Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyul, 2025   |   17 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:19
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:34
Bismillah
12 Iyul, 2025, 17 Muharram, 1447

Adabiyot qalblarni, ellarni bir-biriga tutashtiruvchi ko‘prikdir

06.08.2018   4539   11 min.
Adabiyot qalblarni, ellarni bir-biriga tutashtiruvchi ko‘prikdir
Adabiyot paydo bo‘libdiki,odamzod qalbidagi eng go‘zal kechinmalarning, orzu-umidlarning hamda inson va tabiat, borliq haqidagi tafakkur va tasavvurlar, ezgu da’vatlarning ifodachisi bo‘lib kelgan.
 
01.JPG
 
Minhojiddin MIRZO,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi 
raisining birinchi o‘rinbosari
 
Shu ma’noda u nafaqat dillarni, balki ellarni bir-biriga bog‘lashda muhim ko‘prik vazifasini ham o‘tagan. Kurrai zaminning turli burchaklarida yashayotgan, turfa tillarda so‘zlashayotgan xalqlar bir-birlarining qalb ovozini adabiyot vositasida eshitgan, tuyg‘ulari, orzu va armonlarini, his-tuyg‘ularini adabiyot vositasida his etgan va bunga hamisha ehtiyoj sezganlar.
 
Ana shu buyuk xabardorlik ehtiyoji, xalqlarni do‘st qilishga, jamiyatlarning taraqqiy qilishiga, yer yuzida ezgulikning bardavom bo‘lishiga xizmat qilib kelmoqda. Birgina Sharq va G‘arb renessanslari davri insoniyatning aqliy va ma’naviy taraqqiyotida naqadar ulkan rol o‘ynaganini tarixdan bilamiz. Bashariyatning bu tafakkur va ijod parvozining eng asosiy sababi – bir-birlarining adabiyot va san’at sohasidagi durdonalarini o‘rganish, ulardagi umuminsoniy g‘oyalarni o‘z tafakkurlarida boyitgani, qayta ishlaganlaridir. Shuning uchun ham daholar paydo bo‘lgan, buyuk asarlar paydo bo‘lgan.
 
Qadimdan adabiyot va ilmu ma’rifatni dunyo taraqqiyotining asosi, deb bilgan saltanatlarda adiblar va olimlar, tarjimonlar jam bo‘lgani, akademiyalar tashkil etilgani ham bejiz emas. Eramizdan oldin Afinada paydo bo‘lgan Aflotun akademiyasi, IX-X asrlarda Bog‘dod va Xorazmda yuzaga kelgan Ma’mun akademiyalari yoki XV asrda Hirotda Alisher Navoiy rahnamoligida gullab-yashnagan adabiy muhit adabiyot va san’at, me’morchilik va boshqa ilmiy sohalarda qanchalar buyuk asarlarning yaratilishiga zamin bo‘lganini, dunyo xalqlari yaratgan adabiyotni, ilmu ma’rifatni bir-birlariga yetkazishda naqadar beqiyos xizmat qilganini hammamiz bilamiz. Biri-biriga ustozlikning buyuk mevalari haqida adoqsiz misollar keltirish mumkin. Bir paytlar Farobiy va Ibn Sino bobolarimiz Aristotel va Ptolomey asarlariga sharh yozib o‘zlarining falsafiy kitoblarini bitgan bo‘lsalar, so‘ngra shu bobolarimizdan G‘arb faylasuflari Foma Akvinskiy va Frensis Bekonlar mantiq ilmini o‘rganganlar. Buyuk shoir Umar Xayyom ruboiynavislik bobida Ibn Sinoni o‘ziga ustoz deb bilgan. Yoinki Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy bobolarimizning “Xamsa”lari ham ana shu adabiy robitalar, ustoz-shogirdlik, o‘zaro bahramandlik mevalaridir. O‘z o‘rnida G‘arb adabiyoti ham dunyo adabiyoti uchun juda katta ta’sir ko‘rsatdi. Gomerning “Illiada”sidan tortib Dantening “Ilohiy komediya”sigacha, Gyotening “Faust”idan tortib Shekspirning mashhur dramalarigacha yuzlab durdonalar boshqa xalqlar adabiyotining gurkirab yuksalishiga, buyuk shoir va yozuvchilar yetishib chiqishiga poydevor bo‘ldi.
 
Bugun ham bu adabiy va abadiy an’analar davom etmoqda. Chunki, yaxshilik va ezgulik, mehr va muhabbat, adolat va ozodlik, dunyo mukammalligi haqidagi Adabiyot atalmish bu qalb ovozi barcha xalqlarda hamohangdir. Chunki, maqsadlar bir, orzular bir – bahamjihatlikda taraqqiy etish, do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, inson ma’naviy, ruhiy kamoliga xavf solib turgan ma’naviy tahdidlarni bartaraf etish, aziz va mukarram insonni ma’naviy tanazzuldan asrab-avaylash va komil holda ko‘rish, eng asosiysi – qalblarni poklashdir. 
 
“Bugun odamlarimizning qonini tozalashimiz kerak, bu ma’naviy tozarish jarayonida adabiyotning o‘rni beqiyos. Adabiyotga, kitobxonlikka katta e’tibor qaratayotganimiz ham shundan. Bu borada adiblarimizga suyanamiz“. Mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil 23 dekabr kuni Adiblar xiyobonida barpo etilgan Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi bilan tanishish chog‘ida aytgan bu so‘zlari mohiyatida ijod ahliga bo‘lgan katta ishonch, e’tirof va ehtirom mujassam topgan, desak yanglishmaymiz. Darhaqiqat, adabiyotning bosh vazifasi hamisha, hamma zamonlarda inson kamoli, jamiyatning ma’naviy tozarishiga xizmat qilish hisoblanadi. Yozuvchilar uyushmasi uchun milliy va zamonaviy me’moriy uslublar uyg‘unligida muhtasham bino qurib berilgani, ehtiyojmand ijodkorlar uchun poytaxt markazida ko‘pqavatli turar joylar, Parkent va Zomin tumanlarida dam olish maskanlari bunyod etilayotgani, vaqtli adabiy nashrlar, nashriyot-matbaa korxonalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, “Ijod” fondiga qo‘shimcha mablag‘lar ajratish, kitob savdosi tizimini yo‘lga qo‘yish, qalam haqi miqdorini oshirish, Oliy adabiyot kurslarini qayta tiklash, adiblarning yubiley va xotira kechalarini nishonlash... Bular barchasi milliy adabiyotimiz va ijod ahliga nisbatan g‘amxo‘rlikning oliy namunasi hisoblanadi. Shuningdek, Adiblar xiyobonida adabiyotimizning buyuk namoyandalariga bag‘ishlab yodgorlik majmualari o‘rnatilayotgani, shuningdek, Namangan viloyatida ulkan ma’rifatparvar Is'hoqxon Ibrat, Jizzaxda atoqli ijodkorlar Hamid Olimjon va Zulfiya, Nukus shahrida atoqli qoraqalpoq adibi Ibroyim Yusupov, Farg‘ona, Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida ulug‘ shoirlarimiz Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablari tashkil etilgani adabiyot kelajagini, demakki, millat, xalq kelajagini o‘ylab amalga oshirilgan dadil qadamlar bo‘lgani shubhasizdir. 
 
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 5 apreldagi “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida adabiyotimizni xalqaro miqyosda targ‘ib etish, bu borada dunyoning turli mintaqalarida turib adabiyotimiz tarixini o‘rganayotgan, adiblarimiz asarlarini tarjima qilayotgan barcha tarjimonlarni hamkorlikka chorlash masalalari ham o‘rin olganligi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Qarorda ushbu yo‘nalishdagi ishlarni kuchaytirish maqsadida bir qator vazifalar belgilandi. Jumladan, milliy adabiyotimizning sara namunalarini tanlab tarjima qilish, yosh tarjimonlarni tayyorlash, tarjima qilingan asarlarni “Ijod” jamoat fondi mablag‘lari hisobidan chet ellarda chop etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan edi. Tabiiyki, bu ishlarni amalga oshirish, tarjimalarning sifati o‘zbek adabiyotiga mehr qo‘ygan xorijlik mutaxassislarning, ya’ni tarjima qilinayotgan til sohiblarining hamkorligisiz kutilgan natijani bermaydi. Shu jihatdan oldimizda xorijlik olim va tarjimonlar bilan aloqa o‘rnatish vazifasi ko‘ndalang turardi.
 
7-8 avgust kunlari poytaxtimizda «O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari» mavzuidagi xalqaro konferensiya o‘tkazilishi bu boradagi muhim amaliy qadam bo‘ladi. Ushbu ijodiy anjuman milliy adabiyotimiz rivoji yo‘lida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob etish, jahon adabiyoti muhitiga kengroq nazar tashlash, o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti durdonalari bilan kengroq tanishish, ularni xorijiy davlatlarda muntazam chop etib borish, ijodkorlarning o‘zaro fikr almashishi, domimiy do‘stona, ijodiy aloqalar o‘rnatishi yo‘lidagi qulay imkoniyatdir. 
 
Konferensiyada alohida sho‘balarda “O‘zbek mumtoz adabiyoti namunalarining xorijda o‘rganish va targ‘ib etish masalalari”,“O‘zbek zamonaviy adabiyoti namunalarining xorijda o‘rganish va targ‘ib etish masalalari”, “O‘zbek adabiyotini xorijiy tillarga tarjima qilish va tarjima asarlarni targ‘ib qilish masalalari”, “Badiiy tarjima sohasi mutaxassislari tayyorlashdagi xalqaro ilg‘or tajribalar” mavzularida alohida ma’ruzalar tinglanadi, o‘zaro fikr va tajriba almashiladi. Shuningdek, anjuman yakunida barcha qatnashchilar ishtirokida Xalqaro adabiy aloqalarni kuchaytirishga doir dolzarb masalalar yuzasidan ijodiy muloqot tashkil etiladi.
 
Konferensiyaga 30 ga yaqin davlatdan o‘zbek adabiyoti bilan shug‘ullanib kelayotgan 40 ga yaqin mashhur olim va adiblar, o‘zbek adabiyotini yaxshi biladigantarjimonlar, o‘zbek adabiyoti namunalarini chop qilgan noshirlar tashrif buyurishadi. Ozarbayjon Yozuvchilar birligi raisi, atoqli adib Anor, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Ulug‘bek Yesdavlat, Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Nizom Qosim, Qirg‘iziston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Abdullajon Akmataliyev, “Roman-gazeta” jurnali bosh muharriri Yuriy Kozlov, “Inostrannaya literatura” jurnali bosh muharriri, “Mastera xudojestvennogo perevoda” gildiyasi raisi Aleksandr Livergant, “Literaturnaya gazeta”ning “Pesn Xumo” loyihasi muallifi Aleksey Shavlov, Hindistonning Panjob shtati Yozuvchilar assotsiatsiyasi raisi Dev Bxadraj, shvetsiyalik o‘zbek mumtoz adabiyoti bo‘yicha yirik mutaxassis Muhammad Halim Yorqin hamda boburshunos olim Abdulhakim Shar’iy Juzjoniy, eronlik navoiyshunos olim Muhammadzoda Husayn Sidig‘, afg‘onistonlik O‘zbek madaniy markazi rahbari, navoiyshunos Abdulla Ro‘yin, shuningdek, AQSH, Germaniya, Turkiya, Ukraina, Kanada va boshqa davlatlardan keladigan nufuzli vakillar shular jumlasidandir.
 
Tadbir doirasida o‘zbek adabiyoti namunalarini chet ellarda nashr qilish masalasida ham bir qancha muzokaralar o‘tkaziladi. Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmalari raislari bilan hamkorlik memorandumlari imzolanadi. O‘zbekistonda chop etiladigan adabiy nashrlar bilan bir qancha xorijiy adabiy nashrlar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilishi ham ko‘zda tutilgan. Bu o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti namunalarini tarjima hamda tadqiq qilish, xalqaro miqyosda targ‘ib etish bilan bog‘liq olib borilayotgan ijodiy izlanishlardan muntazam xabardor bo‘lish, ularni muvofiqlashtirish imkoniyatini yaratadi.
 
Mehmonlar dunyo madaniyat va ma’naviyat markazlaridan biri bo‘lgan Samarqand shahrida ham bo‘lib, imom Buxoriy, Sohibqiron Amir Temur, Hazrati Xizr maqbaralari, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ziyorat qilishadi. Registon maydoni, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Shohi Zinda ansambli va Imom Moturidiy maqbarasi singari tarixiy maskanlar ularda yorqin taassurot qoldirishiga ishonchimiz komil.
 
Ushbu nufuzli anjuman Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bo‘lib o‘tishi alohida mazmunga ega. Chunki mazkur universitet ulug‘ maqsad bilan, ya’ni o‘zbek tili va adabiyotini xalqaro miqyosda ilmiy o‘rganish, uning nufuzini oshirish choralarini ko‘rish, universitetni o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishning jahoniy markaziga aylantirish kabi o‘ta mas’uliyatli va sharafli vazifani amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan edi. 
 
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 3 avgust kuni O‘zbekiston ziyolilari bilan bo‘lgan uchrashuvda: "Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san’atimiz ham albatta bo‘ladi”, deb aytgan so‘zlari zamirida ulkan faxr bilan birga katta umidvorlik va ishonch ham mujassamdir. Tarix, san’at va adabiyot millat ruhi, g‘ururi, tafakkurini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni o‘zida aks ettiradi. Bugun mamlakatimiz barcha sohada jahon afkor ommasi e’tirofi, ehtiromiga sazovor bo‘layotgan bir paytda uning qadim madaniyati, yuksak ma’naviyatini, bugungi nafasini adabiyot orqali jahon xalqlariga tanishtirish o‘zbek xalqining buyuk millat sifatidagi tarixiy maqomini mustahkamlashga xizmat qiladi.
 

 

O‘zA
Maqolalar
Boshqa maqolalar

O‘tgan solihlar tafakkur qilganda

09.07.2025   5077   4 min.
O‘tgan solihlar tafakkur qilganda

Bu mavzuda salaflarimizdan kelgan bir qancha ta’sirli rivoyatlar bor. Quyida ularning ayrimlarini keltiraman:

1. Shaqiq Balxiy rahimahulloh aytadi:
"Men xushu’ni Isroil ibn Yunusdan o‘rgandim. Biz uning atrofida edik, u o‘ng tomonida kim bor, chap tomonida kim borligini bilmasdi — oxirat haqida tafakkur qilardi".

2. Yusuf ibn Asbat rahimahulloh aytadi:
"Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh menga xufton namozidan so‘ng: "Tahorat idishini (obdasta) bergin", dedi. Unga berdim. U o‘ng qo‘li bilan olib, chap qo‘lini o‘ng qo‘lining ustiga qo‘ydi va tafakkurga cho‘mdi. Men uxlab qoldim, so‘ng saharda turdim — qarasam, idish hali ham qo‘lida. "Tong otdi", dedim. U esa bunday dedi: "Sen idishni bergan paytingdan buyon shu holda oxirat haqida tafakkur qildim".

3. Abdulloh ibn Muborak rahimahullohdan rivoyat:
U Suhayl ibn Adiyni sukunatda, tafakkurda ko‘rib:
"Qaysi nuqtaga yetding?" deb so‘radi.
U: "Sirot ko‘prigidaman", deb javob berdi.

4. Muhammad ibn Vase’ rahimahullohdan rivoyat:
Basralik bir kishi Abu Zarr vafotidan keyin uning xotini Ummu Zarrga borib, uning ibodatini so‘radi. U bunday dedi: "Abu Zarr kun bo‘yi uyning bir chetida  tafakkur qilib o‘tirardi".

5. Ummu Dardo (Abu Dardoning xotini) aytadi:
"Abu Dardo roziyallohu anhuning eng afzal ibodati — tafakkur va ibrat olish edi".

6. Sirriy Saqatiy rahimahulloh aytadi:
"Har kuni burnimga qarayman — yuzim qorayganmi, deb. Tanish joyda o‘lishni yoqtirmayman — yer meni qabul qilmay qo‘ysa, sharmanda bo‘lishdan qo‘rqaman".

7. Abu Shurayh rahimahulloh haqida:
Bir kuni u yurib ketayotgan edi, to‘xtab, ko‘ylagini boshiga tashlab, yig‘lashga tushdi.
Uni ko‘rib: "Nima uchun yig‘layapsan?" deb so‘rashdi.
U bunday javob berdi: "O‘tgan umrimni, kam amalimni, yaqinlashgan ajalimni tafakkur qildim".

8. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bir kuni yig‘ladi. Sababini so‘rashdi. U bunday dedi: "Dunyo va uning shahvatlari haqida o‘yladim. Ular tugamay turib, achchiq alam bilan almashadi. Agar buning o‘zida ibrat bo‘lmasa ham, aqlli kishi uchun unda pand nasihat bor. Endi o‘z holingizga qarang, ahli oilangiz, yaxshi ko‘rgan kishilaringiz bilan bugun jam bo‘lib turibsiz, ertagachi? Ertaga esa, albatta ulardan ajralish bor".

9. Dovud Toiy rahimahullohning holati:
U to‘lin oy kechasi uyning tomiga chiqdi. Osmonga qarab Osmon va yerning yaratilishi haqida tafakkurga cho‘mdi va yig‘lay boshladi. Shunchalik qattiq ta’sirlandiki, tomdan qo‘shnisining hovlisiga yiqilib tushganini sezmay qoldi. Qo‘shni uni o‘g‘ri deb o‘ylab, qilichiga yopishdi. Ammo kelib qarasa — Dovud ekan. "Qanday qilib tomdan tushib ketding?" - deb so‘radi. Dovud: "Qanday yiqilganimni sezganim yo‘q", deb javob berdi.

10. Sufyon Savriy rahimahulloh haqida:
U do‘stlari bilan o‘tirgan edi, chiroq o‘chib qoldi. Hamma yoqni zulmat qopladi. Keyin chiroqni yoqishdi. Qarasalar, Sufyonning ko‘zlaridan oqayotgan yoshi yuzi yuvyapti. Undan: "Senga nima bo‘ldi, nega yig‘layapsan?" deb so‘rashdi.
U: "Shu onda qabr zulmatini esladim…", deb javob berdi.

Xulosa:
Salafi solihlar har bir holatda tafakkur qilganlar — taom yeganda, yurganda, yotganda, hatto suv idishini ushlab turgan paytda ham oxiratni eslab yig‘lardilar. Ular uchun tafakkur — ibodatning qalbi edi.


Homidjon qori ISHMATBЕKOV