Xonamga bir yigit kirib keldi. Nimadandir juda xijolat, iymanibgina:
– Sizdan bir narsani so‘rasam maylimi? Xotinim bilan bir ish qilmoqdamizki, ko‘nglimizda xotirjamlik yo‘q! Bu qilayotgan ishimiz uchun Alloh jazolamasmikan, shundan tashvishdamiz, – dedi yerga qarab. Xayolimga bu inson katta bir gunohga qo‘l urdimikan, shu darajada xijolat chekmoqda, degan fikr keldi.
– Qanday ish ekanki, sizlarni bunchalik tashvishga solibdi? – dedim.
– Men ko‘p qavatli uyda yashayman. Qo‘shnim keksa rus kampir, farzandlari Rossiyaga ketib qolishgan, hech holidan xabar olishmaydi. Shu kampir betob, farzandlariga onalari kasalligi to‘g‘risida bir necha bor xabar jo‘natdim, ular kelishmadi. Xotinim ikkalamiz kampirga ovqat beramiz, uyini tozalaymiz, xotinim kirlarini yuvadi. Bu kampir boshqa dindan bo‘lsa, unga xizmat qilayotganimiz to‘g‘rimi, shuni bilmoqchi edim, – deb gapini yakunladi.
– Bu xizmatni uy-joyiga ega chiqish yoki biror dunyoviy narsa ilinjida qilmoqdasizlarmi? – dedim.
– Xudo asrasin! Uyimiz o‘zimizga yetarli, uning uyiga hech ehtiyojimiz yo‘q. Qolaversa, bu yordamni astoydil, kampirning qiyinchiliklarini yengillatish uchun qilyapmiz, tama uchun qilmayapmiz, shu ishimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi? G‘ayridinga xizmat qilib, gunoh qilmayapmizmi? – deb savolini yana qaytardi.
– Bechora, g‘arib, kasal, keksa kampirning farzandlari tuqqan onasiga xizmat qilishdan qochishsa, sizdek yetti yot begonalar, ulug‘ savob ishga qo‘l urib, gunoh ish qilmayapmizmi, deyishingizning o‘zi ulkan savob. Sizlar eng olijanob, haqiqiy odamiylik burchingizni ado qilyapsizlar, buning uchun esa mukofot va ajr bor, deb qo‘shni va boshqa dindagilarga yaxshilik qilish, yordam berish to‘g‘risidagi hadislardan tushuntirdim.
Yigit: “Xudoga shukr!” deb qilayotgan savob ishlaridan mamnun bo‘lib, tashakkur aytib ketdi.
Aziz qardoshlarim! Bizning xalqimiz mana shunday ajoyib xalq. Ikkinchi jahon urushida ota-bobolarimiz millionlab yetimlar, uy-joyidan judo bo‘lgan turli millat xalqlariga yordam bergan. Ularning ichida rus, nemis, yapon, koreys, mesxeti turk, tatar, dog‘istonlik, chechenlar va boshqa ko‘plab millatlar bo‘lgan. Bizning otalarimiz ularga o‘zlari yeb turgan bir bo‘lak nonini yarmini berishgan. Ularning boshini silashgan. Biz avlodlar ham ularning go‘zal amallarini davom ettirayotganimizga yuqoridagi hikoyamiz yaqqol dalildur.
“Qasamini buzgan qiz” kitobidan
Savda binti Zam’a roziyallohu anho Xadija binti Xuvaylid roziyallohu anho vafot etganlaridan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga turmushga chiqqanlar.
Savda binti Zam’a roziyallohu anho Islom da’vatining ilk yillarida birinchi turmush o‘rtog‘i Sakron ibn Amr bilan birga Allohning dinini qabul qilganlar. Ammo Islomga kirmagan qarindoshlarining aksariyati Savda roziyallohu anhoga yomon munosabatda bo‘lishgan. Qolaversa, mushriklarning ta’qiblari, azob-uqubatlari va haqoratlarini ham boshdan kechirdi.
Shundan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarga Efiopiya (Habashiston)ga hijrat qilishni buyurdilar. Bu safar mushriklar to‘sqinlik qilmasliklari uchun maxfiy tarzda amalga oshirildi. Savda roziyallohu anho va turmush o‘rtog‘i Alloh taoloning roziligi yo‘lida uy-joylari va mol-mulklarini tashlab, musofirlikka chiqdilar.
Bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Zulmga duchor bo‘lganlaridan so‘ng Allohning yo‘lida hijrat qilganlarni bu dunyoda, albatta, go‘zal(joy)ga joylashtiramiz. Va oxirat ajri kattaroqdir, agar biladigan bo‘lsalar” (Nahl surasi, 41-oyat).
Keyinchalik muhojirlarga Makkada mushriklar musulmonlarga tazyiq qilishni to‘xtatgani haqida xabar yetdi. Shu bois ayrimlari yurtlariga qaytishga qaror qildilar. Savda roziyallohu anho ham ular orasida edilar. Ammo Makkaga yetib kelgach, bu xabar yolg‘on ekani ma’lum bo‘ldi. Ana shu og‘ir kunlarda yana bir musibat yuz berdi – kasallik sababli turmush o‘rtog‘i Sakron ibn Amr vafot etdi.
Milodiy 619 yilda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlarida ikki katta musibatni boshdan kechirdilar: dastlab amakilari Abu Tolib, ortidan esa zavjai muhtaramalari Xadija roziyallohu anho vafot etdilar. Bu yo‘qotishlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni qattiq mahzun qildi.
Kunlarning birida Havla binti Hakim roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uylanishni taklif qilib, Savda binti Zam’a roziyallohu anho haqida so‘z ochdi. Shundan so‘ng, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Havla roziyallohu anhoni Savda roziyallohu anhoning roziligini bilish uchun yubordilar. Savda roziyallohu anho bu nikohga rozilik bildirdilar. Keyin esa Havla roziyallohu anhoni otalarining fikrini so‘rash uchun yubordilar. Otalari ham ushbu nikohga rozilik berdilar. Shu tariqa Savda binti Zam’a roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga turmushga chiqdilar.
Bu orada Makkada musulmonlarga nisbatan ta’qiblar yanada kuchaydi. Shu sababli musulmonlar Madinaga hijrat qilishga qaror qildilar. Savda binti Zam’a roziyallohu anho ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga hijrat qilib, muhojirlar safidan o‘rin oldilar.
Mo‘minlarning boshqa onalari kabi Savda roziyallohu anho ham ko‘plab yuksak fazilatlarga ega edilar. Ayniqsa, saxovatlari bilan ajralib turardilar.
Ibn Sirindan rivoyat qilinadiki, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu xalifalik davrida Savda roziyallohu anhoga dirhamlar solingan katta xalta yubordilar.
Savda roziyallohu anho:
— Bu nima? — deb so‘radilar.
Ular:
— Dirhamlar, — dedilar.
Shunda u kishi:
— Xurmo solingan idish kabi to‘lib ketibdi-ku, — dedilar.
So‘ng xizmatkorini chaqirib:
— Uni tarqatib yubor, — dedilar.
Va barcha molni kambag‘allarga sadaqa qilib yubordilar.
Savda roziyallohu anho xushchaqchaq va ochiqko‘ngil ayol edilar. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga “Yo Allohning Rasuli, kecha siz bilan namoz o‘qidim. Siz rukuni shu qadar uzoq qildingizki, hatto burnimdan qon oqib ketmasin deb ushlab turdim”, dedilar. Bu gapdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum qildilar.
Savda binti Zam’a roziyallohu anho butun umrlarini taqvo, saxovat va yuksak axloq bilan o‘tkazdilar. U kishi o‘z davrlarida ham, bugungi kunda ham musulmon ayollari uchun ibrat namunasi bo‘lib qolmoqdalar.
Oisha roziyallohu anho: “Savdadan ko‘ra o‘zimni unga o‘xshatishni ko‘proq istaydigan biror kishini bilmayman”, deganlar.
Savda binti Zam’a roziyallohu anho Umar ibn Xattob roziyallohu anho xalifaliklarining so‘nggi yillarida vafot etdilar.
Alloh taolo Savda binti Zam’a roziyallohu anhodan rozi bo‘lsin, u zot kabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbatli, dinimizga sodiq, sabrli va saxovatli bandalaridan qilsin.
Allohim, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ahli baytlari va barcha sahobalaridan rozi bo‘lgin. Bizni ham ularning go‘zal xulqlariga ergashuvchilardan qilgin. Qalblarimizni iymon nuri bilan munavvar, oilalarimizga baraka, hayotlarimizga taqvo va amallarimizga ixlos ato etgin.
Davron NURMUHAMMAD