Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik, mehr-oqibat muhitini asrash shu zaminda yashayotgan har bir inson, fuqaroning muqaddas burchidir.
Ana shu omillar tufayli mamlakatimiz taraqqiy etib, dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallamoqda. Xalqimizning hayot darajasi tobora yuksalib, har birimizning qalbimizda yuksak orzu-umidlar, kelajakka katta ishonch mustahkamlandi. Tinchlik-osoyishtalik bor joyda qancha xursandchilik, qancha bayram qilsa yarashadi.
Shunday ekan xalqimiz yuzida tabassum qalbida quvonch Mustaqilligimizning yigirma yetti yilligi va Qurbon hayiti bayramini munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish, yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga alohida daxldorlik hissini shakllantirish, xalqimiz orasida milliy qadriyatlarimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat va hamjihatlikni yanada kuchaytirish, beg‘araz yordam, mehr-muruvvat kabi ezgu fazilatlarni yuksaltirish, yoshlarimizni yuksak insoniy tuyg‘ular ruhida vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, mahallalar, aholi turar-joylarini obodonlashtirish maqsadida 2018-yil 18 avgust kuni bilim yurti xodimlari va o‘qituvchilari tamonidan bayram tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida hashar uyushtirildi. Bilim yurtimiz va masjid hududlari obodanlashtirilib, daraxtlar va yo‘l atrofi bardyurlar oqlandi. Obodonlashtirish ishlariga o‘kituvchi va xodimlar qatnashdi. 250 metr suv oqar ariqlar tozalandi, bilim yurti hududidan chiqindilar chiqarib tashlandi, yul chetidagi 150 metr bardyurlar va bilim yurtimiz va masjid atrofidagi 120 dona daraxtlar oqlandi. Hashar ishlari davomida Nukus shahar Imom Eshon Muhammad jome masjidi va madrasa xududi obodanlashtirilib, atrof muhit tozaligi mamlakatimizda mehr-oqibat va o‘zaro hamjihatlik muhitini mustahkaxmlash, Mustaqilligimizning yigirma yetti yillik bayramini nishonlash oldidan tabiatimizga e’tiborimizning bir ko‘rinishi bo‘lgan hashar faol va mazmunli o‘tkazildi. Hashar so‘ngida bilim yurtimiz uqituvchi va xodimlari bilim dargoh binosi oldiga jam bo‘lib, qilingan ishlarga, ozodalikdan husniga husn qo‘shilgan bilim maskanimizga qarab, ko‘ngillari taskin topdi. Barcha jam bo‘lib, mamlakatimiz, jamiyatimiz tinchligi, sog‘ligi va ravnaqini, qilinayotgan islohotlarni samarasini va uni ikki dunyoda saodatli bo‘lishini Allohdan so‘rab duo qilindi.
O‘MI matbuot xizmati
Ma’naviyat va ma’rifat
ishlari bo‘yicha mudir muovini: A Yerejepov.
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi