Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Sentabr, 2026   |   8 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:48
Quyosh
06:07
Peshin
12:17
Asr
16:37
Shom
18:30
Xufton
19:45
Bismillah
19 Sentabr, 2026, 8 Rabi`us soni, 1448

Qur’oni karimda Qur’on vasfi

15.08.2018   32209   9 min.
Qur’oni karimda Qur’on vasfi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Qur’on – hidoyat kalomi. “Ushbu Kitob (Qur’on) shubhadan xoli va (u shunday) taqvodorlar uchun hidoyat (manbai)dirkim”... (Baqara surasi, 2-oyat).

 

Qur’on – Alloh taoloning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilgan kalomi. “Agar bandamizga (Muhammadga) tushirgan narsamizdan (Qur’ondan) shubhada bo‘lsangiz, bas, siz ham unga o‘xshash (birgina) sura (yozib) keltiring va Allohdan o‘zga guvohlaringizni chaqiring – agar rostgo‘y bo‘lsangiz” (Baqara surasi, 23-oyat).

 

Qur’on – tasdiqlovchi kalom. “O‘zingizdagi narsa (Tavrot va Injil)ni tasdiq etuvchi holda nozil qilgan narsam (Qur’on)ga imon keltiringiz” (Baqara surasi, 41-oyat).

 

“Qachonki, ularga Alloh huzuridan o‘zlaridagi narsani (Tavrotni) tasdiq etuvchi Kitob (Qur’on) kelganida, ilgari kofirlarga qarshi (xuddi shu kitob vositasi bilan) yordam so‘rab yurar edilar” (Baqara surasi, 89-oyat).

 

(U) Sizga (ey Muhammad!) Kitobni (Qur’onni) haqiqatan o‘zidan oldingi (ilohiy kitoblar)ni tasdiqlovchi holida nozil qildi” (Oli Imron surasi, 3-oyat).

 

“Balki, u (butun) olamlar Parvardigori tomonidan (kelgan), shubhasiz, o‘zidan oldingi narsa (ilohiy kitoblar)ni tasdiqlovchi va batafsil (bayon etilgan) kitobdir” (Yunus surasi, 37-oyat).

 

Qur’on – Allohning kalomi. “Alloh tomonidan ulardagi narsani tasdiq etuvchi Payg‘ambar (Muhammad) kelishi bilan, kitob (Tavrot) berilganlardan bir guruhi Allohning kitobi (Qur’on)ni xuddi bilmagandek ortlariga uloqtirdilar” (Baqara surasi, 101-oyat).

 

Qur’on – haq va botilni ajratuvchi kalom.(Endi esa) Furqonni (haq bilan nohaqlikni ajrim etuvchi Qur’onni) nozil qildi” (Oli Imron surasi, 4-oyat).

 

Qur’on – mo‘minlar uchun nasihatdir. “Bu (Qur’on yoki mazkur gaplar) odamlar uchun bayonot hamda taqvodorlar uchun hidoyat va nasihat (manbai)dir” (Oli Imron surasi, 138-oyat).

 

“Albatta, Biz Sizga ushbu Kitob (Qur’on)ni odamlar orasida Alloh ko‘rsatgan yo‘l bilan hukm etishingiz uchun barhaq nozil etdik” (Niso surasi, 105-oyat).

 

Qur’on – nurdir. “Ey odamlar! Sizlarga Rabbingizdan hujjat (Payg‘ambar va mo‘jizalar) keldi. Sizlarga yana ravshan nur (Qur’on)ni ham nozil etdik(Niso surasi, 174-oyat).

 

“...nozil qilingan nur (Qur’on)ga ergashganlar, aynan o‘shalar (oxiratda) najot topuvchi kishilardir” (A’rof surasi, 117-oyat).

 

“Biz nozil qilgan Nurga (Qur’onga) imon keltiringiz!” (Tag‘obun surasi, 8-oyat).

 

Qur’on – haqiqatdir. “Ularga haqiqat (Qur’on) kelishi bilan uni yolg‘onga chiqardilar” (An’om surasi, 5-oyat).

 

“Ayting: (Bu Qur’on) Rabbingiz (tomoni)dan (kelgan) Haqiqatdir” (Kahf surasi, 29-oyat).

 

Qur’on – ogohlantiruvchi kalomdir. “Bu (Qur’on) bir muborak, o‘zidan oldingi (ilohiy kitoblar)ni tasdiqlovchi, Ummul-quro (deb atalmish Makka ahli)ni va uning atrofidagi kishilarni ogohlantirishingiz uchun Biz nozil qilgan Kitobdir” (An’om surasi, 92-oyat).

 

Qur’on – muborak kalomdir. “Mana bu Biz nozil qilgan muborak Kitob (Qur’on)dir, unga ergashingiz va taqvoli bo‘lingiz, toki rahm qilingaysiz” (An’om surasi, 155-oyat).

 

(Ey Muhammad! Ushbu Qur’on) oyatlarini tafakkur qilishlari va aql egalari eslatma olishlari uchun Biz Sizga nozil qilgan muborak Kitobdir (Sod surasi, 29-oyat).

 

Qur’on – eslatmadir. “U (Qur’on) mo‘minlar uchun (ilohiy) eslatma hamdir” (A’rof surasi, 2-oyat).

 

“Siz ulardan bu (da’vatingiz) uchun biror ajr (haq) so‘ramaysiz. U (Qur’on) faqatgina (barcha) olamlar uchun bir eslatmadir, xolos” (Yusuf surasi, 104-oyat).

 

“Albatta, bu Qur’onda ularning eslatma olishlari uchun (turli masal va hikmatlarni) bayon qildik. (Lekin bu eslatmalar) ularni yanada (haqdan) yiroqlashtirmoqda” (Isro surasi, 41-oyat).

 

(Ey Muhammad!) Biz Sizga bu Qur’onni (din ishida) mashaqqat chekishingiz uchun emas, balki (Allohdan) qo‘rqadigan kishilar uchun eslatma sifatida nozil qildik” (Toho surasi, 2-3-oyatlar).

 

“Bu (Qur’on) Biz nozil qilgan muborak eslatmadir. Hali siz uni inkor qiluvchimisiz?! (Anbiyo surasi, 50-oyat).

 

“Holbuki, u (Qur’on barcha) olamlar uchun eslatmadir” (Qalam surasi, 52-oyat).

 

“Haqiqatan, u (Qur’on) taqvodorlar uchun eslatmadir” (Hoqqa surasi, 48-oyat).

 

“Yo‘q! U (Qur’on) bir eslatmadir (Muddassir surasi, 54-oyat).

 

“U (Qur’on), haqiqatan, butun olam (xalqi) uchun eslatmadir (Takvir surasi, 27-oyat).

 

Qur’on – rahmatdir. “Bu (Qur’on) imon keltiradigan qavm uchun Rabbingizdan ko‘rsatmalar, hidoyat va rahmat (manbai)dir” (A’rof surasi, 203-oyat).

 

(Ushbu Qur’on) to‘qib chiqariladigan gap emas, balki o‘zidan oldingi narsalarni (ya’ni samoviy kitoblarni) tasdiq etuvchi, unga imon keltiradigan qavm uchun barcha narsalarni mufassal bayon qilib beruvchi hidoyat va rahmat (manbai bo‘lgan bir Kitob)dir” (Yusuf surasi, 111-oyat).

 

 “Albatta, u (ya’ni Qur’on) mo‘minlar uchun hidoyat va rahmatdir (Naml surasi, 77-oyat).

 

Qur’on – zulmatdan nurga olib chiquvchi kalomdir. “Alif, Lom, Ro. (Ey Muhammad! Bu Qur’on) Parvardigorlarining izni bilan odamlarni zulmatlardan nurga, ya’ni qudrat va hamd egasining yo‘liga olib chiqishingiz uchun Sizga Biz nozil qilgan Kitobdir (Ibrohim surasi, 1-oyat).

 

Qur’on – Alloh taolo O‘zining himoyasiga olgan kalomdir. “Albatta, bu zikrni (ya’ni Qur’onni) Biz O‘zimiz nozil qildik va uni O‘zimiz asraguvchidirmiz” (Hijr surasi, 9-oyat).

 

Qur’on – mo‘minlar uchun bashoratdir. “...hidoyat, rahmat va musulmonlar uchun bashorat bo‘lgan Kitob (Qur’on)ni nozil qildik” (Nahl surasi, 89-oyat).

 

(Ey Muhammad! Ularga) uni (ya’ni Qur’onni) Ruhul-Qudus (Jabroil) Rabbingiz (tarafi)dan imon keltirganlarni (dinda) sobitqadam qilish uchun musulmonlarga hidoyat va bashorat bo‘lgan holida barhaq nozil qilganini (ularga) aytib qo‘ying!” (Nahl surasi, 102-oyat).

 

“Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etur va ezgu ishlarni qiladigan mo‘minlarga katta mukofot borligi haqida bashorat berur” (Isro surasi, 9-oyat).

 

“Albatta, bunda (Qur’onda) ibodat qiluvchilar qavmi uchun xushxabar bordir (Anbiyo surasi, 106-oyat).

 

Qur’on – taqvodorlarga shifodir.(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz. (Lekin bu oyatlar) zolim (kofir)larga faqat ziyonni orttirur” (Isro surasi, 82-oyat).

 

Qur’on – misli yo‘q kalomdir. Ayting: “Qasamki, agar insu jin ushbu Qur’onning o‘xshashini keltirish uchun birlashib, birbirlariga yordamchi bo‘lsalar-da, uning mislini keltira olmaslar” (Isro surasi, 88-oyat).

 

Qur’on – turfa masallar bayon etilgan kalom. “Aniqki, (Biz) ushbu Qur’onda odamlar uchun turli masal (ma’no)lardan bayon qildik. Lekin odamlarning ko‘plari faqat inkor etishnigina ixtiyor etdilar” (Isro surasi, 89-oyat).

 

Qur’on – bo‘lib-bo‘lib nozil qilingan kalom. “Qur’onni odamlarga vaqti-vaqti bilan o‘qib berishingiz uchun uni bo‘laklarga bo‘ldik va bo‘lib-bo‘lib nozil qildik” (Isro surasi, 106-oyat).

 

Qur’on – hikmat ila nozil bo‘lgan kalom. “Biz uni (Qur’onni) haqiqat (hikmat) bilan nozil qildik va (u ham) haqiqat bilan nozil bo‘ldi” (Isro surasi, 105-oyat).

 

Qur’on – Alloh taolo nozil qilgan kalom.(O‘z) bandasi (Muhammad)ga Kitob (Qur’on)ni nozil qilgan zot (Alloh)ga – hamd!” (Kahf surasi, 1-oyat).

 

“Albatta, (bu Qur’on) olamlar Parvardigorining nozil qilgan (kitob)idir (Shuaro surasi, 192-oyat).

 

“Bu Kitobning (Qur’onning) nozil qilinishi, shubhasiz, (barcha) olamlarning Parvardigori (tomoni)dandir (Sajda surasi, 2-oyat).

 

(Ushbu Qur’on) Qudratli va Bilimli Alloh (tomoni)dan nozil qilingan Kitobdir (G‘ofir surasi, 2-oyat).

(Bu Qur’on) Qudratli va Hikmatli Alloh (tomoni)dan nozil qilingan kitobdir” (Josiya surasi, 2-oyat).

 

Qur’on – muborak kechada nozil bo‘lgan kalom. “Aniq Kitob (Qur’on) bilan qasamyod eturmanki, albatta, Biz uni muborak kechada nozil qildik...” (Duxon surasi, 2-3-oyatlar).

 

Qur’on – Alloh taoloning vahiysidir.(Ey Muhammad!) Sizga vahiy qilingan Rabbingizning Kitobi (Qur’on)ni tilovat qiling!” (Kahf surasi, 27-oyat).

 

“U (vahiy) faqat zikr (eslatma) va aniq Qur’ondir (Yosin surasi, 69-oyat).

 

Qur’on –tilovati oson qilingan kalomdir.(Ey Muhammad!) Albatta, Biz taqvo egalariga xushxabar berishingiz uchun va sarkash qavmni ogohlantirishingiz uchun uni (Qur’on tilovatini) Sizning tilingizga oson qilib qo‘ydik” (Maryam surasi, 97-oyat)

 

Qur’on – arab tilida nozil bo‘lgan kalom. “Shuningdek, Biz uni arab tilidagi Qur’on shaklida tushirdik ...” (Toho surasi, 113-oyat).

 

Qur’on – Alloh taoloning zikridir. “Holbuki, ularning o‘zlari Rahmonning zikri (Qur’on)ni inkor etuvchilardir (Anbiyo surasi, 36-oyat).

 

Qur’on – oyatlari batafsil yoritilgan kalomdir. “U biladigan kishilar uchun arabiy Qur’on holida (nozil qilinib), oyatlari mufassal bayon qilingan Kitobdir (Fussilat surasi, 3-oyat).

 

Qur’on – zikri oson etilgan kalomdir. “Haqiqatan, Biz Qur’onni zikr (eslatma) uchun oson qilib qo‘ydik” (Qamar surasi, 17-oyat).

 

Qur’on – faqat pokizalargina qo‘liga oluvchi kalomdir. “Uni (Qur’onni) tahoratli kishilardan o‘zgalar ushlamaslar” (Voqea surasi, 79-oyat).

 

Davron NURMUHAMMAD

tayyorladi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

«Uyi tozaga gard yuqmas, gard yuqsa ham dard yuqmas»

17.09.2026   20852   9 min.
«Uyi tozaga gard yuqmas, gard yuqsa ham dard yuqmas»

 

«BMT Bosh Assambleyasi 20 sentyabrni Butunjahon tozalik kuni

deb e’lon qilish va uni

har yili nishonlashga qaror qiladi»

 

(BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2023 yil

8 dekabrda qabul qilingan Rezolyutsiya).

 

 

2023 yil 8 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi A/RES/78/122-sonli Rezolyutsiyani yakdillik bilan qabul qilib, 20 sentyabrni Butunjahon tozalik kuni deb e’lon qildi.

Bu kun insoniyatga toza va sog‘lom atrof-muhit uchun umumiy mas’uliyatimizni hamda tabiiy resurslarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish zarurligini eslatishga qaratilgan.

 

Ammo chuqurroq o‘ylab ko‘rsak, tozalik ko‘chada axlat yo‘qligidan ancha ko‘proq ma’noni anglatadi.

Tozalik – bu shunchaki tartib emas. Bu qalb holatidir.

 

Tozalik supurgidan boshlanmaydi. U qalbdan boshlanadi. Inson o‘zi yurib turgan zamin unga begona emasligini anglagan lahzadan boshlanadi. U soyasida dam oladigan daraxt – shunchaki daraxt emas. U ichadigan suv – shunchaki suv emas. Bularning barchasi Yaratganning bizga vaqtincha ishonib topshirgan ne’matlaridir.

 

Shuning uchun tozalik masalasi faqat ekologiya masalasi emas. Bu vijdon, tarbiya, imon va bizdan keyin keladigan avlodlar oldidagi mas’uliyat masalasidir.

 

 

«Albatta, Alloh poklanuvchilarni sevadi»

 

Qur’oni Karimda shunday deyilgan: «Albatta, Alloh chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi» (Baqara surasi 2/222).

Bu so‘zlar naqadar teran! Alloh poklanishni tavba bilan – insonning nafaqat tashqi, balki ichki poklanishi bilan bog‘laydi.

 

Qo‘lni yuvish mumkin, ammo ko‘chada axlat qoldirish mumkin. O‘z uyini ideal darajada ozoda saqlash mumkin, ammo birovning uyi oldida tashlab ketilgan axlat yonidan beparvo o‘tib ketish mumkin. Tabiatga bo‘lgan muhabbat haqida gapirish mumkin, ammo plastik idishni ariqqa tashlash mumkin. Bu haqiqiy tozalikmi?..

 

Haqiqiy tozalik inson o‘zigagina tegishli bo‘lmagan joyni iflos qilmaslikni anglaganida boshlanadi.

Hech kim ko‘rmayotgan bo‘lsa ham, birov tashlab ketgan qog‘ozni yerdan olganida. Mashina oynasidan axlat tashlamaganida. Suvni iflos qilmaganida. Farzandiga toza ko‘cha toza odatlardan boshlanishini o‘rgatganida. «Mendan keyin bu yerda boshqalar yashaydi», deb anglaganida.

 

 

«Tozalik – imonning yarmi»

 

Allohning Payg‘ambari sallallohu alayhi vasallam, shunday deganlar: «Poklik – imonning yarmidir».

Naqadar kuchli so‘zlar! Shunchaki «tozalik foydali», emas. Shunchaki «tozalik chiroyli», emas.

Tozalik imon bilan bog‘liq! Imon nafaqat so‘zlarda, namoz va ibodatda namoyon bo‘ladi. U insonning atrofidagi olamga qanday munosabatda bo‘lishida ham namoyon bo‘ladi.

 

Agar biz o‘z uyimizni asrasak, nega hovlimizni iflos qilishimiz kerak? Agar oilamizni sevsak, nega o‘zimizdan keyin boshqalarga ifloslik qoldirishimiz kerak? Agar suv uchun Allohga shukr qilsak, nega daryolar, kanallar va ariqlarni chiqindilar tashlanadigan joyga aylantirishimiz kerak? Agar Vatanimizni sevsak, nega uning ifloslanishiga befarq qarashimiz kerak?

 

 

Ajdodlarimiz hikmati

 

Dono xalqimiz zamonaviy dunyo ekologik dasturlar, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar orqali yetib kelayotgan haqiqatni allaqachon anglagan.

O‘zbek xalq hikmatida shunday deyiladi: «Uyi tozaga gard yuqmas, gard yuqsa ham dard yuqmas».

 

Bu maqol xalq xotirasida bejiz yashab kelayotgani yo‘q. Unda tozalik va salomatlik o‘rtasidagi chuqur bog‘liqlik aks etgan. Bu maqol O‘zbekistonning rasmiy ekologik resurslarida ham keltirilib, xalqimizning tozalik va ozodalikka an’anaviy munosabati ta’kidlangan.

 

Yana bir har birimizga tanish fikr bor: «Tozalik – salomatlik garovi».

Bu oddiy ibora kundalik tilimizning bir qismiga aylangan. Ammo, ehtimol, bugun uni yana bir bor qalbimiz bilan eshitishimiz kerakdir...

 

Ajdodlarimiz zamonaviy ma’nodagi «ekologik barqarorlik» degan so‘zni bilmaganlar. Ammo ular suvning qadrini bilganlar. Yerni hurmat qilganlar. Hovlini asraganlar. Ko‘chalarni supurganlar. Hasharlarda bir-birlariga yordam berganlar. Chunki ular uchun tozalik ko‘z-ko‘z qilish vositasi emas edi. Tozalik madaniyatning bir qismi edi.

 

 

Bizdan keyin nima qoladi?

 

Bir kuni har birimiz bu dunyoni tark etamiz. Uylarimiz qoladi. Ko‘chalarimiz qoladi. Daraxtlar o‘sishda davom etadi. Daryolar oqishda davom etadi. Bugun farzandlarimiz o‘ynayotgan joylarda ertaga boshqa bolalar o‘ynaydi.

Shunda oddiy, ammo juda muhim savol tug‘iladi: Biz ularga nimani qoldiramiz?

Toza hovlimi yoki chiqindi uyumi? Tiniq suvmi yoki ifloslangan kanalmi? Yashil bog‘mi yoki kuyib ketgan yermi? Nafas olish yoqimli bo‘lgan havomi yoki tutundan yuzingizni berkitgingiz keladigan shaharmi?

 

Biz ko‘pincha bir inson hech narsani o‘zgartira olmaydi, deb o‘ylaymiz. Ammo axir ifloslik birdaniga paydo bo‘lmaydi-ku? Yo‘q. U yerga tashlangan bitta qog‘ozdan boshlanadi. Bir shishadan. Bir paketdan. «Buni boshqa birov tozalaydi», degan bitta fikrdan.

 

Lekin tozalik ham bir insondan boshlanadi. Yerdan olingan bitta qog‘ozdan. Axlat qutisiga tashlangan bitta paketdan. Bitta daraxtdan. Axlat tashlamaslikka o‘rgatilgan bitta boladan. O‘z namunasi bilan «to‘g‘ri yo‘l shu» ekanini ko‘rsatgan bitta katta insondan.

 

 

Befarq o‘tib ketmang

 

Yonidan befarq o‘tib ketmaydigan insonda o‘ziga xos go‘zallik bor. U axlatni ko‘radi – va uni yerdan oladi. Ifloslangan joyni ko‘radi – va tozalaydi. Singan daraxtni ko‘radi – va uni asrab qolishga harakat qiladi. Konfet qog‘ozini yerga tashlagan bolani ko‘radi – uni kamsitmaydi, balki xotirjamlik bilan tushuntiradi.

Madaniyat ana shunday tarbiyalanadi. Buyruq bilan emas – namuna bilan. Qichqiriq bilan emas – mehr-oqibat bilan. Birgina bayram kuni bilan emas – har kunlik odat bilan.

 

Axir Butunjahon tozalik kuni – yiliga bir marta ko‘chaga chiqib, suratga tushish uchun hududni tozalaydigan kun emas. Bu kun biz o‘zimizga shunday savol berishimizga sabab bo‘lishi kerak: «Atrofimdagi olam yanada toza bo‘lishi uchun men har kuni nima qilyapman?»

 

 

Tozalik shukronamizga aylansin

 

Alloh bizga ajoyib bir olamni ato etdi. Har kuni ufq uzra ko‘tariladigan quyoshni. Yerni jonlantiradigan yomg‘irni. Daryolar va buloqlarni. Bog‘larni. Dalalarni. Qushlarni. Daraxtlarni. Havoni. Bularning barchasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish imkoniyatini.

Bunday ne’matlar uchun shukr faqat so‘z bilan ifodalanadimi?

 

Ba’zan shukr juda oddiy amaldir. Axlat tashlamaslik. Suvni tejash. Daraxt ekish. O‘zingizdan keyin tozalash. Boshqa birov iflos qilgan joyni ham tozalash.

Bu odatni farzandga o‘rgatish. Befarqlikning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaslik. Zero, atrof-muhitni asraydigan inson go‘yo shunday deydi: «Ey, Parvardigor, Sen menga ishonib topshirgan ne’matlarni qadrlayman!»

 

 

20 sentyabr – keling, boshlaylik

 

20 sentyabr taqvimdagi oddiy sana bo‘lib qolmasin.

Bu har birimiz atrofimizga qarab: «Men o‘zimdan boshlayman», deydigan kun bo‘lsin.

Kimdir kelib tartib o‘rnatishini kutmaylik. «Bu mening hududim emas», demaylik. Chunki Yer – bizning umumiy uyimiz!

 

Ko‘cha tozaligi inson vijdoni pokligidan boshlanadi.

Keling, hovliga chiqaylik. Pod’ezdimizni tozalaylik. Maktab, mahalla, masjid va ish joyi atrofini obod qilaylik. Daraxt ekaylik. Axlatlarni yig‘aylik. Keraksiz bir martalik mahsulotlardan voz kechaylik.

Bolalarga suv va yerni asrashni o‘rgataylik!

 

Va eng muhimi – 20 sentyabrda to‘xtab qolmaylik.

Bu kundan keyin faqat toza ko‘cha emas, balki toza odat qolsin. Pok vijdon qolsin. Tabiatga nisbatan pok munosabat qolsin. Pok qalb qolsin.

 

Chunki bir kuni farzandlarimiz bizdan qancha pul topganimiz yoki qancha narsa sotib olganimiz haqida emas, balki: «Siz bizga qanday dunyoni qoldirdingiz?» – deb so‘raydilar.

Shunda biz javob berishdan uyalmaylik: «Biz uni toza holda saqlashga harakat qildik».

 

Ko‘chalarimiz toza bo‘lsin. Suvlarimiz tiniq bo‘lsin. Bog‘larimiz yashil bo‘lsin. Mahallalarimiz obod va ozoda bo‘lsin. Uylarimizda tartib, qalblarimizda mehr-shafqat hukmron bo‘lsin.

 

Va Payg‘ambarimiz alayhissalomning: «Poklik – imonning yarmidir» degan muborak so‘zlari har birimiz uchun shunchaki eshitgan hadis emas, balki hayotimizda amal qiladigan tamoyilga aylansin!

 

Tozalik har birimizdan boshlanadi.

Bugun – bir qadamdan.

Ertaga – bir odatdan.

Birgalikda esa – farzandlarimiz uchun toza kelajakdan.

 

Ibrohimjon Inomov.

 

Maqolalar