“Zuho” so‘zi – “choshgoh vaqti” degan ma’noni anglatadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Qasamyod eturman choshgoh vaqti bilan” (Zuho surasi, 1-oyat).
Quyosh chiqqandan tahminan o‘n besh daqiqa o‘tgach ushbu namozni o‘qish mumkin. Uning eng afzal vaqti bomdod namozini ado etgandan so‘ng, o‘sha joyda quyosh chiqquncha zikr bilan mashg‘ul bo‘lib, quyosh chiqqandan keyin o‘qishdir.
Zuho namozi ikki rakatdan o‘n ikki rakatgacha o‘qiladi, eng afzali to‘rt rakatdan o‘qishdir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shunday qilganlar.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim to‘rt rakat zuho namozini muntazam o‘qisa, gunohi dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham, kechiriladi”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja, Imom Ahmad rivoyati).
Abu Sa’id Xudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) zuho namozini ba’zan uzluksiz o‘qir edilar. Biz endi bu namozni hargiz tark qilmaydilar, derdik. Gohida esa o‘qimas edilar, endi bu namozni hargiz o‘qimasalar kerak, deb o‘ylardik” (Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati).
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) zuho namozida “Shams” va “Zuho” suralarini o‘qir edilar.
Zuho namozining 5 fazilati
Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Har biringiz bo‘g‘in va suyaklar ustida tong ottirganingiz uchun bir sadaqa bor. Har bir tasbehingiz – sadaqa. Har bir tamhid (Alhamdulillah) – sadaqa, har bir tahlil (La ilaha illalloh) – sadaqa, har bir takbir – sadaqa, yaxshilikka buyurishingiz ham, yomonlikdan qaytarishingiz ham sadaqadir. Endi bularning hammasi uchun ikki rakat zuho namoz o‘qishingiz kifoya qiladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim ikki rakat zuho namozi o‘qisa, g‘ofillardan deb yozilmaydi. Kim to‘rt rakat zuho namozi o‘qisa, qanoatlilardan deb yoziladi. Kim olti rakat zuho namozi o‘qisa, u o‘sha kun uchun unga kifoya qiladi. Kim sakkiz rakat zuho namozi o‘qisa, Alloh taolo uni obidlardan deb yozib qo‘yadi. Kim o‘n ikki rakat zuho namozi o‘qisa, u odam uchun Alloh jannatda oltindan bir qasr bino qiladi” (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: «Albatta, jannatda bir eshik bor. U “Zuho” deb nomlanadi. Qiyomat kuni bo‘lganda, bir jarchi nido qilib: “Zuho namozini doim o‘quvchilar qani? Bu sizlarning eshigingizdir. Unga Allohning rahmati ila kiringlar”, deydi» (Imom Tabaroniy rivoyati).
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Menga Xalilim (sollallohu alayhi va sallam) uch narsani vasiyat qilganlar: har oyda uch kun ro‘za tutishni; ikki rakat choshgoh – zuho va uxlashimdan oldin vitr namozlarini o‘qishni” (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Nasoiy rivoyati).
Muoz ibn Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdodni jamoat bilan o‘qisa, so‘ngra quyosh chiqqunicha Allohni zikr qilib o‘tirsa, keyin ikki rakat namoz o‘qisa, uning uchun haj va umraning ajri to‘liq, to‘liq, to‘liq beriladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Najdga qo‘shin jo‘natdilar. Ular tezda Najddan ko‘plab o‘ljalarni qo‘lga kiritib, qaytishdi. Qo‘shin bilan Najdga bormagan bir kishi: “Bundan oldin bunday katta o‘ljani shunday qisqa muddatda qo‘lga kiritib qaytgan lashkarni ko‘rmaganman”, dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarga oz muddat ichida bulardan ham ko‘proq boylikni qo‘lga kiritgan qavmning xabarini beraymi? Ular bomdod namozini jamoat bilan o‘qib, quyosh chiqqunga qadar Allohni zikr qilib o‘tirgan, so‘ng ortga qaytgan qavm. Ana o‘shalar tez va katta o‘lja bilan qaytgan qavmdir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi.
Albert Enshteyn dars o‘tish jarayonida to‘qqiz masalani to‘g‘ri yozib, o‘ninchisining javobini atay xato chiqardi. Sinfda o‘tirganlar kulib yubordi. Shunda Enshteyn ham qo‘shilib kulib qo‘ydi va so‘zida davom etdi:
“Men to‘qqiz masalani to‘g‘ri yozganimda hech kim meni tabriklamadi. Ammo birgina xato qilganimda hamma kulib yubordi. Hayotda juda ko‘p odam voqea-hodisalarga, kishilarning tutumlariga shunday yondashadi. Ya’ni, o‘zidan boshqalarning yutug‘ini nazardan qochirib, xatosini tez ko‘rishadi. O‘ziga nisbatan esa, unday emas... Sizlarga bu masalani atay xato ishlab ko‘rsatishimdan maqsad, ertangi hayotingizda ana shunday vaziyatlarga to‘g‘ri yondashing. Zero, xato qilmaydigan yagona odam bu – hech narsa qilmaydigan odamdir”.
Darhaqiqat, biz ojiz bandalar Allohning huzurida qancha xatolar, gunoh ishlar qilamiz va Uning mag‘firatidan umidvor bo‘lamiz. Lekin bir inson xato qilsa tezda qo‘limizni bigiz qilib ko‘rsatamiz. Ayniqsa, bizga nisbatan nimadir sodir etib qo‘ysa, kechirmaymiz. Jag‘imiz tolguncha shikoyat qilaveramiz. Bu sinovli, o‘tkinchi dunyoda yondashuvimizni to‘g‘rilab olaylik, azizlar! Shunda yashash ham osonlashadi, halovatimiz ham yo‘qolmaydi...
Akbarshoh Rasulov