“Bo‘ladigan bola boshidan”, deb bejizga aytilmagan. Odina o‘nlarga kirganda buvisi vafot etdi. Buvasi Muhammad ota yolg‘iz qoldi. Keksayganda yolg‘izlik azobi qiyin bo‘lar ekan. Keksa odamning ko‘nglini topish uchun bir so‘z kam, ikki og‘iz so‘z ko‘p. Ularning ko‘ngli nozik, xizmati og‘ir bo‘ladi. O‘n yoshli Odinani otasi yoniga chorlab, buvasiga xizmat qilib, duosini olish kerakligini tushuntirdi. Odina yosh bo‘lsa-da, ziyrak edi. Otasi tushuntirgan hamma ishni bajarishga va’da berdi. Muhammad buva namozxon. Erta tongda turib, namoz o‘qir, uzoq duo qilar, nonushtani ham erta qilardi. Muhammad buvaning xonasida Odina va kichik ukasi Abdulaziz birga yotardi. Muhammad ota nabiralarini uyqusi buzilmasin deb endi o‘rnidan turmoqchi bo‘lsa, ziyrak Odina namoz vaqti bo‘lganini, buvasiga tez tahorat suvi tayyorlash lozimligini sezib, o‘rnidan sakrab turardi. Buvasining uxlayver, deyishiga qaramay tahorat suvini tayyorlardi. Buvasi namoz o‘qib bo‘lguniga qadar nonushtani hozirlardi. Yana nolimasdan oyisiga uy ishlariga yordam berardi. Buvasi esa har namozdan so‘ng: “Umring uzoq bo‘lsin, baxtli bo‘l, qizim! Olijanob inson jufting bo‘lsin!” deb duo qilardi. Otaning so‘zini qoldirmagan, buvaning duosidan nasibasiz qolmagan Odina o‘n yilga yaqin, ya’ni turmushga chiqquniga qadar buvasiga xolis xizmat qildi. Bu katta matonat, otaga itoat va buvaga hurmat edi. Uyqu va rohatdan savobni ustun qo‘ydi. O‘zi katta oliygohni tugatmasa-da, eng obro‘li, ilmli shaharlik yigitlardan biriga turmushga chiqdi. Odina turmush o‘rtog‘i Murodga ham xizmatini ayamadi. Erini tong saharda turishga undab, shunday derdi:
– Buvam, tongda uxlash rizqni kesadi. Rizqi mo‘l bo‘lishni xohlagan odam, sahar turadi. Buvam: “Tongda qilingan ish unumli, duolar esa qabul bo‘ladi”, – derdilar. Qani o‘rningizdan turing! – deb erini holi-joniga qo‘ymay uyg‘otardi.
Murod esa:
– Qishloq qizisan-da, tannoz kelinlar kabi dangasalikni yoqtirmaysan-da! – derdi.
Odina o‘z odatiga ko‘ra, qaynota-qaynona va eriga nonushtani ertalab tayyorlab qo‘yardi. Uni shunday tayyorlardiki, hammasi hayron qolardi. Erini biror marta bo‘lsa-da, ishiga nonushtasiz kuzatmasdi. Qaynota va qaynonasi ham uni ko‘p duo qilardi. Duo va olqishning sababidan necha yil zahmat chekib, buvasining duosini olgan, otasining nazariga tushgan, qaynota va qaynonaning olqishini olgan, eriga itoatli kelin hamma orzusiga yetdi. Eri Murod uni biror joyda ishlatmas, “Qishloqda rosa ishlagansan, shuning o‘zi yetadi”, derdi. Qaynotasi vafot etgach, qaynonasiga qizlaridan ham yaxshiroq xizmat qilib, duosini oldi. O‘zi ham keksalik yoshiga yetdi. Uch qiz, ikki o‘g‘ilni voyaga yetkazdi. Ularni ilmli, odobli va hayoli qilib tarbiyaladi. Dasturxon atrofida o‘tirganlarida, bolalariga:
– Buva, buvisi, qaynota va qaynonasi bor o‘g‘il-qizlar va kelinlar juda baxtli-da! Ularning xizmatini qiladi, duosini oladi, bilmaganini o‘rganadi. Duo va olqish olgan inson kam bo‘lmaydi. Buvamning xizmatini qildim, qaynonam va qaynotamning duosini oldim, otalaringizning hurmatini joyiga qo‘ydim, mana bugun sizlarning ardog‘ingizdaman. Tahoratga suv isitaman deb, qish kunlari sovqotgan qo‘llarimni sovuq suvga urdirmaysiz, uxlab qolmay deb qattiq yerlarda yotardim, endi esa par to‘shaklarda izzatdaman. Savob topaman deb ozgina qilgan xizmatim evaziga hajga bordim, bugun sizning ardog‘ingizdaman. Ha, xolis qilingan xizmatning mukofoti, duolar samarasi mana shunday azizlikdir, – derdi mamnun.
Aziz qizlarim! Albatta, ota-onaning xizmatini qilib, duosini olish sharafdir. Hamma ham duo olavermaydi, hammaga ham olqish nasib qilmaydi. Kim xizmat qilsa, kun kelib unga ham xizmat qilishadi. Kim hurmat qilsa, hurmat topadi. Kim nima eksa, shuni o‘radi. Shuning uchun xizmat qiling, xizmat va duo bois ulug‘lik, hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lasiz.
“Qasamini buzgan qiz” kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ota-onaga yaxshilik qilish bilan hayotda muvaffaqiyatga erishishni shartli ravishda “egizak”lar deyish mumkin! Chunki birinchisi bor joyda albatta ikkinchisi bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhu xonasidan chiqib, onasining hujrasi oldidan o‘tayotganida uning eshigi oldida to‘xtar va: “Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh, onajon!” derdi. Onasi javoban: “Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh, bolajonim!” deb alik olardi. So‘ng o‘g‘il: “Meni kichikligimda tarbiyalaganingizdek, Alloh sizga rahm qilsin!” der, ona: “Keksayganimda menga yaxshilik qilganingdek, Alloh senga rahm aylasin!” derdi. Abu Hurayra roziyallohu anhu bu ishni har kuni qilardi.
Yodda tutingki, baxt-saodat turlari qancha ko‘p bo‘lmasin, ular ichra eng go‘zali ota-ona duosidir! Kimki ota-onasi duosiga muyassar bo‘lib yashasa, ular xizmatida qoim tursa, uning bandalik maqomi ko‘tariladi, hayoti davomida muvaffaqiyatlarga noil bo‘ladi!
Buyuk tobeinlardan Hujr ibn Adiy onasining to‘shagini o‘z qo‘li bilan solib, yumshoq va tekisligiga ishonch hosil qilgach, onasini yotqizardi.
Shu zamonamizda bir yigit masjid sovitkich (konditsioner)larini sozlash bilan shug‘ullanar ekan. Undan qancha maosh olishi haqida so‘rashganida, onasi unga masjiddagi ishi uchun maosh olmaslikni nasihat qilgani, shu bois u masjidlardan mutlaqo haq olmasligini aytdi. Farzandi ongiga shunday go‘zal tushunchani singdirgan onaga tasanno! Onasining nasihatini mahkam tutib, unga hurmat ko‘rsatayotgan u yigitga ofarin!
Endi buning mutlaqo aksi bo‘lgan holat – ota-onaga yaxshilik qilmagan holatda ham bu yomon illat bilan yutqiziq, xorlik “egizak”dir. Unday banda dunyoda ham, oxiratda ham haqiqiy maqom-martaba, ehtirom topmaydi.
Bir yigit otasi vafotidan keyin onasini qariyalar uyiga olib borib, bir-bir xabar olib turadigan bo‘libdi. Bir kuni qariyalar uyidan onasining o‘lim yoqasida ekani haqida xabar kelibdi. O‘g‘il onasi tirigida bir ko‘rib qolish maqsadida darhol yetib boribdi. Onasidan so‘rabdi: “Onajon, siz uchun nima qilishimni xohlaysiz?”. Onasi: “Yelparrak olib berishingni istayman, chunki bu yerda dimiqib ketyapman. Yegulik saqlash uchun muzlatkich ham olib bersang. Necha kundan beri och uxlayapman”, debdi. O‘g‘il bu gaplardan hayron qolib: “Axir nega bu narsalarni endi so‘rayapsiz? Nega avvalroq aytmadingiz?” debdi. Onasi ma’yus holda: “O‘g‘lim, men-ku issiqqa ham, ochlikka ham ko‘nikdim. Lekin ertaga sen ham qarib, bolalaring bu yerga olib kelishganida qiynalmagin, deb aytyapman”, deya javob beribdi.
Ota-onasiga yetarlicha ehtirom va yaxshilik qilmayotganlar o‘zlarini o‘nglab, ko‘zlarini ochib olishsin! Shayx Ali Tantoviy rahimahulloh aytadi: “Onasining yaxshiligini unutgan yoki onasiga bitta gap bilan bo‘lsa ham ozor beradigan odamni ko‘rsangiz, unga aslo ishonmang, ishlaringizni unga topshirmang! Onasining yaxshiligini bilmagan boshqaning yaxshiligini bilarmidi, qadriga yetarmidi?!”.
Hasson Shamsiy Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
Ne’matulloh Isom, G‘iyosiddin Habibulloh tarjimasi