Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Sentabr, 2026   |   29 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:38
Quyosh
05:59
Peshin
12:20
Asr
16:48
Shom
18:44
Xufton
20:00
Bismillah
11 Sentabr, 2026, 29 Rabi`ul avval, 1448

Savob

07.08.2018   15465   2 min.
Savob

Xonamga bir yigit kirib keldi. Nimadan­dir juda xijolat, iymanibgina:

– Sizdan bir narsani so‘rasam maylimi? Xo­tinim bilan bir ish qilmoqdamizki, ko‘ng­li­mizda xotirjamlik yo‘q! Bu qilayotgan ishimiz uchun Alloh jazolamasmikan, shundan tashvish­damiz, – dedi yerga qarab. Xayolimga bu inson kat­ta bir gunohga qo‘l urdimikan, shu darajada xi­jo­lat chekmoqda, degan fikr keldi.

– Qanday ish ekanki, sizlarni bunchalik tashvishga solibdi? – dedim.

– Men ko‘p qavatli uyda yashayman. Qo‘shnim keksa rus kampir, farzandlari Rossiyaga ketib qolishgan, hech holidan xabar olishmaydi. Shu kam­pir betob, farzandlariga onalari kasal­li­gi to‘g‘risida bir necha bor xabar jo‘natdim, ular kelishmadi. Xotinim ikkalamiz kampirga ov­qat beramiz, uyini tozalaymiz, xotinim kirla­ri­ni yuvadi. Bu kampir boshqa dindan bo‘lsa, unga  xizmat qilayotganimiz to‘g‘rimi, shuni bil­moq­chi edim, – deb gapini yakunladi.

– Bu xizmatni uy-joyiga ega chiqish yoki bi­ror dunyoviy narsa ilinjida qilmoqdasizlar­mi? – dedim.

– Xudo asrasin! Uyimiz o‘zimizga yetarli, uning uyiga hech ehtiyojimiz yo‘q. Qolaversa, bu yor­dam­ni astoydil, kampirning qiyinchilikla­ri­ni yengillatish uchun qilyapmiz, tama uchun qilma­yapmiz, shu ishimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi? G‘ayridin­ga xizmat qilib, gunoh qilmayapmiz­mi? – deb sa­volini yana qaytardi.

– Bechora, g‘arib, kasal, keksa kampirning farzandlari tuqqan onasiga xizmat qilishdan qochishsa, sizdek yetti yot begonalar, ulug‘ savob ishga qo‘l urib, gunoh ish qilmayapmizmi, de­yishingizning o‘zi ulkan savob. Sizlar eng olijanob, haqiqiy odamiylik burchingizni ado qilyapsizlar, buning uchun esa mukofot va ajr bor, deb qo‘shni va boshqa dindagilarga yaxshilik qilish, yordam berish to‘g‘risidagi hadislardan tushuntirdim.

Yigit: “Xudoga shukr!” deb qilayotgan savob ishlaridan mamnun bo‘lib, tashakkur aytib ketdi.

Aziz qardoshlarim! Bizning xalqimiz mana shunday ajoyib xalq. Ikkinchi jahon urushida ota-bobolarimiz millionlab yetimlar, uy-joyidan judo bo‘lgan turli millat xalqlariga yordam bergan. Ularning ichida rus, nemis, yapon, koreys, mesxeti turk, tatar, dog‘istonlik, chechenlar va boshqa ko‘plab millatlar bo‘lgan. Bizning otalarimiz ularga o‘zlari yeb turgan bir bo‘lak nonini yarmini berishgan. Ularning boshini si­lashgan. Biz avlodlar ham ularning go‘zal amallarini davom ettirayotganimizga yuqoridagi hikoyamiz yaqqol dalildur.

“Qasamini buzgan qiz” kitobidan

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Indoneziya Haj va Umra vaziri Buxoroga tashrif buyurdi

10.09.2026   24503   1 min.
Indoneziya Haj va Umra vaziri Buxoroga tashrif buyurdi

7–8 sentabr kunlari Indoneziya Haj va Umra vaziri Muhammad Irfon Yusuf boshchiligidagi delegatsiya Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.

Mehmonlarni temir yo‘l vokzalida viloyat hokimi o‘rinbosari B.Shahriyorov, A.Qalandarovlar boshchiligidagi mutasaddilar kutib oldi.

Hokim o‘rinbosari B.Shahriyorov, A.Qalandarov , turizm boshqarmasi boshlig‘i A.Rajabov va bosh imom-xatib J.Elov ishtirokidagi uchrashuvda Buxoroning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, muqaddas qadamjolar va allomalar merosini targ‘ib qilish, ziyoratchilar oqimini oshirish hamda yangi ziyorat turizmi yo‘nalishlarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Jakarta–Buxoro yo‘nalishida charter va to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Imom al-Buxoriy, Abduxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband merosini Indoneziyada targ‘ib qilish maqsadida Jakartadagi oliy ta’lim muassasalari va turistik kompaniyalarda ma’ruza hamda targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish taklif qilindi.

Delegatsiya Bahouddin Naqshband majmuasi va Buxoroning tarixiy markazlari bilan tanishib, shaharning ziyorat turizmi salohiyati haqida ma’lumot oldi.

Tashrif — Buxoro va Indoneziya o‘rtasidagi ziyorat turizmi, diniy-ma’rifiy hamda madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari