Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Oktabr, 2026   |   21 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:02
Quyosh
06:20
Peshin
12:12
Asr
16:18
Shom
18:08
Xufton
19:22
Bismillah
02 Oktabr, 2026, 21 Rabi`us soni, 1448

Savob

07.08.2018   17226   2 min.
Savob

Xonamga bir yigit kirib keldi. Nimadan­dir juda xijolat, iymanibgina:

– Sizdan bir narsani so‘rasam maylimi? Xo­tinim bilan bir ish qilmoqdamizki, ko‘ng­li­mizda xotirjamlik yo‘q! Bu qilayotgan ishimiz uchun Alloh jazolamasmikan, shundan tashvish­damiz, – dedi yerga qarab. Xayolimga bu inson kat­ta bir gunohga qo‘l urdimikan, shu darajada xi­jo­lat chekmoqda, degan fikr keldi.

– Qanday ish ekanki, sizlarni bunchalik tashvishga solibdi? – dedim.

– Men ko‘p qavatli uyda yashayman. Qo‘shnim keksa rus kampir, farzandlari Rossiyaga ketib qolishgan, hech holidan xabar olishmaydi. Shu kam­pir betob, farzandlariga onalari kasal­li­gi to‘g‘risida bir necha bor xabar jo‘natdim, ular kelishmadi. Xotinim ikkalamiz kampirga ov­qat beramiz, uyini tozalaymiz, xotinim kirla­ri­ni yuvadi. Bu kampir boshqa dindan bo‘lsa, unga  xizmat qilayotganimiz to‘g‘rimi, shuni bil­moq­chi edim, – deb gapini yakunladi.

– Bu xizmatni uy-joyiga ega chiqish yoki bi­ror dunyoviy narsa ilinjida qilmoqdasizlar­mi? – dedim.

– Xudo asrasin! Uyimiz o‘zimizga yetarli, uning uyiga hech ehtiyojimiz yo‘q. Qolaversa, bu yor­dam­ni astoydil, kampirning qiyinchilikla­ri­ni yengillatish uchun qilyapmiz, tama uchun qilma­yapmiz, shu ishimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi? G‘ayridin­ga xizmat qilib, gunoh qilmayapmiz­mi? – deb sa­volini yana qaytardi.

– Bechora, g‘arib, kasal, keksa kampirning farzandlari tuqqan onasiga xizmat qilishdan qochishsa, sizdek yetti yot begonalar, ulug‘ savob ishga qo‘l urib, gunoh ish qilmayapmizmi, de­yishingizning o‘zi ulkan savob. Sizlar eng olijanob, haqiqiy odamiylik burchingizni ado qilyapsizlar, buning uchun esa mukofot va ajr bor, deb qo‘shni va boshqa dindagilarga yaxshilik qilish, yordam berish to‘g‘risidagi hadislardan tushuntirdim.

Yigit: “Xudoga shukr!” deb qilayotgan savob ishlaridan mamnun bo‘lib, tashakkur aytib ketdi.

Aziz qardoshlarim! Bizning xalqimiz mana shunday ajoyib xalq. Ikkinchi jahon urushida ota-bobolarimiz millionlab yetimlar, uy-joyidan judo bo‘lgan turli millat xalqlariga yordam bergan. Ularning ichida rus, nemis, yapon, koreys, mesxeti turk, tatar, dog‘istonlik, chechenlar va boshqa ko‘plab millatlar bo‘lgan. Bizning otalarimiz ularga o‘zlari yeb turgan bir bo‘lak nonini yarmini berishgan. Ularning boshini si­lashgan. Biz avlodlar ham ularning go‘zal amallarini davom ettirayotganimizga yuqoridagi hikoyamiz yaqqol dalildur.

“Qasamini buzgan qiz” kitobidan

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“OTS”: O‘zbekiston madaniy merosni saqlash va targ‘ib qilishda xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

22.09.2026   54838   2 min.
“OTS”: O‘zbekiston madaniy merosni saqlash va targ‘ib qilishda xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

Avstriyaning “OTS” axborot servisida O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini saqlash va ommalashtirish sohasidagi xalqaro hamkorligiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo”  AA muxbiri.

Maqolada “Universal Art Group” kompaniyasi vakillarining Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va yangi kashfiyotlar” mavzusidagi Xalqaro mediaforumdagi ishtiroki haqida so‘z yuritilgan.

Alohida e’tibor Markaziy Osiyo va islom dunyosining boy madaniy merosi bilan bog‘liq qo‘shma nashriyot tashabbuslariga qaratildi.

Yana bir muhim yo‘nalish Amir Temur davridagi Samarqandga oid tarixiy manbalarga murojaat qilish bo‘ldi. Xususan, Kastiliya qiroli tomonidan Temur saroyiga yuborilgan ispan diplomati Ruy Gonsales de Klavixoning esdaliklariga e’tibor qaratildi. Uning tavsiflari XV asr boshlaridagi Samarqand va Markaziy Osiyoni yevropalik sayohatchi nigohi bilan ko‘rish imkonini beruvchi qimmatli manba hisoblanadi.

“Universal Art Group” asoschisi va bosh direktori Sharlotta Kramerning ta’kidlashicha, tarixiy hujjatlar nafaqat o‘tmish, balki bugungi kunga ta’sir o‘tkazishda davom etayotgan insonlar, g‘oyalar va uchrashuvlar haqida hikoya qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muhim vazifa bunday manbalarni avaylab-asrash va keng xalqaro jamoatchilikni ular bilan tanishtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishdan iborat.

Tashrif doirasida “UAG” vakillari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ta’lim uchrashuvlari o‘tkazdi. Unda madaniy merosni saqlash, o‘rganish va targ‘ib qilishda zamonaviy nashriyot sanoatining roli muhokama qilindi. “Universal Art Group” operatsion direktori Aleksandr Vilgelmning so‘zlariga ko‘ra, talabalar bilan o‘tkazilgan muloqotlar yosh avlodning tarixiy xotirani saqlash va madaniy qadriyatlarni kelajak avlodlarga yetkazish masalalariga bo‘lgan yuqori qiziqishini ko‘rsatdi.

“Kompaniyaning Toshkent va Samarqanddagi tadbirlarda ishtirok etishi O‘zbekistonning madaniyat, ta’lim va kreativ industriya sohalarida xalqaro hamkorligi kengayayotganining yana bir isboti bo‘ldi. Zamonaviy nashriyot texnologiyalari, tarixiy manbalar bilan ilmiy ishlash va raqamli formatlar mamlakatning o‘ziga xos merosini xalqaro auditoriya uchun yanada ochiq qilishga xizmat qiladi va O‘zbekiston hamda xorijiy hamkorlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi”, — deyiladi xulosada.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati