Bismillahdan boshladim, sizlar uchun bir hikmat,
Faqirlarga bashorat, oqil uchun bir ibrat.
Iyd Qurbon kelganda, Rosululloh chog‘landi,
So‘ymoq uchun ikki qo‘yning, oyoqlari bog‘landi.
Oqibatin bilmasdan, ahli nodon so‘zlari,
Kerakmidi shu ishlar? Faqir bo‘lsa O‘zlari,
Halovat yo‘q toatda, bizlar dunyo g‘amida,
Havotirda Mustafo, ayting kimning g‘amida.
Ko‘zni oching mo‘minlar, hikmatdur har ishlari,
O‘zlarin o‘ylamaslar, ummatdur tashvishlari.
Faqirlarga hushxabar, havas qilar boylar ham,
Yig‘lab havas qilgaydur, yuzlab qo‘y so‘yganlar ham.
Asli bayon shundadir, Muborak qo‘llar bilan,
So‘ydilar ikki qo‘yni, ixlos muhabbat bilan.
So‘ngra duo qildilar: Xojamsanku yagona,
Bitta qo‘yni o‘zimdan, qabul ayla Robbana.
Yana duo qildilar, Haqga nola qildilar,
Ummat uchun chekib g‘am, qalbni vola qildilar.
Duo qilar to‘kib yosh, eshitgan qilmas bardosh,
Kimlar uchun qayg‘urdi, anglagin ey! Bag‘ritosh.
Qiyomat tong otguncha, ehsonim bo‘lsa maqbul,
Barcha faqir nomidan, bag‘ishladim et qabul.
Duo ketdi Rosuldan, Oxir zamon bo‘lguncha,
Noumid bo‘lmang faqirlar, imkon so‘rang o‘lguncha.
Men ham faqir va miskin, lekin qalbim yumshamas,
Toatlarim ko‘z ko‘zga, ibodatga o‘xshamas.
Ya Robbana nasib qil, Habibing ehsonidan,
So‘rab hayo qilarman, duoyim nuqsonidan.
Rahmatingni cheki yo‘q, menda zarra gumon yo‘q,
Xos ummatin qilmoqga, Sendan boshqa umid yo‘q.
Jizzax shahar "Imom Buxoriy"
jome masjidi, imom noibi
Halilov Umidjon Abdulhakim xoji o‘g‘li.
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida «Inson qadri ulug‘langan yurtda mehr va e’tibor har bir xonadonga kirib boradi» shiori ostida xayrli tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tashabbusga Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, bosh imom-xatib Rahmatillo domla Usmonov boshchilik qildi.
Tadbir doirasida shahar va tuman bosh imom-xatiblari hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va bemor fuqarolarning xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Samimiy muloqotlar davomida fuqarolarning hol-ahvoli va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga ma’naviy dalda berildi. Xonadon egalariga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari, ehson va sovg‘a-salomlar topshirildi.
Shuningdek, imom-xatiblar yurtdoshlarimiz bilan oila mustahkamligi, o‘zaro mehr-oqibat, sabr-qanoat hamda saxovatning fazilatlari haqida diniy-ma’rifiy suhbatlar olib bordilar. Bu kabi xayriya tadbirlari jamiyatda hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga, odamlar qalbida ertangi kunga ishonch uyg‘otishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati