بسم الله الرحمن الرحيم
Aziz jamoat! Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin! Mustaqillik bayrami arafasida shunday ulug‘ kunlarga tinchlik-osoyishtalikda, sog‘-salomatlikda yetkazgani uchun Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar va shukronalar bo‘lsin! Haq taolodan barcha ibodatlarimizni qabul aylab, ezgu maqsadlarimizga erishtirishini, Vatanimiz tinch, yurtimiz obod bo‘lib, turli xil xavfu-xatardan Yaratganning O‘zi asrashini iltijo qilib qolamiz.
Qurbon hayiti biz musulmonlar uchun ulug‘ bayram bo‘lib, Alloh taolo bu kunda bizlarni hayit namozini o‘qishga, qurbi yetgan kishilarni esa qurbonlik qilishga buyurgan. Qur’oni karimda bu haqda shunday bayon qilingan:
فَصَلِّ لِرَبِّكَ وَانْحَرْ (سورة الكوثر/2)
ya’ni: “Bas, Rabbingiz uchun (besh vaqt yoki Qurbon hayiti uchun) namoz o‘qing va (tuya) so‘yib qurbonlik qiling!” (Kavsar surasi, 2-oyat).
Shuningdek, qurbonlik haqida Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنْ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "اِنَّ اَوَّلَ مَا نَبْدَاُ بِهِ فىِ يَوْمِنَا هَذا اَنْ نُصَلِّىَ ثُمَّ نَرْجِعَ فَنَنْحَرَ فَمَنْ فَعَلَ فَقَدْ اَصَابَ سُنَّتَنَا وَمَنْ ذَبَحَ قَبْلَ الصَّلاَةِ فَاِنَّمَا هُوَ لَحْمٌ قَدَّمَهُ لِاَهْلِهِ لَيْسَ مِنَ النُّسُكِ فىِ شَيْءٍ"
(رواه الإمام البخارى).
ya’ni: “Darhaqiqat, bugungi kunda avval boshlaydigan ishimiz iydul azho (qurbon hayiti) namozini o‘qish, so‘ngra (uylarimizga) qaytib qurbonlik qilishdir. Kim shunday qilsa, demak u sunnatimizga muvofiq ish qilibdi. Kimdakim hayit namozidan oldin so‘ysa, u qurbonlik emas, balki o‘z ahli uchun taqdim qilgan go‘shtdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Fuqaholarimiz qurbonlikni istilohiy ma’nosini ta’riflab, “Qurbonlik bu – maxsus hayvonni maxsus vaqtda so‘yishdir”, – deganlar. Qurbonlik shariatga ikkinchi hijriy sanada kiritilgan. Hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish vojibdir. Qurbonlik qilish hur, balog‘at yoshiga yetgan, oqil, muqim, ya’ni safarda bo‘lmagan va zakot nisobiga ega bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Qurbonlik qilishning vaqti hayit kuni tong otishi bilan kiradi va uchinchi hayit kuni quyosh botishi bilan chiqadi. Qurbonlik qilishni hayit namozi o‘qib bo‘lingandan keyin boshlanadi.
Qurbonlik qilinadigan hayvonlar mol, tuya, qo‘y va echkilardan iboratdir. Bu hayvonlarning erkagi ham, urg‘ochisi ham, bichilgani ham qurbonlik qilinsa, bo‘laveradi. Boshqa hayvonlarni qurbonlik qilib bo‘lmaydi.
Mol bilan tuyani 7 kishigacha sherik bo‘lib so‘yish mumkin. Ammo bunday sherikchilikda juda ehtiyot bo‘lish kerak. Zero, sheriklarning hammasi musulmon va qurbonlikni niyat qilgan bo‘lishi shart. Ammo ulardan birortasi shunchaki go‘sht uchun qo‘shilgan bo‘lsa, qolgan barcha sheriklarning qurbonligi o‘tmaydi. So‘yilgan hayvonning go‘shti sheriklar o‘rtasida teng taqsimlanishiga ham alohida e’tibor qaratish zarur.
Bir ko‘zi ko‘rmaydigan, qulog‘i va dumining uchdan biridan ko‘p qismi kesilgan va so‘yiladigan yergacha o‘zi yurib bora olmaydigan darajada oqsoq hayvonlar qurbonlikka yaramaydi.
Qurbonlik qilingan va umuman har qanday hayvonning ham oqqan qoni, bezlari, siydik qopi, o‘t qopi, jinsiy a’zolarini yeyish harom.
Qurbonlik go‘shtining uchdan birini oila ahliga, uchdan birini qo‘shnilariga, qolganini muhtojlarga tarqatish mustahabdir. Hammasini faqirlarga bersa yoki oilada ko‘pchilik bo‘lsa, uyda qoldirsa ham bo‘ladi. Terisini sotish yoki qassobning xizmat haqiga berish joiz emas. Mabodo sotilsa, puli kambag‘allarga ehson qilinishi kerak.
Johiliyat davrida Makka mushriklari qurbonlik qilib, go‘shtini Ka’ba atrofiga osib, devorlariga qonini surtar va bu bilan Allohga yaqin bo‘lamiz, deb o‘ylar edilar. Islom dini kelib, ko‘plab insonlar hidoyat nuridan bahramand bo‘lganlaridan keyin, Alloh taolo musulmonlarni qurbonlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad nima ekaniga e’tiborlarini qaratib, quyidagi oyati karimasini nozil qildi:
لَنْ يَنَالَ اللَّهَ لُحُومُهَا وَلَا دِمَاؤُهَا وَلَكِنْ يَنَالُهُ التَّقْوَى مِنْكُمْ كَذَلِكَ سَخَّرَهَا لَكُمْ لِتُكَبِّرُوا اللَّهَ عَلَى مَا هَدَاكُمْ وَبَشِّرِ الْمُحْسِنِينَ (سورة الحج/37).
ya’ni: “Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli - U zotni ulug‘lashlaringiz uchun - ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (Haj surasi, 37-oyat).
Qurbonlik qilishdan maqsad – bandaning Alloh taolo amriga bo‘ysinishi va taqvosini namoyon etishdir. Demak, qurbonlik qiluvchi shaxs niyati to‘g‘ri bo‘lishi, amalini xolis Alloh taolo uchun qilgan bo‘lishi lozimdir. Qolaversa, bu amalni bajarishda Alloh taoloning buyukligi va dinining ulug‘ligi zohir bo‘ladi. Undan tashqari qurbonlik qilishda biz uchun boshqa foydalar ham bor. Dunyoviy foyda, masalan, yeyish, ichish bo‘lsa, uxroviy foyda esa – cheksiz savobdir.
عَنْ الحُسَيْنِ بْنِ عَلِيٍّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "مَنْ ضَحَّى طَيِّبَةً بِهَا نَفْسُهُ مُحْتَسِباً لِأُضْحِيَّتِهِ كَانَتْ لَهُ حِجَاباً مِنَ النَّارِ" (رَوَاهُ الإِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ)
ya’ni: Husayn ibn Ali raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki qurbonlikni chin ko‘ngildan va savob umidida qilsa, u (qurbonlik) uning uchun do‘zaxdan parda bo‘ladi”, – dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Boshqa bir rivoyatda esa:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "مَا عَمِلَ ابْنُ آدَمَ يَوْمَ النَّحْرِ عَمَلًا أَحَبَّ إلَى اللَّهِ مِنْ هِرَاقَةِ دَمٍ وَإِنَّهُ لَتَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ بِقُرُونِهَا وَأَظْلَافِهَا وَأَشْعَارِهَا وَأَنَّ الدَّمَ لَيَقَعُ مِنَ اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ بِمَكَانٍ قَبْلَ أَنْ يَقَعَ عَلَى الْأَرْضِ فَطِيبُوا بِهَا نَفْسًا" (رَوَاهُ الإِمَامُ ابْنُ مَاجَهْ وَ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ).
ya’ni: Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odam bolasi qurbonlik kuni qiladigan amallarining ichida qon chiqarishidan ko‘ra Alloh taologa mahbubroq amal yo‘q. Qurbonlikka so‘yilgan jonivor qiyomat kuni o‘z shoxi, tuyog‘i va yunglari bilan keladi. Qurbonlik qoni yerga tushmay turib, Alloh taoloning huzurida qabul bo‘ladi. Shuning uchun mamnuniyat ila qurbonlik qilinglar”, – dedilar” (Imom Ibn Moja va Imom Termiziy rivoyati).
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, nisobga yetarli molga ega bo‘lgan kishilar qurbonlik qilishlari vojib bo‘ladi. Shu bilan birga bir kishi qodir bo‘lsa bir necha kishi nomidan ham qurbonlik qilishi mumkin bo‘ladi. Masalan: o‘tgan ota-onalari, ajdodlari, hattoki, Janobimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nomlaridan qurbonlik qilishlari ham mustahab ekanligi mo‘tabar manbalarda bayon qilingan. Bu ularga bo‘lgan muhabbatning alomatidir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlari nomidan ham qurbonlik qilganlari rivoyat qilingan. Bu haqida Oisha va Abu Hurayra raziyallohu anhumolardan sahih rivoyat qilingan.
عَنْ أَبِي رَافِعٍ رضي الله عنه أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم كَانَ إِذَا ضَحَّى إشْتَرَى كَبَشَيْنِ سَمِيْنَيْنِ أَقْرَنَيْنِ أَمْلَحَيْنِ، فَإِذَا صَلَّى وَخَطَبَ النَّاسَ أُتِىَ بِأَحَدِهِمَا وَهُوَ قَائِمٌ فِي مُصَلاَّهُ، فَذَبَحَهُ بِنَفْسِهِ بِالْمُدْيَةِ، ثُمَّ يَقُولُ: "اللَّهُمَّ هَذَا عَنْ أُمَّتِي جَمِيعًا، مِمَّنْ شَهِدَ لَكَ بِالتَّوْحِيدِ، وَشَهِدَ لِي بِالْبَلَاغِ..." (رَوَاهُ الإِمَامُ أَحْمَدُ).
ya’ni: Abu Rofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qurbonlik qilganlarida ikkita semiz, shoxdor, oq-qora rangli qo‘chqorni sotib olgan edilar. namozni o‘qib, odamlarga xutba qilib, namozgohda turganlarida qo‘ylardan biri olib kelindi. Shunda u zot uni mudya degan joyda pichoq bilan so‘ydilar va “Ey Alloh, bu Sening yagonaliging va meni (Sen tarafingdan nozil bo‘lgan narsalarni) yetkazganimga guvohlik bergan barcha ummatim nomidan”, dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).
Muhtaram musulmonlar! Bugungi kunda yurtimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi diniy sohada ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Alloh taolo biz bandalarini O‘zining behisob ne’matlaridan bahramand etgan ekan, o‘z navbatida ana shu ne’matlarining qadriga yetib, shukrini ado etib borishimizga buyuradi. Rabbimizning ne’matlarini katta-kichik demay, shukrini bajo keltirishimiz zimmamizdagi burchdir. Shu bilan birga Alloh taoloning shariatiga amal qilib, O‘zi buyurganidek imon-e’tiqodda va taqvoda hayot kechirib borsak, Alloh taolo ulkan mukofotlarni va’da qilgan. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
وَلَوْ أَنَّ أَهْلَ الْقُرَى آَمَنُوا وَاتَّقَوْا لَفَتَحْنَا عَلَيْهِمْ بَرَكَاتٍ مِنَ السَّمَاءِ وَالْأَرْضِ (سورة الأعراف/96).
ya’ni: “Agarda (mazkur) yurtlarning aholisi imon keltirgan va taqvo qilganlarida edi, ular ustiga osmonlar va Yerdan barakotlar (eshiklari)ni ochib yuborgan bo‘lur edik” (A’rof surasi, 96-oyat).
Bu oyatda katta ibrat bordir. Alloh taolo bandalaridan juda ko‘p va og‘ir narsani talab qilmadi. Imon keltirib, shirk va gunohlardan o‘zlarini tiysalar bas. Shu ishlari evaziga yeru osmondan barakot ato etaman, deb va’da qilmoqda. Bu shart va mukofot va’dasi to Qiyomatgacha dunyoga kelib ketuvchi barcha bandalarga ham tegishlidir.
Bugun – ulug‘ bayram Qurbon hayiti bayramidir. Shuning uchun bu kunni yaqinlarimizni yo‘qlab, ularning holidan xabar olish, yoshi ulug‘larni ziyorat qilish, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, oilalarga xursandchilik ulashish va umuman, bayramning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadigan amali solihlar bilan o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bu kunda yanada mehribonroq, shafqatliroq bo‘lar, yetim-yesirlar boshini silar, qariyalar, kasalmandlar, kam ta’minlanganlardan xabar olar, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kirar edilar. Bu kunda gina-kuduratlarni unutib, kechirimli bo‘lish lozim.
Muhtaram jamoat! Mamlakatimizda xalq manfaatlariga qaratilgan, odamlarning og‘irini yengil qilish, munosib hayot sharoitlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur islohotlarning bosh maqsadi insonni ulug‘lash, mamlakatimizning rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishini ta’minlash hisoblanadi. Buning uchun yoshlarimizning ta’lim-tarbiyasiga e’tibor qaratishimiz, ularni yuksak odob-axloqli, tarbiyali, zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan xabardor, dunyoqarashi keng insonlar etib voyaga yetkazishimiz zarur. Chunki farzandlarimiz – bizning ertangi kunimiz. Qaysiki xalq mana shu vazifani muvaffaqiyatli ado etsa, kelajagi farovon, turmushi saodatli bo‘ladi.
Hammamiz bir bo‘lib, ahil-inoq bo‘lib, o‘zimiz yashayotgan shahrimiz, ona Vatanimiz rivojiga hissa qo‘shaylik. Buni biz qilmasak, chetdan hech kim yurtimizni rivojlantirib, qo‘sh qo‘llab bizga topshirib ketmaydi. Vatanimiz taqdiriga biz javobgarmiz. Bu bizning mo‘minlik, musulmonlik burchimiz.
Aziz yurtdoshlar! Yana bir bora barchalarimizga bu ikki bayram muborak bo‘lsin! Shunday fazilatli ayyomda duoga qo‘l ochib, ona Vatanimiz va butun dunyoni tinchlik va osudalik, xalqimizni farovon aylab, keyingi yil Qurbon hayiti kunlariga sog‘u-salomatlik bilan yetib borishni barchamizga nasib etishini so‘raymiz! Alloh taolo yurtimizni bundan ham obod qilib, xalqimizning moddiy va ma’naviy boyligini bundanda ziyoda bo‘lib borishini muyassar aylasin! Omin.
Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas
Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.
Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qing!» oyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.
2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:
Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.
Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.
Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.
3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.
Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.
4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.
Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, “bu ochiq-oydin sehrdir” dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].
Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.
5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.
6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].
Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].
So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.
Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.
Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.
Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.
7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.
1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].
Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].
Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.
Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].
Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.
2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].
So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].
Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!
Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.
3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.
Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.
Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.
Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga
.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan