezda Nabiy sollalohu alayhi va sallam huzurlariga borib, u kishini vaziyatdan ogohlantiradi.
Umar singlisining uyida kuyovi Saidni ushlab olib: “Diningdan qaytib, Muhammadga ergashibsan, shundaymi?” deb do‘q uradi. Said: “To‘g‘ri yo‘l sening diningdan boshqa dinda bo‘lsa-chi?” deb e’tiroz bildirgani zahoti kuchli zarba yeydi. Umar Saidning ustiga tashlanib, ayovsiz ura boshlaydi. Yuziga urayotgan vaqtida Fotima binti Xattob kelib qoladi va Umarni eridan nari qilishga urinadi. Fotima akasiga: “Akajon, to‘g‘ri yo‘l sening diningdan boshqa dinda bo‘lsa, nima deysan?!” deydi dadillik bilan. Natijada bir tarsaki yeydi. Shu paytda bexosdan qo‘lidagi varaq tushib ketadi. Buni ko‘rgan Umar: “Uni menga uzat-chi!” deydi buyruq ohangida. Singlisi: “Sen nopoksan, bunda esa Allohning kalomi bor, uni faqat pok kishilargina ushlaydi, borib yuvinib kel”, deydi. Umar yuvinib kelgach, qog‘ozni o‘qiy boshlaydi. Bu Toho surasi edi: «To, ho. (Ey Muhammad!) Biz Sizga bu Qur’onni (din ishida) mashaqqat chekishingiz uchun emas, balki (Allohdan) qo‘rqadigan kishilar uchun eslatma sifatida nozil qildik. (U) Yerni va yuksak osmonlarni yaratgan zot (Alloh tomoni)dan nozil qilingandir. (U) Arsh uzra “mustaviy” bo‘lmish Rahmondir. Osmonlardagi, Yerdagi va ularning orasidagi hamda zamin ostidagi bor narsa Unikidir. Agar (Siz) oshkora gapirsangiz ham (yoki xufiyona gapirsangiz ham), albatta, U sirni ham, eng maxfiy narsalarni ham bilur. Alloh – Undan o‘zga iloh yo‘qdir. Uning “Asmoi Husno”si (go‘zal ismlari) bordir» (Toho, 1–8). Shundan so‘ng Umar: “Bu so‘zni faqat olamlarning Rabbisi ayta oladi. Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh. Meni Muhammadning huzuriga olib boringlar”, deydi. Xabob ibn Arat uning oldiga chiqib: “U zot sollalohu alayhi va sallam Arqam ibn Abu Arqamning xonadonidadir. Men senda Rasululloh sollalohu alayhi va sallamning: “Allohim, Islomni Umar ibn Xattob yoki Amr ibn Hishom bilan quvvatla!”, deya qilgan duolarining ijobatini ko‘ryapman”, deydi. Umar ibn Xattob bu gapdan xursand bo‘lib ketdi va Arqamning uyiga borib eshik qoqadi. Umar ichkariga kirgach, Payg‘ambarimizning tizzalariga o‘zini tashlaydi. Shunda Rasululloh(sollalohu alayhi va sallam): “Endi imon keltirasanmi, ey Umar”, deydilar. Umar ibn Xattob: “Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va Muhammad Uning bandasi va rasuli ekaniga guvohlik beraman”, deya shahodat kalimasini aytadi.
* * *
Nabiy sollalohu alayhi va sallam unga jannat bashoratini berganlar. Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhu aytadi: «Men Nabiy sollalohu alayhi va sallamni masjiddan izladim. Topolmagach, u zotning qayerdaliklarini so‘radim. Menga hozirgina chiqib ketganlarini aytishdi. Aris qudug‘iga yetganimda, u zot oyoqlarini quduqqa solib o‘tirgan ekanlar. Eshikbon bo‘lib turishni maqsad qildim. Shu payt Abu Bakr keldi. Unga: “Bugun men eshikbonman. Rasululloh (sollalohu alayhi va sallam) ruxsat bermagunlaricha ichkariga kirmaysan”, deb aytdim. Abu Bakr (roziyallohu anhu) hayron bo‘ldi va ruxsatni kutib turdi.
So‘ng Rasululloh sollalohu alayhi va sallamning yonlariga borib: “Ey Allohning rasuli, Abu Bakr sizdan kirishga izn so‘rayapti”, deb aytdim. Rasululloh sollalohu alayhi va sallam uning kelganidan xursand bo‘lib, tabassum qildilar va: “Kirishiga ruxsat ber va unga jannat bashoratini ham ber”, deya marhamat qildilar. Aytganlariday qildim. Abu Bakr ichkariga kirib, Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallamning yonlariga o‘tirdi va u ham oyoqlarini quduqqa solib oldi. Shu vaqt hazrat Umar kelib qoldi. Endi ichkariga kirmoqchi bo‘lganida “Bugun men eshikbonman, Rasululloh sollalohu alayhi va sallam ruxsat bermagunlaricha ichkariga kirish yo‘q”, deb aytdim. Nabiy sollalohu alayhi va sallam unga ham ijozat berib, jannat xabarini aytdilar».
* * *
Kunlarning birida Rasululloh sollalohu alayhi va sallam as'hoblari orasida o‘tirganlarida: “Abu Bakr qanday ham yaxshi inson, Umar qanday ham yaxshi inson”, deya marhamat qildilar. Boshqa bir kuni Nabiy sollalohu alayhi va sallam masjidga kiriboq: “Abu Bakr qayerda? Oldimga kelsin. Umar qayerda? Oldimga kelsin”, deb aytdilar. Oldilariga kelganlarida esa, ikkisining ham qo‘lidan tutib: “Qiyomat kunida xuddi shunday qayta tirilamiz”, dedilar. Hasan Basriy rahmatullohi alayh bunday hikoya qiladi: «Qiyomat kuni Islom odam suratida keladi. So‘ng odamlarga birma-bir qarab: “Ey Rabbim, mana bu menga yordam berdi, mana bu meni xor qildi”, deb aytadi. So‘ngra Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga qarab uning qo‘lidan tutadi va: “Ey Rabbim, mana shu kishi Islomni qabul qilguniga qadar men g‘arib edim”, deydi». Nabiy sollalohu alayhi va sallam aytadilar: «Tushimda jannatda ekanim ko‘rsatildi. U yerda katta qasr ko‘rdim. Shunda men: “Bu qasr kimniki?” deb so‘radim. Menga: “Bu qurayshlik kishining qasri”, deyildi. “Menikimi?” deb so‘radim. “Yo‘q, bu Umar ibn Xattobning qasridir”, deyishdi».
Yana bir hadisda Nabiy (sollalohu alayhi va sallam) aytadilar: «Tushimda jannatda ekanim ko‘rsatildi. U yerda ulkan qasrni ko‘rdim. Qasr oldida bir ayol tahorat olayotgan edi. Haligi ayoldan: “Bu qasr kimniki?” deb so‘radim. U: “Umar ibn Xattobniki” deb javob berdi. “Shunda Umarning rashkini eslab, u yerga kirmay ketdim”, dedilar. Bu gapni eshitgan hazrat Umar yig‘laganicha: “Men sizdan rashk qilarmidim, ey Allohning Rasuli?!” dedi».
* * *
Quraysh ayollari Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallamdan dinni o‘rganishayotgan edi. Gaplashayotgan vaqtlarida tovushlarini Nabiy sollalohu alayhi va sallamning ovozlaridan yuqori ko‘tarib yuborishdi. Shu payt hazrat Umar roziyallohu anhu eshik taqillatib qoldi. Uning ovozini eshitgach, ayollarning dami ichiga tushib, qo‘rqib ketishdi. Nabiy sollalohu alayhi va sallam esa kulib yubordilar. Hazrat Umar roziyallohu anhu ichkariga kirganida unga: “Bilasanmi, Umar, anavi ayollar mening huzurimda gaplashib o‘tirib, ovozlarini menikidan baland ko‘tarayotgan edilar. Sen kelishing bilan jim bo‘lib qoldilar, nafaslari ichiga tushib ketdi”, dedilar. Shunda Umar: “Ey Allohning rasuli, qo‘rqishlariga Siz haqliroqsiz”, dedi va ayollarga qarata: “Ey o‘z jonining dushmanlari, mendan qo‘rqasizlar-u, Allohning rasulidan qo‘rqmaysizlarmi?!” dedi. Ayollar unga javoban: “Axir sen qo‘polsan-da”, dedilar. Payg‘ambar (sollalohu alayhi va sallam) kulib yubordilar va: “Ey Umar, agar shayton senga yo‘lda duch kelib qolsa, o‘ziga boshqa yo‘l topib ketadi”, dedilar.
* * *
Bir rivoyatga ko‘ra, Rasululloh (sollalohu alayhi va sallam): “Tushimda men tarozining bir pallasiga, ummatim esa ikkinchi pallasiga qo‘yildi. Men og‘ir keldim. So‘ngra Abu Bakr bir pallaga va ummat bir pallaga qo‘yildi. Abu Bakr og‘ir keldi. So‘ng Umar bir pallaga va ummat ikkinchi pallaga qo‘yilgandi, Umar og‘ir keldi”, deya marhamat qilganlar.
* * *
“Nima uchun tilanchilik qilyapsan?” deya so‘radi yo‘lda gadoychilik qilib o‘tirgan bir yahudiydan hazrat Umar roziyallohu anhu kunlarning birida. Haligi yahudiy: “Jizya to‘lash uchun mol yig‘yapman”, deb javob qildi. Hazrat Umar roziyallohu anhu: “Biz sendan yoshligingda jizya olib, endi qarib-keksayib qolganingda tilanchilik qilishga tashlab qo‘yibmiz-ku! Yo‘q, Alloh haqqi, senga albatta nafaqa beramiz”, dedi va qariyaga bundan oldin tilanchilikdan tushgan narsalarni egalariga qaytarishini buyurdi va o‘sha ondan boshlab barcha Islom o‘lkalariga u yerda yashaydigan barcha yahudiy va nasorolarning qariya va nogironlari, bolalari va ayollariga moddiy yordam berilsin, deb amr qildi.
* * *
Hazrat Umar roziyallohu anhu tunlari Madina ko‘chalarini aylanib yurishga odatlangan edi. Ana shunday sayrlarning birida go‘dak yig‘isini eshitib qolib, yaqinlashdi va ichkaridan erkak kishining: “Bolaga nima bo‘ldi? Alloh haqqi, uni emizgin!” degani va ayol kishining: “Borib bolaga yegulik olib keling”, deb javob qaytarganini eshitib qoldi. Umar (roziyallohu anhu) yana bir kecha ularning eshigi oldidan o‘tdi. Ichkaridan yana erkak kishining: “Alloh haqqi, bolani emizsang-chi”, degan tanbehi eshitildi. Umar (roziyallohu anhu) uchinchi kecha ana shu uyning oldida tunab qoldi va erning g‘azab aralash: “Senga o‘xshagan onani hech ham ko‘rgan emasman, nima bo‘ldi o‘zi?” deb so‘ragani, ayolning: “Meni tinch qo‘ying, Umar ibn Xattob faqat ko‘krakdan ajragan bolalar uchun maosh to‘laydi, mening bolam esa emadi”, deganini eshitdi. Bu gapdan so‘ng hazrat Umar (roziyallohu anhu) yig‘lab yubordi. Ko‘p yig‘laganidan bomdodda imomlikka o‘tib berolmadi. Bu holga tushunmay turgan musulmonlar namozdan so‘ng shavkatli amirning: “Ey Umar, Qiyomat kunida sho‘ring quriydigan bo‘ldi. Qanchadan-qancha bolalarning haqiga zomin bo‘lding”, deya o‘zini malomat qilganini eshitishdi. So‘ngra Umar roziyallohu anhu: “Ey odamlar, Alloh haqqi, bugundan boshlab, bolalaringizni sutdan ajratmang. Qiyomat kunida ular tufayli so‘roqqa tutilmasligim uchun Islomda tug‘ilgan har bir go‘dakka maosh tayin qilaman”, dedi.
* * *
Bir kuni hazrat Umar roziyallohu anhu: “Ey odamlar, agar boshim bilan dunyoga sho‘ng‘ib ketsam nima qilasizlar?” deb so‘radi. Hech kim biror so‘z aytmadi. U bu savolini uch marta qaytardi. Shunda odamlar orasidan bir kishi turib: “Agar boshing bilan dunyoga sho‘ng‘iydigan bo‘lsang, sen bilan qilichimiz bilan to‘g‘rilab qo‘yamiz!” dedi. Shunda hazrat Umar roziyallohu anhu: “Muhammad ummatidan Umarni to‘g‘rilab qo‘yadigan kishini paydo qilgan Zotga hamdu sano bo‘lsin”, deya Allohga hamd aytdi.
* * *
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan mag‘lubiyatga uchragan Hiraql musulmonlar amiri bilan uchrashish uchun elchi jo‘natadi. Elchi Madina ko‘chalaridan yurib, mo‘minlar amirining qasrini qidira boshlaydi. Bir kishidan so‘raganida: “Mana shu yo‘ldan borsang, uni uchratasan”, degan javobni oladi. Yo‘lda ekanida unga boshqa bir kishi: “Daraxt tagida uxlab yotgan kishini ko‘ryapsanmi, ana o‘sha mo‘minlarning amiridir”, deydi. Shunda elchi boshining tagiga oyoq kiyimini qo‘yib, terga botib uxlab yotgan Umarni ko‘radi va: “Adolatli hukm surib, xotirjam uxlading. Biz esa podshohlik qurib, zulm qildik va qo‘rqib bedor bo‘ldik. Ey musulmonlar, shu sabab bizning ustimizdan g‘olib bo‘ldinglar”, dedi.
Yulduz KOMILOVA
tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalidan
O‘MI Matbuot xizmati
Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas
Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.
Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qing!» oyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.
2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:
Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.
Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.
Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.
3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.
Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.
4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.
Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, “bu ochiq-oydin sehrdir” dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].
Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.
5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.
6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].
Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].
So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.
Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.
Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.
Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.
7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.
1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].
Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].
Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.
Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].
Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.
2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].
So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].
Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!
Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.
3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.
Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.
Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.
Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga
.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan