– Abu Barza Aslamiy aytadilar: Yo Rasululloh! Meni jannatga kiritadigan amalga dalolat qiling, – dedim.
U zot sollallohu alayhi vasallam: “Odamlar yo‘lidagi ozor beruvchi narsani olib tashla”, dedilar.
– Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bir odam yo‘lda yotgan tikonning oldidan o‘tib qoldi. “Albatta, mana shu tikonni olib tashlayman, bir musulmon odamga zarar bermasin”, dedi. Shunda uning gunohlari mag‘firat qilindi”, dedilar.
– Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Qachon ikki musulmon uchrashib, qo‘l olib so‘rashsalar, Allohga hamd va U zotga istig‘for aytsalar, ikkovlari mag‘firat qilinadi”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
– Kimki qilmishiga pushaymon bo‘lib, uzr so‘ragan odamni kechirib yuborsa, uning xatolarini ham Alloh taolo qiyomat kuni kechiradi.
– Manzilni so‘raganga yo‘l ko‘rsatish ham yaxshilikdir.
– Do‘zaxdan yarimta xurmo sadaqa qilib bo‘lsa ham saqlaninglar! Agar bunga ham qodir bo‘lmasangiz shirin so‘z bilan saqlaning.
– Halol kasbdan charchab uxlagan odam gunohlari kechirilgan holda tunaydi.
– Kasal ko‘rgani boruvchi odam go‘yo jannat bog‘ida yurgandek bo‘ladi.
– Kimki duolarim ijobat bo‘lsin, tashvishlarim boshimdan arisin desa, kambag‘allar holidan xabar olsin.
– Kimki ko‘zi ojiz odamni qirq qadam yetaklagan bo‘lsa, uning jannatga kirishi muqarrardir.
– Sadaqa suv olovni o‘chirganidek xatoni (gunohni) o‘chiradi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi
Jahongir SHAMSUTDINOV
Har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida an’anaviy tarzda tashkil etiladigan fuqarolar qabuli bu safar ham aholi vakillarining murojaatlarini o‘rganish, muammolarga yechim topishga qaratildi.
Joriy haftadagi qabulda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov poytaxtimizdan hamda yurtimizning turli shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning shaxsiy va jamoaviy masalalari, taklif va mulohazalarini tingladi.
Qabul yakunida mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, fuqarolar murojaatlarini tezkor va adolatli hal etish bo‘yicha choralar belgilandi. Shu bilan birga, fuqarolar bilan bevosita muloqot qilish, ularning fikrlarini eshitish va islohotlarga jamoatchilikni faol jalb etish borasidagi ishlar doimiy e’tiborda ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati