Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Kim masjidga erta borib, kech qaytsa, har bir erta borib, kech qaytgani uchun Alloh unga jannatda ziyofat tayyorlab qo‘yadi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Musulmonlarga yo‘l o‘rtasida ozor berayotgan daraxtni kesib tashlagan bir kishining jannatda xuzur-halovat ila yashayotganini ko‘rdim”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim ikki salqin(dagi namozni – bomdod va asr)ni o‘qisa, jannatga kiradi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Rad qilganlardan tashqari ummatimning barchasi jannatga kiradi”, deganlarida, ular: “Yo Allohning Rosuli, rad qiladiganlar kim o‘zi?” deyishdi. Shunda u zot: “Kim menga itoat qilsa, jannatga kiradi. Kim menga osiylik qilsa, batahqiq u rad qilibdi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Hoh o‘ziga qarashli, hoh begona yetimni o‘z qaramog‘iga olgan kishi bilan ikkovimiz jannatda birga bo‘lamiz”, dedilar. Molik ibn Anas ishora va o‘rta barmoqlariga ishora qildilar (Imom Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim biror kasalni borib ko‘rsa yoki Alloh yo‘lidagi birodarini ziyorat qilsa, bir nido qiluvchi: “Pok bo‘lding, yurishing ham pok bo‘ldi va jannatdan o‘zing uchun joy tayyorlab qo‘yding”, deb nido qiladi ”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi “Kim menga odamlardan biror narsa so‘ramayman, deb kafolat bersa, men uning jannatga kirishiga kafolat beraman”, deganlarida: “Men” dedim. Haqiqatda Savbon hech bir kishidan biror narsa so‘ramadilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Iyoz ibn Himor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Jannat ahli uch toifadir: 1. Adolatga muvaffaq bo‘lgan shoh; 2. Qarindoshlari va musulmonlarga rahmli hamda qalbi yumshoq kishi; 3. Bolalari ko‘p va o‘zi muxtoj bo‘la turib ham tilanchilik qilmaydigan kishi ”, deb aytganlarini eshitdim. (Imom Muslim rivoyati).
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Bir musulmon boshqa bir musulmonni ertalab ko‘rgani borsa, to kech kirgunicha yetmish ming farishta uning haqqiga duoda bo‘lishadi. Agar kechqurun ko‘rgani borsa, to ertalabgacha yetmish ming farishta uning haqqiga duoda bo‘lishadi. Hamda bu kishiga jannatda terib, yig‘ib qo‘yilgan meva bo‘ladi”, deb aytganlarini eshitdim (Imom Termiziy rivoyati).
Muoz roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kimning oxirgi so‘zi “La ilaha illalloh” bo‘lsa, jannatga kiradi”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Hokim rivoyati).
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qachon bir bandaning farzandi vafot etsa, Alloh taolo farishtalariga: “Bandamning farzandi ruxini oldilaringmi?” deydi. “Ha”, deb javob berishadi ular. “Qalbining mevasini qabz qildilaringmi?” deydi so‘ng. “Ha”, deb javob berishadi yana. “Bandam nima dedi?” deb so‘raydi Alloh taolo. Farishtalar: “Senga hamd va istirjo’ (inna lillahi va inna ilayhi rojiun) aytdi”, deyishadi. Shunda Alloh taolo: “Bandam uchun jannatda bir uy quringlar va uni hamd uyi, deb atanglar”, deydi ”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo aytadi: “ Dunyo ahli ichidagi sevimli kishisini qabz qilganimda savob umid qil(il sabr qil)gan mo‘min bandam uchun Mening xuzurimda jannatdan boshqa mukofot yo‘q!” (Imom Buxoriy rivoyati).
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bir musulmon kishining balog‘atga yetmagan uch farzandi vafot etsa, Alloh ularga bo‘lgan rahmatining fazli tufayli uni albatta jannatga kiritadi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.“ Bir kishi: “Yo Allohning Rasuli, “Qul huvallohu ahad” surasini yaxshi ko‘raman”, deganida, u zot: “Albatta, buni yaxshi ko‘rishing seni jannatga kirgizadi”, dedilar. (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).
Ummu Habibi roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni: “Bir musulmon banda Alloh taolo uchun har kuni o‘n ikki rakat farzdan tashqari ixtiyoriy namoz o‘qisa, Alloh taolo u kishiga jannatda uy quradi yoki jannatda uy quriladi”, deb aytganlarini eshitdim (Imom Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Umra (keyingi) umragacha ikkalasi orasidagilarga kafforatdir. Mabrur hajning mukofoti esa faqat jannatdir”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim menga ikki jag‘i va ikki oyog‘i orasini (saqlashga) kafolat bersa, uning jannatga kirishiga kafolat beraman”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim bir musulmon oilaga xursandchilik kiritsa, Alloh taolo mana shu kishi uchun jannatdan boshqa mukofot bo‘lishiga rozi bo‘lmaydi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Toshkent shahridagi “Mevazor” masjidi imom-noibi
Yorbek ISLOMOV
to‘pladi.
Bugungi kunda axborot tarqatish imkoniyati har bir insonda mavjud. Birgina so‘z, aloqa qurilmalaridagi birgina harakat butun jamiyatda shov-shuv, vahima keltirib chiqarishi mumkin. Anglamay yoki o‘yinqaroqlik bilan yoki maqsadli yolg‘on axborot tarqatish hollari ko‘p kuzatilmoqda. Xususan, din va e’tiqod kabi nozik masalalarda tarqatilayotgan feyk xabarlar nafaqat shaxsiy xatolik, balki jamiyatga salbiy ta’sir o‘tkazuvchi umumiy mas’uliyat hamdir.
Yolg‘on gapirish og‘ir gunohlardan sanaladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Rostgo‘ylikni mahkam tutinglar. Zero, rostgo‘ylik ezgulikka yo‘llaydi, ezgulik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapirish va rostgo‘ylikka intilishda davom etaveradi, natijada Alloh huzurida rostgo‘y deb yoziladi. Yolg‘onchilikdan saqlaninglar. Zero, yolg‘onchilik gunohkorlikka, fojirlik esa do‘zaxga boshlaydi. Banda yolg‘on gapirish va yolg‘onchilikka intilishda davom etaveradi, nihoyat Alloh huzurida yolg‘onchi deb yozilad”, dedilar. (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati).
Shunday ekan, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborotni tarqatish qat’iy man qilingan.
Feyk xabar tarqatishning ko‘plab salbiy oqibatlari bor:
Qur’oni karimning Hujurot surasi 6-oyatda shunday marhamat qilinadi:
“Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmay bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar”.
Feyk, yolg‘on xabarlardan ehtiyot bo‘lish kerakligini Qur’oni karim ta’kidlamoqda. Demak, har qanday xabarni tekshirish va ehtiyot bilan yondoshish kerak.
Rost xabarni qanday ajratish mumkin:
Har bir xabar – tarqatuvchi uchun ham, undan foydalanuvchi uchun ham mas’uliyat. Aloqa vositalari va ijtimoy tarmoqlarga joylayotgan post bilan yo to‘g‘rilikni targ‘ib qilish, yoki odamlarni chalg‘itish mumkin.
Shunday ekan, feyk axborot tarqatish og‘ir ma’naviy jinoyatdir. Har bir musulmon bunday xatarli holatdan o‘zini va boshqalarni saqlashi lozim.
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
jome masjidi imom-xatibi Shermuhammad Boltayev