Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak ravzalarini ziyorat qilayotgan kishining dimog‘iga juda yoqimli hid urildi. U ziyoratdan chiqib do‘konga bordi va attorga: «Menga muborak ravzada dimog‘imga urilgan atirdan bering», dedi. Sotuvchi hayron bo‘lib, xaridorga qaradi va: «Siz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni yaxshi tanimas ekansiz. Dimog‘ingizga urilgan hid biror do‘konda sotiladigan atir hidi emas. U hid Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlaridan chiqadi. Alloh taolo o‘sha hidni olamlarga rahmat qilib yuborgan Payg‘ambarining muborak badanidan taraladigan qilib qo‘ygan. Hayotlik chog‘larida qaysi ko‘chadan o‘tsalar, o‘sha ko‘chada hidlari qolar, kimning boshini silasalar, o‘sha kishining boshidan ancha vaqtgacha o‘sha ifor taralib turardi. Mana, vafotlariga necha asrlar bo‘lganiga qaramay, o‘sha hid qabrlaridan taralib turibdi» deb javob berdi.
Allohumma solli va sallim va baarik ala Muhammad va ala olihi va as'habihi ajma’iyn.
Nozimjon Iminjonov tayyorladi.
O‘MI matbuot xizmati
14 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlarini Saudiya Arabistoni mutasaddi idoralari vakillari bilan muhokama qildilar.
Uchrashuvda ar-Rifoda haj xizmatlari muassasasi vakillari Nosir bin Abdulloh Sarujiy, Fuod bin Abdulaziz Fakirah, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov hamda Diniy idora huzuridagi “Haj va Umra” markazi rahbari Maqsud Karimov va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.
Muloqot avvalida tomonlar ikki mamlakat rahbarlarining ko‘p qirrali munosabatlari natijasida o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga olib chiqilgani, xususan, haj va umra ziyoratchilari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar saviyasi yuksak darajaga ko‘tarilganini e’tirof etdilar.
Muzokaralar chog‘ida Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida hojilarga munosib xizmat ko‘rsatish, ular uchun zarur sharoitlarni yaratish batafsil muhokama etildi. Jumladan, hojilar uchun muborak maskanlarda shinam chodirlar tashkil etish, transport va oziq-ovqat ta’minotini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “Haj – 2027” mavsumiga haj ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish, ularga munosib va shinam sharoitlar yaratish hamda tashkiliy ishlarini yanada kuchaytirish muhimligini alohida ta’kidladilar.
Bu ishlar zamirida esa bitta ulug‘ maqsad — har bir hojiga munosib e’tibor va hurmat ko‘rsatish, ibodatni eng qulay va ruhiy osudalikda ado etish imkoniyati yotadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati