Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2026   |   29 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:29
Peshin
12:28
Asr
17:23
Shom
19:31
Xufton
20:58
Bismillah
12 Avgust, 2026, 29 Safar, 1448

Hadis sharhi: Mol – dunyo fitnami?

02.08.2018   20566   4 min.
Hadis sharhi: Mol – dunyo fitnami?

“Ka’b ibn Iyoz (r.a.) rivoyat qiladi: «Rasululloh (s.a.v.)­ning bunday deb aytayotganlarini eshitdim: “Har bir ummat uchun fitna bor, mening ummatim fitnasi mol-dunyodir” (Imom Termiziy).

Sharh. Imom Termiziy sahihligini aytgan ushbu hadisda Payg‘ambarimiz (a.s.) mol-dunyo mavzusiga e’tibor qaratganlar. Sharhchilar hadisdagi “fitna”ni zalolat va ma’siyat, ya’ni adashish va Haqqa osiylik deb izohlashgan. Ya’ni, bu ummatni haq yo‘ldan ozdirib, dindan uzoqlashtiradigan eng muhim omil moddiyat va moldir. Islom dushmanlarining oshkora va maxfiy tashkilotlari musulmonlarni yo‘ldan toydirish uchun ko‘pincha moddiyat va mol-dunyodan tuzoq sifatida foydalanishmoqda. Buni kuzatib turib, Alloh taoloning: “Kofir bo‘lganlar mol-mulklarini Alloh yo‘lidan to‘sish uchun sarflaydilar” (Anfol, 36), degan ogohlantiruvining amaldagi isbotini ko‘ramiz. Payg‘ambarimiz (a.s.)ning yuqoridagi hadislari bilan g‘aybdan xabar berishlariga yana bir karra imon keltiramiz.

Ayni paytda, bu hadisni noto‘g‘ri talqin qilmaslik kerak. Islom dini aslida boylik va moddiy kuch-qudratga qarshi emas. Aksincha, musulmonlarni mehnat qilishga va pul topishga targ‘ib etadigan ko‘plab hadislar bor. Dinimizning muhim qismi bo‘lmish zakot, haj, sadaqa kabi farz va mandub amallarni bajarish uchun, albatta, mol-dunyoga ega bo‘lish kerak. Shuningdek, “Beruvchi qo‘l oluvchi qo‘ldan yaxshidir”, “Allohning nazdida kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va suyukliroqdir”, “Taqvodor kishiga boylikning hech bir zarari yo‘qdir” kabi hadislar musulmonlarni mehnatga, moddiy jihatdan baquvvat bo‘lishga undaydi.

Shunday ekan, mol va moddiyatni yomonlashdan maqsad, agar hushyor, sergak bo‘linmasa, axloqiy va diniy jihatdan tubanlashishga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirishdir. Unutmaylikki, taraqqiyot, rivojlanish yo‘qchilik va ehtiyojdan kelib chiqqani kabi, qoloqlik va tanballik ham boylik keltirgan to‘kinlik, isrof sababli yuzaga keladi. Bunga eng yorqin misol Saodat asri va undan keyingi sahobalar davridir. O‘sha paytda ochlikdan sillasi qurib, qorniga tosh bog‘lab yurgan odamlar qisqa muddatda dunyoning uch qit’asiga Allohning haq dinini yetkazishdi. Zamonlar o‘tib, butun dunyo xazinalari musulmonlarga qarab oqa boshlaganida esa, odamlar bamay­lixotirlikka va dangasalikka berilishdi. Oqibatda ilm-fan, davlat boshqaruvi va boshqa sohalarda dunyoga ustozlik qilgan musulmon olami taraqqiyotdan orqada qolgan, qaram va boqimanda holga tushib qoldi.

Shunday ekan, azaliy va abadiy haqiqatlarni yetkazuvchi bo‘lgan Payg‘ambarimiz (a.s.)ning mol-dunyo borasidagi tutum­larini ushbu hadisdan bilib olsak bo‘ladi: «Odamlar mol-dunyo borasida to‘rt qismdir: bir banda bor, Alloh unga mol va ilm bergan, u moli xususida Allohdan qo‘rqadi va uni silai rahm uchun sarflaydi. Molidagi Allohning haqqini biladi va uni ado etadi. Mana shu odam eng yuksak martabaga erishadi.

Yana bir banda bor, Alloh unga ilm berganu ammo mol bermagan. U yaxshi niyatda: “Agar molim bo‘lsa edi, falonchiga o‘xshab xayrli yo‘llarga sarflardim”, deb orzu qiladi. Alloh uning niyatini qabul qiladi va oldingilar bilan teng ajr beradi.

Uchinchi (xil) banda bor, moli yetarli, lekin Alloh unga ilm bermagan. U molini shahvat va buzuqlik-fitna yo‘llariga sarflaydi. Na Rabbidan qo‘rqadi va na silai rahm qiladi. Molidagi Allohning haqqini ham bilmaydi. Bu eng yomon martabadir.

To‘rtinchi (xil) kimsa bor, Alloh unga mol ham, ilm ham bermagan. Ammo u isrofchilarga hasad qilib: “Qaniydi, mening ham pulim bo‘lsaydi, falonchiga o‘xshab sarflab, unga o‘xshab yashardim”, deydi. U ham niyati sabab o‘sha isrofgarlar bilan gunohda teng sherik bo‘ladi».

Manba:irfon.uz

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

YUZDAN ZIYOD OILAGA KO‘MAK BЕRILDI

10.08.2026   15907   1 min.
YUZDAN ZIYOD OILAGA KO‘MAK BЕRILDI

Sayyor yig‘ilish

Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.

Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari