Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Sentabr, 2026   |   5 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:44
Quyosh
06:04
Peshin
12:18
Asr
16:41
Shom
18:35
Xufton
19:51
Bismillah
16 Sentabr, 2026, 5 Rabi`us soni, 1448

Ilm olish fazilati

16.08.2018   24878   4 min.
Ilm olish fazilati

Ilm olish fazilati haqida Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Mo‘minlar yoppasiga (jangga) chiqishlari shart emas. Ularning har bir guruhidan bir toifa chiqmaydimi?! (Qolganlari Payg‘ambardan) dinni o‘rganib, qavmlari ularga (jangdan) qaytib kelgach, (gunohdan) saqlanishlari uchun ularni ogohlantirmaydilarmi?!» (Tavba surasi, 122-oyat).

Bu oyatdan ko‘zlangan maqsad – ta’lim berish va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishdir.

Alloh taolo aytadi: “Eslang (Ey Muhammad!) Alloh ahli kitoblardan, uni (Tavrot va Injilni) odamlarga, albatta, aniq bayon qilasiz, uni (hech kimdan) sir tutmaysiz deb ahd olgan edi” (Oli Imron, 187). Bu oyat ta’lim berishning vojibligiga dalolatdir.

Boshqa oyatda aytiladi:

Agar (bu haqda) bilmaydigan bo‘lsangiz, ahli zikrlardan (ya’ni Tavrot va Injilni biladiganlardan) so‘rasangiz!..” (Nahl, 43)

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ilm olish fazilatini shunday bayon qildilar: “Kim ilm talab qilish yo‘lini tutsa, Alloh taolo uni jannat yo‘liga yo‘llab qo‘yadi” (Imom Muslim rivoyati).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Maloikalar tolibi ilmni qilgan ishidan mamnun bo‘lib unga qanotlarini yozadilar. (Imom Ahmad Ibn Hibbon va Hokimlar rivoyati).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Ilmdan bir bob o‘rganib tong ottirishing yuz rakat namoz o‘qishingdan afzaldir” (Imomi ibn Abdulbar Abu Zarr rivoyat etgan).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yana aytadilar: “Kishi ilmdan bir bob o‘rganishi uning uchun dunyo va undagi narsalardan yaxshiroqdir” (Imom ibn Abdul Bar Hasan Basriydan mavquf holda rivoyat qilgan).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Ilmni Chinda (Xitoyda) bo‘lsa ham o‘rganinglar” (Imom ibn Adiy va Bayhaqiylar zaif isnod bilan rivoyat qilgan).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Ilm – xazina, uning kaliti – savol. So‘ranglar, so‘rashda 4 kishi savobga ega bo‘ladi: savol beruvchi, javob beruvchi, eshituvchi, ularni do‘st tutuvchi” (Abu Nu’aym zaif isnod bilan rivoyat qilgan).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Johil bilmaganini so‘ramasligi, olim bilganini aytmasligi durust emas” (Taboroniy, Ibn Murdavayh, ibn Sunniy, Abu Nu’aymlar rivoyat qilgan).

Abu Zarr rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Olimning majlisida hozir bo‘lish ming rakat namozdan, mingta kasalni borib ko‘rishdan, mingta janozada ishtirok etishdan afzaldir”, dedilar. Shunda: “Yo Rasululloh, Qur’on tilovatidan ham yaxshiroqmi?” deb so‘rashdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ilm bo‘lmasa, Qur’on tilovati foyda beradimi? (Ibn Javziy “Mavzu’ot”da zikr qilgan).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim islomni tiriltirish uchun ilm o‘rganayotganida vafot etsa jannatda u bilan Payg‘ambarlar orasida bir daraja qoladi» (Doramiy va ibn Sunniy hasan holda rivoyat qilishgan)

Islom buyuklari ilm o‘rganish fazilatini ko‘p va xo‘b ta’kidlashgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Ilm olishda (qiynaldim), bir oz xorlandim, tilagim hosil bo‘lgach azizu mukarram bo‘ldim”.

Ibn Abu Mulayka Ibn Abbos haqida shunday deganlar: “Chiroyda Ibn Abbosdek chiroylisini, so‘zlashda tili ravonini, fatvo berishda ilmlisini ko‘rmaganman”.

Abdulloh Ibn Muborak aytadilar: “Ilm o‘rganmasdan turib ulug‘likka intilgan kishiga hayronman”.

Hakimlardan biri aytadi: “Men ikki kishiga achinganchalik boshqa hech kimga achinmaganman:

  1. Ilmni tushunmasdan turib o‘rgangan kishiga,
  2. Ilmning muhimligini tushunib, uni o‘rganmagan kishiga”.

Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: “Sen olim yo o‘rganuvchi yoki unga quloq tutuvchi bo‘l. Lekin to‘rtinchisi bo‘lmagilki, halok bo‘lasan”.

Tobeinlardan Ato Ibn Abu Raboh aytadilar: “Bir ilm majlisi lag‘v – behuda majlislardan 70 tasiga kafforat bo‘ladi”.

Hazrati Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Kunduzlari ro‘zador va kechalari qoim bedor bo‘lgan mingta obidning o‘limi, halol haromni ajrata oluvchi bir olimning o‘limidan yengilroqdir”.

Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh aytadilar: “Ilm o‘rganish nafl ibodatidan afzalroq”.

Ibn Abdulhakam rahmatullohi alayh aytadilar: “Men imomi Molik huzurida ilm o‘qirdim. Peshin vaqti kirishi bilan nafl namoz o‘qish uchun kitoblarimni yig‘ishtira boshladim. Shunda ustoz: “Agar niyating durust bo‘lsa, xozir mashg‘ul bo‘lib turgan ishing bajarmoqchi bo‘layotgan ishingdan afzalroqdir” dedilar”.

Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: “Kim ilm o‘rganishga chiqish jihod emas, desa uning aqli va fikrida noqislik bor».

 

Manbalar asosida Mirza G‘olib” jome masjid imom noibi
Q. K.
 Salimov tayyorladi.

manba: nasihat.uz

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Zeki Kaymaz: Kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyoda yorqin yulduz sifatida ko‘raman

21.08.2026   100492   2 min.
Zeki Kaymaz: Kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyoda yorqin yulduz sifatida ko‘raman

Turk tili instituti Ilmiy kengashi a’zosi, filolog olim, professor Zeki Kaymaz O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– Avvalo, O‘zbekiston xalqini istiqlolning 35 yilligi munosabati bilan chin ko‘ngildan tabriklayman. O‘ttiz besh yil oz vaqt emas. Men yuz yildan oshgan mustaqil Turkiya fuqarosi sifatida Sizlarga ham yana ko‘p asrlar mustaqillik shodiyonasini nishonlashingizni tilayman.

Tarixga nazar tashlasak, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelganmiz. Ayniqsa, Turkiyadagi milliy ozodlik kurashi davrida bizga bu diyordan jo‘natilgan ko‘makni doimo katta minnatdorlik bilan yodga olamiz.

Qardosh o‘zbek xalqi biz uchun doimo yaqin birodar, qalin do‘st bo‘lib kelgan. O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti bizni juda mamnun qiladi. Ushbu zaminga har borganimda go‘zal va obod mamlakatni ko‘ramaz. Yurtingizda madaniyat va ma’rifat o‘choqlari bisyor. Albatta, bu tamaddun va sivilizatsiyaning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi.

Markaziy Osiyodagi ilk o‘rta asrlardagi Birinchi renessans hamda Amir Temur asos solgan Ikkinchi renessans davrlarida bu zaminda buyuk sivilizatsiya shakllandi. Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi, Imom Moturidiy ziyoratgohi kabi madaniy-ma’naviy maskanlar islom olamida muhim ahamiyatga ega.

Geostrategik mavqei nuqtayi nazaridan, men kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyo, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yorqin yulduz sifatida ko‘raman.

Buning sabablari bor, albatta. Avvalo, mamlakatdagi kuchli iqtisodiyot. Qolaversa, chuqur ildizlarga ega bo‘lgan boy madaniyat va tarix. Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va yaqin hamkorlik aloqalari ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Tilagim – do‘stlik rishtalarimiz yanada mustahkamlansin, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yuqori darajaga ko‘tarilsin.

Yana bir bor mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman va o‘zbek xalqiga samimiy salomlarimni yo‘llayman.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari