Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

Oliy mukofot

09.08.2018   12339   2 min.
Oliy mukofot

Keksa otaxon bemor bo‘ldi va uch o‘g‘lini qoshiga chorlab, ularga mol-mulkini taqsimlab bergandan so‘ng:

– O‘g‘illarim, qo‘limda qimmatbaho bir dur qoldi. Bu durni kim oxirgi uch oy ichida eng ulug‘ savob ish qilgan bo‘lsa, shunga beraman, – dedi.

Bu gapni eshitgan to‘ng‘ich o‘g‘il:

– Otajon, bir kun anhor yoqalab ketayotsam, bir ayol u yoqdan-bu yoqqa dod solgancha yig‘lab, yugu­rar edi. Bilsam, to‘qqiz yoshli farzandi suvga tushib ketib cho‘kayotgan ekan. Anhor chuqur va tez oqayot­gan bo‘lsa-da, jonimni xatarga qo‘yib, o‘zimni suv­ga otdim va bolani qutqardim. Bolasini bag‘­riga bosgan ona, xursandligidan haqimga ko‘p duo­lar qildi, bu haqiqiy mardlik emasmi? – dedi.

– Barakalla o‘g‘lim, katta jasorat ko‘rsatib­san. Bu ulug‘ savob ish, sen haqiqiy botir yigit­ning ishini qilibsan, – deb maqtab qo‘ydi.

Navbat ikkinchi o‘g‘ilga keldi:

– Do‘konimda savdo-sotiq bilan mashg‘ul edim, notanish bir kishi menga anchagina oltin-kumushni “sizga omonat” deb, tashlab ketdi. Ismi­ni ham, manzilini ham aytmadi. Oradan ancha vaqt o‘tdi. U odamdan darak yo‘q! Kunlarning birida do‘konimga omonatning egasi kirib kelib, tashlab ketgan omonatini so‘radi. Omonatning bir tiyiniga ham xiyonat qilmay, egasiga qaytarib berdim. Bu ishim mardlik emasmi? – dedi.

– Ha, sen ham omonatdor, sodiq mo‘minning ishini qilibsan! Omonatni saqlash va unga xiyo­nat qilmaslik olijanob ish, – deb o‘rtancha o‘g‘lini alqadi.

Navbat kenja o‘g‘ilga yetdi:

– Mening ashaddiy dushmanim bor edi. Bir kun tongda yonbag‘irda aylanib yursam, bir odam jarlik yoqasida uxlab yotibdi. Ozgina harakat qilsa, jarga qulaydi. Yoniga borsam, dushmanim! Ita­rib yuborsam, o‘lishi aniq edi. Ammo unga o‘limni istamadim, uni uyg‘otib, “Ehtiyot bo‘l, jarga tu­shib ketishing mumkin!” deb o‘limdan saqlab qol­dim, – dedi.

Ota kenja o‘g‘lini bag‘riga bosib:

– Bolajonim, sen eng ulug‘ savob ishni qilib­san! Dushmaningni o‘ldirishga qodir bo‘la turib, unga yaxshilik qilib, o‘limdan saqlab qolibsan, bu – mard yigitning ishi. Manavi qimmatbaho dur senga, – deb va’da qilingan mukofotni unga berdi.

Haqiqiy mard inson dushmaniga ham yomon­likni ravo ko‘rmaydi. Qo‘lidan kelganicha yaxshilik qiladi. Dono xalqimizda “Yaxshidan bog‘, yomondan dog‘ qoladi», deb bejiz aytilmagan.

Aziz kitobxon! Siz kimlarga yaxshilik qil­gansiz? Yaxshilikning mukofoti yaxshilik eka­nini bilasizmi?!

“Qasamini buzgan qiz” kitobidan

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ozarbayjonda muftiylar anjumani boshlandi

14.09.2026   16549   1 min.
Ozarbayjonda muftiylar anjumani boshlandi

Bugun, 14 sentyabr kuni Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.

Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov hamda boshqa qardosh va xorijiy davlatlar ulamolaridan iborat nufuzli delegatsiyalar ishtirok etmoqda.

Yalpi majlisda nutq so‘zlagan muftiylar o‘z ma’ruzalarida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratmoqdalar:

– Kengash qoshidagi Fatvo hay’ati faoliyatini rivojlantirish, ummat uchun zarur qo‘shma fatvolar ishlab chiqish va zamonaviy masalalarga shar’iy yechim topish;

– diniy ta’lim muassasalarida ustoz va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-uslubiy loyihalarni amalga oshirish;

– ekstremizm, terrorizm, takfirchilik, islomofobiya va mazhablararo nizo qo‘zg‘ash kabi tahdidlarga qarshi yakdil ma’rifiy kurashni kuchaytirish.

Shuningdek, Ulamolar diniy-ma’rifiy sohadagi ana shunday hamkorlik butun Turkiy dunyo birdamligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Anjuman davom etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari