Xonamga bir yigit kirib keldi. Nimadandir juda xijolat, iymanibgina:
– Sizdan bir narsani so‘rasam maylimi? Xotinim bilan bir ish qilmoqdamizki, ko‘nglimizda xotirjamlik yo‘q! Bu qilayotgan ishimiz uchun Alloh jazolamasmikan, shundan tashvishdamiz, – dedi yerga qarab. Xayolimga bu inson katta bir gunohga qo‘l urdimikan, shu darajada xijolat chekmoqda, degan fikr keldi.
– Qanday ish ekanki, sizlarni bunchalik tashvishga solibdi? – dedim.
– Men ko‘p qavatli uyda yashayman. Qo‘shnim keksa rus kampir, farzandlari Rossiyaga ketib qolishgan, hech holidan xabar olishmaydi. Shu kampir betob, farzandlariga onalari kasalligi to‘g‘risida bir necha bor xabar jo‘natdim, ular kelishmadi. Xotinim ikkalamiz kampirga ovqat beramiz, uyini tozalaymiz, xotinim kirlarini yuvadi. Bu kampir boshqa dindan bo‘lsa, unga xizmat qilayotganimiz to‘g‘rimi, shuni bilmoqchi edim, – deb gapini yakunladi.
– Bu xizmatni uy-joyiga ega chiqish yoki biror dunyoviy narsa ilinjida qilmoqdasizlarmi? – dedim.
– Xudo asrasin! Uyimiz o‘zimizga yetarli, uning uyiga hech ehtiyojimiz yo‘q. Qolaversa, bu yordamni astoydil, kampirning qiyinchiliklarini yengillatish uchun qilyapmiz, tama uchun qilmayapmiz, shu ishimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi? G‘ayridinga xizmat qilib, gunoh qilmayapmizmi? – deb savolini yana qaytardi.
– Bechora, g‘arib, kasal, keksa kampirning farzandlari tuqqan onasiga xizmat qilishdan qochishsa, sizdek yetti yot begonalar, ulug‘ savob ishga qo‘l urib, gunoh ish qilmayapmizmi, deyishingizning o‘zi ulkan savob. Sizlar eng olijanob, haqiqiy odamiylik burchingizni ado qilyapsizlar, buning uchun esa mukofot va ajr bor, deb qo‘shni va boshqa dindagilarga yaxshilik qilish, yordam berish to‘g‘risidagi hadislardan tushuntirdim.
Yigit: “Xudoga shukr!” deb qilayotgan savob ishlaridan mamnun bo‘lib, tashakkur aytib ketdi.
Aziz qardoshlarim! Bizning xalqimiz mana shunday ajoyib xalq. Ikkinchi jahon urushida ota-bobolarimiz millionlab yetimlar, uy-joyidan judo bo‘lgan turli millat xalqlariga yordam bergan. Ularning ichida rus, nemis, yapon, koreys, mesxeti turk, tatar, dog‘istonlik, chechenlar va boshqa ko‘plab millatlar bo‘lgan. Bizning otalarimiz ularga o‘zlari yeb turgan bir bo‘lak nonini yarmini berishgan. Ularning boshini silashgan. Biz avlodlar ham ularning go‘zal amallarini davom ettirayotganimizga yuqoridagi hikoyamiz yaqqol dalildur.
“Qasamini buzgan qiz” kitobidan
Islom moliyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston davlat va xususiy moliya sektori — Markaziy bank, “Biznesni rivojlantirish banki”, “Hayot Bank”, “Anorbank”, “Openbank” va boshqa tuzilmalar vakillari Buyuk Britaniyaga tashrif buyurdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, tashrif doirasida delegatsiya “IFN UK Forum” xalqaro forumida ishtirok etdi. U yerda Yevropa va jahon islom moliyasi hamjamiyati vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, sohani rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Buyuk Britaniya moliya sektori manfaatlarini ifoda etuvchi “TheCityUK” uyushmasi bilan hamkorlikda Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasida islom moliyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlangan biznes-tadbir tashkil etildi.
Bundan tashqari, “London Stock Exchange”, “HSBC”, “UK Export Finance”, “Gemcorp Capital” va “Baillie Gifford” vakillari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Asosiy e’tibor O‘zbekistonda investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda islom moliyasi instrumentlarini qo‘llash hamda xalqaro moliya institutlari bilan institutsional hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati