Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuning ismi Abdulloh, kunyasi Abu Abdurahmon, otasi Umar ibn Xattob, onasi Zaynab binti Maz’undir. Abdulloh ibn Umar hali balog‘at yoshiga yetmay, otasi bilan Makkada Islomga kirdilar. Badr va Uhud janglariga qatnashish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ruxsat so‘raganlarida, yoshlari kichkina bo‘lgani sababli ruxsat bermadilar. Lekin Xandaq jangiga chiqqanlar. Ana shu vaqtda Ibn Umarning yoshlari hali o‘n beshdan o‘tmagan edi. Otalari bilan birga Madinaga hijrat qildilar. Yoshlari yigirmaga yetganda Makkani fath etishda ishtirok etdilar.
Abdulloh ibn Umar yoshlik vaqtlaridan taqvodor, iffatli edilar, u kishini Quraysh yoshlari ichida, nafsiga molik kishilardan, deb tanishardi. Kishilar orasida saxiylik va rostgo‘ylik bilan ham mashhur edilar. Alloh yo‘lida haqdorlar uchun bir kunda yuzta tuyani in’om etganlari rivoyatlarda keladi. Doimo yetim va miskinlar bilan birga ovqatlanib yurar edilar. Agar biror ma’raka qiladigan bo‘lsalar, ana shu ma’rakaga faqat yetim va kambag‘allarni taklif qilar edilar. Albatta, bu saxiyliklari faxr yoki maqtov uchun emas, balki Alloh yo‘lida bo‘lar edi. Abdulloh ibn Umar zohidlardan edilar. Dunyoga moyil ham bo‘lmas va unga ortiqcha harakat ham qilmas edilar, balki undan badanlarini to‘sgudek kiyimni, egilgan bellari to‘g‘ri bo‘lgudek taomni umid qilar edilar, xolos.
Ibn Umar kechalari ko‘p namoz o‘qib, doim Qur’on tilovat qilib, Allohni ko‘p zikr qilardilar. Agar ogohlantiruvchi, qo‘rqituvchi oyat eshitsalar, ko‘zlariga yosh yomg‘ir kabi quyilib kelardi. Ibn Umar kechasining ko‘p qismida namoz o‘qib chiqar edilar. Tong saharlarda esa, istig‘for aytib, yig‘lab chiqar edilar.
Ulug‘ zotlardan Tovus rahmatullohi alayhi: «Ibn Umardan ko‘ra taqvoli, Ibn Abbosdan ko‘ra biluvchiroq kishini ko‘rmadim», deydi.
«Lan tanolul birra xatto tunfiquu mimma tuhibbun» («Yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan infoq qilmaguningizcha yaxshilikka erisha olmaysizlar») oyati karimasi nozil bo‘lganida Ibn Umar Rumaysa ismli cho‘risini Alloh yo‘lida ozod qildilar va: «Allohga qasamki, dunyoda eng yaxshi ko‘rgan kishim sensan, ozodsan, ketaver», deb aytdilar.
Ulug‘ zotlardan Nofe’ aytadilar: «Ibn Umarga agar dunyo ishlarida biror narsa qattiq bo‘lib qolsa, Rabbilariga yaqin bo‘lar edilar».
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu aytadilar:
«Abdulloh ibn Umardan boshqa molu dunyoga moyil bo‘lib ketmagan biror kishini ko‘rmadik».
Kishilar aytishar edi: «Abdulloh ibn Umarning zohidliklari otasidan meros edi. Shuning singari, din ta’limotlarini ham otasidek kasb qilgan edilar. Har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga va otasiga ergashar edilar. U zotning qalblari behojatlik bilan to‘lgan edi. Aqllari oliy darajada, ruhlari esa, pok edilar. Agar huzurida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zikr qilinsa, u zotga bo‘lgan muhabbatlaridan ko‘zlari yoshga to‘lar edi».
Ibn Umarda ulamolarga xos bo‘lgan bir xislat bor edi. Agar insonlar biror narsada johillik qilsalar, ularga adovatlarini zohir qilmas yoki javobni uzib qo‘ymas edilar. Agar bilmaydigan narsalari to‘g‘risida so‘ralsa, darhol bilmayman, deb aytar edilar.
Ibn Umar hammasi bo‘lib, 2630 ta hadis to‘plab, Abu Hurayra roziyallohu anhudan keyingi o‘rinni egalladilar. Ibn Umar hadislarni Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Abdulloh ibn Mas’ud kabi ulug‘ sahobalardan va Oisha hamda Hafsa onalarimizdan rivoyat qildilar. U zotdan Said ibn Musayyib, Hasan Basriy, Ibn Shihob Zuhriy, Ibn Siyrin, Nofe’, Mujohid, Tovus, Ikrima kabi tobeinlar rivoyat qilishdi.
Abdulloh ibn Umar hijratning 73-yili 84 yoshida Makka shahrida bu foniy dunyodan dorulbaqoga rihlat qildilar.
O‘MI matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.
Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.
Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.
Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.
“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.
Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.
Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.
Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.
Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.
Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.
Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.