Masjid hovlisi toklardan osilib turgan uzum bilan to‘la. Meni uchrashuvga chaqirgan opani kutib turarkanman, beixtiyor atrofni tomosha qilardim. Qiziq, masjid uzumlarining hech biriga chumchuq tugul mevalarning, ayniqsa, uzumlarning kushandasi bo‘lgan afg‘on qarg‘asi ham tegmabdi. Balki ko‘pning rizqi bo‘lgani uchundir?! Yoki ular ham Xudoyimning uylariga hurmatlari bois bu yerdagi mevalarga nafs panjalarini botirishga jur’at etmaganmikinlar?! Dunyo tafakkurga to‘la. Sir-u sinoat bilan omuxta bu ochun aql egalarining fikrlashi uchun bitmas-tuganmas manbadek go‘yo... Shu fikrlar og‘ushida o‘tirarkanman, kutayotganim otinoyining kelib qolganlarini sezmabman ham.
Salomlashib so‘rashgach, chuqur nafas olgan opa asl muddaoga ko‘cha qoldilar: “Singiljon, sizni ozmi-ko‘pmi bilganimiz bor. Bizga ayrim masalalarda ozroq yordam bersangiz. Rosti, hozir aytmoqchi bo‘lganim so‘zlardan ko‘ngil uyingiz xufton bo‘lsa, ma’zur tutasiz. Bilmadim, hayotingiz davomida hayotning bu taxlit sinovlariga yengilgan hamjinslarimizni ko‘rganmisiz-yo‘qmi?! Xalq xizmatida bo‘lgan otinoyilar xalqning ichida, ularning muammolarini his eta oladigan, kerakli vaqtlarda ma’naviy yordam bera oladigan insonlar – Xudoyimning qul-bandalari bo‘ladi va shu bois boshqalarga nisbatan ko‘proq xalqning nazarida ham bo‘ladi. Buni yaxshi bilasiz. Aytmoqchi bo‘lganim voqealarning qahramonlarini aytmay qo‘ya qolay. Yaqinda mahalla maslahatchisi juda muhim ish chiqib qoldi deb, meni kech bo‘lganiga qaramay qo‘ng‘iroq qilib chaqirib qoldi. Qanday muammo ekanligini bilgach esa, taajjub va taassufdan o‘zimga kelolmadim. 50 yoshli ayolning 38 yoshli erkak oilasiga rahna solib yurgani va bu ishidan zarracha bo‘lsa-da hayo qilmayotgani tomirlarimdagi qonning-da qotib qolishiga olib kelgandek bo‘ldi go‘yo. Bizga shu va shunga o‘xshash masalalarda yordamingiz kerak.
Opa bilan xayrlashar ekanman, masjid hovlisidagi uzumlarga yana bir qur nazar tashladim: pok makonning hosili ham, rizqi ham, nasibadori ham, shukrona keltiruvchisi ham ko‘p bo‘larkan.
Bu voqeaga uch-to‘rt kun bo‘lgan bo‘lsa-da, negadir otinoyi aytgan voqea xayolimdan sira nari ketmadi, savollar esa boshimda g‘ujg‘on o‘ynardi: nega?! Nima uchun?! Bunday holatlarning boshlanishi qayda-yu, oxiri nima bilan tugaydi?! Nahot ayol degan xilqat, mo‘jiza, yaralmish shu qadar tuban ketsa?! O‘zini, o‘zligini shu qadar poymol etsa?! To‘g‘ri, hayotda hamma ham adashishi mumkin. O‘zligidan tonishi, o‘zligiga xiyonat qilishi mumkin. Axir hech kim begunoh farishta emas. Axir hech kim taqdirining yozug‘i nima ekanini bilmaydi. Bu faqat Yaratganning o‘zigagina ma’lum bo‘lgan Uning xazinasidagi ilmi ladunniy xolos. Ammo har qanday osiy, adashgan inson uchun to Qiyomat yopilmaydigan eshik – Tavba eshigi bor. Bu eshik toki insoniyat yashar ekan, rizqi yetib turar ekan, yopilmaydi! Unga yetmoqqa nega jiddu jahd qilmaymiz?! Nega boshimiz gunoh devorlariga qayta-qayta urilsa-da, o‘zimizga kela qolmaymiz?! Nega gunohlarimizga pushaymon bo‘lmaymiz?! Qani hayo? Qani ayollikning ibo pardasi?! Hayosizlik chog‘iridan icha-icha nega qonmaymiz?! Bu chog‘ir qon-qonimizga singib ketdimikan yo?! Qachon Tavbaga kelamiz?!
Kaykovus o‘z “Qobusnoma”sini “Pisaram, man pir shudam”, ya’ni qaridim deb boshlaydi. Endi qaridim, senga nasihat qiladigan yoshga yetdim demoqchi balki. Ammo nahot boshqalarga nasihat beradigan yoshga yetgan ayol har qanday hayosizlikka “qarigani”ni idrok etolmasa?! Umuman olganda, hayosizlikning yoshi bormikan?! Yo‘q axir! Yo‘q! Hayo insonning fitratida yaratilgan bo‘ladi. Fitratidagi hayoni idrok etolmaslik, nafsini tiyolmaslik sharmandali vaziyatlarga yetaklashi tabiiy.
Fariduddin Attorning “Tazkiratul avliyo”sida, Abu Nuaymning “Hulya”, Ibn Javziyning “Sifat us safva”, Imom Sho‘roniyning “At-tabaqot ul kubro”, Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns”, Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarlarida butun borliq ayollariga o‘rnak bo‘la oladigan, domoni pok, suvrat-u siyrati pokiza avliyo ayollar haqida so‘z yuritiladi. Bahriddin Umrzoqning “Soliha ayollar” kitobida shunday rivoyat keltiriladi:
“Ato ibn Abu Raboh rivoyat qiladilar: Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Senga bir jannati ayolni ko‘rsataymi?” dedi. Men: “Ha”, dedim. Ibn Abbos: “Mana shu qora tanli ayol”, dedi. O‘sha xotin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzuriga borib: “Men (ichda yel to‘plangani bois shifo bersin) goho hushimdan ketib, goho o‘zimga kelib turaman. Alloh taologa iltijo aylab, meni duo qiling, dardimga shifo bersin!” dedi. Janob Rasululloh: “Istasang, sabr-toqat qilgin, jannatga kirursan, istasang duo aylay, Alloh taolo senga shifo ato etgay”, deb javob qildilar. Ayol: “Yaxshisi, sabr qilganim afzal, duo qiling, dardimdan forig‘ bo‘lmay!” deb aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qildilar. Ato ibn Abu Raboh ibn Yazidga bunday degan: “Men Ummu Zufarni ko‘rganman, u novcha, qora tanli ayol bo‘lib, o‘shanda Ka’baning devoriga suyanib turgan edi (Imom Buxoriy rivoyati).
Chiroyli yakun uchun ayollarning bu qadar jiddu jahdi nahot bizlarga ibrat bo‘la olmaydi?! Nahot shunday buyuk hamjinslari bor ayol zoti ularning ilm-u ma’rifatidan, ibo-yu hayosidan zarra qadar bo‘lsa-da nasibador bo‘lmasak?! Nahot bosgan har bir qadamimiz, aytgan har bir so‘zimiz, qilgan har bir amalimiz farzandlarimizga tirik o‘rnak, tarbiya ekanini his etmasak?! Nahot birovning oilasi notinchligi evaziga o‘z “tinch” hayoti-yu, “baxti”ni his qila oladigan ayollar safi shunchalar kengaygan bo‘lsa?! Hayosizning oshig‘i olchi, andishaning nomi qo‘rqoqmi?!
Otinoyi opaning taklifiga rozilik bildirish va ular bilan hammaslak, ya’ni ayollar-u oilalar muammolari bilan shug‘ullanmoq maqsadida masjid binosi tomon ketar ekanman, qalbimni chuqur umidvorlik qopladi, unga quyidagi so‘z ilohiy bir nur sungandek bo‘ldi: “Tavba eshiklari hamisha ochiq!”
Gulnoz Sattorova,
Navoiy shahar “Istiqlol” mahallasi “Qaynonalar kengashi” raisi
Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM