Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Oktabr, 2026   |   23 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:04
Quyosh
06:23
Peshin
12:12
Asr
16:15
Shom
18:04
Xufton
19:19
Bismillah
04 Oktabr, 2026, 23 Rabi`us soni, 1448

Savob

07.08.2018   17406   2 min.
Savob

Xonamga bir yigit kirib keldi. Nimadan­dir juda xijolat, iymanibgina:

– Sizdan bir narsani so‘rasam maylimi? Xo­tinim bilan bir ish qilmoqdamizki, ko‘ng­li­mizda xotirjamlik yo‘q! Bu qilayotgan ishimiz uchun Alloh jazolamasmikan, shundan tashvish­damiz, – dedi yerga qarab. Xayolimga bu inson kat­ta bir gunohga qo‘l urdimikan, shu darajada xi­jo­lat chekmoqda, degan fikr keldi.

– Qanday ish ekanki, sizlarni bunchalik tashvishga solibdi? – dedim.

– Men ko‘p qavatli uyda yashayman. Qo‘shnim keksa rus kampir, farzandlari Rossiyaga ketib qolishgan, hech holidan xabar olishmaydi. Shu kam­pir betob, farzandlariga onalari kasal­li­gi to‘g‘risida bir necha bor xabar jo‘natdim, ular kelishmadi. Xotinim ikkalamiz kampirga ov­qat beramiz, uyini tozalaymiz, xotinim kirla­ri­ni yuvadi. Bu kampir boshqa dindan bo‘lsa, unga  xizmat qilayotganimiz to‘g‘rimi, shuni bil­moq­chi edim, – deb gapini yakunladi.

– Bu xizmatni uy-joyiga ega chiqish yoki bi­ror dunyoviy narsa ilinjida qilmoqdasizlar­mi? – dedim.

– Xudo asrasin! Uyimiz o‘zimizga yetarli, uning uyiga hech ehtiyojimiz yo‘q. Qolaversa, bu yor­dam­ni astoydil, kampirning qiyinchilikla­ri­ni yengillatish uchun qilyapmiz, tama uchun qilma­yapmiz, shu ishimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi? G‘ayridin­ga xizmat qilib, gunoh qilmayapmiz­mi? – deb sa­volini yana qaytardi.

– Bechora, g‘arib, kasal, keksa kampirning farzandlari tuqqan onasiga xizmat qilishdan qochishsa, sizdek yetti yot begonalar, ulug‘ savob ishga qo‘l urib, gunoh ish qilmayapmizmi, de­yishingizning o‘zi ulkan savob. Sizlar eng olijanob, haqiqiy odamiylik burchingizni ado qilyapsizlar, buning uchun esa mukofot va ajr bor, deb qo‘shni va boshqa dindagilarga yaxshilik qilish, yordam berish to‘g‘risidagi hadislardan tushuntirdim.

Yigit: “Xudoga shukr!” deb qilayotgan savob ishlaridan mamnun bo‘lib, tashakkur aytib ketdi.

Aziz qardoshlarim! Bizning xalqimiz mana shunday ajoyib xalq. Ikkinchi jahon urushida ota-bobolarimiz millionlab yetimlar, uy-joyidan judo bo‘lgan turli millat xalqlariga yordam bergan. Ularning ichida rus, nemis, yapon, koreys, mesxeti turk, tatar, dog‘istonlik, chechenlar va boshqa ko‘plab millatlar bo‘lgan. Bizning otalarimiz ularga o‘zlari yeb turgan bir bo‘lak nonini yarmini berishgan. Ularning boshini si­lashgan. Biz avlodlar ham ularning go‘zal amallarini davom ettirayotganimizga yuqoridagi hikoyamiz yaqqol dalildur.

“Qasamini buzgan qiz” kitobidan

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Hakim Termiziy – ona rizoligini qozongan benazir alloma

21.09.2026   36556   4 min.
Hakim Termiziy – ona rizoligini qozongan benazir alloma

Termiziy hikmatlari

Prezidentimizning joriy yil 7 iyuldagi “Buyuk vatandoshimiz, hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq shu yil noyabr oyida Termiz shahrida “Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda Surxondaryo viloyatida islom olamining eng taniqli olim va ulamolarini jamlaydigan anjumanga katta hozirlik ko‘rilmoqda.
 

– Viloyatda ulug‘ ajdodimiz tavalludlarining 1200 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda,­ – deydi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita kotibi Muzaffar Joniyev.­ – Ul zotning “Navodirul usul” va “Bahrut tafsir” asarlari, allomaning ilmiy merosiga oid boshqa manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalari nashrga tayyor bo‘lib qoldi. Ilmiy merosiga oid turkum risolalarni chop etish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, Hakim Termiziyning hayoti va ilmiy merosini yoritib beradigan turli ko‘rgazmali axborot vositalari turkumi yaratilmoqda.


Manbalarda hadis va tasavvuf ilmining buyuk namoyandasi, yirik olim yozgan asarlardan 60 ga yaqini bizgacha yetib kelgani qayd etilgan. Asarlarida ilgari surilgan yoshlikdan ilm olishning ahamiyati, to‘g‘rilik, adolat, poklik, yuksak axloqiy fazilatlar qadr-qimmati hozirgi davrda ham oshib bormoqda.


Benazir alloma “Baduvv ush-sha’n Abu Abdulloh” asarida o‘zining hayot tarzini yoritgan. Ilm quchog‘iga kirib kelgan davrini “Sakkiz yoshda bo‘lganimda barchaning shafqatli va mehriboni bo‘lmish Alloh taolo o‘z inoyatini mendan darig‘ tutmadi, – deya boshlagan Hakim Termiziy. – Shayx menga ilm sirlarini o‘rgatib, tinmay ilm olishni targ‘ib qildi. Ish shu darajaga yetib bordiki, butun vujudim bilan saboq olishga intildim. Go‘daklik chog‘imdanoq o‘yin o‘rnini kitob mutolaa qilish mashg‘uloti egalladi. Shu tariqa yoshlikdan hadis ilmini o‘rganishni boshlagan edim. Yigirma yetti yoshda bo‘lganimda irfoniy ilmlarni chunon o‘rgandimki, qalbimda Alloh taolo uyi – Makkani ziyorat qilish ishqi uyg‘ondi. Safarga chiqish imkoni tug‘ilganidanoq, yo‘lga otlandim. Iroqda muhaddis sifatida tanildim. So‘ng Basraga, Basradan rajab oyida Makka sari yo‘l oldim. Sha’bon oyining oxirlarida Makkatullohga yetib keldim va Xudoning amri bilan haj oyigacha o‘sha yerda bo‘ldim.


Har erta tongda duo sehri bilan uyg‘onar edim. U yerda qalbim zamirida tavba qilish, ozmi-ko‘pmi dunyoviy molu mulkdan voz kechish hissi uyg‘ondi. Haj ziyoratini bajo etib, Vatanga qaytdim. Qalbim savob yo‘lini topgan edi...”.


El orasida hayotini ilmga bag‘ishlagan ulug‘ faylasuf va mutasavvif haqida o‘ta hissiyotli rivoyatlar ham yuradi. Ulardan birida aytilishicha, Hakim Termiziy ikki do‘sti bilan o‘qish ilinjida safarga otlanganida onasi shunday degan ekan:


– Ey farzandi arjumandim, men bir kimsasiz, notavon va zaifaman. Suyanchig‘im o‘zingsan, meni kimga tashlab ketmoqchisan?


Onaning bu so‘zlaridan o‘g‘lining qalbiga titroq tushib, safarni qoldiradi. Kunlarning birida u qabristonda o‘tirib, men bu yerda zoye qoldim. Erta-indin do‘stlarim olim bo‘lib qaytadi, deya afsus bilan yig‘layotganida bir nuroniy kelib, yig‘ining sababini so‘raydi. Yosh Hakim boshidan kechirganlarini so‘zlab beradi.


Uni tinglagan nuroniy “agar istasang, men har kuni senga saboq beraman va tezda olimlikda do‘stlaringdan o‘zib ketasan” deydi.


Shu zaylda Hakim Termiziy nuroniydan uch yil ta’lim oladi.


Rivoyatda ta’lim bergan ul zotning Xizr alayhissalom bo‘lgani ham taxmin qilinadi.


Hakim Termiziyning o‘zlari “men bu davlatga onam rizoligini qozonganim tufayli erishdim” degan ekanlar.


Buyuk mutafakkir, ulug‘ so‘fiy, hadisshunos va fiqh olimi islom olamida “Hakim” (donishmand, hikmat sohibi) unvoni va “Termiziy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan.


Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri

Maqolalar