Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shahri deb ulug‘lanadigan Madinai munavvaraga yetib kelgan hamyurtlarimiz ushbu qutlug‘ shahardagi tabarruk qadamjolarni ziyorat etishmoqda. Vatandoshlarimiz dastlab Uhud tog‘iga chiqib bu yerda shahid bo‘lgan sahobalar qabrlarini ziyorat etib, ularning haqlariga duoi xayrlar qildilar. Bu ulug‘ tog‘ muborak makon sanaladi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Uhud tog‘i bizni yaxshi ko‘radi va biz ham uni yaxshi ko‘ramiz”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
So‘ngra Qiblatayn masjidiga kelib ikki rakat namoz o‘qishdi. “Qiblatayn” degani “ikki qiblali” degan ma’noni anglatadi. Ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilishicha, Payg‘ambarimiz alayhissalom Bani Sa’lama qabilasidagi Ummu Bishr roziyallohu anhoni ziyorat qilgani borgan edilar. Ummu Bishr Payg‘ambarimizga ovqat tayyorlaganlar va o‘sha yerda peshin vaqti kirgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom sahobalari bilan ikki rakatni o‘qib bo‘lganlarida, u zotga Alloh taolo tarafidan Ka’baga yuzlanish buyrug‘i kelgan va u zot o‘sha zahoti Ka’baga yuzlanganlar, ana shundan bu masjid “Masjidul-Qiblatayn” deb nomlanib qolgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim uyida tahorat qilib, Qubo masjidiga kelib namoz o‘qisa, umraning savobini oladi”, deb marhamat qilganlar. Yurtdoshlarimiz ana shu hadisi sharifga amal qilib, chiroyli tahoratlar olib, xushbo‘yliklar sepib, pokiza holda Qubo masjidi ziyoratiga kelib, bu yerda ham ikki rakatdan namoz o‘qidilar.
Qubo masjidi Madinai munavvarada qurilgan dastlabki masjiddir. Bu masjidni Alloh taolo Qur’oni karimning Tavba surasida zikr qilgan:
لاَ تَقُمْ فِيهِ أَبَداً لَّمَسْجِدٌ أُسِّسَ عَلَى التَّقْوَى مِنْ أَوَّلِ يَوْمٍ أَحَقُّ أَن تَقُومَ فِيهِ فِيهِ رِجَالٌ يُحِبُّونَ أَن يَتَطَهَّرُواْ وَاللّهُ يُحِبُّ الْمُطَّهِّرِينَ
“Sen u (masjid)da hech qachon turma! Albatta, birinchi kundan taqvo asosida qurilgan masjidda turmoqliging haqdir. Unda poklanishni sevadigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevadir” (108-oyat).
Ziyoratlar chog‘ida guruh rahbari bo‘lgan imom-domlalarimiz ziyoratchilarimizga Uhud tog‘ida musulmonlarning mushriklar bilan qilgan shiddatli jangi, Qiblatayn va Qubo masjidlarining tarixi haqida so‘zlab berdilar.
Bu muborak joylarni ko‘rgan, Payg‘ambarimizning muborak qadamlari tekkan zaminda yurganiga sevinib ko‘zlariga ishona olmayotgan, ularning ibratli o‘tmishidan xabardor bo‘lgan otaxonu onaxonlarning quvonchlari cheksiz bo‘lib, qalblari to‘lqinlanib, imon-e’tiqodlari yanada ziyoda bo‘ldi.
Ularning lablari tinimsiz pichirlab, Alloh taologa hamdu sano, Payg‘ambar alayhissalomga durudu salavot, shunday muborak joylarga yetib kelishlariga sharoit yaratib bergan muhtaram Prezidentimizga va barcha mutasaddilarga rahmatlar aytishdi.

.jpg)


O‘MI Matbuot xizmati
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati