frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Bo‘ladigan bola

14.08.2018   13324   3 min.
Bo‘ladigan bola

Abdulloh yoshligidan tirishqoq, kichik bo‘­lishiga qaramay, keksa otasiga yordam berish uchun tinmay harakat qilardi. Otasi Murod ota ancha keksayib qolgan, yoshi oltmishdan oshgan bo‘lib, og‘ir mehnat qilsa, tez toliqib qoladi. Charcha­ganini bildirmaslikka har qancha harakat qilmasin, baribir keksaligi oshkora qilib qo‘yardi. Otasini doimo kuzatib yurgan, ahvolini anglab yetgan kenja Abdulloh imkon qadar unga yordam berishga urinadi. U keksa otasining harsillab ketmon chopishini ko‘rib ruhan ezi­ladi. Abdullohning ketmon chopishga kuchi yet­masa-da, otasiga sezdirmay toklarning ostini yumshatishga, yer chopishga harakat qildi.

Erta tongda eshagini minib, choshgohgacha mollarga ikki-uch marta o‘t olib kelar, tushdan ke­yin yana shunday qilardi. Hamma o‘yin bilan ovora bo‘lganida, u mehnat qilardi. Vaqt topdi degunicha qo‘liga kitob olib mutolaa qilardi. Ota-onasi biron marotaba o‘t olib kel, yer chop, kito­bing­ni o‘qigin, deb aytmasdi, yurakdan mehnat qi­lar va tinim bilmasdi. Onasi bo‘lsa, “Ko‘p kitob o‘qiyverma”, deb chiroqni o‘chirib qo‘yardi. Shunga qaramay, ilm olishga qiziquvchan bola fona­rini yoritib ko‘rpaning ichida kitob o‘qirdi. U oldiga katta maqsad qo‘ygan: “O‘qib yetuk inson bo‘la­man, otamning og‘irini yengil qilaman, onamga ko‘makdosh bo‘laman”, deb tinmay harakat qilardi. Ba’zi yoshi katta bolalar uni masxaralab kamsitishganda: “Hali shoshmay turing­lar, kelajakda olim bo‘laman. O‘shanda Abdulloh­ning kim­li­gini ko‘rasizlar, hammangiz yalinib oldimga borasizlar!” derdi. Murod ota farzandini doimo duo qilardi. Murod ota qo‘shnisi Temir ota bilan gaplashib o‘tirganida, eshakka o‘t ortib kelib tushirishga qiynalayotgan Abdul­lohga qarab:

– Shu o‘g‘lingdan katta odam chiqadi. Hech ti­nim bilmaydi. “Bo‘ladigan bola o‘n besh yoshda bosh bo‘lar, bo‘lmaydigani qirqqa kirsa, yosh bo‘lar”, degan maqolni eshitgansan-a, shu maqol sening o‘g‘lingga o‘xshagan g‘ayratli bolalarga aytilga­nov. Menga qara, Murod, o‘g‘lingni ishla deb ura­sanmi? – dedi ko‘ziga tikilib.

– Nima deyapsan, bu bolani urib bo‘larkanmi? O‘zining g‘ayrati ichiga sig‘maydi. Boshqalarga o‘xshab o‘ynagin, dam ol desam, quloq solmaydi.

Abdulloh maktabni tugatib, oliygohda o‘qidi. Uni bitirib, katta olim bo‘ldi. Otasini e’zoz­lab, boshlariga ko‘tarib, duosini oldi. Uni yaxshi taniganlar: “Sen duo olgansan, sen bilan o‘yna­shib bo‘lmaydi!” derdilar. Ha, “Bo‘ladigan bola boshidan” deb bejizga aytilmagan. Bu kabi bola­larga ishoraning o‘zi kifoya bo‘ladi. Har gapni ma’nosiga qarab yo‘l tutadi. Ba’zilar qirqqa kirsa-da, pand-nasihatni qulog‘iga olmaydi. To‘g‘rini egri, egrini to‘g‘ri deydi. Dangasalikka o‘rganib, ota-onaning xizmatidan qochib, yomonligini qo‘ymay, ulg‘ayishga intilmaydi.

Ey aziz farzand! Intilganga tole yor! Ota-­onasini xizmatini qilgan, ustozlar duosini olgan, el-yurtning olqish va rahmatlarini ol­gan inson, albatta, baxtli bo‘ladi. Bunday inson­lar uzoq umr ko‘radilar. Kim mana shunday in­sonlarga yomonlik qilsa, albatta, yomonligi o‘zi­ga qaytadi. Shu bois ulug‘larimiz: “Duo olgan odamdan ehtiyot bo‘ling. U duolar qo‘rg‘onida bo‘­ladi. Unga yomonlik qilsangiz, o‘zingizni balolarga giriftor qilasiz. Siz ham duo olgan mana shun­day insonlar duosini oling, siz ham baxtli bo‘la­siz”, deydilar. Yuqoridagi ulug‘ insonlarning ayt­ganini qilib, baxtga erishing, rahmat va olqish­lar olib, umringizni barakotli qiling. Aslo qarg‘ish olmang! Qarg‘ish umringizni kesib, bara­kangizni qochiradi. Aqlingizni yoshligingizdan ishlatsangiz, hayotda ko‘p yaxshi­liklar ko‘rasiz.

Qirq yoshga yetsa ham aqli to‘lmasa,

Yomon amallarni hargiz qo‘ymasa,

Ustiga fazldan libos kiymasa,

Bo‘ladi, bundayni odam demasa.

 

“Qasamini buzgan qiz” kitobidan

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“National Geographic” jurnali: O‘zbekiston Ipak yo‘li merosini zamonaviy turizm bilan uyg‘unlashtirmoqda

17.09.2026   28935   1 min.
“National Geographic” jurnali: O‘zbekiston Ipak yo‘li merosini zamonaviy turizm bilan uyg‘unlashtirmoqda

Amerikaning nufuzli  “National Geographic” jurnalining elektron va bosma shakllarida Buyuk Ipak yo‘lida O‘zbekistonning tutgan o‘rniga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Material muallifi Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva haqida hikoya qilib, ularni qadimiy Ipak yo‘lining eng muhim shaharlari va zamonaviy sayyohlik yo‘nalishlari sifatida talqin etgan.

Maqolada O‘zbekistondagi turizm rivoji, xorijlik sayyohlar sonining ortishi, yangi obyektlar qurilishi hamda shaharlar o‘rtasida tezyurar temiryo‘l qatnovining yo‘lga qo‘yilishiga alohida e’tibor qaratilgan.

Toshkentning Chorsu bozori Ipak yo‘li savdo an’analari bugungacha saqlanib qolgan maskan, Samarqand esa Registon maydoni va qadimiy Ulug‘bek rasadxonasi bilan ilm-fan hamda islom madaniyatining tarixiy markazi sifatida ta’riflanadi.

Nashrda Buxoro faol turistik o‘zgarishlar jarayonini boshdan kechirayotgan shahar sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, Xiva o‘tmish ruhiyati ayniqsa kuchli seziladigan joy deya ta’kidlangan.

Shuningdek, Ipak yo‘li me’morchiligi uslubida barpo etilayotgan yangi sayyohlik loyihalariga e’tibor qaratilib, tarixiy muhitni asrab qolish yuzasidan bo‘layotgan bahs-munozaralar ham tilga olingan.

Umuman olganda, materialda O‘zbekiston o‘z tarixiy merosini asragan holda zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirib, dunyoga qayta yuz ochayotgan mamlakat sifatida e’tirof etilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari