Har bir inson turmush taqozosi ila moliyaviy muomalalar ishtirokchisi bo‘ladi Ayni shu muomalalar odamlarning ko‘p vaqtini va faoliyatini o‘z ichiga oladi. Moliyaviy muomalalar tartibga solinmasa, ularning qoidalari bo‘lmasa, kishilar orasida kelishmovchiliklar ko‘payadi. Alloh taolo bu ishni O‘z zimmasiga olgan va umumiy ta’limotlarni Qur’oni karimda bayon qilib bergan. So‘ngra Payg‘ambarimiz alayhissalom orqali bu ishlarning tafsilotini yo‘lga qo‘ygan. Shu tariqa, islomiy hukmlar musulmonlar hayotiga tatbiq qilingan. Islomdan oldingi davrdagi noto‘g‘ri hukmlar birin-ketin bekor bo‘la boshlagan. Keyinchalik fuqaholarimiz ushbu mavzuda kelgan oyat va hadislardan chiqadigan hukmlarni tartibga solib, ijtihod darajasiga yetmagan musulmonlar uchun ularga yordam tariqasida osonlashtirib tushuntirib berishgan. Moliyaviy muomalalarda, asosan, halol va harom masalasi juda zarur hisoblanib, u yoki bu ish halol yoki harom ekani surishtiriladi. Shuning uchun ham bu mavzuga oid oyati karimalarni o‘rganganimizdan keyin bevosita «Halol kasb talabi haqida» va «Rostgo‘ylik va karamli bo‘lish haqida» alohida hadisi shariflarning sharhi bilan tanishamiz. Albatta, musulmon odam nima ko‘rinsa sotavermaydi va sotib ham olavermaydi. Savdoga qo‘yiladigan narsa shariatimiz shartlariga mos bo‘lishi lozim.
Hozirgi kunimizda moliyaviy muomalalardan turli kelishmovchiliklar, urush-janjallar va mahkamabozliklar chiqayotgani hech kimga sir emas. Bu kabi noxush holatlarni kamaytirish uchun nima qilish lozim?
Bizningcha, shariatimizda ko‘rsatilgan ta’limotlarni yaxshilab o‘rganib, ularga amal qilish zarur. Kelajak sahifalarda Alloh taoloning madadi ila mazkur ta’limotlarni o‘rganishni boshlaymiz. Aytaylik, sotib olingan narsaning aybi bor. Bu holatda xaridor nima qiladi? Albatta, holatga qarab sotib olingan narsani ayb tufayli qaytarishning hukmlarini bilmagan odam qiyin ahvolga tushadi. Bu holatdan chiqishning birdan-bir yo‘li – diniy hukmlarni o‘rganishdir. Narxni chegaralab qo‘yish mumkinmi? Qaysi narsalarni sotish man qilingan? Albatta, bularni bilib olish ham har bir musulmon uchun muhim. Kimoshdi savdosi haqidagi dinimiz hukmlarini ham bayon qilib o‘tamiz. Narxni keyin belgilash, garov va ijara kabi moliyaviy muomalalar haqidagi tushuncha va ma’lumotlar bor. Iqtisodiy faoliyatda sherikchilikning o‘rni qanday bo‘ladi? Shirkat tuzishning turlari va shartlari nimalardan iborat? Sheriklar bir-birlari bilan bo‘ladigan aloqalarni qay tarzda olib borishlari kerak?
Qarz masalasi ham doimiy ravishda kishilarning boshini qotirib kelishi sir emas. «Savdo, ziroat va vaqf kitobi»da hozirgi kunimizda ko‘pchilikni qiziqtirib turgan qator masalalarni iloji boricha tushunarli ravishda bayon qilingan. Alloh taolodan bu kamtarona xizmatni foydali qilishini, kamchiliklarini kechirishini so‘raymiz. Alloh taolo: «Alloh savdoni halol va riboni harom qildi», degan (Baqara, 275).
الَّذِينَ يَأْكُلُونَ الرِّبَا لَا يَقُومُونَ إِلَّا كَمَا يَقُومُ الَّذِي يَتَخَبَّطُهُ الشَّيْطَانُ مِنَ الْمَسِّ ذَلِكَ بِأَنَّهُمْ قَالُوا إِنَّمَا الْبَيْعُ مِثْلُ الرِّبَا وَأَحَلَّ اللَّهُ الْبَيْعَ وَحَرَّمَ الرِّبَا فَمَنْ جَاءَهُ مَوْعِظَةٌ مِنْ رَبِّهِ فَانْتَهَى فَلَهُ مَا سَلَفَ وَأَمْرُهُ إِلَى اللَّهِ وَمَنْ عَادَ فَأُولَئِكَ أَصْحَابُ النَّارِ هُمْ فِيهَا خَالِدُونَ
“Sudxo‘rlar (qiyomat kuni qabrlaridan) jin chalib ketgan odam kabi (holatda) qo‘padilar. Buning sababi – ularning: «Bay’ (savdo-sotiq) ham sudxo‘rlikning xuddi o‘zi» degan gaplari (aqidalari)dir. Holbuki, Alloh bay’ni halol, sudxo‘rlikni (esa) harom qilgan**.
Bas, kim Rabbidan nasihat yetgach, (sudxo‘rlikdan) to‘xtasa, u holda avvalgi o‘tgani – o‘ziga va uning ishi Allohga (havola). Kim yana (sudxo‘rlikka) qaytsa, o‘shalar do‘zax ahlidirlar va ular unda abadiy qoluvchilardir.
Ribo (ustama, foiz) shuki, unda savdolashayotgan tomonlarning biri o‘zi bergan narsasi barobariga xuddi shu narsaning o‘zidan ortiqrog‘i bilan qaytarib olishni shart qilishidir. Masalan, bir tonna bug‘doy barobariga biru chorak tonna bug‘doy berishni shart qilsa, bu ribo hisoblanib, u shar’an haromdir. Bu ish bilan shug‘ullanuvchi kishini fors-tojik va o‘zbek tillarida sudxo‘r deyiladi.
Ribo bir necha xil bo‘lib, uning taqiqlanishiga qator sabablar bor. Masalan, o‘zganing molini evazsiz o‘zlashtirgani, mehnatsiz oson yo‘l bilan boylik orttirgani, savob sanalgan evazsiz qarz berish odatini tark etgani va hokazo.
Qarz berishda ortig‘i bilan qaytarish shart qilinsa bu ham ribodir.
Hanafiy mazhabi bo‘yicha riboga bug‘doy, arpa, xurmo, tuz, oltin, kumush kabi o‘lchov va vazn bilan qilinadigan savdo muomalalari kiradi. Jinsi bir xil narsalarning savdosida miqdorning bir xil bo‘lishi shartdir.
«Savdo» deb tarjima qilgan so‘z arabchada «bay’» deyilib, lug‘atda «o‘zaro bir narsani almashtirish»ni anglatadi. Shariatda esa bir molni ikkinchi bir mol muqobiliga rozi bo‘lib qabul qilib olishga «bay’» deb aytiladi. Qisqa qilib aytganda, «savdo» so‘zi «tijorat» so‘zidan umumiyroq bo‘lib, bugungi kunning istilohida «bozor iqtisodi» ma’nosiga yaqinroq keladi. «Alloh savdo (tijorat)ni halol va riboni harom qildi».
Chunki tijoratda foyda ko‘rishning ham, kuyib qolishning ham ehtimoli bor. Tijoratda insonning mehnati, mahorati, atrofdagi tabiiy holatlarning foyda ko‘rish yoki zarar topishga ta’siri bor. Savdogar foyda ko‘rishga umid qilgani holda kuyib qolishni ham bo‘yniga olib ish boshlaydi. Xarajat qilib, odamlarga kerakli mollarni olib keladi, saqlaydi va boshqa xizmatlarni qiladi. Sudxo‘r-chi? U hech narsa qilmay joyida o‘tiradi. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, foyda olishi muqarrar. Kuyib qolish xavfi yo‘q. Mazkur sabablarga va yana zikr qilinmagan boshqa sabablarga ko‘ra, tijorat bilan shug‘ullanish inson uchun halol, sudxo‘rlik esa harom qilingan.
Alloh taoloning savdoni shariatga kiritishi, Qur’onda uning hukmini bayon qilib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uni hayotga tatbiq qilishlari va ko‘plab hadislar aytib yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishlari bejiz emas. Chunki savdo insonlarning bir-birlari bilan muomalalarining bu dunyodagi asosiy jabhalaridan biri hisoblanadi. U to‘g‘ri nizomga solinmasa, jamiyat hayotini tartibga solib bo‘lmaydi. Chindan ham inson yolg‘iz o‘zi yashay olmaydi. U o‘ziga o‘xshash boshqa insonlar bilan yashaydi. Boshqalar bilan yashagach, ular bilan muomalada bo‘lishi, narsalarini ayirboshlashi, oldi-berdi qilishi kerak. Agar bu muomalalar tartibga solinmay odamlarning o‘zlariga tashlab qo‘yilsa, kuchli kuchsizni, ayyor soddani aldashi, haqini poymol qilishi turgan gap.
Mo‘minlarning barchasi uchun mazkur iqtisodiy muomalalar odobi ularning barchalarini yaratgan, ularga rizq berayotgan va oxiratda har birlarini hisob-kitob qilib, qilmishiga yarasha jazo yoki mukofot beradigan Zot – Alloh taolo tomonidan joriy qilingandagina ayni adolat bo‘ladi, birovga zarracha zulm qilinmaydi. Ana o‘sha ilohiy ko‘rsatmalarga amal qilish orqali tinchlik va osonlik bilan murodga yetiladi. Eng muhimi, bu muomalalar ibodatga aylanadi, bu dunyoda topilgan rizqning halol va barakali bo‘lishi ta’minlanadi. U dunyoda esa shunga yarasha ajru savob, maqomu martabaga erishiladi, inshoalloh.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus
islom bilim yurti axborot xizmati
xadicha.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Afvni (qabul qilib) oling
Afv etish biror kishining ayb, yomon ishlarini kechirish, aybdorga nisbatan jazo berishga loyiq bo‘lsa ham lutf ko‘rsatib jazolashni tark etishdir. Kechirimli va sabr-toqatli bo‘lish dinimizning asosiy tamoyillaridan biridir. Ayniqsa, o‘ch olishga qodir bo‘la turib kechirib yuborish go‘zal fazilat, oliy xulq namunasidir.
Oyatdagi “afv” so‘zining tafsiri manbalarda turlicha kelgan. Ba’zi mufassirlar u – bag‘rikenglik bilan o‘zgalarning uzrini qabul qilish, og‘irlikni o‘ziga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish desalar, boshqalari zakot vojib qilinmasdan oldin boylardan olinadigan sadaqalar deb izohlaganlar.
Imom Tabariy rahmatullohi alayh bunday deydi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan ushbu oyatni sharhlab berishni so‘raganlarida U zot: “Alloh taolo Sizga buyurib aytmoqda-ki, Sizga zulm qilgan kishini Siz afv eting, Sizga bermagan kishiga Siz bering, Sizdan uzilib ketgan kishiga Siz yaqinlashing!” deb sharhlaganlar”.
Sahobalar Payg‘ambarimiz alayhissalomdan: “Go‘zal xulq nima?” deb so‘radilar. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” oyatini tilovat qildilar.
Afv go‘zal va maqtalgan axloqlarning asosidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki uning uchun jannatda binolar qurilishini va darajalari ko‘tarilishini xohlasa, zulm qilganni avf etsin, bermaganga bersin va orani uzganga silai rahm qilsin”, dedilar (Imom Hokim rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamda bu fazilatlarning barchasi mujassam, so‘zlari va fe’llarida ham bu xulq ila ziynatlangan edi, boshqalarni ham kechirimli bo‘lishga undardilar.
Uboda ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga Alloh bandalarining darajasini nima tufayli balandga ko‘tarishini aytaymi?” dedilar. Sahobalar: “Ayting, yo Rasululloh”, deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Senga jahl qilganga muloyim bo‘lsang, zulm qilganni avf qilsang, seni mahrum qilganga in’om qilsang, sendan aloqani uzgan bilan aloqani bog‘lasang”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Nabiy alayhissalom kechirimli, shafqatli va rahmdil bo‘lishda peshqadam edilar. Makka ahli u zot alayhissalomning yo‘llariga tikonlar sochishar, sajda qilib turganlarida tuyaning ichaklarini tashlab ketishar va doimo mazah qilishar edi. Bu hol bir yoki ikki yil davom etgani yo‘q, balki o‘n uch yil muttasil davom etdi. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni avf etdilar, haqiga duo qildilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari bilan tarbiyalangan sahobalar roziyallohu anhum ham o‘zlariga zulm qilganlarni kechirishda barchaga namuna bo‘ldilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Uyayna ibn Hisr degan kishi Hazrat Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning huzuriga kirib: “Ey, Xattobning o‘g‘li! Alloh nomi ila qasam ichib aytamanki, sen bizning o‘rtamizda adolat bilan hukm chiqarmayapsan”, dedi. Bundan Umar roziyallohu anhuning g‘azabi chiqdi, hatto endi bir kor-xol bo‘ladi, deb atrofdagilar qayg‘uga tushib qolishdi. Shunda sahobalardan biri: Ey, amiral mo‘minin! Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” deb buyurmaganmidi, u odam johillardan”, dedi.
Hazrat Umar roziyallohu anhu Qur’on tilovatini eshitishi bilanoq, g‘azabini yutdi hamda Allohning xitobiga muvofiq ish tutdi (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasullloh sollallohu alayhi vasallam xatokorning aybini kechib yuboruvchilarni Alloh taolo kechirishi haqida bunday deganlar: “Avf bandaga izzatdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, afv qiling! Alloh sizni aziz qiladi. Sadaqa molga ko‘payishdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, sadaqa qiling! Alloh azza va jalla sizga rahm qiladi” (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Boshqa rivoyatda esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘ch olishga haqli bo‘laturib, kechirib yuborgan kishi uchun, Men jannatning o‘rtasidan bir qasr berilishiga kafilman”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Yaxshilikka buyur
Yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish har bir mo‘min-musulmonning vazifasidir. Bu haqda Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan kim yomon, munkar ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar unga ham qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin, tili bilan ham monelik qila olmasa, unda qalbi bilan qaytarsin, ana o‘sha imonning zaifligidir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytaruvchi ummatlari eng yaxshi ummat bo‘ldi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Odamlarga chiqarilgan (ma’lum bo‘lgan) ummatning eng yaxshisi bo‘ldingiz, (ey, musulmonlar!) zero, siz amri ma’ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz” (Oli Imron surasi, 110-oyat).
Faqih Abu Lays Samarqandiy rahimahulloh yaxshilikka chaqiruvchida quyidagi xislat va fazilatlar jam bo‘lishi lozim deydi:
Alloh taolo yaxshilikka targ‘ib etuvchi bandalarini madh etadi, ularga O‘z rahmati va marhamati nozil bo‘lishi bashoratini beradi: “Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni barkamol ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o‘shalarga Alloh marhamat ko‘rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir” (Tavba surasi, 71-oyat).
Johillardan yuz o‘gir
Johillik nodonlik, ilmsizlikdir. Dinimiz ilmsizlikdan yuz o‘girishga, ilm, ulamolarga ergashishga da’vat etadi. Qolaversa, johillardan uzoq bo‘lish kishini yomonliklardan saqlaydi, uning axloqini go‘zal qiladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘zi uchun behuda narsalarni tark qilishi kishi Islomining husnidandir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Musulmon kishi johillarga e’tibor bermaydi, ularning gap-so‘zlaridan ta’sirlanmaydi, balki yomonlikka qarshi yaxshilik bilan javob qaytaradi. Albatta, bunday fazilatga faqatgina sabr-toqatli, ikki dunyoda ham ulug‘ nasibaga ega bo‘ladigan Alloh taoloning eng syukli bandalari musharraf bo‘ladi: «Rahmonning (suyukli) bandalari yerda kamtarona yuradigan, johil kimsalar (bema’ni) so‘z qotganda “Salomatlik bo‘lsin!” deb javob qiladigan kishilardir» (Furqon surasi, 64-oyat).
Hasan Basriy rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Bunday zotlar halim, beozor bo‘lib, agar ularga jahl bilan g‘azab qilinsa, ular aslo johillik qilmaydilar, halimlik bilan javob qaytaradilar”, degan.
Alloh taolo barchamizni ushbu go‘zal xulqlar bilan xulqlanib, O‘zining roziligini topishimizga tavfiq ato etsin.
Davron NURMUHAMMAD