Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

Rabbimizning har bir amri – yaxshilik

14.08.2018   8368   4 min.
Rabbimizning har bir amri – yaxshilik

Bektemir tumani bosh imom-xatibi Iskandar qori Xalilov sevikli qizini turmushga berayotgani munosabati bilan bugun poytaxtimizdagi “Sadaf” to‘yxonasida osh berdi.

Oshga biz o‘rganib qolganimizdek, besh yuz, ming nafar emas, bir yuz yigirma chog‘li odam taklif qilinibdi. To‘yxonaga kirib o‘tirganingiz zahoti ajib bir tartiblilikni his qilasiz, o‘zingizga ma’qul joyni tanlab o‘tirsangiz ham bakovullar kelib, boshqa joyga o‘tkazib qo‘ymaydi – bemalolchilik. Ba’zi to‘ylarga juda ko‘p odam chaqirilgani bois joy tegmay noqulay ahvolda turib qolgan mehmonlar ham bo‘lardi. Bu yerda unday gap yo‘q. Mehmonlar to‘kin dasturxon atrofida siqilishmasdan yayrab o‘tiribdi.  Mumtoz qo‘shiqlarimiz  ijrosi kishida malollik tug‘dirmaydigan o‘rtacha balandlikdagi ovozda yangrab turibdi.

Mehmonlar o‘rinlariga joylashib bir-bir piyola choy ichib nafas rostlaganidan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasining masjidlar bo‘limi boshlig‘i Rahimberdi Rahmonov domla amri ma’ruf qildi.

Azizlar, bu yerga xonadonning eng yaqin do‘stlari jamlangan. Domlamiz xalqimiz, yurtboshimizning to‘y masalasidagi fikriga o‘zining munosabati, hozirjavobligining ifodasi o‘laroq  hozirda o‘tkazayotgan ana shu to‘yini ixchamgina qilib o‘tkazmoqda.  Biz o‘zimizning kimligimizini ko‘rsatib qo‘yish uchun ko‘p odamni to‘yga chaqirishni odat qilib  olgan edik. Allohga shukrki, Prezidentimizning to‘y-ma’rakalarni ixchamlashtirish borasidagi fikrlaridan ruhlangan ziyolilarimiz to‘ylarimizni ixcham tarzda o‘tkazish borasida elga o‘rnak bo‘lmoqdalar. Mana, tunov kuni ham bir to‘yga taklif qilindik. oshga yetmish odam aytilibdi. Mehmonlar juda ham rohatlanib o‘tirdi. To‘y sohibi obro‘-e’tiborli kishi, ming odamni chaqirishga  qurbi ham yetadi, ming odam keladi ham to‘yiga. Biroq u savobli yo‘lni tanladi. yaqinlaridan yetmish kishiga osh qilib berdi va ortganini farzandlarining istiqboliga sarfladi.

Darhaqiqat, savobni tanlashda gap ko‘p. Istaganida Iskandar domla ham 1000 kishini oshga chaqirar edi va Bektemir tumanining o‘zidan uning ortida turib besh vaqt namozini o‘qiydigan – namozxonlarning  deyarli hammasi domlaning hurmati uchun kelar edi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam turmush qurgan yoshlarni uchratsalar, ularning haqlariga “Allohim, ikki yoshga yaxshilik ato qil”, deb duo qilar edilar. Chunki dinimiz nimani amr qilgan bo‘lsa, hammasining zamirida yaxshilik bor. Aslida bir mo‘min boshqa bir mo‘minga yaxshilik qilsa, yaxshilik ko‘rgan odamning bir kami bitar, ko‘ngli ko‘tarilar... ammo yaxshilik qilshgan odam buning evaziga undan ming chandon yaxshiliklar ko‘radi: Alloh taolo rizqini keng, sog‘lig‘igini mustahkam, umrini barakali, u dunyosini ham obod qilib qo‘yadi.

Hasan Basriy rahmatullohi alayh: “So‘zing bilan emas, amaling bilan yaxshilik qil”, deb nasihat qilganlar. Iskandar domla ham har doim yon atrofidagi insonlarga, yoshlarimizga amali bilan o‘rnak bo‘lish harakatida yuradilar, Bugun turmush qurayotgan yoshlarimizga ham Parvardigorimiz yaxshiliklar ato qilsin va amali durust bandalaridan bo‘lmog‘ini nasib aylasin.

Shundan so‘ng tilovati Qur’on qilindi va yoshlarning baxtini so‘rab duoga qo‘l ochildi. Dasturxonga osh tortilganda yana bir xususiyat ko‘zga chalindi: tumonat odam bo‘ladigan oshlarning ba’zilarida laganga guruch bir qator qilib terilardi va mehmonlar bir-bir qoshiq olganidan keyin “siz oling”, “siz olib qo‘ying”, deb bir-biriga manzirat qilib qolishar edi. Ya’ni u oshlar go‘yoki ramziy oshlar edi. Bugun esa laganga rosmana oshga o‘xshatib suzilibdi. Mehmonlar biri ikkinchisidan xijolat bo‘lmasdan maza qilib taomlanishdi. Keyin yoshlarning baxtini so‘rab duo qilib tarqalarkan, o‘zaro shunday ixcham to‘ylar fayzli bo‘lar ekan, deya gaplashib ketishdi.

 

Damin JUMAQUL

O‘MI matbuot xizmati

Fotolavhalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   37883   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari